Tayanch so`z va iboralar: ijtimoiy fikr, ijtimoiy kayfiyat, milliy guruh, etnik guruh, milliy psixologiya, etnopsixologiya.
Sotsial psixologiyada katta guruhlar ichida etnik guruhlar psixologiyasi, ya’ni etnopsixologiya bo‘yicha ko‘proq tadqiqotlar o‘tkazildi. Ayniqsa, hozirgi davrda har bir respublikalar alohida, mustaqil davlat mavqeini olgan, lekin boshqa tomondan qaraganda, hamdo‘stlik mamlakatlari ittifoqi sharoitida millatlar o‘rtasida muttasil aloqalar mavjudligidan kelib chiqib, milliy psixologiya masalalari kun tartibida avvalgidan ham muhim masala sifatida qo‘yilmoqda. Shuning uchun ham katta guruhlar ichida milliy guruhlarga ko‘proq e’tibor berishni lozim topdik, bunday e’tiborning yana bir boisi – O‘zbekistonda bu sohada nisbatan tadqiqotlarning ko‘proq o‘tkazilganligi, lekin ular ko‘p hollarda milliy psixologiya darajasiga olib chiqilmaganligidandir.
Milliy psixologiya nima va uni qanday qilib o‘rganish mumkin? Bu hozirda, ya’ni mustaqil O‘zbekiston sharoitida, ko‘pgina tadqiqotchilarni qiziqtirayotgan masaladir. Chunki davr etnopsixologiyadan shunday empirik ma’lumotlar kutmoqdaki, u faqatgina milliy ongga taalluqli bo‘lgan hozirgi va o‘tmishdagi holatni emas, balki millatning ertangi kunini, uning ongi qaysi tomonga o‘zgarishini, millatlararo sodir bo‘ladigan jarayonlarni bashorat qilmog‘i lozim. Buning uchun esa unga kuchli etnopsixologik nazariya va ishonchli metodlar kerak. O‘zbekiston olimlari oxirgi paytlarda masalaning xuddi ana shu tomoniga katta e’tibor bermoqdalar. Chunki sobiq Ittifoq sharoitining o‘zi ana shunday kuchli nazariyaning bo‘lishi uchun anchagina to‘g‘anoq bo‘lgan, empirik tadqiqotlar esa, avval ta’kidlaganidek, tor guruhlar doirasidan, avvalo, oilalar doirasidan chiqmagan edi.
Etnopsixologiya – bu psixologiyaning shunday tarmog‘iki, u ayrim olingan millatlar psixologiyasidan tashqari, turli xalqlar psixologiyasini, kichik milliy guruhlarni ham o‘rganadi. Ma’lumki, bu boradagi birinchi ilmiy tadqiqotlarni V.Vundt boshlab bergan edi. Uning tadqiqotlaridagi “xalq” tushunchasi aslida etnik uyushma ma’nosida tushuntirilgan edi. Uning fikricha, etnik guruhlar psixologiyasini o‘rganish uchun ularning tilini, odatlarini va ana shu xalqlarda keng tarqalgan afsonalar va boshqa ong tizimlarini o‘rganish kerak. Shunisi diqqatga sazovorki, Vundtdan keyingi davrda o‘tkazilgan muhim tadqiqotlardan biri bizning o‘lkamizda o‘tkazilgan bo‘lib, uni psixolog A.R.Luriya amalga oshirgan edi. Bu eksperimental tadqiqot bo‘lib, uni o‘tkazishdan asosiy maqsad L.S.Vigotskiyning madaniy-tarixiy yondashuv g‘oyasini tekshirish edi. Luriya boshchiligidagi olimlar guruhi revolyutsiya bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston sharoitida turmush tarzining o‘zgarishi bilan o‘zbek xalqi psixologiyasining ham o‘zgarganligini isbot qilmoqchi bo‘lganlar. Asosiy maqsad bilish jarayonlarining o‘zgarganligini isbot qilish bo‘lsa ham tadqiqotchilar o‘z-o‘zini anglash va o‘z xulq-atvorini analiz qilish borasida ham uyda o‘tiradigan ayollar, endigina savod olish maqsadida savodxonlik kurslarida o‘qiyotgan xotin-qizlar hamda pedagogika bilim yurtlarida ta’lim olayotgan qizlar o‘rtasida farq bor-yo‘qligini tekshirishdi. Tadqiqot asosan o‘z-o‘zini analiz qilish metodi yordamida o‘tkazilgan bo‘lib, tadqiqot mobaynida ayollarga turli savollar orqali o‘z shaxsiga xos xususiyatlarni, o‘zidagi yetakchi sifatlarni aniqlash va ba’zi psixologik holatlarga baho berish topshirig‘i berildi. Lekin javoblarning sifati, to‘liqligi ayollarning bilim saviyasiga va ijtimoiy aloqalar tizimida tutgan o‘rniga bog‘liq bo‘lib chiqdi. Uyda o‘tirgan ayollar ko‘p hollarda qo‘yilgan savolni ham anglamasliklari ma’lum bo‘ldi. Luriya shu narsaga iqror bo‘ldiki, o‘zbeklardagi ong, asosan, boshqa odamlar fikriga bog‘liq ekanligi, tobelik psixologiyasi kuchliligini aniqladi. Masalan, ayollarga o‘zidagi yomon sifatlarni aytish topshirig‘i berilganda, ular yomon qo‘shnilarni ko‘rsatishar va umuman o‘z-o‘zini baholashdan ko‘ra boshqalarni baholash, ularga sifat xarakteristikalari berish ancha yengil tuyulardi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, A.R.Luriyaning asosiy maqsadi milliy psixologik xususiyatlarni o‘rganishda tarixiy tamoyiliga tayanish lozimligini isbotlash hamda milliy psixologiyaning hayot tarziga, shaxsning jamiyatda kishilar munosabatlari tizimida tutgan o‘rniga bevosita bog‘liqligini isbot qilish edi. Lekin tadqiqotning ahamiyati shunda ediki, unda birinchi marta milliy psixologiyani o‘rganishga yordam beruvchi metodlar va metodologik tamoyillar sinab ko‘rildi. To‘g‘ri, bu tadqiqotda to‘plangan ma’lumotlar va ilmiy xulosalar bilan bugungi kunda kelishib bo‘lmaydi, qolaversa, bu konsepsiyaning o‘zi necha bor qayta ishlovni talab qildi, lekin milliy psixologiya bo‘yicha o‘tkazilgan kross-tadqiqot sifatida uning ahamiyati kattadir. Qo‘llangan piktogramma – “so‘z portretlari”ni, o‘z-o‘zini analiz qilish metodlarini hozirgi zamonaviy tadqiqotlarda ham faqat yangicha metodologik prinsiplarda qo‘llash mumkin.
Oxirgi yillarda chet el va sobiq Ittifoq olimlarining tadqiqotlarini umumlashtirib, etnopsixologik ishlarga yagona ilmiy yondashuvni topish harakatlari sezilmoqda. Bu sohada mashhur rus etnografi va psixologi Y.Bromley olib borgan ishlar, uning laboratoriyasida to‘plangan ma’lumotlar misol bo‘lishi mumkin. Y.V.Bromley etnik guruhlar psixologiyasida ikki tomonni farq qiladi:
1) psixik asos – etnik xarakter, temperament, milliy an’analar va odatlardan iborat barqaror qism;
2) hissiyot sohasi etnik yoki milliy his-kechinmalarini o‘z ichiga olgan dinamik qism. Lekin tadqiqotchilar nima uchundir, milliy psixologiya masalalari bilan shug‘ullanishganda, milliy qirralar yoki sifatlarni aniqlash bilan shug‘ullanadilar-da, u yoki bu millatlargagina xos bo‘lgan qirralarni topishga urinadilar, lekin fan-texnika rivojlangan, millatlar uyg‘unligi, millatlarning doimiy o‘zaro hamkorligi va muloqoti sharoitida, aralash nikohlar keng tarqalgan sharoitda faqat u yoki bu millatga xos bo‘lgan qirralar haqida gapirish juda qiyin. Masalan, o‘zbekistonliklar o‘rtasida o‘tkazilgan kichik tadqiqot natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, mehmonnavozlik, kamtarlik, samimiylik kabi ijobiy sifatlar o‘zbek xalqigagina xos emish. To‘g‘ri, bu sifatlar albatta o‘zbeklarda bor. Lekin, aynan shu sifatlar boshqa millatlar vakillarida yo‘q deyishga haqqimiz yo‘q. Xuddi har bir shaxs ongida turlicha stereotiplar, ya’ni, o‘rnashib qolgan obrazlar bo‘lganidek, har bir oila, yaqin oshna-og‘aynilar va o‘ziga o‘xshash shaxslar bilan muloqot jarayonida u yoki bu millat vakilida ham o‘z millatiga xos bo‘lgan sifatlar haqida stereotiplar paydo bo‘lib, ular ongida o‘rnashib boradi. Bunday stereotiplar o‘z millatiga va boshqa xalqlarga nisbatan bo‘lib, boshqalar haqidagi tasavvurlar ancha sodda, yuzaki, mazmunan tor bo‘ladi. Shunday tasavvurlar asosida boshqa millatlarga nisbatan yoqtirish (simpatiya) yoki yoqtirmaslik (antipatiya) va befarqlik munosabatlari shakllanadi. O‘z millati haqidagi tasavvur va stereotiplar esa milliy “etnotsentrizm” hissini shakllantiradiki, shu his tufayli shu milliy guruh vakillarida boshqa millatlarga nisbatan irratsional munosabatlar paydo bo‘lishi, bu esa milliy antogonizm va milliy adovatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Millatlararo adovat va milliy etnotsenrizmning o‘ziga xos tusi borasida davlatimiz rahbari Islom Karimov o‘zining “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” nomli tarixiy asarlari juda teran fikrlarni bayon etganlar. Asarda ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston aholisining ko‘p millatliligi o‘zbek xalqining milliy o‘zligini anglashi va ma’naviy qayta tiklanishining o‘sishi bilan chambarchas bog‘liq holda jamiyatni yangilash, uni demokratlashtirishga undovchi zo‘r kuch bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu respublikaning jahon hamjamiyatiga qo‘shilishi uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda”. Lekin ta’kidlash joizki, musatqillikning dastlabki yillarida yurtimizda ko‘p yillar mobaynida sobiq ittifoq sharoitida aholini bir xil “baynalmilallashtirish”, yagona “sovet xalqi” g‘oyasini singdirish mafkurasi ta’sirida bo‘lgan xalqlar va millatlarning milliy o‘zligini anglashi, shu bilan birgalikda millatlarao va diniy bag‘rikenglik siyosatini olib borish unchalik oson kechmadi. Prezidentimizning jamiki yurtimizda istiqomat qilayotgan yuzdan ziyod millat va elatlarning manfaatlarini bir xil himoya qilish, ular o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan dono siyosati tufayli, buguni kunda barcha o‘zbekistonliklar shu yurt, shu Vatan ravnaqi yo‘lida bir xil kurashish bilan birgalikda o‘z milliy qadriyatlari, madaniyati, san’ati, yashash tarzini hurmat qilishga, uning eng jozibali va tarbiyaviy nuqtai nazardan noyob an’analarini davom ettirish, namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Har qanday millat, u naqadar kichik bo‘lmasin – insoniyatning boyligidir va har qanday milliy birlikning, uning til, madaniy va boshqa xususiyatlarining yo‘q bo‘lib ketishi Yer yuzidagi madaniy va genetik fondning, shaxs imkoniyatlarining qashshoqlashuviga olib keladi. Shu bois har bir etnik birlikni saqlab qolish unga mansub odamlarning eng muhim maqsadi bo‘lmog‘i kerak.” Demak, mustaqil yurtimizda millatlararo va elamtlar ichidagi o‘zaro aloqalar muammolari strategik ahamiyatli bo‘lib, bu o‘z navbatida olimlar, xususan, etnopsixologlar oldiga millatlar do‘stlikni va bahamjihatlikni takomillashtirishga yo‘naltirilgan fundamental va tatbiqiy ishlarni amalga oshirish, natijalari bilan yurtimizda tinchlik va totuvlikni barqarorlashtirishga hissa qo‘shish vazifasini qo‘yadi.
Bu borada, ijtimoiy psixologlar va mafkurachilar oldida turgan muammolardan biri millat vakillarida milliy g‘ururni sof ijtimoiy-psixologik fenomen sifatida o‘rganish, uning yoshlarda mafkuraviy immunitetning shakllanishidagi roliga aloqador psixologik mexanizmlarni tadqiq etishni ko‘ndalang qilib qo‘yadi. Chunki ko‘pincha milliy g‘urur tufayli ayrim shaxslarda boshqa millatlarni mensimaslik, ulardagi g‘urur yoki milliy hislarni tan olmaslik hollari kuzatilishi mumkin. Umuman, bizning fikrimizcha, milliy adovatlar asosida yotgan etnotsentrizm va milliy g‘ururning salbiy ko‘rinishlari boshqa millatlarning tarixini, ularning an’analarini, tili va hokazolarini bilmaslikdan kelib chiqadi. Milliy psixologiya bo‘yicha o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tadqiqotlarning maqsadlaridan biri ham boshqa millatlar psixologiyasini bilib, uni boshqa millatlarga yetkazish tufayli, har bir millat vakiliga hurmat-izzat hissini kuchaytirishdir. Chunki o‘zini hurmat qilmagan odam boshqani hurmat qilmaydi, buning uchun esa o‘z psixologiyasini ham, o‘zgalar psixologiyasini ham bilishi kerak. Shundagina shaxslararo ziddiyatlarga barham berilishi mumkin. Bu narsa millatlar psixologiyasiga ham xosdir. Ya’ni, fan jamiyatga shunday etnografik va etnopsixologik ma’lumotlar majmuini yaratib berishi lozimki, undagi ma’lumotlar asosida katta guruh hisoblangan millatlar psixologiyasini ham boshqarish mumkin bo‘lsin.
Ер куррасида давлатлараро, миллатлараро, шахслараро муносабатнинг кенгайиши, коммуникатив алоқа тармоғининг авж олиши туфайли ижтимоий ҳодисаларнинг ёйилиши тобора енгиллашиб бормоқда. Булар ижтимоий феноменлар сифатида тақлид (имитация), юқиш, таъсирга берилиш, ваҳима, овоза, миш-миш кабиларда ўз аксини топиб, оммавий тусга эга бўлиб бормоқда. Улар қуйидаги шаклларга эгадирлар: мода (замонавий либос), қўшиқ (замонавий поп, рэп, рок), рақс (аэробика қабилидаги тана възоларининг ҳаракатлари), муомала (мулоқот мароми) манераси, шахслараро муносабатда нутқнинг ифодаланиши (қўполлашиб бориши) кабилар.
Ёшларнинг мода, куй, рақс кабиларнинг ўзига тортиши жиҳатдан қайси қитъада яшашидан қатъи назар умумийлик, ўхшашлик борлиги сезилиб туради, худди шу боисдан ўша воқеликларни “социал гармония” деб аташ мумкин, чунки бу нарсалар ўз жозибаси билан миллий, этник, ирқий, жинсий хусусиятлар таъсирига берилмайди.
Бундай ижтимоий кўринишларни вужудга келтирувчи омиллар мажмуаси мавжуд бўлиб, улар ўзининг ранг-баранглиги (либослар), замонавий техника воситалари ижронинг янги босқичга кўтарганлиги (электрон мусиқа асбоблари ва уларнинг созловчилар), клиплардаги мафтункорлик кучи, рақсларнинг серҳаракатлиги, уларнинг (биотокларнинг одам танасида ҳаддан зиёд тўпланиши, ортиқчалиги туфайли табиий эҳтиёж, органлар тириклигининг муҳофаза қилувчи омил тариқасила) ижро суръатининг тезлиги, оригиналлиги ва бошқа томонлари инсонни ўзига ром этади. баъзан уларга нисбатан тақлидий ҳаракатлар юзага келади, кўр-кўрона (онгсизлик таъсирида) берилиш, англашилмаган ички турткилар, яъни мотивлар (лотинчада “ички сабабийлик” маъносини билдиради) хулқ-атвор маромини келтириб чиқаради. Жаҳонга донғи таралган юлдуз артистлар, мода намойишчилари (ҳатто фотомоделлар) оддий фуқароларни ўзига тортади, бошқача сўз билан айтганда, аттракция (уни лотин тилидан ўзбекчага таржима қилсак, у ўзига маҳлиё этиш деган маъно англатади) ҳолати намоён бўлади, унинг таъсир кучи, ёйилиш кўлами кўп жиҳатдан шахснинг айни шу дақиқадаги ҳиссиётига боғлиқ.
Бугунги кунда бегоналашиш туйғуси борган сари одамлар руҳиятига чуқурроқ қилиб бормоқда, айрим этник гуруҳ доирасидан ташқари чиқиб, ўз таъсир кўламини кенгайтирмоқда.
Олиб борган кузатишларимизнинг кўрсатишига қараганда, бегоналашиш туйғуси бир неча йилларнинг маҳсули сифатида намоён бўлади ва уни келтириб чиқарувчи омиллар, турткилар хилма-хилдир. Шуни алоҳида уқтириб ўтиш лозимки, инсон ҳеч қачон бегоналашишга мойиллик билан туғилмайди, унинг ирсий белгиларга ҳеч қандай алоқаси йўқ, чунки у бирламчи ижтимоий муҳит таъсирида шаклланади.
Инсон шахс сифатида таркиб топиш жараёнида иккита катта гуруҳга тааллуқли фазилатларни эгаллайди, унинг биттаси альтруистлар (фидойилар), иккинчиси эса эгоистлар (шахсиятпарастлар) деб номланиб, фан предметига кириб келган. Унинг биринчисида ижтимоийлик бирламчи бўлиб ҳисобланса, иккинчисида эса барча нарса ўз “Мен”ига қаратилганлиги билан ўзаро кескин тафовутга эга, бинобарин, бир гуруҳга мансуб кишиларда меҳр-оқибат устувор бўлса, бошқасида бегоналашишга мойиллик кучлидир.
Психологик нуқтаи назардан бегоналашиш муайян таркиблардан иборат бўлиб, бошланиш нуқтасига, яъни генезисига эга, чунки ҳар қайси мустақиллик кўриниши уни юзага келаётганлигидан дарак беради. Бегоналашишнинг дастлабки кўриниши бола эмишдан қолган сониядан бошланади. Бола учун содда кўринишидаги эркнинг туғилиши она билан мулоқотга киришиш миқдорини камайтиради, демакки, нисбий хусусиятли меҳр туйғуси бироз сусаяди. Унинг иккинчи кўриниши тик юришни эгаллаган даврдан бошланиб, она томонидан бериладиган кўмак, ёрдам даражаси пасаяди, муомалага киришиш кўлами торайиб боради. Жисмоний англашилмаган тарздаги хулқ-атвор кўникмалари шартли хусусиятлилиги туфайли шахслараро (она ва фарзанд) муносабатга салбий таъсир этмайди.
Болада нутқ фаолиятининг вужудга келиши ва “Мен” даврининг намоён бўлиши сабабли шахслараро муносабатда онанинг воситачилик функцияси йўқола боради, натижада мулоқот мароми ўзгаради, содда кўринишдаги фаолиятни уддалаш уқуви туғилади, баъзи ишлар бола томонидан ўз хоҳишича бажарилади, оқибатда низоли вазиятлар пайдо бўла бошлайди. Дастлабки низо, араз бегоналашишнинг илк намунаси ҳисобланиб, уларнинг миқдори кўпайиши шахслараро муносабатга нифоқ солади, меҳр-муҳаббат туйғулари камайишига олиб келади.
Бегоналашишга олиб келувчи омиллар қаторига фарзандлар хулқи, ўқишга муносабати, мулоқот жараёни, қарор қабул қилишдаги қатъиятлилик, бўш вақтини тақсимлаш, ўзгаларга кўнгил қўйиш, моддий-маиший эҳтиёжга ружу қилиш ва ҳоказоларни киритиш мумкин.
Оиладаги шахслараро муносабат, муҳит, аъзоларнинг умумий тайёргарлик даражаси, бюджети кабилар ҳам у ёки бу даражада шароит яратади, чунки “қуш уясида кўрганини қилади”. Ўғил ва қизларнинг бемаслаҳат турмуш қуришга интилиши “оқ” қилиш, яъни тасодифан кескин бегоналашишни юзага келтиради, кўп йиллик меҳр-муҳаббат туйғулари қисқа сонияларда барбод бўлади. Ота-оналарнинг ажралишлари, тўй ва маракадаги қариндош-уруғларнинг жанжаллари ҳам бегоналашишни бирданига вужудга келтирувчи тасодифий омил ҳисобланади.
Оилада фарзандлар ёки ота-оналарнинг камситилиши ҳам бегоналашишига олиб келади:
а) шахсиятига тегиш, имкониятларини камситиш, жисмоний ҳақоратлаш;
б) моддий-маиший жиҳатдан чеклаш, эҳтиёжини ҳисобга олмаслик;
в) шахслараро муносабатда авторитар услубнинг устуворлиги;
г) коммуникатив ахборотларни (радио, телевидение, кино, рўзнома, китоб ва бошқалар) чеклаш; д) ёш ва жинс хусусиятларини эътиборга олмаслик.
Бегоналашишга олиб келувчи ижтимоий омиллар тавсифи:
1) жисмоний баркамолликнинг вужудга келиши;
2) ҳуқуқий жиҳатдан тенгликнинг мавжудлиги;
3) моддий жиҳатдан иқтисодий таъминланганлик;
4) маънавий жиҳатдан муайян босқичга эришганлик;
5) алоҳида турар жой масканига эга бўлишлик;
6) қудалар ўртасида носамимий муносабат туғилиши;
7) бошқа юртга батамом кетиб қолишлик;
8) мансаблар, лавозимлар ўртасидаги кескин тафовут;
9) бирламчи гуруҳлар ўртасида ўзаро тушунувнинг йўқолиши, ўзаро можаролар оқибати;
10) қариндош-уруғлар ўртасида меросга оид ихтилофлар, низолар яшовчанлиги ва ҳоказо.
Ҳозирги даврда қатор ривожланган мамлакатларда бегоналашиш авж олиб, инсонлар орасида меҳр-муҳаббат, қадр-қиймат камайиб бормоқда. Лекин бу ижтимоий ҳодиса шарқ мамлакатларига ҳам кириб келмоқда, баъзи бир тақлидий ҳаракат, юқиш туфайли бегоналашиш миллий анъаналарга путур етказмоқда.
Адаптация психологик феноменал ҳодиса
У ёки бу хусусиятли социал-психологик ролли функцияларни эгаллаш ҳамда одамлар ўртасида социал-психологик мавқе (статус) қозониш билан боғлиқ бўлган социал-психологик жараён адаптация (мослашиш) дейилади. Социал-психологик адаптация (мослашиш) жараёнида инсон ҳаёт ва фаолиятининг ташқи ва ички шароитлари ўртасида уйғунликка эришиш учун узлуксиз равишда ҳаракат қилади. Мазкур жараённи амалга ошириш ёки рўёбга чиқариш давомида шахсда муҳитга мослашувчанлик хусусияти даражаси кўтарилади.
Социал-психологик адаптация – инсон бошқа одамлар билан, қолаверса жамият билан ўзаро таъсир ўтказишда вужудга келувчи дестабилизация ҳолати, безовталаниш, ички психик зўриқиш кабиларни пасайтириш ва бартараф этишда шахснинг мудофаа (ҳимоя) воситаси сифатида гавдаланади. Бунда психиканинг ҳимоя (мудофаа) механизмлари шахснинг психологик адаптацияси усули тарзида рўёбга чиқади. Тадқиқотларнинг гувоҳлик беришича, жароҳатлантирувчи ҳодиса ёки воқелик уларнинг пайдо бўлиши ва юзага келиши аҳамиятининг аниқловчисидир. Умуман, шахс психологик ҳимоя (мудофаа) механизмларини эгаллаб улгурса, бу ҳолат унинг адаптив (мослашув) потенциалини (имкониятини) кўтаради, шу билан бирга социал-психологик адаптация жараёни муваффақиятга ёрдам беради. Психологик ҳимоядан ташқари, социал-психологик адаптациянинг бошқа функциялари қаторига қуйидагилар киради:
1) “Шахс- ижтимоий муҳит” муносабати динамик системасида оптимал тенгликка эришиш;
2) Муомала ва ўзаро муносабатларни бошқариш; шахснинг қобилиятлари ва ижодий имкониятлари ривожланиши ва максимал намоён бўлиши; одамнинг ижтимоий фаоллигининг кўтарилиши;
3) Шахсда эмоционал-комфортга нисбатан позициялари (қарашлари)ни шакллантириш;
4) Шахснинг ўзини ўзи намоён этиши;
5) Ўзини ўзи билиш ва ўзини ўзи тузатиш (психологик коррекциялаш);
6) Ҳам шахсни, ҳам ижтимоий муҳит (жамоа)ни мослаштирувчи фаолиятнинг самарадорлигини ошириш;
7) Ижтимоий муҳит жипслиги ва барқарорлигини ошириш; психологик саломатликни сақлаш.
Социал-психологик адаптация икки типга (тоифага) ажратилади ва улар қуйидагича тавсифланади:
1) прогрессив (тараққийпарвар): барча функциялар ва мақсадлар тўлиқ адаптацияга эришиш хусусиятига эга бўлиб, бир томондан уларни амалга оширишда шахснинг қизиқишлари ва мақсадлари бирлигига эришилади, иккинчи томондан жамият гуруҳлари билан;
2) регрессив – шартли мослашув сифатида вужудга келади, шахснинг ўзига ва мазкур ижтимоий гуруҳнинг ривожланишига, жамиятнинг манфаатига жавоб бера олмайди. Баъзи психологлар регрессив адаптацияни конформлашган, асосланган ижтимоий қоида (норма)ларни ва талабларни шахс томонидан шартли равишда қабул қилинганлик деб баҳолайдилар. Бундай вазиятларда шахс ўзини ўзи намоён этиш имкониятидан, ўзининг ижодий қобилиятлари вужудга келишидан, ўз қадр-қийматини ҳис қилиб кўриш синовидан маҳрум бўлади. Фақат регрессив адаптация шахснинг ҳақиқий ижтимоийлашувига ёрдам бериши мумкин, шунингдек, конформистик стратегияни ўзида узоқ муддат мужассамлаштирувчи сифатида шахс хулқ-атворида узлуксиз равишда хатоларга йўл қўйиш майлини шакллантиради. Бу эса (ҳодиса) янгидан янги муаммоли вазиятларни вужудга келишиш сари етаклайди, лекин мослашув учун унда на адаптив қобилиятлар, на тайёр механизмлар ва уларнинг мажмуалари мавжуд эмас.
Амалга ошиш механизми бўйича социал-психологик адаптация ихтиёрий ва мажбурий турларга ажратилади. Ихтиёрий адаптация – бу инсоннинг хоҳиши, мойиллиги орқали рўёбга чиқувчи ҳолатдир. Одам ўзига зид, ҳатто унга ёқмайдиган салбий, хоҳишига қарама-қарши ижтимоий ҳодисаларга (вазиятларга) иложсиз равишда мослашиши мумкин (тутқинлик, секта, зўравонлик, ваҳобийлик, диктатура ва ҳоказо). Бундай тоифадаги ижтимоий мослашув мажбурий деб номланади. Бу типдаги адаптация инсон психикасига зарар келтиришда, яъни шахснинг ахлоқий, интеллектуал сифатларининг деформацияси ҳисобига кечади, унда ментал ва эмоционал бузилишнинг авж олиши натижасида муҳитнинг (макро, микро, мизе) ўзгаришига олиб келади, ҳатто инсон ўз руҳий оламини (табиатини) ўзгартириш уқувидан ҳам маҳрум бўлади.
1951 йилда психолог Соломон Эш оломоннинг шахсга таъсирини ўрганиб чиқди. Психологиянинг анъанавий усули, назарияни тасдиғи — илмий тажриба. Соломон синовдан ўтадиганлар гуруҳига одам тўплаб, кўриш қобилиятини текшириш учун тажриба ўтказаётганини айтади. Бунинг учун доскага 2 та қора тўғри чизиқ чизилади. Чизиқлар бир биридан узунлиги билан фарқ қиларди. Тажриба ўтказилаётганларга савол берилади: "Қайси тўғри чизиқ узун?" Тадқиқотда 8 тадан 10 гача одам иштирок этади. Улар жавобни овоз чиқариб айтишлари зарур эди. Тажрибанинг ўзига ҳос хусусияти шундай эдики, ўн одамдан 9 таси атай нотўғри жавобни айтиши керак, бунда 10 - синалаётган одамнинг руҳий ва жисмоний ҳолатини ўрганиш керак эди. Тажриба натижасида 32% тажрибадан ўтганлар кўпчиликнинг жавобини тўғрилигини тасдиқлаб, нотўғри жавобни тўғри деб ҳисоблаган. Шуни таъкидлаш керакки, тажрибада чизиқларнинг узунлиги аниқ кўрсатилган бўлса ҳам ўзига нисбатан оломонга ишонч кўпроқ бўлган. Энди тасаввур қилиб кўринг, жавобнинг қандай бўлишидан қатъий назар 32% нимага айланиб кетиши мумкинлигини.
Nazorat savollari:
Etnopsixologiya deganda nimani tushunasiz?
Tadqiqotchi V.Vundt tadqiqotlarida “Xalq” tushunchasi qandey ma’noni anglatgan?
A.R.Luriya tomonidan o`tkazilgan eksperimental tadqiqotning asosiy maqsadi nima edi?
A.R.Luriya tomonidan o`tkazilgan eksperimental tadqiqoti qayerda v anima sababdan o`tkazilgan?
Y.V.Bromley etnik guruhlar psixologiyasini necha tomonni farq qiladi va ular qaysilar?
11 Mavzu: Muomala inson borlig’ining sharti va mohiyati sifatida
Reja:
Do'stlaringiz bilan baham: |