A bu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy
Garchi bundan ming yildan avvalroq yashab o’tgan bo’lsa-da, hamon o’z asarlari va yaxshi fazilatlari bilan qalblarni ta’sirlantiruvchi hamda ibrat bo’luvchi olimlardan biri Tabaristonlik buyuk alloma Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariydir.
U zot hozirgi Eron mamlakati hududidagi Tabariston viloyatida hijriy 224 yilda tavallud topgan.
Manbalarda aytilishicha, u kishi etti yoshidayoq Qur’oni karimni to’la yod olgan edi. Bu gap ba’zilarimiz uchun g’ayritabiiy tuyuladi, aslida Islom dini madaniyati gullab-yashnagan davrlarda bolalarning hofiz ul-Qur’on bo’lishlari oddiy hodisa edi. Aynan Qur’onni to’la yod olgan bolalar kelajakda millat va dinning buyuk olimlariga aylanishar edi. Muhammad ibn Jarir to’qqiz yoshlaridan boshlab o’zi yod olgan hadislarni to’plam tarzida yoza boshladi. O’n ikki yoshida esa, otasining ijozati bilan ilm olish maqsadida safarga jo’naydi. Bu hijriy 236 yilga to’g’ri keladi.
Bugungi kunda to’qqiz yoshli bolaning hadis yoza boshlashi va qalbida ilmga bo’lgan muhabbat jo’sh urib, safarga chiqishi yanada hayratlanarlidir. Aslini olganda ham shunday.
Chunki,Muhammad ibn Jarir yashagan davrda bugungi sharoit va imkoniyatlarning yuzdan biri ham mavjud emas edi. Safarga chiqqan odamlarning hayoti hamisha xavf ostida bo’lgan. Ot, eshak yoki tuyada karvonga ergashib begona yurtlarga yo’l olgan o’n ikki yoshli o’smir uchun faqatgina Allohning yordami o’ta qudratli tayanch edi. To’qqiz–o’n ikki yosh... Bolaning o’yin-kulgudan bo’shamaydigan davri. Agar bu bola o’yin-kulguni xayolining chekkasiga ham keltirmasa-chi? U yod olgan hadislarini qo’liga qalam olib, tunlari sham yoqib, sanadlari bilan yoza boshlasa-chi? Kechalarni ilm olish orzusi bilan bedor o’tkazib, kunduzlari buyuk olimlarning suhbatini sog’inib yursa-chi? Albatta, bularning barchasi Muhammadni kelajakda buyuk olim bo’lib ulg’ayishiga tayyorlaydigan va shundan belgi beradigan holatlar edi.O’sha paytda ilm markazi bo’lgan Bag’dodga borgan Muhammad ibn Jarir mashhur olim Ahmad ibn Xanbal (r.a.) bilan uchrashish orzusida bo’ladi, lekin Ahmad ibn Xanbal (r.a.) vafot etgan bo’lib, u kishi bilan uchrasha olmaydi. Shundan so’ng uning ilm olish yo’lidagi safarlari boshlanib ketdi. Bu safar Xuroson, Iroq, Shom (hozirgi Suriya, Livan, Falastin, Iordaniya) va Misr bo’ylab davom etdi.Muhammad borgan joyida ilm ahlining nazariga tez tushar, o’zining dono fikrlari, bosiqligi hamda teran bilimi bilan olimlarning hurmatiga sazovor bo’lar edi. Shuning uchun u hali yigit yoshida ekanidayoq imomlik uchun ijozat oladi va “Tirik manba” degan unvon bilan tanila boshlaydi.
Ilm o’rganib, muayyan darajaga erishgan Muhammad ibn Jarir o’z yurtiga qaytdi va shu erda to umrining oxirigacha odamlarga ilm ulashdi. U haqda o’z davrida va undan keyin mashhur olimlar tomonidan iliq fikrlar aytilgan, tarjimai holiga, odatlariga doir muhim ma’lumotlar yozib qoldirilgan. Shulardan biri mashhur imom Abu Bakr al-Xatibga tegishli bo’lib, u o’zining “Tarixi Bag’dod” kitobida shunday yozadi: “Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy shunday olim ediki, so’zlari hukm o’rnida qabul qilinardi, uning ra’yiga murojaat qilishardi.
U o’z asrida hech kim muvaffaq bo’lmagan darajada ilm oldi va ularni yozdi. U Qur’oni karimni to’la yod olgan, qiroat turlarining barchasini chuqur o’zlashtirgan, ularning ma’nolarini teran o’rgangan olim edi.
U hadis ilmida ham benazir bo’lib, sahobalar, tobeinlarning hayotlari, haqida ham hammadan yaxshiroq bilar edi”.
Imom Abu Hamid Ahmad ibn Muhammad aytadi: “Agar kimdir Ibn Jarirning tafsiridan ilm olish uchun Xitoyga borsa, bu uning uchun ko’p mehnat emas”.
Imom Abu Bakr ibn Huzayma aytadi: “Ibn Jarirning tafsirini boshidan to oxirigacha o’qib chiqdim. Bildimki, Er yuzida undan olimroq odam yo’q”.Imom Tabariy mana shunday yuksak e’tiroflarga sabab bo’lgan “Tafsir”ini etti yil davomida shogirdlariga aytib turib yozdirgan. Al-Xatib al-Bag’dodiy shunday deydi: “Ali ibn Ubaydulloh as-Simsimiydan eshitdimki, ibn Jarir Tabariy qirq yil davomida har kuni qirq varaqdan kitob yozgan”.Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy o’zining yoshlikdan hadislar yod olgani, Bag’dodda Qur’on ilmlarini va she’r ilmini chuqur o’zlashtirgani haqida yozib qoldirgan. U o’zi olgan ilmlarni yozishdan va takror qilishdan, boshqalarga tushuntirib berishdan erinmas edi. Ilm talabi bilan musofirlikda yurgan chog’larida ko’p qiyinchilik va mashaqqatlarni boshdan kechirgan. Hatto, ochlik va yo’qchilik zo’rlik qilgan paytlarida, otasi yuborgan pul kechikkanida kiyib yurgan ko’ylagining engini kesib sotgan va shuning puliga non sotib olib egan. Chekkan mashaqqatlari sababli u kishi zehni kuchli, fikrlashga salohiyatli olim bo’lib etishdi.Tarix, arab tili, mantiq, algebra, tib ilmlarida ham chuqur ma’lumotga ega edi. Uning o’ta taqvodor va tavoze’li bo’lgani manbalarda zikr etilgan.
Ibn Jarirning go’zal axloqi haqida “Adab an-nufus al-jayyida val axloq an-nafisa” asarida shunday deyiladi: “U hamisha band bo’lardi. Odamlar uni umuman bo’sh holatda topa olmas edilar. U o’zi kitob tasnif qilishdan tashqari, talabalarga ham ilm o’rgatar, ularga turli ma’lumotlarni yozdirar edi. Bundan tashqari har kecha uyquga yotish oldidan Qur’onning to’rtdan bir qismini, balki undan ziyodrog’ini o’qir edi. Men ibn Jarirdan ko’ra Qur’onni chiroyli, tajvid qoidalariga to’la amal qilib o’qiydigan odamni ko’rmadim”.
Abu Ali at-Tumariy bir voqeani hikoya qilishicha, u Ramazon oyida ustozi Abu Bakr ibn Mujohidning yo’liga fonus tutib, tarovehga kelar edi. Bir kuni ustoz Muhammad ibn Jarirni masjidda Qur’ondan “Ar-Rohman” surasini o’qiyotganini eshitib qolib ancha vaqt tingladi va qiroat tugagandan so’ng o’z masjidiga kech qolib bordi, shogirdiga kechikkani sababini shunday izohladi: “Alloh taolo Qur’onni bu qadar chiroyli va ta’sirli o’qiydigan odamni yaratib qo’yganidan hayratlandim!”.
Shogirdlarining aytishicha, Muhammad ibn Jarir at-Tabariy asr namoziga qadar o’zi kitob yozgan, keyin asrdan shomgacha shogirdlariga aytib turib yozdirgan, shomdan xuftongacha ilm bergan va xuftonni ado etib uyiga kirgan. U zot vaqtini juda ham tartibli ravishda ilm olish va ta’lim berishga taqsimlab, shunga qat’iy amal qilgan.U zot hijriy 310 yil shavvol oyida 86 yoshida vafot etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |