Asalarilarning uchish faoliyati.
Yosh asalarilarning arixonadan birinchi marta uchib chiqishi iskab uchish yoki o’ylab uchish deyiladi. Uchib chiqqan yosh arilar bunday vaqda arixonaning oldida, 2—2,5 metrdan nari ketmasdan boshlarini arixonaning og’ziga qaratib uchib turadi, bir necha minutdan so’ng arixonaga qaytadi. Iskab uchish vaqtida asalarilar ichagidagi chiqindi massasini chiqarib tashlaydi. Keyin uzoqroq masofalarga taxminiy uchib 25 minutgacha yuradi. Shunday uchishlar vaqtida asalarilar o’z uyasining joylashishi, tevarak-atrofidagi buyumlar, joyning xususiyatlari bilan tanishadi. Ular 5—15 kunligida birinchi marta rosmana uchib ketadi. Normal rivojlangan oilalarda asalarilar birinchi marta suv, nektar va gulchang yigish uchun 14—21 kunligidan boshlab uchib ketadi. Agar ba’zi sabablarga ko’ra, oilada uchadigan katta arilar bo’lmasa, yosh arilar (6 kunlik va undan ham yoshroq davrida) oziq izlab chiqadi. Tabiatda nektar, gulchang ko’p bo’lgan vaqtda ham yosh arilar erta uchib chiqadi.
Iskab uchishdan keyin asalarilar suv, nektar, gulchang va smola moddalar yig’ish uchun uyasidan uchib ketadi. Smola moddalar (qatron) dan asalarilar yelim (propolis) tayyorlaydi. Suv ishchi asalarilar lichinkalariga va ota arilarning kattaroq avlodiga asal va pergadan oziq tayyorlash uchun kerak. Ayniqra, bahorda hali tabiatda nektar kam vaqtda yosh naslni tarbiyalash uchun suv ko’p sarflanadi. Erta bahorda ob-havo noqulay vaqtda asalarilar uchib chiqa olmaydi, lekin —6°, —8° da ham suv izlab chiqishi mumkinligi aniqlangan.
Asalarilar nobud bo’lishining oldini olish uchun arixona yoniga suv solingan idishlar qo’yish tavsiya etiladi. Har bir asalari oilasiga bir sutkada 300 g gacha suv zarur ekanligi aniqlangan.
Asalarilar ba’zan tuzli suvga muhtoj bo’ladi. Shuning uchun sho’r suv solingan idishlar ham qo’yish kerak (bir litr suvga 3—5 g tuz solinadi). Qishda ham agar arixona oftob joyda joylashgan bo’lsa, asalarilarning suvga extiyoji ortadi, bezovtalanadi. Shunday vaqtda ularga suv berish kerak.
Asalarilar oilasi normal rivojlanishi uchun uyaga doim yetarli miqdorda gul changi keltirilishi va romlarda perga yetarli bo’lishi kerakligi aniqlangan. Aks holda tarbiyalanayotgan avlodning soni kamayib ketadi va oxirida nasl tarbiyalash to’xtaydi. Agar bitta asalarini tarbiyalash uchun 100 mg gul changi kerak bo’lsa, 2000 00 ta asalaridan iborat oilani oziqlantirish uchun 20—25 kg gul changi kerak bo’ladi. Tajribada bitta oiladan 32 kg gacha chang yig’ib olingan.
Nektar o’simlik guli ishlab chiqaradigan shirin modda bo’lib, asosiy oziq manbai va asalarilar asal ishlab chiqaradigan modda hisoblanadi. Oiladagi ishchi asalarilar nasl tarbiyalashdan bo’sh vaqtida, faqat asal bilan oziqlanadi. Asalarilar organizmining tuzilishi (og’iz apparata nektarni shimish uchun, asal jig’ildoni nektarni tashib uyaga keltirish uchun, fermentlar ajratish, murakkab shakarlarni oddiy shakarlarga parchalash yaxshi rivojlangan hidlash organlari esa ovqatni tez topish uchun va ovqatni g’amlash instinkti) nektardan asal ishlab chiqarishga moslashgan. Nektar yig’uvchi asalarining uchib ketishi tashqi muhit sharoitiga bog’liq. Ob-havo qulay kelgan vaqtda va nektar ko’p bo’lganda bitta asalari bir kunda o’rtacha 13,5 marta, noqulay sharoitda esa 7 marta nektarga borib keladi. Asalari bir marta uchib borib kelishi uchun 45,5 minut, ob-havo noqulay kelganda esa 65 minutgacha vaqt ketadi. Asalarilarning ish kuni ob-havo sharoitiga qarab 7,5—10 soatgacha davom etadi. Bir asalari jig’ildonini nektar bilan to’ldirish uchun ob-havo yaxshi kelganda 21 minut, ba’zan bundan ham kuproq vaqt kerak.(2 - jadval)
2 - jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |