4.1 .IX asrning 70-90 yillarida Turkistonda milliy ozodlik harakatlarining kuchayishi va uning harakatlantiruvchi kuchlari
Rossiya imperiyasi Turkistonning shahar, qishloq va ovullarni vayron etib uni bosib olgandan keyin milliy davlat va qo‘shinni yo‘q qildi. Mahalliy boshqaruv tizimi qo‘porib tashladi. U o‘lkani Turkiston general-gubernatorligi, Buxoro va Xiva xonliklaridan iborat uch qismga parchalab boshqardi.O‘lkaning eng unumdor va obod yerlari Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kiritildi.
XIX asrning 70-90-yillari o‘lkada ijtimoiy – iqtisodiy ahvolning og‘irlashib, paxta yakka xokimligi kuchayishi, ko‘p sonli rus aholisining o‘lkaga ko‘chirib keltirilishi kabi sabablar tabiiyki, oldini olish qiyin bo‘lgan ommaviy xalq harakatlarini keltirib chiqarishi tayin edi. Mustamlaka hokimiyat esa mahalliy aholining, ayniqsa, dehqonlarning g‘alayonlarini, isyonlarini bartarf qilish bilan birga, ularning sabablarini emas, balki tashabbuskorlarini yo‘q qilish, qatnashchilarini jazolash osonroq chora deb qaradi. Ana shunday qo‘zg‘olonlardan biri 1876 yil Farg‘onadagi qo‘zg‘olonlar bostirilgach, qo‘zg‘olonchi guruhlar “Oloy malikasi” nomini olgan Qurbonjon dodxox (Qurbonjon Mamat qizi, 1811-1907 y.y.) boshchiligida kurashni davom ettirdi. Bu qo‘zg‘olonda Qurbonjon dodxohning farzandlaridan – Abdullabek, Maxmudbek, Hasanbek, Botirbek va Qamchibeklar ham qatnashdi. Oloyning mustaqilligini saqlab qolishga intilgan bu qo‘zg‘olonchilar imkoniyat bo‘lib qolsa, Qo‘qon xonligini tiklamoqchi bo‘ldilar.
Turkiston general – gubernatori fon Kaufman Oloy vohasiga yangi xududlarni bosib olish va qo‘zg‘olonni bostirish maqsadida 1876 yil mart oyida general M.D. Skobelevni yuboradi, qo‘shin 1876 yil 21 martda O‘shga keladi va aylanma yo‘l orqali hujumga o‘tib, qo‘zg‘olonchilarni So‘fiqo‘rg‘onchaga surib tashlaydi. Qurbonjon dodxohning farzandi imperiya qo‘shinlariga qarshi kurashlarda faol bo‘lgan Abdullabek o‘z yigitlari bilan Qizilort dovoni tomonga chekinib, Pomir tog‘lariga chiqib ketadi. 1876 yil yoz oyida fon Kaufman buyrug‘i bilan Oloy vohasiga jazo otryadi jo‘natiladi va 15 iyulda Skobelev boshchiligidagi qo‘shin Oloyga 3 tomonlama – O‘sh, Uchqo‘rg‘on va G‘ulchadan yo‘lga chiqadi. Abdullabek 2 ming kishilik qo‘shin bilan O‘shdan 40 chaqirim naridagi Shoti degan joyda pistirma qo‘yib, imperiya qo‘shinlarini Oloyga o‘tkazmaslikka harakat qiladi. Ikki o‘rtada ayovsiz janglar bo‘lib, 31 iyulda qirg‘izlarning bir necha biyi Skobelevga taslim bo‘ladi. Rossiya qo‘shini 1876 yil avgustda Abdullabek yigitlari ortidan quvib, Pomirga kirib boradi.
1876 yil 8 sentabr So‘xga yaqin Aylanma degan joyda ham vatan himoyachilari va Rossiya qo‘shini o‘rtasida so‘nggi to‘qnashuv bo‘lib, unda Abdullabek ukalari va safdoshlari bilan Qorako‘ldan Cho‘ngsuv darasiga o‘tib, so‘ngra Tuyuqsuv darasi orqali Qashqar va Shug‘non tarafga, keyinchalik Afg‘onistonga o‘tib ketadi. Abdullabek o‘sha yiliyoq Makkaga haj qilib, yo‘lda vafot etadi.
