Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'G'risida o'zbekiston respublikasi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida


-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining tashqi iqtisodiy faoliyat erkinligi kafolatlari



Download 98 Kb.
bet2/3
Sana12.02.2017
Hajmi98 Kb.
#2415
1   2   3

22-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining tashqi iqtisodiy faoliyat erkinligi kafolatlari

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari qonun hujjatlariga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatni mustaqil amalga oshiradi.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi valyuta hisobvaraqlarini ochish va tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun asos bo'ladi. Tovarlar import qiluvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ularning tashqi iqtisodiy aloqalar ishtirokchisi sifatida ro'yxatdan o'tkazilganligi ham tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishga asos bo'ladi.

23-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlari kafolatlari

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining mulki daxlsizdir va qonun bilan muhofaza qilinadi.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ekti mulk huquqi asosida o'ziga tegishli bo'lgan mol-mulkka nisbatan qonunga zid bo'lmagan har qanday harakatlarni bajarishga haqli. Bunda tadbirkorlik faoliyati sub'ektining o'z mulkdorlik huquqlarini amalga oshirishi boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasligi va qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlariga putur etkazmasligi kerak. Tadbirkorlik faoliyati sub'ekti qonunda nazarda tutilgan hollarda, shartlarda va doirada boshqa shaxslar uning mol-mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yo'l qo'yishi shart.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektidan mulkni olib qo'yishga, uning boshqa ashyoviy huquqlarini bekor qilishga, shuningdek ularni cheklashga yo'l qo'yilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ekti boshqa shaxsning qonunga xilof egaligida bo'lgan o'z mol-mulkini talab qilib olishga, shuningdek o'z mulk huquqining har qanday buzilishi, garchi bunday huquqbuzarlik egalik qilishdan mahrum etish bilan bog'liq bo'lmasa ham, bartaraf etilishini talab qilishga haqli.

Mulk huquqini bekor qiladigan qonun hujjati qabul qilingan taqdirda, ushbu hujjatni qabul qilish natijasida mol-mulkning mulkdori bo'lgan tadbirkorlik sub'ektiga etkazilgan zararning o'rni, shu jumladan mol-mulkning qiymati davlat tomonidan qoplanadi. Zararning o'rnini qoplash bilan bog'liq nizolar sud tomonidan hal qilinadi. Mulk huquqi bekor qilinganda olib qo'yilayotgan mol- mulkning qiymati, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan bo'lmasa, mulk huquqi bekor qilingan paytdagi holatga ko'ra baholovchi tashkilot tomonidan belgilanadi.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining ashyoviy huquqlari qonunda nazarda tutilgan tartibda himoya qilinadi.

24-modda. Fermer xo'jaliklari tomonidan er uchastkalaridan foydalanish huquqi kafolatlari

Er uchastkalari fermer xo'jaligi yuritish uchun ellik yilgacha bo'lgan, lekin o'ttiz yildan kam bo'lmagan muddatga ochiq tanlov asosida ijaraga beriladi.

Fermer xo'jaligi yuritish uchun er uchastkasini olishda fermer xo'jaligi tashkil etilayotgan joyda yashovchi shaxslar ustun huquqdan foydalanadi.

Er uchastkasining o'lchamlari va chegaralari faqat fermer xo'jaligi boshlig'ining roziligi bilan o'zgartirilishi mumkin.

Er uchastkasini yoki uning bir qismini olib qo'yishga faqat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo'l qo'yiladi.

Er uchastkasining ijara shartnomasi taraflarning kelishuviga binoan, taraflar kelishuvga erishmagan taqdirda esa, sud tomonidan o'zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Fermer xo'jaliklari bilan tuzilgan er uchastkalarining ijara shartnomalarini o'zgartirish yoki bekor qilish asoslari qonun hujjatlarida belgilanadi.

Fermer xo'jaligi tugatilgan taqdirda, uni yuritish uchun berilgan er uchastkasining ijara shartnomasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinishi kerak.

25-modda. Dehqon xo'jaliklari tomonidan er uchastkalaridan foydalanish huquqi kafolatlari

Dehqon xo'jaligining erga egalik qilish va erdan foydalanish sohasidagi huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.

Dehqon xo'jaligiga berilgan tomorqa er uchastkasi bo'linishi mumkin emas.

Tomorqa er uchastkasining o'lchamlari va chegaralari faqat dehqon xo'jaligi boshlig'ining roziligi bilan o'zgartirilishi mumkin.

Dehqon xo'jaligining er uchastkasini olib qo'yishga qonunda nazarda tutilgan hollarda, faqat o'zga teng qimmatli er uchastkasi berilib, dov-daraxtlar, buzilayotgan binolar va inshootlarning qiymati yoxud ularni boshqa joyga ko'chirish yoki boshqa binolar va inshootlar qurish qiymati qoplanganidan hamda boshqa barcha zararlarning o'rni (shu jumladan boy berilgan foyda) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to'la hajmda qoplanganidan keyin yo'l qo'yiladi.

26-modda. Tadbirkorlik sub'ektlarining qimmatli qog'ozlar bozoriga, xom ashyo, tovarlar va xizmatlar bozorlariga erkin kirish kafolatlari

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari qimmatli qog'ozlar bozoriga, xom ashyo, tovarlar va xizmatlar bozorlariga erkin kirishda, shuningdek davlat ehtiyojlari uchun tovarlarning ayrim turlarini etkazib berishda qatnashishda, ishlar bajarish va xizmatlar ko'rsatishda teng imkoniyatlarga ega. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining qimmatli qog'ozlar bozoriga, xom ashyo, tovarlar va xizmatlar bozorlariga kirishi davlat organlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslari tomonidan biron-bir tarzda cheklanishiga yo'l qo'yilmaydi.

Davlat organlari davlat ehtiyojlari uchun tovarlarni ishlab chiqarish (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko'rsatish) va etkazib berishga doir buyurtmalarni tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari o'rtasida joylashtirish choralarini ko'radi. Davlat xaridlari bo'yicha tanlovlar o'tkazishda boshqa teng sharoitlarda kichik tadbirkorlik sub'ektlariga afzallik beriladi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining qimmatli qog'ozlar bozoriga, xom ashyo, ayrim tovarlar va xizmatlar bozorlariga kirishiga doir boshqa alohida shartlar belgilanishi mumkin.

27-modda. Fermer va dehqon xo'jaliklarining moddiy-texnika resurslaridan, urug'lik materiallardan, ko'chatlardan va zotdor chorvadan erkin foydalanish kafolatlari

Fermer va dehqon xo'jaliklari moddiy-texnika resurslari, shu jumladan yonilg'i-moylash materiallari, omixta em, organik va mineral o'g'itlar bozorlariga erkin kirishda boshqa tadbirkorlik sub'ektlari bilan teng huquqlarga ega.

Davlat organlari, xo'jalik boshqaruvi organlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari fermer va dehqon xo'jaliklarining urug'lik materiallarga, ko'chatlarga, qishloq xo'jaligi ekinlarini zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish vositalariga, zotdor chorvaga bo'lgan ehtiyojlarini ta'minlash borasida sharoitlar yaratadi.

28-modda. Fermer va dehqon xo'jaliklarining suv iste'molini amalga oshirish kafolatlari

Fermer va dehqon xo'jaliklari suv iste'molini ularga xizmat ko'rsatuvchi suv iste'molchilari uyushmalari tomonidan belgilanadigan suv ob'ektlaridan har yilgi suv olish limitlari asosida boshqa qishloq xo'jaligi korxonalari bilan teng huquqlarda amalga oshiradi.

Fermer va dehqon xo'jaliklari uchun suv ob'ektlaridan suv olish limitlari ularning roziligisiz o'zgartirilishi mumkin emas, manbalarning suvi kamaygan hollar bundan mustasno.

Fermer va dehqon xo'jaliklarining suv iste'moli huquqini davlat organlari tomonidan cheklashga faqat qonun hujjatlarida belgilangan hollarda yo'l qo'yiladi.



29-modda. Tadbirkorlik sub'ektlarining kredit resurslaridan foydalanish kafolatlari

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari kredit resurslaridan foydalanishda teng huquqlarga ega.

Byudjetdan tashqari jamg'armalar mablag'laridan tadbirkorlik faoliyatining ustuvor yo'nalishlarini rivojlantirishga, shu jumladan kichik tadbirkorlik sub'ektlarining, fermer va dehqon xo'jaliklarining dastlabki (boshlang'ich) kapitalini shakllantirishga ajratiladigan kreditlardan foydalanganlik uchun davlat tomonidan imtiyozli foiz stavkalari belgilanishi mumkin.

Davlat tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarini imtiyozli kreditlash bo'yicha xizmatlar ko'rsatuvchi banklar va boshqa kredit tashkilotlariga qulay sharoitlar yaratishi mumkin.

Banklar kichik tadbirkorlik sub'ektlariga kredit berishda kreditning umumiy summasida qarz oluvchining garov ta'minotini rasmiylashtirish bilan bog'liq xarajatlarini hisobga olish huquqiga ega.

30-modda. Tadbirkorlik sub'ektlarining axborotdan foydalanish kafolatlari

Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati sub'ektlariga mazkur sub'ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qonun hujjatlari, hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatini ta'minlashi shart. Axborotdan foydalanish qonun hujjatlarini va tegishli materiallarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog'i orqali davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e'lon qilish va tarqatish yo'li bilan ta'minlanadi.

Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor axborot bepul taqdim etiladi, boshqa axborotni taqdim etganlik uchun esa belgilangan tartibda haq undirilishi mumkin.

Davlat statistika organlari hamma erkin foydalanishi mumkin bo'lgan statistika axboroti muntazam e'lon qilib borilishini ta'minlaydi.

Tadbirkorlik sub'ektlariga yangi korxonalar qurish uchun berilayotgan er uchastkalarining, shuningdek realizatsiya qilish hamda ijaraga berish uchun taklif etilayotgan qurilishi tugallanmagan ob'ektlarning, bo'sh yotgan va samarasiz foydalanilayotgan binolar va inshootlarning ro'yxati tegishli davlat organlari tomonidan ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog'i orqali o'z rasmiy veb-saytlarida muntazam ravishda e'lon qilib borilishi ta'minlanadi.

31-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining murojaatlarini ko'rib chiqish kafolatlari

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari davlat organlariga yoki xo'jalik boshqaruvi organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat etish huquqiga ega. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining arizalari, takliflari va shikoyatlari ularda qo'yilgan masalalarni hal etishga vakolatli bo'lgan davlat organiga yoki xo'jalik boshqaruvi organiga bevosita yoxud bo'ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.

Murojaatlarda yuridik shaxs bo'lgan tadbirkorlik sub'ektining to'liq firma nomi, joylashgan eri (pochta manzili) yoki jismoniy shaxs bo'lgan tadbirkorlik sub'ektining familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi (manzili) ko'rsatilishi, shuningdek arizaning, taklifning yoki shikoyatning mohiyati bayon etilishi kerak. Yozma murojaatlar yuridik shaxs bo'lgan tadbirkorlik sub'ekti vakolatli shaxsining imzosi bilan yoki jismoniy shaxs bo'lgan tadbirkorlik sub'ektining imzosi bilan tasdiqlangan bo'lishi kerak. Tadbirkorlik sub'ektlarining elektron shaklda taqdim etilgan murojaatlari tadbirkorlik sub'ektining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Tadbirkorlik sub'ektlarining murojaatlari albatta qabul qilinishi va ko'rib chiqilishi kerak, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarga javob bermaydigan murojaatlar bundan mustasno. Tadbirkorlik sub'ektlarining ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarga javob bermaydigan murojaatlari anonim deb hisoblanadi va ko'rib chiqilmaydi.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining takliflari davlat organiga yoki xo'jalik boshqaruvi organiga kelib tushgan kundan e'tiboran bir oygacha bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi, qo'shimcha o'rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo'lib, bu haqda taklif kiritgan tadbirkorlik faoliyati sub'ektiga o'n kunlik muddat ichida ma'lum qilinadi. Arizalar yoki shikoyatlar masalani mohiyatiga ko'ra hal etishi shart bo'lgan davlat organiga yoki xo'jalik boshqaruvi organiga kelib tushgan kundan e'tiboran bir oygacha bo'lgan muddatda, qo'shimcha o'rganishni va tekshirishni talab etmaydiganlari esa, o'n besh kundan kechiktirmay ko'rib chiqiladi.

Arizani yoki shikoyatni ko'rib chiqish uchun tekshirish o'tkazish, qo'shimcha materiallarni talab qilib olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko'rish zarur bo'lgan hollarda, arizani yoki shikoyatni ko'rib chiqish muddatlari tegishli davlat organi yoki xo'jalik boshqaruvi organi rahbari tomonidan istisno tariqasida ko'pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin bo'lib, bu haqda ariza yoki shikoyat bergan tadbirkorlik faoliyati sub'ektiga ma'lum qilinadi.

Davlat organlari va xo'jalik boshqaruvi organlari tomonidan Internet jahon axborot tarmog'ida tadbirkorlik sub'ektlariga davlat organlarining yoki xo'jalik boshqaruvi organlarining g'ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish imkoniyatini beruvchi doimiy ravishda yangilab boriladigan sahifa yaratiladi.

32-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari mol-mulki natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilinmasligining kafolatlari

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining mol-mulki natsionalizatsiya va musodara qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining mol-mulki rekvizitsiya qilinmaydi, bundan tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar va favqulodda xususiyatdagi boshqa holatlar mustasno bo'lib, bunda mulkdorga rekvizitsiya qilinayotgan mol-mulkning qiymati to'lanadi. Rekvizitsiya qilish to'g'risidagi qaror qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda davlat organlari tomonidan qabul qilinadi.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilish to'g'risidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.



33-modda. Firma nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko'rsatish belgisidan) foydalanish kafolatlari

Yuridik shaxs bo'lgan tadbirkorlik faoliyati sub'ekti firma nomiga bo'lgan huquqqa ega, bu nomni uning o'zi mustaqil ravishda belgilaydi va o'z ta'sis hujjatlarida ko'rsatadi.

Ta'sis hujjatlarida ko'rsatilgan firma nomiga bo'lgan huquq tadbirkorlik faoliyati sub'ekti davlat ro'yxatidan o'tkazilgan paytdan e'tiboran yuzaga keladi.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining ilgari ro'yxatdan o'tkazilgan firma nomi bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki o'xshash bo'lgan, tegishli tadbirkorlik sub'ektlarini aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin bo'lgan firma nomi ro'yxatdan o'tkazilishi mumkin emas.

Tovar belgisidan (xizmat ko'rsatish belgisidan) foydalanish huquqi uning ro'yxatdan o'tkazilganligiga asoslanib beriladi. Tovar belgisi (xizmat ko'rsatish belgisi) yuridik yoki jismoniy shaxs bo'lgan tadbirkorlik faoliyati sub'ekti nomiga ro'yxatdan o'tkazilishi mumkin.

Firma nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko'rsatish belgisidan) foydalanish, ularga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritishga bo'lgan mutlaq huquq ushbu nomning (belgining) egasiga tegishli bo'ladi.

Firma nomi, tovar belgisi (xizmat ko'rsatish belgisi) nashr etilganda, omma oldida ijro etilganda yoki ulardan o'zgacha tarzda foydalanilganda firma nomining, tovar belgisining (xizmat ko'rsatish belgisining) o'ziga ham, ularning belgilariga ham biror-bir o'zgartishlar kiritishga faqat ular egasining roziligi bilan yo'l qo'yiladi.

Firma nomi, tovar belgisi (xizmat ko'rsatish belgisi) daxlsizligiga bo'lgan huquq firma nomining, tovar belgisining (xizmat ko'rsatish belgisining) egasiga tegishlidir.

Firma nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko'rsatish belgisidan) foydalanish huquqi ularning egasi tomonidan boshqa shaxsga qonun hujjatlariga muvofiq ular o'rtasida tuzilgan litsenziya shartnomasi yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi asosida berilishi mumkin.

34-modda. Tadbirkorlik faoliyatiga aralashmaslik kafolatlari

Davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.

Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlasa, ular o'z vakolatlari doirasida va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bog'liq chora-tadbirlarni ko'rishi mumkin. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining o'zga qonuniy faoliyatiga aralashish yoki bunday faoliyatni cheklash uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.

Davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining banklar faoliyatiga, shu jumladan banklarning filiallari rahbar xodimlarini tayinlashga aralashishi, bank mablag'lari hisobidan turli xil to'lovlar va badallar talab qilishi taqiqlanadi. Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning banklar kredit portfeli va aktivlarini shakllantirish bilan bog'liq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarish yuzasidan banklar faoliyatiga aralashishi taqiqlanadi.

Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari dehqon va fermer xo'jaliklarining tadbirkorlik faoliyatiga, shu jumladan ushbu xo'jaliklarning agrotexnika usullarini, etishtiriladigan mahsulot turini tanlashiga, bu mahsulotning bahosini hamda realizatsiya qilish yo'nalishini belgilashiga aralashishga haqli emas, davlat ehtiyojlari uchun mo'ljallangan xaridlar bundan mustasno.

4-bob. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining huquqlarini himoya qilish

35-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektining ishchanlik obro'sini himoya qilish

Tadbirkorlik faoliyati sub'ekti o'z ishchanlik obro'siga putur etkazadigan ma'lumotlarga, agar bunday ma'lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to'g'ri kelishini isbotlay olmasa, raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli.

Agar tadbirkorlik faoliyati sub'ektining ishchanlik obro'siga putur etkazadigan ma'lumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan bo'lsa, bu ma'lumotlarga raddiya ayni shu ommaviy axborot vositalarida berilishi lozim. Agar bunday ma'lumotlar tashkilotdan olingan hujjatda mavjud bo'lsa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak. Boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ekti o'z ishchanlik obro'siga putur etkazadigan ma'lumotlar tarqatilganda, bunday ma'lumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida etkazilgan zararning o'rni qoplanishini va ma'naviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.



36-modda. Intellektual faoliyat natijalarini himoya qilish

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektining intellektual faoliyatning ob'ektiv ifodalangan natijalariga hamda uni individuallashtirish vositalariga (firma nomi, tovar belgisi, xizmat ko'rsatish belgisi va hokazoga) bo'lgan mutlaq huquqi qonun bilan muhofaza etiladi va davlat tomonidan himoya qilinadi.

Mutlaq huquqlar ob'ektlari bo'lgan intellektual faoliyat natijalaridan va individuallashtirish vositalaridan uchinchi shaxslar faqat huquq egasining roziligi bilan foydalanishi mumkin.

37-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining tijorat sirini va oshkor etilmagan axborotini muhofaza qilish

Tijorat siri bo'lgan, uchinchi shaxslarga ma'lum bo'lmagan axborot (oshkor etilmagan axborot) uchinchi shaxslarga ma'lum bo'lmaganligi sababli haqiqiy yoki potentsial tijorat qiymatiga ega bo'lgan, qonun yo'li bilan undan erkin foydalanish mumkin bo'lmagan hamda axborot egasi uning maxfiyligini saqlashga doir choralar ko'rgan taqdirda, muhofaza qilinadi.

Oshkor etilmagan axborotni undan qonunga xilof ravishda foydalanishdan muhofaza qilish huquqi ushbu axborotga nisbatan biron-bir rasmiyatchilikni bajarishdan (uni davlat ro'yxatidan o'tkazishdan, guvohnomalar olishdan va hokazodan) qat'i nazar vujudga keladi.

Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish qoidalari qonunga muvofiq xizmat yoki tijorat siri bo'la olmaydigan ma'lumotlarga (yuridik shaxslar to'g'risidagi, mol- mulkka bo'lgan huquqlar hamda mol-mulk xususida tuzilib, davlat ro'yxatidan o'tkazilishi kerak bo'lgan bitimlar haqidagi ma'lumotlarga, davlat statistika hisoboti tariqasida taqdim etilishi kerak bo'lgan ma'lumotlarga va boshqalarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.

Oshkor etilmagan axborotni qonuniy asoslarsiz olgan yoki tarqatgan yoxud undan foydalanayotgan shaxs axborotdan qonunga xilof ravishda foydalanganlik oqibatida bu axborotning qonuniy egasiga etkazilgan zararning o'rnini qoplashi shart.

Oshkor etilmagan axborot mazmunini tashkil etuvchi ma'lumotlarni mustaqil ravishda va qonuniy tarzda olgan shaxs bu ma'lumotlardan, tegishli oshkor etilmagan axborot egasining huquqlaridan qat'i nazar, foydalanishga haqli va bunday foydalanganlik uchun uning oldida javob bermaydi.



38-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektiga etkazilgan zararning o'rnini qoplash

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektiga etkazilgan zararning o'rni, shu jumladan boy berilgan foyda bu zararni etkazgan shaxs tomonidan to'la hajmda qoplanishi kerak. Zarar etkazuvchi bo'lmagan shaxs zimmasiga qonunga binoan zararning o'rnini qoplash majburiyati yuklatilishi mumkin.

Davlat organlarining, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining qonunga xilof qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi), shu jumladan davlat organi yoki fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq bo'lmagan hujjat qabul qilinishi natijasida tadbirkorlik faoliyati sub'ektiga etkazilgan zararlarning o'rni davlat tomonidan yoxud fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi tomonidan sudning qarori asosida qoplanishi kerak. Davlat organlarining, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining mansabdor shaxslari aybi bilan etkazilgan zararlarning o'rnini qoplash sud qarori bilan mazkur mansabdor shaxslar zimmasiga yuklatilishi mumkin.

39-modda. Tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tekshirishlarni cheklash

Tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha maxsus vakolatli organning qaroriga binoan nazorat qiluvchi organlar tomonidan rejali tartibda ko'pi bilan yiliga bir marta amalga oshirilishi mumkin, bundan xususiy korxonalar va ushbu moddaning ikkinchi — oltinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Belgilangan normalar va qoidalarga o'z vaqtida hamda to'la hajmda rioya qiluvchi tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan ko'pi bilan ikki yilda bir marta amalga oshiriladi, ushbu moddada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Xususiy korxonalar faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan ko'pi bilan ikki yilda bir marta, belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Kichik tadbirkorlik sub'ektlari va fermer xo'jaliklarining moliya-xo'jalik faoliyatini rejali tekshirishlar ko'pi bilan to'rt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik sub'ektlarining moliya-xo'jalik faoliyatini rejali tekshirishlar ko'pi bilan uch yilda bir marta amalga oshiriladi.

Yangi tashkil qilingan kichik tadbirkorlik sub'ektlari va fermer xo'jaliklarining moliya-xo'jalik faoliyati ular davlat ro'yxatidan o'tkazilgan paytdan e'tiboran dastlabki uch yil mobaynida rejali tekshiruvlardan o'tkazilmaydi, ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Aktsiz to'lanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchi yangi tashkil qilingan kichik tadbirkorlik sub'ektlari va fermer xo'jaliklarining moliya-xo'jalik faoliyati, shuningdek kichik tadbirkorlik sub'ektlari va fermer xo'jaliklarining byudjet mablag'lari hamda markazlashtirilgan mablag'lar va resurslardan belgilangan maqsadda foydalanish bilan bog'liq moliya-xo'jalik faoliyati ular davlat ro'yxatidan o'tkazilgan paytdan e'tiboran dastlabki ikki yil mobaynida rejali tekshiruvlardan o'tkazilmaydi.

Tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatini tekshiruvlardan o'tkazish muddatlari o'ttiz kalendar kundan oshmasligi lozim. Alohida hollarda bu muddat nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha maxsus vakolatli organning qaroriga ko'ra uzaytirilishi mumkin, bunda ushbu qoida kichik tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan tatbiq etilishi mumkin emas.

Nazorat qiluvchi organ rejali tekshiruv o'tkazishning boshlanishi haqida tekshiruvni o'tkazish boshlanishidan kamida o'ttiz kalendar kun oldin tadbirkorlik sub'ektini tekshiruvdan o'tkazish muddatlari va predmetini ko'rsatgan holda, yozma shaklda xabardor qilishi shart.

Tadbirkorlik sub'ektlarining moliya-xo'jalik faoliyatini tekshirishlar belgilangan tartibda faqat davlat soliq xizmati organlari tomonidan, ular tekshirishlar davomida soliq va valyutaga oid jinoyatlar alomatlarini aniqlagan taqdirda esa, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub'ekti belgilangan tartibda taqdim etgan moliya va soliq hisobotini, shuningdek tadbirkorlik sub'ektining faoliyati to'g'risida davlat soliq xizmati organida mavjud bo'lgan boshqa hujjatlarni o'rganish hamda tahlil etish asosida o'tkaziladigan kameral nazorat natijalari bo'yicha qoidabuzarliklar aniqlangan hollardagina davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlik sub'ektlarining moliya-xo'jalik faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.

O'tkazilayotgan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tekshirishlar ularning to'laqonli faoliyat ko'rsatishi uchun to'sqinlik qilmasligi kerak.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari birlashmalarining a'zosi bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatini tekshirishlar tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari so'roviga ko'ra mazkur birlashmalar vakillarining ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.

Bozorlar, savdo majmualari hududlaridagi va ularga tutash, avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylaridagi tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini bir martalik yig'im, ijara haqi to'liq tushishi va ularning topshirilishi hisobga olinishi, fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalaridan, to'lovlarni plastik kartochkalar asosida qabul qilish bo'yicha hisob-kitob terminallaridan foydalanilishi, shuningdek savdo va xizmat ko'rsatish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan qisqa muddatli tekshirishlar davlat soliq xizmati organlarining faqat qonun hujjatlarida vakolat berilgan bo'linmalari tomonidan mazkur bo'linmalar boshliqlarining buyruqlari asosida o'tkazilib, keyinchalik bu haqda nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha maxsus vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy bo'linmasi qisqa muddatli tekshiruv o'tkazilgan kundan e'tiboran bir ish kuni ichida xabardor qilinadi.

Qo'zg'atilgan jinoyat ishining mavjudligi prokuratura, ichki ishlar va O'zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining faoliyatini tekshiruvlardan o'tkazish uchun asos bo'ladi. Bunda tadbirkorlik faoliyati sub'ektining faqat qo'zg'atilgan jinoyat ishi bilan bog'liq faoliyatigina tekshiruv bilan qamrab olinishi mumkin, bu haqda tekshiruv tayinlanganligi to'g'risidagi qarorda ko'rsatilgan bo'lishi kerak.

Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari tekshiruv o'tkazish uchun asosga ega bo'lmagan shaxslarning tekshiruv o'tkazishiga yo'l qo'ymaslik, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning vakolatiga kirmaydigan masalalar bo'yicha ularning talablarini bajarmaslik hamda tekshiruv predmetiga taalluqli bo'lmagan materiallar bilan ularni tanishtirmaslik huquqiga ega.

Tekshirishlar natijalari dalolatnoma (ma'lumotnoma) bilan rasmiylashtirilib, tekshirish tugagan kuni uning bir nusxasi tekshirilayotgan tadbirkorlik faoliyati sub'ektida qoldiriladi.


Download 98 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish