4-§. Qullarning huquqiy holati
Rim davlati qadimdan quldorlik davlati bo'lib, qullar institutining mavjudligi
va bu qullarning egalari har xil shaxslar, shuningdek, davlatga oid bo'lgan
qullarning ham mavjud bo'lganligini butun Rim tarixi o'zida aks ettirib bergan.
Rim davlatida qullarning huquqiy holati asosan ularning huquqiy
munosabatlarni amalga oshiruvchi sub'yektlar sifatida emas, balki shu
munosabatlarning ob'yektlari bo'lib hisoblanishidan kelib chiqqan. Qullar ashyo
sifatida ko'rilib, ular hech qanday huquqlarga ega emas edi, uning xo'jayini esa, qul
ustidan istagan harakatlarni amalga oshirishi mumkin edi, ya'ni chegarasiz, mutloq
bo'lgan huquqlarni amalga oshiruvchi shaxs bo'lib hisoblangan.
Rim davlatining boshlang'ich davrlarida qullarning ahvoli burmuncha
yaxshiroq bo'lgan. Asirga tushgan shaxsni qul qilib olgan shaxs, keyinchalik o'sha
qulning otasi, yoki aka-ukalari yoki bolalari tomonidan o'zining yoki
farzandlarining ham asir qilib olinishligi ehtimolidan kelib chiqib, qullar bilan
bo'lgan munosabatlarni bir muncha yumshoqroq xarakterda olib borgan.
Quldorlar ularni doimiy ravishda o'zi va oilasi bilan aloqador bo'lganliklarini
va ulardan ko'proq yordamchi kuch sifatida foydalanish mumkinligini e'tiborga
olganlar.
Rim davlati siyosiy, iqtisodiy va harbiy qudratining yanada kuchayishi
natijasida qullar soni nihoyatda ko'paydi. Osiyo, Afrika mamlakatlaridan qullarni
sotib olib kelishlik kuchayib qullar instituti mutloq institutga aylandi. Qullar
mehnatidan foydalanish usullari o'zgardi va kuchaydi.
Qullikning o'rnatilish usullari ko'pchilik hollarda urushlar oqibatida asir
olish, chet el fuqarosini egallash kabi asoslarda, qul ota va onadan farzand tug'ilishi
natijasida, nikohsiz ona qul bo'lsa, undan tug'ilgan farzand ham qul bo'lib
hisoblanishi oqibatida vujudga kelgan.
Shuningdek, Pretor ediktlariga ko'ra ozod bo'lgan fuqaroning o'zini qullikka
muayyan pulga sotib, keyinchalik shu pul miqdorini qaytarib berish sharti bilan
sotib olgan shaxs tomonidan ozodlikka chiqaraman, degan va'da berilganligi
asosida harakat sodir etilganligi ma'lum bo'lsa, u umrbod qullikka aylantirilardi.
Imperiya davriga kelib qullikka aylantirishlik tartibi va asoslari yo'qolib
uning o'rniga yangi asoslar qo'llanilgan.
Sud tomonidan belgilangan jazolar asosida, o'lim jazosiga mahkum etilgan
shaxslar va ozod bo'lgan xotinning qul bilan doimiy aloqada bo'lishligi ham
qulchilikni keltirib chiqargan.
Qullarning shaxsiy huquqiy holati ularning ashyo hisoblanishidir. Ularning
Rim armiyasi safida xizmat qilishligi ma'n etilgan hamda davlat xazinasiga soliq
to'lamaganlar, ya'ni ular inson yoki fuqaro sifatida tan olinmagan.
Oilaviy huquqiy holati, oila qura olmagan va qulning xotin kishi bilan
aloqasi nikoh deb hisoblanmagan.
Mulkiy munosabatlar bo'yicha qullar individual, umumiy, ashyoviy ob'yekt,
uzufrukt, garov ya'ni majburiyatlarning bajarilishligini ta'minlovchi usul, olish-
sotish, qarz, mulk ijarasi shartnomalarining ob'yekti bo'lib hisoblangan. Qullarning
o'zlariga taalluqli bo'lgan ashyolari bo'lmagan. Qullardagi bo'lgan barcha
mulklarning egasi qulning xo'jayini deb tanilgan.
Rim quldorchilik jamiyatining rivojlanishi, ayniqsa ishlab chiqarish
munosabatlarining taraqqiy etishi, xalqaro savdo munosabatlarining vujudga
kelishligi qullarning biroz bo'lsada huquqlarining kengayishiga olib keldi.Chunki,
qul xo'jayining bir o'zi hamma munosabatlarda qatnashishlik uchun jismoniy
imkoniyati yetishmay qoldi.
Quldorlar qullarning aqli borligidan, ongli asosda o'z xo'jayiniga xizmat
qilishligini va ularning tadbirkor ekanligidan kelib chiqib, o'z nomidan shartnomali
munosabatlarga kirishishlikka vakolatlar berganlar hamda ulardan savdo kemasi
kapitanlari, korxonalar rahbarlari sifatida foydalanganlar, shu bilan birga vujudga
kelgan huquq va burchlar yuzasidan qulning xo'jayini kreditorlar oldida mas'ul
bo'lgan.
Qulning xo'jayini qul o'z oilasida yashaganligini e'tiborga olib, unga yer,
chorva mollari, xo'jalik tovarlari, hatto o'z yerini, hovlisini ishlashlik uchun ba'zan
(servi vicarii - servi vikariy) boshqa qullarni ham bergan. Qul esa mustaqil asosda
o'z xo'jalik faoliyatini amalga oshirgan, ayniqsa o'ziga taalluqli bo'lgan mulklardan
ozod holda foydalangan va qisman bo'lsada tasarruf etgan. Bundan Pekuliy instituti
vujudga kelgan. Pekuliy deb xo'jayinning o'z qullariga mustaqil xo'jalik yuritish
uchun berib qo'ygan mulkining bir qismi (yer uchastkasi, hunarmandchilik
ustaxonasi, qora mollar va boshqalar)ga aytilgan. Bu mulklarning barchasi qulning
xo'jayiniga taalluqli bo'lsa ham, lekin undan ma'lum bir miqdorda qul ham
foydalangan.
Qulchilikdan ozod bo'lishlik doimo qul xo'jayinining erki bilan bog'liq
bo'lgan. Ayniqsa, vasiyatnomalarda ko'rsatilgan, qaysi vaqtda, qanday holatda yoki
qul o'zini-o'zi sotib olishlik uchun qancha summa to'lashligi lozimligi va kimga
kabi masalalarni hal qilgan.
Qullarni ozod qilishlikning qadimdan uchta shakli, usuli mavjud bo'lgan.
Birinchidan, meros qoldiruvchi tomonidan vasiyatnomada qaysi vaqtdan
boshlab qul ozodlikka chiqishi mumkinligi ko'rsatilgan holatda;
Ikkinchidan, meros qoldiruvchi o'z merosxo'rlariga qachondan, qaysi
holatda, qaysi paytdan boshlab, qulni ozod qilishligi to'g'risida vasiyatnomani yoki
ko'rgazmani yozib qoldirgan bo'lsa;
Uchinchidan, qulni ozod qilishlik uchun biron-bir shart yoki ozod qilishlikni
to'xtatib turuvchi harakatni sodir etishlik bilan bog'liq bo'lgan. Masalan, mening
vorisim Hasanga sen 200 dinor berganingdan keyin sen qulchilikdan ozod bo'lasan
degan, asoslar qulchilikdan ozod qiluvchi dalillar bo'lib hisoblanardi.
Respublikanlar davrida qullarni qulchilikdan ozod qilishlik uchun qul
xo'jayinining guvohlar ishtirokida qulni qo'yib yuborish, ya'ni ozod qilish
to'g'risidagi xatni tuzishlik asosida ham amalga oshirilgan.
Prinsipiat davrida esa qul tomonidan o'z xo'jayinining kim tomonidan
o'ldirilganligini aniqlaganligi asosida, hamda 20 yil davomida ozod bo'lib yashab
kelgan qul muddat o'tishi bilan qulchilikdan ozod qilingan.
Quldorchilik davlatining o'ziga xos xususiyatlaridan biri, qullarni ozod
qilmaslik tamoyilini amalga oshirish, ya'ni unga monelik qilish yo'llarini izlab
topishlik bilan bog'liq bo'lgan. Yangi eramizning I asriga kelib davlat tomonidan
bir nechta qonunlar qabul qilindi va bu qonunlarning maqsadi qullarni ozodlikka
chiqarishga qarshi bo'lgan chegaralarni o'rnatish edi.
Bu chegaralardan birinchisi yigirma yoshli xo'jayin tomonidan o'ttiz yoshli
qulni ozod qilishlik to'g'risidagi harakatlarni alohida komissiya tekshirib ko'rishligi
lozimligi; ikkinchisi, qullardagi noma'qul bo'lgan hislatlarning mavjudligi uni chet
elga qul sifatida chiqarib yuborishlik asosi bo'lishi mumkinligi; uchinchidan, agar
qullarga belgilar, nomerlar qo'yilgan bo'lsa, hamda ularning o'z xo'jayiniga
taalluqliligi ko'rinib turgan bo'lsa; to'rtinchidan, u gladiator bo'lsa; shuningdek,
vasiyatnomada ozod qilishlikning chegaralangan usullari ham ko'rsatilishi mumkin
edi. Masalan, quldor uchta qulga ega bo'lsa, faqat ikkitasini ozod qilishligi, o'nta
qulga ega bo'lsa, uning yarmini ozod qilishligi kabi talablarni vasiyatnomaning
o'zida ham ko'rsatilishiga ruxsat berilardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |