TASAVVUF MOHIYATI
Sayfiddin Sayfulloh
Filologiya fanlari nomzodi
Yaratgan va O‘zini tanitgan Parvardigorimizga beadad hamd-u sanolar bo‘lsin! Uning eng mahbub bandasi, sevikli payg‘ambarimiz — Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamga, xonadon ahllari va sahobalariga cheksiz salot-u salomlar bo‘lsin! Islom dini va madaniyatining ruhi, tamal asosi bo‘lgan tasavvuf ilmi, ya’ni islom tasavvufi o‘z tarixi, shakllanish va takomillashish jarayoniga ega. Mashoyixi izom va avliyoi kiromlarni haqiqat manziliga yetaklagan islomiy tasavvuf — e’tiqod, axloq, fikr, adabiyot, san’at, falsafa, boringki, hayotning turli-tuman jabhalaridan chuqur joy olib keldi. Tasavvuf va tariqat masalasi o‘tmishdagi kabi bugungi kunda ham ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan mavzulardan biridir. Uning o‘ziga xos ilm sohasi, amaliy va nazariy hamda ruhiy va tajribaviy xususiyatlari mavjud. Jumladan:
1. Tasavvuf tajriba orqali his qilib, yashab, anglashiladigan hol ilmidir.
2. Tasavvuf amalda qo‘llanadigan bir ilm bo‘lganidan murshid yoki shayx (yoki piri komil) deyiladigan ustoz huzurida va uning tarbiyasi ostida o‘rganiladi.
3. Tasavvuf ilmining mavzusi ma’rifatullohdir.
4. Tasavvuf sirlarini o‘rgatgan murshid yoki shayx (yoki pir) degan kishi hazrati payg‘ambarimizga ulanadigan, uzilib qolmagan bir silsilaga sohib bo‘lishi kerakdir.
5. Tasavvuf kitobiy bir ilm emas. Ya’ni biror kishi tasavvufga doir yozilgan kitoblarni o‘qib, (pir va uning ko‘rsatmasini bajarmasdan) shayx va so‘fiy bo‘lolmaydi.
6. Tasavvuf movaroi aql (aqldan ustun) bir ilmdir.
7. Tasavvuf ko‘z bilan ko‘radigan bu shahodat va nosut (biz ko‘rmaydigan) olamidan tashqari har zamon g‘ayb olamidan bahs etadi.
8. Tasavvufga, tariqat deb atalgan va Allohga yetkaradigan o‘ziga xos yo‘llar bilan kiriladi. hazrati Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan bizgacha yetib kelgan bu ta’limot, shariatga asoslanishi bilan birga, ayrim sirli va pardali jihatlarga, o‘ziga xos xususiyatlarga ham ega bo‘lganligidan, bu sohaga nisbatan turli-tuman qarashlar, nuqtai nazarlar ham paydo bo‘lgan…
Bu soha tarixiga nazar tashlasak, Qur’oni Karim va hadisi sharifga tayangan tasavvuf bag‘rida Qodiriya, Yassaviya, Kubraviya, Suhravardiya, Naqshbandiya, Shozaliya, Xalvatiya, Mavlaviya, Badaviya, Dasuqiya, Jalvatiya kabi bir qancha tariqatlar shakllandi, rivojlandi. Musulmon millatlari shu kabi tariqatlar ta’sirida ma’naviy kamolot hosil qilib keldilar va kelayotirlar. Islom dunyosi fan va madaniyatdan munosib o‘rin olgan hazrat Imom A’zam, Xoja Ahmad Yassaviy, Imom G‘azzoliy, Yunus Emro, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Rumiy, Bahouddin Naqshband, faqih Abullays Samarqandiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, So‘fi Olloyor, Muhammad Zohid Qo‘tqu kabi ulug‘ siymolarga tasavvufning ma’naviy yetuklik pillapoyasi bo‘lib xizmat qilganligi shoyoni diqqatdir. Shuning uchun ham bu tabarruk zotlar ruhan pok, axloqan komil, ma’rifatli, muhabbatli, taqvoli, solih, muxlis, muhsin, mushfiq va hikmat sohibi edilar. Ular har jabhada: dunyoviy va uxroviy ishlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazratlariga ergashganliklari uchun ham nomlarini ehtirom bilan tilga olamiz. Zotan tasavvuf g‘oyalariga, u ilgari surgan talablarga nazar tashlasak, qaysidir oyat va hadisga asoslanganligini ko‘ramiz. Afsuski, bu haqiqatni tan olmaydigan, tasavvufga badbinlik nazari bilan qaraydigan yoki uning qaysidir jihatini tanqid qiladigan kishilar har bir davrda bo‘lganidek, bugungi kunda ham bor. Xo‘sh, nega “Islom ruhoniyligini zohir etadigan unumdor bir maydon” (Abul A’lo al-Afifiy) bo‘lgan tasavvufga qarshi kuchlar paydo bo‘lishgan? “Muxolifchilarning maqsad va iddaolari nimadan iborat edi?”, - degan savol tug‘iladi. Aslida bu savol alohida tadqiqotni talab qilsa-da, biz juz’iy mulohazalarimizni bayon etishni lozim deb topdik.
Darhaqiqat, mashhur din olimlaridan Imom Faxr ar-Roziy, Ibn Taymiya (vaf. 728/1327), uning shogirdi Ibn Qayyum Javziya (vaf. 790/1388) kabilar “fiqhi zohir” bo‘lgan shar’iy ilmlarni puxta egallagan bo‘lsalar-da, “fiqhi botin” bo‘lgan tasavvuf ilmiga mayl va rag‘bat ko‘rsatishmagan. Sayru sulukning amaliy hayotida yashamaganliklari uchun ularga tasavvufning sir pardasi ochilmay qolgan… Zero, ilmli bo‘lish hali tom ma’noda fazilatli bo‘lish degani emas. Ba’zi sahobalar avom edilar, ammo ixlos, samimiyatlari tufayli Allohning inoyati ila sirlar olamidan voqif bo‘lardilar, basirat ko‘zi ila ashyolar mohiyatini ko‘rardilar… Mashhur mutasavvif Ibn Arabiy (v. 638/1290) Faxriddin Roziyning “Tafsiri Kabir”i munosabati bilan yozgan maktubida o‘qib, o‘rganiladigan ilmdan tashqari, Allohdan keladigan ilm, ilhom, kashf-u hollar borligini aytadi. Bunday ilmning har qanday ilmdan yuksak ekanligi va bu ilmning asosan tariqat yo‘li bilan qo‘lga kiritilishini ta’kidlaydi hamda Imom Roziyni tariqatga kirishga undaydi.
Ibn Arabiyning o‘zi “Fususul hikam” va “Futuhoti Makkiyya” asarlarini ilohiy ilhom, zavq-u shavq bilan yozganini asar muqqadimasida qayd etib o‘tgan.
Mutasavviflar esa “shariatsiz tariqatga kirib bo‘lmas”ligini yaxshi bilgan holda avvalo shar’iy ilmlarni puxta egallashgan, hatto ba’zilari bu sohada zamonining peshqadam ulamolaridan hisoblanishgan. Ahli tariqat bo‘lgan, avliyoullohlardan biri: “Men uch xil ilm hosil qildim: birinchisi ommaga xos bo‘lgan shariat ilmi; ikkinchisi faqat ahli tariqat anglaydigan “xos” ilm; uchinchisi o‘zim va Alloh o‘rtasidagi “xos-al-xos” ilm deb ilm-u ma’rifat darajalaridan xabar bergan”.
Mazkur olimlar soxta shayxlar, botil tariqatlar, qallob darvishlarni ko‘rib: “Tasavvuf shunday bo‘ladigan bo‘lsa, bunday tasavvufning bizga keragi yo‘q!”, - deb haqli e’tiroz bildirishgan. Mutasavviflarimiz ham asarlarida soxta shayx va darveshlarni bot-bot tanqid qilib turishgan. Sultonul orifin, piri Turkiston Xoja Ahmad Yassaviy bir hikmatlarida: “Tariqatga shariatsiz kirganlarni,
Do'stlaringiz bilan baham: |