Shundan so‘ng Farg‘ona viloyati harbiy gubernatori M.D. Skobelev O‘sh tumani hokimi M.Ye.Ionov vositachiligida Qurbonjon dodxoh bilan muzokaralar o‘tkazishga harakat qilgan. Ammo, M.Ye.Ionov qabul qilinmaydi. Muzokaralarda shaxsan general M.D. Skobelevning ishtirok etilishi talab qilinadi. Natijada general M.D. Skobelev bilan Qurbonjon dodxoh Oloyda shaxsan uchrashgan va o‘rtada sulh tuzilib, Rossiya imperiyasi hukumatiga ko‘rsatayotgan qurolli qarshilik to‘xtatiladi. 1876 yilda qo‘zg‘olon bostirilgach, Turkiston general – gubernatori fon Kaufman tomonidan Qurbonjon dodxoh avf qilinadi. Oloy vohsidagi ichki boshqaruvda Qurbonjon dodxoh o‘z mustaqilligini saqlab qoladi. Qurbonjon Mamat qizi Oloy vohasida, so‘gra O‘sh yaqinidagi qishlog‘ida umrining oxirigacha yashaydi.
Shundan keyin ham vodiyning u yoki bu joylarida turli guruhlarning imperiya qo‘shinlariga qarshi harakatlari bo‘lib turdi. Bu harakatlarining e’tiborli tomoni shunda ediki, guruhlarning sardorlari o‘zlarini xon deb, e’lon qilsalarda, ammo ular aslida xon sulolasiga tegishli bo‘lmagan, shuning uchun o‘zlarini «Yetim xonlar», ya’ni qalbaki xonlar nomi bilan atadilar. Shu tufayli «Yetimxonlar» ko‘zg‘oloni iborasi ishlatiladigan bo‘ldi. Mana shunday g‘alayonlardan biri 1878 yilda Mingtepada bo‘lib o‘tgan Yetimxon boshchiligidagi isyon edi.
Bu isyon bostirilgandan so‘ng Andijon uezdida yashovchi qirg‘iz Mamir Mirg‘aniev yerli aholini Rus hukumatini ag‘darishga da’vat etganligida ayblab Turkiston general–gubernatorligining farmoyishi bilan Marg‘ilon shag‘rida harbiy–dala sudi tashkil etiladi. 1878 yil 22 dekabrda dala– harbiy sudi Mamir Mirg‘anievni “jinoyatlarini” muhokama qiladi. “Mamir Mirg‘aniev o‘zini–o‘zi bosh qo‘mondon hamda xon taxtiga da’vogar deb e’lon qilgan Yetimxonga podsho hukumatiga qarshi g‘alayon ko‘tarish va musulmonlar boshqaruvini tiklash uchun qurolli qo‘zg‘olonga to‘dalarni to‘plashda ko‘maklashganlikda aybdor deb topiladi. Dala–harbiy sudi Mamir
Mirzag‘anievning niyatlari amalga to‘la oshirilmaganligini va bu g‘arazli harakat oldindan fosh etilganligini hamda jiddiy zararli oqibatlar ro‘y bermaganligini hisobga olgan holda uni barcha huquqlaridan mahrum qilishga va konlarda o‘n besh yil ishlash sharti bilan katorga mehnatiga surgun qilish haqida hukm chiqaradi”. Shunga qaramay ozodlik kurashlar birin-ketin ko‘tarilib, aks-sadosi butun Farg‘ona vodiysini qopladi. Shuning uchun xam Turkiston general-gubernatori N. O. Rozenbax Rossiya harbiy vaziriga yuborgan axborotida Marg‘ilon, Andijon va O‘sh uezdlarida qo‘zg‘olon ko‘tarish kayfiyati xukm surayotganligini uqdirib o‘tgandi.
1885-90-yillarda Andijonnning Qo‘rg‘ontepa uezdidagi Darveshxon to‘ra boshliq xalq harakati qurolli qo‘zg‘olonga aylangandi. 1885 yil 16 avgustda Darvishxon eshonxon To‘ra Asakadagi Mullaxo‘ja Nazar dodxo xonadonida Maxamadnazar Mirza Iskandar, Xushvakt Mirza Iskandar, Azimboy Umaroxun, Xolmuxammd boqqol, Umrzoq kalta va jami 20 kishidan iborat nufuzli kishilar bilan yig‘in o‘tkazadi. Bu yerda u mustaqillikni tiklovchi «yangi xon» deb bir ovozdan tasdiqlanadi. Uning ozodlik uchun olib borayottan harakatlari qirg‘izlarni ham ruxlantiradi. Navqat volostida yashovchi Nurmuxammad Mullaxasanov (Bola ponsod), Qo‘rg‘ontepa volostidan Mo‘min ponsod Butunbekov birgalikda 100 kishidan iborat qo‘zg‘olonchilarni to‘plab, Darvishxonga qo‘shilish uchun Qatortol qishlog‘iga ketadilar. Qo‘zg‘olonchilar bu yerga yakinlashganlarida Oltinko‘l volostining boshlig‘i, sobiq Qo‘qon xonligining lashkarboshisi Abduraxmon Oftobachining o‘g‘li Abdumo‘min Teshiktoshda turganligi ma’lum bo‘ladi. Bu yerga yuborilgan qo‘zg‘olonchilarning bir guruhi Abdumo‘minni ushlab o‘ldiradilar. Ularga Qatortolda, Qo‘qon xonligi davrida xizmat qilgan nufuzli amaldor 93 yoshli Xoliqul Parmonchi Bozorbotirov va uning o‘g‘li Xudoyqul, qarindoshlari To‘raqul Aliqulov, Sulton Berdiqulov, Azimqul Aliqulov va boshqa kishilar qo‘shiladi.
Shundan keyin ular So‘fi qishloqqa kelishib, xalqni bosh ko‘tarishga chaqiradilar. Sharixonsoyda Darvishxon bilan uchrashib, unga xon sifatida extirom ko‘rsatadilar. Shundan keyin Mo‘min ponsod 30 kishi bilan ommaviy qo‘zg‘olonni tashkil kilish uchun O‘shga, Darvishxon va Bola pansod Andijon uezdiga qarashli Qorasuv va Sultonobod qishloqlarga borib, saflarini ancha kengaytiradilar. Dardonak qishlog‘iga kelib, aholini qo‘zg‘olon ko‘tarishga da’vat etadilar. Darvishxon katta guruh odamlari bilan Bo‘ritov degan joyga kelib, ommaviy qo‘zg‘olon ko‘tarishga chaqiruvchi xatni Suzakka yubordi. Ammo, bu yerdagilar Andijon uezd boshlig‘iga kapitan Bryanov harbiy qism bilan kelayotganligi tufayli qo‘zg‘olonga qo‘shila olmasliklarini bildiradilar.
Darvishxon Yangi bog‘ga kelib, Bola ponsod odamlari bilan birlashadi. Bu yerda ular maslahatlashib, Qo‘qon qishloqqa hujum qilishga ahd qilishadi. Biroq, kapitan Bryanovning harbiy qismi kirib kelganligi tufayli reja amalga oshmaydi. Darvishxon Namangan tog‘lariga o‘rnashib, atrofiga qo‘zg‘olonchilardan 800 kishini to‘playdi. Ammo ular oziq-ovqat yetishmasligi tufayli tarqalib ketadilar. Bularning bir qismi Ichkilin volosti atroflarida harbiy qism bilan kichik to‘qnashuvdan keyin chekinishga majbur bo‘lganlar. 1885 yil 7-9 sentabrda Norin volostida Mulla sherxo‘ja Nazarov va Mo‘minboy
Jabborqulboev boshchiligida yangi qo‘zg‘olonchilar guruhlari paydo bo‘ldi. Biroq, Darvishxon va boshqa mustaqillikni tiklashga jonini tikkan sardorlarning Farg‘ona vodiysida ommaviy qo‘zg‘olon ko‘tarishga qaratilgan kurashlari kutilgan natijani bermadi. Bunga chor ma’muriyatining o‘z vaqtida ko‘rgan choralari, 1876 yilda Qo‘qon xonligini tor-mor etishi jarayonidagi kirg‘inbarotlar, vayronagarchiliklar xalqning tinkasini quritgan va xoldan toyitgani sabab bo‘lgandi. Ammo, ozodlik g‘oyalari mazlum xalqni kurashga otlantirdi. Ular birinchi navbatda, hukumatga xizmat qilayotgan mahalliy ma’muriyat vakillarini aybladilar.
1885 yil dekabr oyida hukumat vakillari “tartibsizliklar” sodir etgan 30 nafar yetakchi va faollarning qidiruvini e’lon qiladi. Ro‘yxatda birichilardan bo‘lib, Darveshxon to‘ra (45 yoshda, bo‘yi baland), Ahrorxon to‘ra (35 yoshda, o‘rta bo‘yli), Mo‘min Pansot va hatto 96 yoshli Xoliqul Parvonachilar nomi bor edi. Darveshxon to‘raning qo‘lga olinganligi haqida ma’lumotlar bo‘lmasada, 1888 yil 1 noyabrda “Darveshxon to‘ra boshchiligidagi to‘dalar Farg‘ona viloyatida qilgan tartibsizliklar yuzasidan qo‘shimcha tergov o‘tkazishni Asaka uchastkasi pristaviga topshirish zarurligi” haqida buyruq keladi. Darveshxon to‘ra boshchiligidagi harakatlar qurolli kuch bilan bostirilib, qo‘zg‘olon rahbari va uning ukalari ushlanib, qattiq jazolanadi. Biroq, manbalarda ular qay tarzda jazolangan va bu fojea qachon bo‘lganligi haqida ma’lumotlar uchramaydi.
Bu qo‘zg‘olonlardan keyin gubernatorlikning oliy va o‘rta bo‘g‘in lavozimlariga rus generallari va ofitserlari tayinlandi, quyi mansablarga mahalliy aholi vakillari qo‘yildi. Buxoro va Xiva xonliklari sirtdangina mustaqil ko‘rinar, amalda esa ular ham imperiya tasarrufi ostida qolgandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |