Lavlakon (Qizilqum ichki hududi)maxalliy madaniy varianti. Geografik jihatdan Janubi-G‘arbiy Qizilqumning tarkibiy qismi bo‘lgan Qoraqotin botiqligining sharqiy tomonida yigirmadan ko‘proq sho‘r suvli havzalar tizimi mavjud. Ularning eng kattasi Lavlakon hisoblanadi. Lavlakon namgarchiligi iqlim sharoitida (mil. avv. 6-4 ming yilliklar) ushbu suv havzalari atrofi qalin to‘qayzorlar bilan qoplangan, o‘simlik, hayvonot dunyosi va parrandalarga boy bo‘lgan, ko‘llarda baliqlar serob bo‘lib, ibtidoiy odam yashashi uchun to‘liq imkoniyat mavjud bo‘lgan. Lavlakon ko‘li qadimgi qirg‘oqlari gir atrofi bo‘ylab 300 dan ziyod neolit jamoalariga tegishli makonlar o‘rganilgan. Lavlakon 26 makonarxeologik manbalari miqdori va ilmiy qimmati bilan Quyi Zarafshon vohasi, Oqchadaryo havzasi, Mohandaryo makonlaridan deyarli qolishmaydi.
Lavlakon neolit jamoalari moddiy madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari masalasiga kelganimizda yodgorliklar xronologiyasi va davrlanishlari Kaltaminor tarixiy-madaniy jamoalari madaniyati davrlanishi va xronologik sxemasiga mos kelmaydi. Lavlakon yodgorliklari,xususan Qoraqata yodgorliklaritosh qurollari yasalish texnologik uslublari bilan Kaltaminor tarixiy-madaniy jamoalari madaniyati dan farq qiladi. Lavlakon yodgorliklari tosh industriyasi o‘ziga xos xususiyatlaridan biri nisbatan tosh qurollarining mikrolitlashganligi hisoblanadi. Lekin, lavlakonliklarning mikrolit qurollari tarkibida «shoxli trapetsiyalar» mutloqa uchramaydi. SHuni alohida ta’kidlash lozimki, Qoraqata botiqligi markaziy qismlaridan (Lavlakon makonlaridan atigi bir necha o‘n kilometr sharqroqdagi sarhadlar) topib o‘rganilgan neolit jamoalari makonlari moddiy madaniyati o‘z xususiyatlariga nisbatan o‘zgacharoq madaniyatga tegishli bo‘lib chiqdi. Aniqrog‘i, bu makonlar o‘zining ko‘p jihatlari bilan Quyi Zarafshon madaniyatiga o‘xshash bo‘lsa-da (hatto «shoxli trapetsiya» qurollari ham uchratildi), lekin tosh industriyasi paraqali qismi mikroparaqali elementi bilan O‘rta Zarafshon vohasi sazog‘on jamoalari paraqa qurollariga o‘xshashligi borligi aniqlandi. Bu madaniy o‘xshashlik Qizilqum ichki hududlari boshqa sarhadlaridan topib o‘rganilgan makonlar moddiy madaniyatida ham qisman kuzatiladi.
Lavlakon jamoalari turmushlarida ishlatilgan sopol idishlar o‘z shakli yasalish usullari bilan Kaltaminor jamoalarinikiga aynan o‘xshash. Faqatgina idishlar devorlari sirtiga berilgan naqshlar o‘ziga xoslilik jihatlari bilan farqlanadi. Quyi Zarafshon, Oqchadaryo havzasi neolit jamoalari idishlaridan farqli o‘laroq o‘rta va so‘nggi neolit bosqichlarida bu jamoalar idishlarida hukmron mavqeni chiziqli emas, balki arratishli ko‘rinishdagi naqshlar egallaydi (chamasi 40%). Kaltaminor madaniyati sopol idishlari asosiy naqshi hisoblangan to‘lqinsimon ko‘rinishli naqshlar deyarli uchramaydi. Idishlarda Kaltaminor jamoalari madaniyati so‘nggi bosqichlariga xos bo‘lgan «tebranuvchi», «sakrovchi taraqsimon» ko‘rinishidagi naqshlar umuman uchramaydi. Bu kabi xususiyatlar Lavlakon jamoalari moddiy madaniyatining o‘ziga xosligini ko‘rsatadi.
YUqorida zikr etilgan, lavlakon neolit jamoalarining o‘ziga xos xususiyatlari mutaxassis olimlarga lavlakonliklar madaniyatini Kaltaminor tarixiy madaniy jamoalari madaniyati chegarasida mahalliy madaniy variant deb ajratish imkonini bergan. Ko‘llarning o‘ziga xos geografik jihatdan joylanishi ham shu o‘ziga xoslikka ta’sir etgan bo‘lishi mumkin. Lavlakon ko‘li atroflarida, shuningdek, Qizilqum ichki hududlari ko‘pgina sarhadlarida jamoalar turli zeb-ziynat, yasan-tusan taqinchoqlar yasashda feruza toshlaridan keng foydalanganlar. Qizilqum sarhadlarida o‘ndan ortiq bu tosh konlari tadqiq etilgan. Hattoki, Lavlakon makonlaridan (xuddi Beshbuloq hududidagidek) ushbu toshga maxsus rang beradigan ixtisoslashgan ustaxonalar qoldiqlari ham topib o‘rganilgan.
SHunday qilib, kaltaminar tarixiy-madaniy jamoalar madaniyati - Oqchadaryo, Lavlakan hamda Quyi Zarafshon kabi mahalliy madaniy variantlar majmuasidan iborat. Ular umummadaniyat tarkibida o‘ziga xos xususiyatlarga ega. YUqorida zikr etilganidek, kaltaminorliklar nisbatan kengroq sarhadlarga tarqalishib yashaganlar. Jamoalar turli ekologik sharoitlarga tushib qolishgan va ularni o‘rab turgan atrof-muhit esa turmush tarziga ta’sir etib, o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan bir-biridan farqlanuvchi madaniyatlar yaratilishiga sabab bo‘lgan va ular mahalliy madaniy variantlar sifatida namoyon bo‘lgan.
Xullas, Kaltaminor tarixiy-madaniy jamoalari madaniyati o‘rganilishida bir qator tayanch makonlar kashf etilib tadqiqotiga erishildiki, bu makonlardan qo‘lga kiritilgan ashyolar, so‘zsiz O‘zbekiston neolit davri jamoalari madaniyati sahifalari, uning rivojlanish bosqichlari va xronologiyasini bilib olishga imkon berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |