1-variant
Fanning xalq xo’jaligida ahamiyati, tutgan o’rni va rivojilanishi.
Yog‘-moy sanoati respublika oziq-ovqat sanoatining yetakchi tarmoqlaridan biri. O‘zbekistonda qadimdan o‘simlik moyi kunjut, zig‘ir, raps, maxsar urug‘i, paxta chigiti, poliz ekinlari urug‘laridan juvozlarda olingan. O‘zbekistonda paxta chigitidan moy oluvchi dastlabki zavod 1884 yili Qo‘qonda qurilgan. Respublikada sanoatning bu tarmog‘ida moylar paxta, soya, raps, meva danaklari hamda sabzavot urug‘laridan olinib, atir-upa, farmasevtika va oziq-ovqat sanoati tarmoqlarida ishlatiladi Yog‘lardan, margarin mahsulotlari, mayonez, xo‘jalik sovuni, atir sovun, texnika maqsadlari uchun boshqa turli mahsulotlar ishlab chiqariladi. O‘simlik moyi ishlab chiqarishda yiliga o‘rtacha 2,1 mln. t dan ko‘proq paxta chigiti va raps, zig‘ir, maxsar urug‘i, shuningdek import bo‘yicha olinadigan soya dukkagi qayta ishlanadi. Respublika yog‘-moy sanoati oziq-ovqat sanoati umumiy mahsuloti hajmining 40%ga yaqinini beradi. Tarmoq korxonalarida ishlab chiqariladigan mahsulotlar, xususn paxta moyi eksportga ham chiqariladi. Koson, Guliston yog‘ ekstraksiya, Farg‘ona yog‘-moy, Qo‘qon yog‘-moy, Toshkent yog‘-moy kombinati, Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy, Surxonoziqovqatsanoat va Urganch yog‘-moy hissadorlik jamiyatlari tarmoqdagi eng yirik korxonalardir.
“Effektiv oyl” xorijiy korxonasida meva danaklari va sabzavot urug‘laridan moy ishlab chiqaradigan maxsus zavod ishlaydi. Bu zavodda 15 nomdagi meva danagi moylari ( o‘rik, shaftoli, pomidor, uzum, va b.) ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Toshkent yog‘-moy kombinatida margarin mahsulotlari va mayonez, tarmoqdagi 10ta korxona Farg‘ona, Yangiyo‘l, Andijon, Urganch, Kattaqo‘rgon va b. yog‘-moy XJ larda xo‘jalik sovuni ishlab chiqariladi. Farg‘ona yog‘-moy XJda turli kichik o‘lchamdagi atir sovunlar ishlab chiqariladi. Tarmoq korxonalarida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, xorijiy firmalar uskunalari bilan jihozlash ishlari davom ettirilmokda. Korxonalarni texnikaviy jihatdan qayta jihozlashda Krupp, Sket (Germaniya), «Alfa-Laval» (Shvesiya), «Jon Braun», «Karver», «Kraun» (AQSH), «Massoni», «Bollista», (Italiya), Germaniya, Polsha, Ukraina, Rossiya firmalari bilan hamkorlik yaxshi samara bermokda.
Tarmoqning asosiy vazifalari - yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyasini mukammalashtirish, yog‘-moy mahsulotlari chiqishini, texnologik yo‘qotish va sarflarni aniqlash hamda kamaytirish, yangi standartlarni ishlab chiqish, tayyor mahsulotlarni sertifikasiyalash hisoblanadi. Bu choralar tarmoqning texnik taraqqiyotiga, yog‘-moy korxonalarning ish unumdorligini oshirishiga olib keladi. Bu masalalarni hal qilishda chuqur bilim va yetarli ko‘nikmaga ega bo‘lgan Oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari asosiy o‘rinni egallashadi.
Hozirgi vaqtda respublikamizning bir necha institutlarida “Oziq-ovqat texnologiyasi” (yog‘-moy mahsulotlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar tayyorlanmoqda. Ushbu darslik mana shu yo‘nalish bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalarga o‘simlik moylari ishlab chiqarish texnologiyasini o‘rgatish, talabalarning talab qilinadigan bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan. Tarmoqning bundan keyingi rivojlanishi ham ana shu mutaxassislarning fidokorona mehnatiga bog‘liq. Ularni vazifasi xomashyoni sifatli qabul qilib olish, saqlash va ishlab chiqarishga uzatishning ilg‘or yo‘llarini topish, yog‘-moy ishlab chiqarish texnologik jarayonlarining optimal rejimlarini ta’minlash, barcha bosqichlarda texnik-kimyoviy nazoratni yo‘lga qo‘yish, yo‘qotish va sarflar miqdorini kamaytirish, shu bilan birga yog‘ chiqishini ko‘paytirish chora-tadbirlarini ko‘rish, ishlab chiqarishning rasional rejalarini ishlab chiqish va amalga tadbiq qilish, fan va texnika yutuqlaridan foydalangan holda mahsulot sifatini oshirish choralarini, shuningdek, mahalliy xomashyodan foydalanib, oziqaviylik va biologik qiymati yuqori bo‘lgan yog‘-moy mahsulotlarining yangi turlarini ishlab chiqarishdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |