Geografik koordinatalarni aniqlash
Topografik kartalarning ichki ramkasi ma’lum bir meridian va parallelning kesishmasidir. Parallellar kengligi va meridianlar uzoqligi karta ramkasining har bir burchagiga beriladi. G‘arbiy va janubiy yarim sharlar kartalarida ularni belgilovchi tegishli yozuvlar beriladi. Misol uchun: “Grinvichdan g‘arbga”, degan ma’noda.
1:25 000–1:200 000 masshtabli kartalarda ichki ramkaning tomonlari har bir bo‘linishining kattaligi 1′ bo‘lgan daqiqalar shkalasiga bo‘lingan. Bu shkala bo‘laklarining birini qoldirib, ikkinchisi qora rang bilan bo‘yalgan. Bundan tashqari, ular har biri kattaligi 10′′ ga teng bo‘lgan soniyalar shkalasiga bo‘lingan. Soniyalar nuqtalar bilan, daqiqalar esa chiziqlar bilan tasvirlangan.
1:100 000 va 1:50 000 masshtabli topografik kartalarda yuqoridagilardan tashqari karta varag‘ining teng markazida o‘rta meridian va parallelning kesishgan joyi tasvirlangan. Uning yonida chiziqlarning gradus hamda daqiqalari berilgan. Ichki ramkada har bir daqiqa bo‘linishning chekka uchlari (2–3 mm uzunlikda) ko‘rsatilgan. Bu narsa zaruriyat tug‘ilganda kartaga parallel va meridianlar to‘rini osongina chizish imkonini beradi.
1:1 000 000 va 1:500 000 masshtabli kartalarni tuzishda ularda parallel va meridianlarning kartografik to‘ri tasvirlanadi. Parallellar yuqoridagi kartalarga mos ravishda har 20′ va 40′ dan, meridianlar esa har 30′ va 1° oraliqdan o‘tkaziladi.
YUqoridagi masshtabdagi kartalarning parallel va meridian chiziqlari tugash joyida ularning kattaliklari yoziladi. Bundan tashqari, ularning oralig‘i kattaligi yuqoridagi kartalarning masshtabiga mos ravishda 5′ va 10′ ga teng bo‘lgan uziq chiziqlar bilan to‘ldiriladi. Bu narsa nuqtalarning geografik koordinatalarini ham alohida karta varag‘idan ham elimlangan kartalardan aniqlash imkonini beradi.
Nuqtalarning geografik koordinatalari unga eng yaqin bo‘lgan meridian va paralleldan boshlab hisoblanadi (38-rasm). Bu birliklar koordinatalari ma’lum bo‘lgan boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu ish quyidagi tartibda bajariladi:
nuqta karta ramkasining qaysi tomoniga yaqin turgan bo‘lsa, nuqtaga o‘sha tomondan ikkita to‘g‘ri chiziq tortiladi. CHiziqlarning biri nuqtani parallellar bilan, ikkinchisi meridianlar bilan tutashtiradi;
chiziqlar ramkani kesib o‘tgan joydan koordinata qiymati aniqlanadi;
aniqlangan koordinata qiymati karta burchagida yozilgan boshlang‘ich qiymatga qo‘shiladi va yakuniy natija keltirib chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |