3-§. Egallash (possessio-possessio) tushunchasi va turlarga bo'linishi
Qadimgi Rim quldorlik davlatida mulk huquqidan va boshqalarning
mulkiga bo'lgan huquq institutlaridan tashqari egalik qilish tushunchasi ham
mavjud bo'lgan.
«Egalik qilish» amaliyotda ko'pincha «mulk» terminlari yoki tushunchasi
bilan bir ma'noda qo'llanilsa ham, Rim fuqarolik huquqi va hozirgi zamon
fuqarolik huquqida ikkalasini bir ma'noda tushunmaslik lozim. Rim yuristlari
egalikni «men mulkka egaman» so'zi orqali, mulkni esa «mening mulkka egalik
huquqim bor» degan ta'riflar bilan ajratib olganlar.
Egalik qilish bu ashyo ustidan faktik holatda hukmronlik qilish demakdir.
U mulk huquqining kelib chiqishligi uchun asos bo'lib, bir joyga joylashish,
o'troq bo'lib qolish, egasiz bo'lgan ashyoni, predmetni yoki o'tloq yaylovni
egallab olishlik kabi harakatlarda namoyon bo'lgan.
Rim huquqida «ager rublucus» degan tushuncha bo'lib, «umumiy joy»,
hamma uchun teng ravishda foydalanilishi mumkin bo'lgan yer, boshqa shaxslar
tomonidan egallanib olinmagan joyga tushunilgan.
Qadimgi rus tarixchilari «Kiye haqida»gi yozma asarlarida Kiyening o'z
urug'lari bilan Dnepr daryosining bag'irlarida joylashgan tog'da o'tirib (ko'chib
kelib), joylashib qolganligini va Kiyev shahrini vujudga keltirganligini misol
qilib, egalik tushunchasini «egasiz joyni o'zlashtirish, o'sha joyda o'tirib
qolishlik, o'troq bo'lishlik yoki joylashib olishlik» degan ma'no bilan
bog'laydilar.
Egalik qilish institutining vujudga kelishligini mashhur yuristlardan biri
yurisprudensiyaning atoqli olimi Labeon (o'tgan eramizning 45 yillari va yangi
eramizning 10 yillari) Rim huquqida egalik tushunchasini «o'tirmoq», «joylashib
qolmoq», «o'troq hayot kechirmoq» degan so'zlar bilan «egasiz bo'lgan joyni
ishg'ol qilmoq yoki egallab olmoq» asosida ta'riflagan.
Demak, egallash bu ashyoni real ravishda egallab olib, uning ustidan
hukmronlikni amalga oshirish, degan ma'noni anglatgan.
Qadimgi Rim va unda yashab turgan jamoa uchun doimo yer
yetishmasdan, tanqis bo'lib kelgan. Ular doimo o'zlashtirilmagan joylarni
egallashga yoki urushlar natijasida joyga, hududga ega bo'lishga ko'p intilganlar.
Siseronning ta'kidlashicha, XII Jadval qonunlarida, egasiz bo'lgan
joylarni, hech kim yashamaydigan qir-adirlarni egallab olishlikka da'vat etilib,
hatto insofli ravishda yerni, joyni egallab olgan va ikki yil davomida uni egallab
turgan shaxs sivil (fuqarolik) huquqiga asosan, ushbu yerga egalik qilish
huquqiga ega bo'lgan. Bu muddatning o'tishi bilan, u shu mulkning egasi, ya'ni
mulk huquqining sub'yekti bo'lib tanilgan, hamda uni qonuniy asosda
mustahkamlab olgan.
Fuqarolik huquqiga asosan egallash deganda, avvalo ashyoni egallagan
shaxs mustaqil shaxs bo'lishligi persona sui iuris (persona sui yuris) bo'lishi
talab etilardi. Agar u shaxs mulkiy-huquqiy va muomala layoqatiga to'liq ega
bo'lsa va uni egallash, hamda faktik hukmronlikni amalga oshirish maqsadini o'z
harakatlari bilan tasdiqlasa u egallash interdiktlari himoyasiga va qo'riqlash
munosabatlariga ega bo'lgan.
Fuqarolik egallash, eng avvalo o'zi uchun o'zining ismiga, to'liq ishonch
asosida, ya'ni mulk huquqining sub'yekti bo'lishligini e'tirof etishlikni ham o'z
ichiga olgan.
Rim huquqshunoslari ashyolarni egallash va ularni ushlab turishlikning
bir-biridan farqini to'liq anglab, ularga nisbatan har xil huquqiy holatlarni
(rejimlarni) qo'llaganlar.
Rim davlatining fuqarolik huquqiy munosabatlarida egallash tushunchasi
ikki qismga bo'lingan: a) mulkni jismoniy (fizik) holatda egallash; b) mulkni
ma'naviy asosda egallash.
Jismoniy asosda egallash corpus possessionis (korpus possescionis) va
ma'naviy asosda egallash animus possessionis (animus possescionis) deb
atalgan.
Jismoniy asosda egallash deb, uni fizik holatda (gavdasini, jismini) yoki
faktik holatda egallashlikka aytilgan.
Ma'naviy tomondan egallash deganda, ashyoni o'z erki, istagi, xohishi
asosida shu mulkka egalik qilishlikka tushunilgan.
Lekin hamma egallashlar ham fuqarolik egallashga o'xshab huquqiy
munosabatlarni keltirib chiqarmaydi. Egallashga o'xshab ketadigan, ammo to'liq
egallash bo'lmagan harakatlar ham mavjud bo'lib, ular huquqni himoya qilish va
qo'riqlash munosabatlarining interdiktlarni qo'llash kabi xususiyatlarni keltirib
chiqara olmaydigan element ushlab turishlik naturalis possessio (naturalis
possessio) deb ataladi. U fuqarolik egalik qilish elementidan quyidagilari bilan
farq qiladi.
1.
Ashyoni ushlab turishlik o'ziga o'tkazib, egalik qilib olishlik xohishining
yo'qligi, ya'ni xuddi o'zining mulkiga bo'lgan munosabatning vujudga
kelmasligi bilan;
2.
Rim fuqarolarining shaxslar o'rtasida shartnomalarni, ya'ni topshiriq
shartnomasi, depozit mulkni saqlab turishlik (hozirgi fuqarolik huquqida
tuzilgan shartnomalarni o'z vaqtida bajarishlik uchun sud yoki notarial
idoralariga ma'lum bir summani, pulni ushlab turishlik uchun depozit
hisobiga qo'yiladi) shartnomasini, ssuda kabi shartnoma ashyolarini o'z
uyida, omborlarida, seyflarida saqlab turganlar va ular oddiy saqlovchilar
yoki ashyoni ushlab turuvchilar bo'lib hisoblanganlar.
Rim davlatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, ayniqsa huquqiy
munosabatlarning yanada takomillashishi, ilgarigi haqsiz tuziladigan
shartnomalar o'rniga yangi haq baravariga tuziladigan, yerni ijaraga olish, uy-
joylarni ijaraga olish, ko'chirilishi mumkin ob'yektlarni saqlab turish, umrbod
foydalanish asosida tuziladigan yangi-yangi shartnomalar kelib chiqdi. Hatto
ko'pchilik ashyolarni ushlab turishlik vakillar orqali amalga oshirilgan bo'lsa
ham, lekin ularga saqlab, ushlab turgan ashyolarning hosil va daromadlaridan
mulk egasining roziligi asosida foydalanishga ruxsat etilgan.
Haq baravari asosida ashyolarni, mulkni ushlab turishlik instituti vujudga
kelganiga qadar, Rim huquqi vakillik institutini bilmagan. Hatto tuzilgan
shartnomalarni shartnomada ko'rsatilgan sub'yektning o'zi tomonidan
bajarishligi qat'iy ravishda talab etilgan.
Rim huquqida egalik qilish va ushlab turishlikning himoya qilinishida
ham bir-biridan farqlari mavjud bo'lgan.
Egalik qiluvchi shaxslar egaligida bo'lgan ashyolar boshqa shaxslar
tomonidan o'zlashtirilgan bo'lsa, ularning o'zlari to'g'ridan-to'g'ri noqonuniy
asosda ashyolarni egallab olgan shaxslarga da'vo qilganlar va ulardan mulkni,
ashyoni qaytarib olganlar.
Ijarachilar (ushlab turuvchilar, saqlab turuvchilar) boshqa shaxslarga
ushlab yoki saqlab turgan ashyolari noqonuniy asosda o'tib ketgan bo'lsa, mulkni
saqlab turishlik va foydalanishlik uchun bergan mulk egasi orqali qonunsiz
mulkni egallab olgan shaxslarga da'vo qilib, buzilgan huquqlarini tiklashga
harakat qilganlar.
Rim quldorchilik jamiyatida egallash turlari qonuniy egallovchiga yoki
qonunga xilof asosda egallashlikka bo'lingan.
Qonuniy asosda egallashlik deb, mulkdor tomonidan ashyolarni, mulkni
egallash huquqiga to'liq ega (ius possedendi) (yus possedendi) ekanligini
anglatadigan munosabatlarga aytilgan.
Qonunga xilof asosda egallashlikda egallovchi shaxs mulkka xuddi
o'zining mulki kabi munosabatda bo'ladi lekin u yuridik tomondan egallash
huquqiga ega bo'lmaganligi sababli, uni qonunga xilof asosda egallash deb
baholangan.
Rim huquqida qonunsiz egallash, shuningdek, qonunsiz insofli va
qonunsiz insofsiz egallashlarga bo'lingan.
Qonunsiz insofli egallash deb Rim huquqida shunday munosabatlarga
tushuniladiki, egallab olgan shaxs ashyoning, mulkning yoki biron-bir
ob'yektning kimga taalluqli ekanligini bilmasdan yoki bilishi ham lozim
bo'lmagan paytda, u mulkni egallab olishga bo'lgan huquqi yo'qligini bilmasdan
yoki mulk huquqining egasi bo'lmagan shaxsdan, uni mulk huquqining egasi deb
tasavvur qilib sotib olishlik oqibatida biror ashyoni qo'lga kiritish.
Insofli egallovchi mulkning o'g'irlangan ekanligini bilmaydi, u davlat yoki
bozor tomonidan o'rnatilgan narx asosida sotib oladi va biron-bir shaxsning
mulkiy huquqi buzilayotganligini ham tasavvur qilmasdan ashyoni o'ziga
o'tkazib oladi.
Insofsiz egallovchi deganda, mulkning, ashyoning yoki biron-bir
ob'yektning kimlarga taalluqligini bila turib, ularga g'araz sifatida yoki
huquqlarini buzish asosida, balki bozor narxidan past narxda (o'zaro kelishiladi)
sotib olishlik asosida egallab olgan shaxsga tushuniladi. Demak, bu
munosabatda insofsiz egallovchi insofsizlik asosida, o'z manfaatini ko'zlab,
boshqa shaxslarning erkini, manfaatini, huquqlarini cheklab harakatlarni amalga
oshiradi. Mulkni egallovchilarni insofli yoki insofsiz egallovchilarga bo'lishlik,
ularga qo'llaniladigan huquqiy rejim bilan bog'liqdir, ya'ni insofsiz
egallovchidan egallangan mulkni to'liq asosda qaytarib olishlik hamda uning
hosil va daromadlarini ham undirib olishlik uchun qat'iy javobgarlik shakllari
o'rnatilsa, insofli egallovchi uchun yengilroq huquqiy rejim qo'llaniladi.
Darhaqiqat, Rim huquqshunoslari egallashlikning o'ziga xos xususiyatlari
va boshqa elementlardan farqlari quyidagilardan iborat deb hisoblaganlar:
1.
Egallashning (ya'ni ashyoni, mulkni egallashlikka tushuniladi) birdaniga
xuddi mulk huquqi egasi kabi o'z merosxo'rlariga o'tkazilmasligi;
2.
Egallash huquqini buzgan shaxsga, ya'ni insofsiz asosda mulkni egallab
olgan shaxsning aynan o'ziga da'vo qilinishligi;
3.
Egallash huquqi asirdan qaytib kelgan shaxsga xuddi mulk huquqidek
birdaniga o'tkazilmasligi;
4.
Mulk huquqi doimo da'volar orqali himoya qilinishligi, egalik huquqi esa
interdiktlar asosida himoya qilinishligi, ya'ni pretor tomonidan huquqni
buzgan shaxsga, egallovchini bezovta qilmasligi to'g'risida buyruq berilib,
sud orqali buzilgan huquqlarini tiklashlikka ketadigan vaqtlarni e'tiborga
olib qilingan harakatlardan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |