To‘mtoq marmarak Salvia submutica Botsch. et Vved.
Nurota tizmasining tabiiy kamyob, relikt endemigi. Soni qisqarishining asosiy sababi- chorva mollarining xaddan tashqari o‘tlatilishidir. Aftidan, soni kamligining tabiiy sabablari ham bor. O‘zbekiston Qizil kitobiga 2- toifada kiritilgan. Tashqi ko‘rinishi. Bo‘yi 15-40 sm ga teng ko‘p yillik o‘t o‘simligi. Poyasi yakka yoki soni 2-3tagacha, to‘g‘ri yoki yuqoriga yo‘naltirilgan, qalin bezchasimon tukli. Ildizoldi barglari ko‘p sonli, bandli, nashtirsimon-uzun, patsimon bo‘lingan, o‘tkir patsimon-parrakli bo‘laklari bilan; o‘rta va yuqori poya barglari kichiklashgan, yaxlit, o‘tirgan. Gullari 4 gulli g‘ushshasida, uzunligi 10-12 mm bo‘lgan gul bandda. Kosasi keng qo‘ng‘iroqsimon, bezchali tukli, engil shishgan, 22-25 mm uzunlikda, bo‘rtgan tomirli, noaniq ikki labli. Toji oq yoki sarg‘ish, yirik, uzunligi 40-45 mm kosasidan kuchli chiqib turadigan. Mayning ikkincha yarmi-iyulda gullaydi, mevasi iyul-avgustda etiladi. Tarqalishi. Nurota tizmasi. Nurota qo‘riqxonasi hududida muhofaza qilinadi. Yashash joylari. Tog’‘larning quyi va o‘rta mintaqasida, suvayrig‘ich cho‘qqilar, asos jinslari chiqib qolgan joylarda va qoya yoriqlarida tosh va shag‘alli yon bag‘irlarda uchraydi. Soni. Juda siyrak, onda-sonda, nodir namuna yoki 2-10 ta dan bir necha o‘ntagacha o‘simlikdan iborat to‘plar bo‘lib uchraydi.
Nor shirach, xulka bola Yeremurus robustus Regel
O‘rta Osiyoning areali uzilgan endemigi. Juda chiroyli manzarali o‘simlik, ko‘plab mamlakatlarning botanika bog‘larida o‘stiriladi. Gullarining ommaviy tyerib olinishi sababli tabiatda kam uchraydi. O‘zbekiston Qizil kitobiga 3-toifada kiritilgan. Tashqi ko‘rinishi. Kalta ildizpoyali va urchuqsimon-qalinlashgan ildizli, yirik, ko‘p yillik, bo‘yi 100-250 sm o‘tsimon o‘simlik. Barglari keng uzunchoq, silliq, kengligi 4-8 sm. Shingili tig‘iz, ko‘p gulli, silindr shaklda, uzunligi 35-120 sm. Gulqo‘rg‘on bargchalari och pushti rangli, yakka tomirli. Mevasi-kengligi 1,5-2,5 sm li silliq sharsimon ko‘sakka o‘xshaydi. May-iyul oylarida gullaydi, iyul-avgustda mevasi etiladi. Ildizlari yo‘g‘onroq bo‘lganligi uchun o‘simlik oziq moddalarni to‘plash xususiyatiga ega va bu qurg‘oqchil yoz davri issiqlari va qish sovuqlariga chidamliligini hamda qisqa bahor davrida baquvvat yer usti qismining rivojlanishni ta’minlaydi. Mevasi etilganidan keyin yozgi tinchlik holati boshlanadi va o‘simlikning yer usti qismi to‘la nobud bo‘ladi. Tarqalishi. Tyanshan va Pomir Oloyning barcha tizmalarida uchraydi. Surxon, Chotqol, Kitob, Hisor, Nurota davlat qo‘riqxonalari va Ugom Chotqol milliy bog‘i hududida muhofaza qilinadi. Yashash joylari. Tog’‘laring o‘rta mintaqasida, ochiq mayda jins tuproqli va toshli yon bag‘irlarida o‘sadi. Soni. Bitta-yarimta va uncha katta bo‘lmagan to‘p bo‘lib uchraydi, turar joylardan uzoq va etib borish qiyin bo‘lgan yerlarda kattaroq populyasiyalar hosil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |