Quyidagilarni tashqi muhitdagi potensial imkoniyatlar, deb hisoblash mumkin:
yangi bozorga yoki bozorning segmentlariga chiqish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar assortimentini kengaytirish;
vertikal integratsiyani amalga oshirish;
raqobatlashuvchi firmalar orasida o‘zidan qoniqish;
raqobatchilarning kuchsiz pozitsiyalari.
Quyidagilardan xavf kelib chiqishi mumkin:
yangi raqobatchilarning paydo bo‘lish xavfi;
o‘rin bosuvchi tovarlar savdosining o‘sishi;
bozor o‘sishining pasayishi;
hukumatning ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydigan siyosati;
ta’minotchilar ta’sirining o‘sib borayotgan darajasi;
xaridorlar talablarining o‘zgarishi; – noqulay demografik o‘zgarishlar.
Marketingning tashqi muhitida ochilayotgan imkoniyatlar tashkilot uchun uning raqobatda ustuvorlikka erishishida qulay sharoitlar yaratadi, shu bilan birga xavflar qo‘shimcha qiyinchiliklar va cheklovlar yaratadi.
Bozorga oid har bir imkoniyatni firmaning o‘z imkoniyatlariga mos kelish nuqtayi nazaridan baholash va ulardan qaysi biri firmaga to‘g‘ri kelishini aniqlash lozim. Kompaniyaning kuchli va kuchsiz tomonlari boshqalarga nisbatan bitta imkoniyatdan yaxshi foydalanishga imkon beradi. O‘tkazilgan tahlil firmaning marketingga oid imkoniyatlarini, aniq firma raqobat ustuvorligiga erishishi mumkin bo‘lgan marketing kuchlarini jalb etuvchi yo‘nalishlar sifatida aniqlashga imkon beradi. Shu tariqa marketing maqsadlari shakllanadi va bozorga nisbatan (bozorni qamrab olish strategiyasi, tovarni bozorda namoyish qilish strategiyasi), tovar assortimentiga (tovar portfeli strategiyasi), narxni shakllantirishga (“qaymog‘ini olish”, “yorib o‘tish” strategiyalari), savdo va tovar harakatlanishini tashkil etishga (to‘g‘ridan to‘g‘ri (bevosita) va bilvosita savdo strategiyalari) va tovarlarni bozorga olib chiqish kabilarga nisbatan marketing strategiyalari belgilanadi. Firmaning ishlab chiqiladigan marketing strategiyalari kompleksi uning raqobat muhitidagi pozitsiyasini va talabning turli xil holatlarini hisobga olmog‘i lozim.
Marketing strategiyalarini tanlash boshqa omillarga ham bog‘liq. Masalan, firma rahbari turli xil bozorga oid imkoniyatlarni qanday idrok qilishi, u o‘z potensialining qanday kuchli tomonlarini harakatlantirishni mo‘ljallamoqda, firmada strategik qarorlar sohasida qanday an’analar mavjud va boshqalar. Rahbariyat tavakkal qilishni yaxshi ko‘rishi va aksincha, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham undan qochishga urinishi va bu munosabat yangi mahsulot ishlab chiqarishda yoki yangi bozorlarni egallashda strategiya tanlash uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.
Yangi tovarlar, bozorlar bilan bog‘liq innovatsion strategiyalar katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Shuning uchun katta moliyaviy resurslarga ega firmalar ularga oson erishadi, muomala strategiyalarini tanlashda ancha yaxshi ahvolda bo‘lishadi va resurslari kuchli cheklangan firmalarga nisbatan tanlash uchun strategiyalarning ancha ko‘p sonli variantlariga ega bo‘ladilar.
Tarmoqning ahvoli va undagi firmalarning raqobat holati marketing strategiyasini tanlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Yetakchi, kuchli firmalar o‘zlarining yetakchilik holatlaridan yuzaga kelgan imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishga va bu holatni mustahkamlashga urinishi lozim. Ular o‘sishning turlicha strategiyalarini tanlashlari zarur. Masalan, agar tarmoq rivojlanishi pasayib ketayotgan bo‘lsa, uni diversifikatsiyalashga intilish, agar tarmoq jadal rivojlanayotgan bo‘lsa, unda tanlov konsentratsiyalashgan (bir joyga yig‘ilgan) o‘sish strategiyasiga yoki integratsiyalangan (yaxlit, bir butun holga keltirilgan) o‘sish strategiyasiga tushishi kerak.
Kuchsiz firmalar o‘zlarini boshqacha tutishlari kerak. Ular o‘z kuchlarini orttiradigan strategiyalarni tanlashlari zarur. Agar bunday strategiyalar bo‘lmasa, ular bu tarmoqni tark etishlari kerak bo‘ladi. Masalan, agar konsentratsiyalangan o‘sish strategiyasi yordamida tez o‘suvchi tarmoqda urinishlar kuchaysa yoki bozorning bir chetida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashuv kutilgan holatga olib kelmasa, firma qisqartirish strategiyalaridan birini amalga oshirmog‘i zarur.