Ta’lim sifatini nazorat qilish boshqaruv tizimining ajralmas qismi hisoblanib, uning asosiy vazifasi ta’lim sifatini davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiqligini ta’minlash va universitetdagi oʻquv jarayonlarining samaradorligini oshirish maqsadida nazoratni tashkil etish boʻyicha maqsadli va kelishilgan choratadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasining “Ta’lim toʻgʻrisida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qarori talablari asosida ta’lim sifatini ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar talablariga muvofiq yuksak darajaga koʻtarish, shuningdek uzluksiz ta’lim tizimida ta’lim sifatini nazorat qilishni yanada takomillashtirish, kadrlar tayyorlash sifati va Oʻquv jarayoni samaradorligining xolisona baholanishini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18- iyuldagi 515-sonli qarori qabul qilindi.
Talabalarning bilim saviyasi, koʻnikma va malakalarini nazorat qilishning reyting tizimi asosida talabaning har bir fan boʻyicha oʻzlashtirish darajasi ballar orqali ifodalanadi.
Har bir fan boʻyicha talabaning semestr davomidagi oʻzlashtirish koʻrsatkichi 100 ballik tizimda baholanadi. Ushbu 100 ball nazorat turlari boʻyicha fanning xususiyatidan kelib chiqqan holda kafedra tomonidan joriy, oraliq va yakuniy nazoratlarga taqsimlanadi:
yakuniy nazoratga 30 ball;
joriy va oraliq nazoratlarga - 70 ball.
Talabaning reyting daftarchasiga alohida qayd qilinadigan kurs ishi (loyihasi, hisob-grafik ishlari), malakaviy amaliyot, fan (fanlararo) boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy ishi va magistratura talabalarining ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik ishlari, magistrlik dissertatsiyasi boʻyicha oʻzlashtirish darajasi 100 ballik tizimda baholanadi.