Oqchadaryo mahalliy madaniy varianti. Amudaryoning quyi oqimining qadimgi o‘ng qirg‘og‘i - Oqchadaryo havzasi hisoblanib, havza sohillaridan Kaltaminor jamoalariga tegishli bo‘lgan ko‘plab makonlar kashf etilgan. Mazkur havzadan Jonbass 4, Tolstov kabi madaniy qatlamlari yaxshi saqlangan yodgorliklar topib o‘rganilgan. Dastlab Jonbos 4, keyingi tadqiqotlar jarayonida Tolstov makoni o‘rganilishi natijalari asosida mahalliy Oqchadaryo madaniy varianti ajratilgan. Uning tosh industriyasi – mikrolitli, paraqali industriya hisoblanadi. Boshqa ko‘rinishdagi geometrik shakldagi qurollar mavjud bo‘lsada, makon tosh industriyasida trapetsiya shaklidagi mikrolit qurollar uchramaydi. Kaltaminor tipidagi o‘q-kamon uchlari miqdori ko‘proq, ikki yon sathlari bo‘yicha to‘laligicha ishlov berilgan bargsimon ko‘rinishdagi o‘q-yoy uchlari esa sanoqlidir. Tolstov makonidan topilgan sopol buyum parchalari e’tiborga molik bo‘lib, muhim manbalar qatoriga kiradi. Ular orasidagi idishlarda tarnovsimon yoki trubasimon jo‘mraklar bo‘lgan. Baland silindr bo‘yinli, sharsimon, tuxumsimon tanali idishlar ko‘pchilikni tashkil etgan. Lekin, bu xildagi idishlar boshqa hududlardagi Kaltaminor jamoalari sopol idishlariga sira o‘xshamaydi. Mazkur sopol buyum devorlaridagi naqshlarda qizil, ba’zan sariq rangli bo‘yoqlar ishlatilgan. YUqoridagi xususiyatlarning barchasi shimol mintaqalari Kaltaminor jamoalari moddiy madaniyatiga xos emas, aksincha Markaziy Osiyoning janubiy mintaqalari dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi jamoalar moddiy madaniyatiga tegishlidir. Bu dalillar jamoalarning o‘zaro madaniy aloqadorliklari to‘g‘risida ma’lumotlar beradi. Tolstov makonidan topilgan suyakdan yasalgan qurollar o‘zlariga o‘ta takomillashgan yuqori darajada ishlov berilganligi bilan alohida ajralib turadi. Yirik suyak qurollari, minniatyurali shakldagi suyak buyumlar, xususan, quloqli ignalar, kichik nayzasimon garpunlar nihoyatda ustalik bilan yasalib, mohirona ishlov berilgan. Quyi Zarafshon vohasida yashagan Kaltaminor jamoalaridan farqli o‘laroq, Oqchadaryo havzasida yashovchi Kaltaminor jamoalari o‘z turmushlarida chig‘anoq va suyaklardan yasalgan zeb-ziynatlar, taqinchoqlar bilan bezanishlarni afzal ko‘rganlar. Dentalium chig‘anoqlari hamda parrandalarning kurak suyaklaridan yasalgan mayda silindrik shakldagi bezaklar ham muhim o‘rin tutib, bu turdagi predmetlar yuzlab topilgan. SHuningdek, feruza toshlaridan bezak sifatida foydalanganligi tadqiqotlarda aniqlandi. Bu turdagi toshlar koni va ulardan faydalanilgan ustaxonalar Sulton Uvaystov etaklaridan topilgan.
Oqchadaryo havzasida so‘nggi yillar mobaynida amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlar natijalari Kaltaminor jamoalari madaniyati taraqqiyoti so‘nggi bosqichlari moddiy madaniyati borasida ham qiziqarli manbalar to‘plash imkonini berdi. Ba’zi sopollarning gardishida rangli gul naqshlari ham paydo bo‘lgan. Tuxumsimon idishlar o‘rniga tuvaksimon, tag qismi tekis holatdagi idishlar qo‘llanila boshlangan. SHu tarzda bu bosqichda jamoalar o‘ziga xos moddiy madaniyat yaratganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |