Harorat pasayishi ko‘p terlash bilan o‘tib, puls va nafas tezlashmasa, es-hushi joyiga kelsa, uyqusi yaxshilansa, krizis o‘tib ketishi mumkin.
Biroq, krizisning kechishi boshqacha tus olishi ham mumkin. Harorat tez pasayib, normal darajadan ham tushib ketishi, bemor ahvolining to‘satdan yomonlashishiga sabab bo‘ladi. Bemor darmonsizlik, tashnalik, sovqotish, et junjikishidan shikoyat qiladi. Uning terisi oqaradi, so‘ngra ko‘karadi, badanini sovuq ter bosadi, oyoq-qo‘llari sovqotadi. Arterial bosim pasayadi, pulsi tez hamda sezilarsiz («ipsimon»), nafas tez va yuzaki bo‘ladi. Qorachiqlari kengayadi. O‘tkir tomir yetishmovchiligi — kollaps avj olib, o‘lim sodir bo‘lishi mumkin.
Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish: bunday hollarda zudlik bilan teri ostiga yoki muskul ichiga kofein, kamfora, strixnin, mezaton, adrenalin yuborish zarur. Miyaning qon bilan ta’minlanishini yaxshilash uchun bemorning boshidan yostig‘ini olib, karavotning oyoq tomonini 30 - 40 sm ko‘tarib qo‘yish kerak. Bemorni isitgich bilan isitish, unga issiq choy, kofe ichirish lozim. Mana shu tadbirlar bajarilib bemor ahvoli yaxshilana boshlagandan so‘ng uning ich kiyimi, choyshabini almashtirish zarur. Ahvoli yaxshilanmasa, inyeksiyalar takrorlanadi va tomchi usulida venaga glukoza bilan noradrenalin yuboriladi.
Hamshira isitmalayotgan bemorni parvarishlashda va unga yordam berishda hamshiralik jarayoni bosqichlari bo‘yicha o‘z vazifalarini belgilab oladi. Har bir yuzaga kelayotgan holatni hamshiralik tashxisi sifatida umumlashtirib, tegishli xulosalar chiqaradi, yordam ko‘rsatish va parvarish qilish jarayoniga zarur o‘zgartirishlar kiritadi.
Pulsni aniqlash va baholash
Puls deb, tomir urishi yurak qisqarishi natijasida qon tomir- larining ritmik tebranishlariga aytiladi. Chap qorincha tomonidan aortaga ritmik haydaladigan qon arterial oqim ichida tebranishlar hosil qiladi va arteriyalar devori- ning cho‘zilishiga va kuchayishiga olib keladi. Puls uning sonlari (chastotasi), ritmi, tarangligi va to‘liqligi bilan belgilanadi.
55-rasm. Tomir urishini (pulsni) a-bilak arteriyasida; b-chakka arteriyasida; d-uyqu arteriyasida aniqlash.
Puls normada minutiga 60 dan 80 gacha o‘zgarib turadi. Puls keng chegaralarda o‘zgarib turishi va uning tezligi yoshga, jinsga, tana va tashqi muhit haroratiga, shuningdek jismoniy harakatga bog‘liq. Eng tez puls homilaning ona qornidagi davrida va bola hayotining dastlabki yillarida qayd qilinadi. 25 - 60 yoshgacha puls barqaror bo‘lib qoladi.
Ayollar pulsi erkaklarnikiga nisbatan tezdir. Muskul harakati qanchalik kuchli bo‘lsa, puls shunchalik tez bo‘ladi. Puls arteriyalar yuza joylashgan sohalarda tekshiriladi (55-rasm). Pulsni kuzatish joyi asosan bilak arteriyasidadir. Pulsni chakka arteriyalarida, uyqu, son arteriyalarida ham paypaslab ko‘rish mumkin. Puls odatda bilakning kaft yuzasida, I barmoq asosida, bilak arteriyasida aniqlanadi. Muskullar va paylar tarangligi paypaslashga xalaqit bermasligi uchun bemor qo‘lini bo‘sh qo‘yishi kerak. Pulsni bilak arteriyasida tekshirishni albatta ikkala qo‘lda o‘tkazish lozim va ular orasida farq bo‘lmagandagina keyinchalik uni bir qo‘lda tekshirish mumkin. Agar biror sababga ko‘ra bilak arteriyasida pulsni aniqlab bo‘lmasa, pulsni chakka yoki uyqu arteriyasida tekshiriladi. Pulsning soni, ritmi, tarangligi va to‘liqligiga qarab xulosa chiqariladi.
Pulsning tezlashuvi taxikardiya, sekinlashuvi bradikardiya deyiladi. Taxikardiyada ham, bradikardiyada ham, turli-tuman asoratlarning oldini olish uchun bemorni diqqat bilan kuzatish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |