2.2.1-rasm. Smart texnologiya metodik resurslari.
Resurs atamasi fransuzcha “resource” so’zidan olingan bo’lib, aynan tarjimada yordamchi vosita, usul degan ma’nolarni anglatadi. Qisqacha aytganda, resurs inson turmush sharoitini yanada yaxshilash uchun zarur bo’lgan narsalarning mavjud zahirasi hisoblanadi [91; 396-b]. Zamonaviy darslarni sifatini oshib borishi va uni mahorat bilan tashkil etish vositalaridan biri mediata’limdir. Mediatexnologik ta’lim – mediavositalar asosida dars o’tishning zamonaviy usullaridan biri bo’lib, ta’limga smart texnologiyalarni joriy etgan holda uning sifatini oshirishga qaratilgan ta’lim jarayonidir [59].
Quyida metodikamizda samarali hisoblangan ta’lim usullari haqida ma’lumot berib o’tamiz:
1. Collaborative learning. Hamkorlikda o’qitish usuli bo’lib, bunda jismoniy yoki virtual mavjudlikdan qat’iy nazar, o’qituvchi hamda o’quvchilar hamkorlikda, o’zaro, interaktiv faollikni ta’minlash asosida ta’lim jarayonini tashkil etish hamda unda faol ishtirok etish imkoniga ega bo’ladilar. Hamkorlikdagi ta’lim o’quvchining ijtimoiylashuvi, jamoa bilan, guruhli ishlash ko’nikmalari bilan birgalikda, jamoaviy mas’uliyatni his qilish hamda qarorlar qabul qilish kompetentligini shakllantirishda muhim o’rin tutadi.
2. Spaced learning. Ajratilgan yoki alohida o’qitish - o’qituvchilar amal qiladigan zamonaviy o’qitish usullaridan biridir. Bu usulda, asosan, o’qituvchilar darsni bir necha marta, o’quvchilar to’liq tushunmaguncha takrorlaydilar. SHu bilan birga, o’qituvchi darslar oralig’ida ikki marta 10 daqiqalik tanaffus bilan darsni takrorlaydi. Bu usul ko’proq murakkab bo’lgan mavzularni o’qitishda samarali hisoblanadi.
3. Flipped classroom. Teskari yoki to’nkarilgan sinf - bu aralash ta’lim turiga kiruvchi usul bo’lib, unda o’quvchilar uyda yangi mavzuni o’rganadilar, darsda esa, tushunmagan qismlarni o’qituvchidan so’rash yoki hamkorlikda, guruh bo’lib ishlaydigan. Bu maktabda yangicha o’qitish tizimini joriy etishning keng tarqalgan amaliyoti bo’lib, an’anaviy ta’limga butkul qarama-qarshi usuldir.
4. Gamification. O’yin shaxsning tarbiyalash, rivojlantirish, unga ta’lim berish xususiyatlariga ega. Mavjud xususiyatlari tufayli o’yinlar qadim- qadimdan xalq pedagogikasining muhim asoslaridan biri bo’lib kelmoqda. Avvalo, «geymifikatsiya» atamasiga ta’rif berish lozim. Bu atama inglizcha “gamification” so’zidan kelib chiqqan. U o’yin texnikasini o’yinga aloqasi bo’lmagan jarayonlarga nisabatan qo’llashni anglatadi.
5. VAK teaching. (Visual - ko’rish, Auditory - eshitish, Kinesthetic – taktil sezgi yoki harakat) O’quvchiga ko’rish, eshitish yoki tana-harakat orqali bilim olish ta’sirini aniq ko’rish mumkin bo’lgan zamonaviy o’qitish usuli. Biz sezgilarlarni uchta toifaga ajratamiz: vizual, audio va kinestetik (harakat). Ta’lim jarayonini samarali tashkil etilishi bevosita o’quvchilarning o’zlashtirish toifalariga bog’liq, bu usulda o’quvchilarning qaysi toifaga mansubligiga qarab individual yondashuv lozim yoki o’qituvchi o’z o’quvchilari qaysi toifaga tegishli ekanligini bilishi kerak.
6. Crossover learning. Tutashgan yoki kesishgan ta’lim. Uncha keng tarqalmagan zamonaviy o’qitish usuli bo’lib, u ham rasmiy, ham norasmiy ta’lim muhitlarida foydalanadi. Bu o’quvchilar uchun eng yaxshi ta’limni ta’minlaydigan ideal usullaridan biridir. Kesishgan ta’lim o’quvchilarni darsga samarali jalb qiladi va ishonchli hamda innovatsion natijalarni beradi.
7. Micro teaching. Mikrota’lim - bu o’qitishning innovatsion usuli bo’lib, unda o’qituvchi o’quvchilarning kichik bir guruhi uchun qisqa vaqt davomida dars o’tadi. Odatda bu usul kichik ko’nikma yoki kompetensiyalarni shakllantirish uchun ishlatiladi. Bu yondashuv belgilangan vaqtda ma’lum bir qismgagina e’tibor qaratish orqali o’zining foydali ekanligini isbotlagan. Mikrota’lim mikroko’nikmalariga ega bo’lish uchun muhim usul hisoblanadi.
8. Design thinking. Tafakkur dizayni usuli - bu interfaol jarayon bo’lib, unda o’quvchi tushunish, taxminlarga qarshi chiqish va muqobil strategiya hamda echimlarni aniqlashga urinishda duch kelgan muammolarni qaytadan ko’rib chiqib, aniqlashga intiladi, chunki, ko’pincha, o’quvchining boshlang’ich bilimi darajasi o’qituvchi ko’zlagan maqsadga etarlicha javob bermaydi. Bu holat o’quvchining o’ziga darhol sezilmaydi. Odatda bu usul muammoni hal qilishga asoslangan yondashuvni ta’minlaydi.
9. Problems-based learning. Muammoli o’qitish takomillashgan o’qitish texnologiyasidir. Hozirgi maktabdagi samarali o’qitish texnologiyasi muammoli ta’limdir. Uning vazifasi faol bilish jarayoniga undash va tafakkurda ilmiy-tadqiqot uslubini shakllantirishdir. Muammoli ta’lim ijodiy faol shaxs tarbiyasi maqsadlariga mos keladi. Muammoli ta’lim – talabalarda ijodiy izlanish, kichik tadqiqotlarni amalga oshirish, muayyan farazlarni ilgari surish, natijalarni asoslash, ma’lum xulosalarga kelish kabi ko’nikma va malakalarni shakllantirishga yo’naltirilgan ta’lim hisoblanadi [89;115-b].
10. Hybrid yoki blended teaching. (aralash o’qitish) zamonaviy ta’limning nisbatan yangi, biroq, tobora ommalashib borayotgan shakli sanaladi. Ushbu shakldagi o’qitish jarayonida o’quvchi mustaqil ta’lim oladi, ammo ayni vaqtda unga sinf va o’qituvchi tomonidan yordam ko’rsatiladi. Guruhli mashg’ulotlar davomida “blended learning” (aralash o’qitish)ning qo’llanilishi tufayli har bir o’quvchi o’quv materiallarini o’zlashtirish borasida o’zida ro’y berayotgan ijobiy o’zgarishlarni namoyon etgan holda muloqot ko’nikmalarini o’zlashtirib boradi, o’tilgan materiallarni takrorlaydi va yangi mavzuni o’rganishga tayyorlanadi. Blended learning (aralash o’qitish) ko’p holatlarda topshiriqlarga tayanadi va asosiy, muhim ma’lumotlar negizida tashkil etiladi, qo’shimcha materiallar esa o’quvchiga onlayn platforma orqali uzatib beriladi. Bola mustaqil ta’lim olar ekan, sinfdagi boshqa o’quvchilar bilan onlayn rejimda tashkil etilayotgan muhokamada ishtirok etish orqali hamkorlik qiladi. Sinfda va onlayn rejimda tashkil etilayotgan mashg’ulotlar vaqt miqdori bo’yicha o’zaro mos kelishi turlicha o’zgarib turishi mumkin. Ta’limning turli bosqichlarida masofaviy va mustaqil ta’lim samarali ravishda qorishtirib yuboriladi [44; 16-20-b].
11. Case Study. “Keys-stadi” metodi xorijiy mamlakatlar ta’limi amaliyotida muvaffaqiyatli qo’llanilib kelinmoqda va bugungi kunda respublika ta’limida ham tobora ommalashib bormoqda. Mazkur metod ayrim hollarda, ya’ni natijasi kafolatlangan jarayonda texnologiya sifatida ham qo’llanilib, ma’nosi inglizcha “case” – chemodan, metod, “study” – muammoli vaziyat; vaziyatli tahlil yoki muammoli vaziyatlarni tahlil qilish kabilarni anglatadi. Keys-stadi: 1) o’quvchilarda aniq, real muammoli vaziyatni tahlil qilish orqali eng maqbul variantlarini topish ko’nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladigan texnologiya; 2) real vaziyatlarni bayon etishda qo’llaniladigan o’qitish texnikasi sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |