Amaliy ahamiyati. Charxilon zahari qon ivishi buzilishi kasalliklarida tashxis vosita sifatida ishlatilishi mumkin. Shuningdek, charxilon zahari polivalent ilonlarga qarshi zardob ishlab chiqarishda ishlatiladi.
Tur: Vipera lebetina L.-Ko‘lvorilon
Ko'lvor ilon ancha yirik bo'ladi, yo'g’onligi odamning bilagidek keladi. Tanasining uzunligi 160 sm cha, dumi esa 20 sm dan ortiq emas. Eng og’ir ko'lvor ilonning massasi 3 kg cha keladi. Usti och yoki to'q kulrang, sarg’ish yoki jigarrang tusli. Naqshi xilma-xil cho'qqi-qirrasi bo'ylab yirikroq va gavdasining yon tomonlarida esa maydaroq dog’lari bo'ladi. Qorni och rangli bo'lib, ayrimlarida mayda nuqtalari bo'ladi.
O'zbekistonda Turkiston tog’ oldilarida (Xovos), Nurota, Zarafshon tizma tog’lari, Ko'hitang va Hisor tizma tog’lari etaklarida uchraydi. Bu ilon kobraga nisbatan ancha ko'p tarqalgan. Zarafshon tizma tog’i va Nurota tog’larining ba'zi joylarida bahorda kuniga beshtagacha, ba'zan esa undan ko'p ko'lvor ilonni uchratish mumkin.
Ko'lvor ilon tog’larda, tog’ oldilarida va tog’larning atroflaridagi vodiylarda yashaydi.
Q ishloqlarda va tog’ etaklaridagi bog’larda, buloqlarning bo'yida, tog’lardagi tosh uyumlari orasida ko'p uchraydi.
9-rasm. Ko'lvor ilon - vipera lebetinal
Qiyaliklarning yoriqlari, toshlar orasidagi bo'sh joylar, kemiruvchilarning, tulki va qushlarning sog’ tuproqli jarliklardagi inlariga kirib yashirinadi.
Ko'lvor ilon qishlagandan keyin martda, baland tog’larda esa aprelda chiqadi. Dastlabki kunlari ular kunduzi oftobda isinadi. Aprelning oxiri va mayning boshlarida quyosh botishi oldidan, bulutli kunlarda esa kunduzi ham ko'rinadi. Ko'lvor ilon may oyidan boshlab butun yoz bo'yi tunda aktiv hayot kechiradi.
Ozig’ini faqat yerda emas, balki daraxtlarda ham axtaradi. Asosan, mayda qushlar va kemiruvchilar, ba'zan kaltakesaklar bilan oziqlanadi. Ko'lvor ilonlar ba'zan ancha yirik o'ljani ham tutib yeydi. Masalan, bitta ilonning qornidan ko'k kaptar topilgan, boshqasidan ikkita quyoncha, uchinchisidan kichik ko'lbuqa ham topilgan.
O'rta Osiyo respublikalarida ko'lvor ilon iyulda tuxum qo'yadi. Yosh ilonlar avgust-sentyabrda chiqadi. Uch yoshida jinsiy voyaga etadi. Tutqunlikda odatda uch yilcha yashaydi. Bir vaqtlar Riga hayvonot bog’ida ko'lvor ilon 17 yil yashagan.
Ilon odamga duch kelganda harakatsiz yotadi va ko'pincha uni oyoq yalang bosib oladilar. Ko'lvor ilonning chaqishi juda xavfli. Agar ilon chaqqan odamga o'z vaqtida meditsina yordami ko'rsatilmasa, u halok bo'lishi mumkin. Zahari qonga, jigarga ta'sir qiladi, shishirib yuboradi, terida binafsha rang qizil dog’lar ko'rinishida nuqtali qon quyilishi kuzatiladi. Ko'lvor ilonning zaharidan olinadigan zaharga qarshi zardob shu turkumga mansub boshqa ilonlar chaqqanda ishlatiladi.
Morfologiyasi. Yirik ilon bo‘lib, qorailonlar orasida eng kattasi hisoblanadi. Uzunligi 1,6 m, hatto 2 m keladigan vakillari ham uchraydi. Zahar tishlari 1,5 sm uzunlikda bo‘ladi. Boshi mayda tangachalar bilan qoplangan, naqshlari bo‘lmaydi. Gavdasining usti qizg‘ish, jigarrang yoki to‘q kulrang bo‘ladi. Ba’zan tanasi bir xil tusda bo‘lgan individlari uchrab turadi. Qorin tomoni oq rangda, unda juda ko‘p miqdorda mayda qora xalqachalari mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |