2- boshlovchi: — Aziz ustozlar, navbatni Siz tarbiyalagan, ilm-u hunar o‘rgatayotgan o‘quvchilarga beramiz.
1- o‘quvchi: Sizning ta’limingiz olmagan kim bor?
Siz-ku yuraklarda ilk ziyo yoqqan.
Olimmi, shoirmi va yo san’atkor,
Ilk bor sizga tomon ustoz deb boqqan.
2- o‘quvchi: Bitta harf dardida riyozat chekib,
Oqibat ko‘kka ham chiqolgan inson.
Ne ajab sizlarni baxtiyor etib,
O‘rnidan dast turib, bosh egsa shu on.
3- o‘quvchi: Buyuk Alisherdek lutf etgan misol,
Savod o‘rgatdingiz qancha ranj bilan.
To‘lab bo‘larmikan bu qarzni alhol
Uzib bo‘larmikan yuzta ganj bilan?!
(O‘quvchilar o‘zlari tayyorlagan raqsni namoyish etadi).
1- boshlovchi: — Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat-ehtirom va cheksiz minnatdorchilik tuyg‘ulari paydo bo‘ladi.
Siz, murabbiy inson uchun,
Har bir ilm-u irfon uchun.
Rahnamosiz bizlar uchun
Qalbi daryo, muallimlar
2- boshlovchi: — Xalqimiz naqlida: «Bir yildan keyingi hayot haqida qayg‘urmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek. O‘n yildan keyingi hayot haqida qayg‘ursang, daraxt ek. Agar yuz yildan keyingi hayot haqida qayg‘urmoqchi bo‘lsang — ta’lim-tarbiya ber», — deyilgan.
Tinmas edik berib savol,
Nima to‘g‘ri, nima halol?
Qalbimizga joylab odob,
Yoritdingiz go‘yo oftob.
Ey mehribon, aziz ustoz,
Sizga ta’zim, sizga e’zoz.
3- boshlovchi: — Hurmatli ustozlar, oldingizda turgan sharlar ichiga savollar yashiringan, marhamat, ulardan xohlaganingizni tanlab savollarga javob bersangiz (sharlar ichiga quyidagi savollar yashiriladi).
Birinchi o‘qituvchingiz kim edi?
Nima uchun ushbu kasbni tanlagansiz?
Yoshligingizda qanday kasb egasi bo‘lishni xohlardingiz?
O‘quvchilik davringizdagi eng esda qolarli qiziqarli voqeani aytib bering.
Agar sehrli shamchiroq topib olsangiz-u, undan faqat birgina tilak so‘rash kerak bo‘lsa, nimani so‘rardingiz?
(«Aziz ustozlar» qo‘shig‘i ijro qilinadi).
1- boshlovchi: — Shu o‘rinda aziz ustozlarimiz va tengdoshlarimiz uchun dunyoda «O‘qituvchilar va murabbiylar kuni»ni nishonlash haqida qiziqarli ma’lumotlar berib o‘tsak. (Sanalar rasmlari bilan birgalikda ekranda ko‘rsatiladi).
Avstraliyada — oktabrning so‘nggi jumasi.
Braziliyada — 15- oktabr kuni.
Chexiyada — 28- mart kuni.
Misrda — 28- fevral kuni.
Germaniyada — 5- oktabr kuni.
Yamaykada — 6- may kuni.
Meksikada — 15- may kuni.
Marokashda — 28- fevral kuni.
Yangi Zellandiyada — 29- oktabr kuni.
Peruda — 6- iyul kuni.
Ispaniyada — 29- yanvar kuni.
3- boshlovchi: — Maktabimizda faoliyat yuritayotgan sport to‘garaklariga sinfimiz o‘quvchilari muntazam qatnashib keladi. Hozir ularning chiqishlarini tomosha qilasiz. (Maktab sport to‘garagi a’zolari ko‘rgazmali chiqish qilishadi).
1- boshlovchi: — Aziz ustozlar, sizlarni yana bir bor qutlug‘ ayyomingiz bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz.
2- boshlovchi: — Sizlarga sihat-salomatlik, yosh avlodni tarbiyalashdek mashaqqatli va sharafli ishingizga muvaffaqiyat tilaymiz.
3- boshlovchi: — Shogirdlaringiz va farzandlaringiz kamolini ko‘rish barchangizga nasib etsin. Shu bilan bugungi bayram tadbirimiz o‘z nihoyasiga yetdi. E’tiboringiz uchun rahmat!
(O‘qituvchi va o‘quvchilar ijrosida raqs).
Do'stlaringiz bilan baham: |