3- MAVZU: O‘SIMLIKLARDA SUV ALMASHINUVI FIZIOLOGIYASI
Reja:
O‘simlik hayotida suvning ahamiyati.
Suvning tuzilishi va xossalari.
Hujayraning so'rish kuchi. Suvning shimilishi va harakati
Tuproq tarkibidagi suvning xillari.
Ildiz sistemasi va suvning so'rilishi
Ildiz tiziminint suvni so‘rishiga tashqi sharoit omillarining ta’siri
Tayanch iboralar: gravitatsion suv, kapillyar, pardasimon suv, gigroskopik imbibitsion suv, nam sig‘imi, ildiz, so‘rish kuchi, apikal, rizoderma, endoderma, peritsikl, ildizi, meristema, pH, gidrofit, mezofit, gigrofit, kserofit sukkulent, sklerofit, efemer.
1.O‘simlik hayotida suvning ahamiyati
Ma'lumki, o'simliklar to'qimalari tarkibining 70-95% suvdan iborat. Suv o'zining ajoyib xususiyatlari tufayli organizmlar hayot faoliyatida birinchi va boshqa moddalarga tenglashtirib bo'lmaydigan o'rinni egallaydi. Ammo uning hujayra tuzilishida va undagi molekulyar darajada boradigan turli metabolik jarayonlardagi o'rni to'la o'rganilmagan.
Suvning butun bir organizmdagi o'rni turlichadir. Butun yer yuzidagi hayot formalari faqatgina suvli holatdagina mavjud. Shuning uchun ham hujayra tarkibidagi suvning kamayishi, tirik tuzilmalarning tinchlik, ya'ni anabioz holatiga o'tishiga olib keladi.
Tirik organizmlarning asosiy komponentlaridan biri suvdir. O'simlikning barcha organlarida suv bo'ladi: bargda-90%, novdada-70-80%, ildizda-50-60%, urug'da-10%. Vakuolada-98%, sitoplazmada-80%, qobiqda-50% atrofida suv uchraydi.
Biologik ob'ektlarda suv quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:
Hujayra, molekula, to'qimalar va organlarni bir butun qilib birlashtirib turadi. Suv uzluksiz muhitni tashkil qiladi.
Biokimyoviy reaktsiyalar uchun eng yaxshi va muhim muhitdir.
Hujayra tuzilmalarini tartibga solishda qatnashadigan oqsillar tarkibiga kirib, ularning konformasiyasini belgilaydi.
Bir qancha biokimyoviy reaksiyalarning tarkibiy qismidir;
a) fotosintez jarayonida elektronlar donoridir.
b)Krebs tsiklida oksidlanish-qaytarilish jarayoni ishtirokchisi.
Hujayra hayotiy jarayonlarida, xususan suvning membranalardagi elektronlar va protonlar tashiluvidagi o'rni beqiyosdir.
Moddalar almashinuvida asosiy o'rinni tutadi. Masalan ksilema to'qimalari bo'ylab esa suv va unda erigan moddalarni tashisa, flozma to`qimalari bo'ylab moddalarning simplast va apoplast tashiluvi amalga oshadi.
Issiqlikni boshqaruvidir. Suv tufayli o'simlik to'qimalarida haroratning birdan o'zgarishi ro'y bermaydi. Bu hol suvning yuqori issiqlik sig'imi bilan o'lchanadi.
Suv tufayli yuzaga keladigan egiluvchanliklik hususiyati tufayli o'simliklar har xil mexanik ta'sirlardan saqlanadi.
Suv tufayli bo'ladigan osmos va turgor holatlari tufayli to'qimalarning nisbatan qattiq holati saqlanadi.
O'simliklarning evolyutsiyasi mobaynida ularning suvga bog'liqligi birmuncha kamaya borgan. Masalan, suv o'tlari uchun suv ko'payish va yashash muhitidir. Yer o'sti sporali o'simliklarida esa ularning ko'payishiga suvning ta'siri qisman saqlanib qolgan xolos, ya'ni suv gametalarning ipchalari tufayli harakatlanishiga yordam beradi. Urug'li o'simliklar o'zlarining changdonlari va urug'donlari tufayli ko'payish jarayonlarida suvga muhtoj emas. Urug'li o'simliklarda ontogenez davomida suvdan foydalanish jarayonlari anchagina takomillashgandir. Ushbu jarayonlar albatta tiriklik dunyosining suvli muhitdan quruqlik muhitiga ko'chishi bilan chambarchas bog'liqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |