Geografik tarqalishi. Vatani Meksika. Ko‘pchilik tumanlarda poliz ekini sifatida o‘stiriladi.
Mahsulotning tashqi ko‘rinishi. Tayyor mahsulot tozalangan urug‘dan iborat. Qovoqurug‘i oq rangli, yapaloq-ellipssimon, bir tomonga bir oz toraygan, uzunligi 1,5—3,5 sm, eni 0,8—1,4 sm ga teng. Urug‘ 2 qavat po‘st bilan qoplangan: tashqi tomondagi oq rangli yog‘ochlangan va ichki tomondagi yashil-kulrang tusli pardasimon qavatlardan iborat. Mahsulot yoqimli mazaga ega.
DF ga ko‘ra urug‘ namligi 13%, umumiy kuli 5%, meva tevaragi va qovoqning yumshoq qismining qurigan qoldiqlari 0,2%, ichi bo‘sh (mag‘izsiz) va zararlangan urug‘lar 2%, organik aralashmalar 0,5% va mineral aralashmalar 0,1% dan oshiq bo‘lmasligi kerak.
Kimyoviy tarkibi. Qovoq urug‘i tarkibida 50% gacha yog‘, vitamin C va B1, organik kislotalar, karotinoidlar va boshqa moddalar bo‘ladi. Mevasining etli qismi tarkibida qandlar (4—11%), vitamin C, B1 va B2 16 mg % gacha karotinoidlar, nikotin kislota va boshqa birikmalar bor.
Ishlatilishi. Tibbiyotda qovoq urug‘i lentasimon (ba’zan yumaloq) gijjalarni haydash uchun ishlatiladi.
Qovoq mevasi siydik haydash ta’siriga ega. Shu bilan bir qatorda u organizmdan xlor tuzlarini chiqib ketishini tezlashtiradi. Shuning uchun ham mevasining yumshoq qismi jigar va buyrak kasalliklarini davolashda qo‘llaniladi.Qovoq mevasidan olingan karotinning yog‘li eritmasi terining ba’zi surunkali kasalliklarini (ekzema, qiyin bitadigan yaralar), yiringli yara, kuygan va sovuq olgan yerlarni hamda shilliq pardaning zararlangan yerlarini davolashda ishlatiladi.
Dorivor preparatlari. Qovoqning tozalangan urug‘i (butun yoki kukun (poroshok) holida, urug‘dan tayyorlangan qaynatma.
Qovoq mevasining etli qismidan karotin olinadi. Karotinning yog‘dagi eritmasi (emulsiya holida ishlatiladi).
Gijjalarni tushirish uchun 300 g (bolalar uchun 3—4 yoshgacha 75 g, 5—7 yoshgacha 100 g, 10—12 yoshgacha 150 g) qovoq urug‘ini xovonchada ezib, 50—100 g asal yoki mo’rabbo bilan aralashtirib ertalab nahorda (ovqat yemasdan oldin) iste’mol qilinadi. Bemorga 3 soatdan keyin tuzli surgi dori beriladi va yarim soat o‘tgandan keyin xuqna (klizma) qilinadi. So‘ngra ovqat iste’mol qilishga ruxsat etiladi.
Qovoq urug‘i qaynatmasini tayyorlash uchun 500 g tozalangan va xovonchada ezilgan urug‘ga 1000 g (5 stakan) suv qo‘shib, suv hammomi ustida 2 soat davomida qizdiriladi (qaynamasligi lozim). Qaynatmani doka orqali suziladi, ustidan moy pardasini olib tashlab, 20—30 daqiqa davomida hammasi iste’mol qilinadi, 2 soat o‘tgach tuzli surgi beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |