Aksiz solig’idan chegirma
Aksiz to‘lanadigan tovarlar olinayotganda yoki O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga import qilinayotganda, agar mazkur tovarlardan keyinchalik aksiz to‘lanadigan tovarlar ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida foydalanilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘langan aksiz solig‘i summasi chegirib tashlanadi.
Aksiz to‘lanadigan tovar (xom ashyo) etkazib beruvchilar mazkur tovar (xom ashyo) bo‘yicha aksiz solig‘i summasini hisobvaraq-fakturada ajratib ko‘rsatishlari kerak. Olinayotgan aksiz to‘lanadigan tovar (xom ashyo) bo‘yicha aksiz solig‘i summasi hisobvaraq-fakturada ajratib ko‘rsatilmagan bo‘lsa, aksiz solig‘ining mazkur summasi chegirib tashlanmaydi.
Chegirma soliq davrida realizatsiya qilingan aksiz to‘lanadigan tovarlar hajmiga to‘g‘ri keladigan aksiz to‘lanadigan tovar (xom ashyo) hajmidan kelib chiqqan holda aniqlangan aksiz solig‘ining hisobvaraq-fakturada yoki bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan summasiga nisbatan amalga oshiriladi.
Soliq kodeksining 261-moddasiga muvofiq, Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan quyidagilar ozod qilinadi:13
1) suv uchun budjetga soliq o‘tkazgan yuridik shaxslardan suv olgan iste’molchilar;
2) birlamchi foydalanilgan suv uchun to‘lov amalga oshirilgan suvdan ikkilamchi foydalanuvchi suv iste’molchilari;
3) ixtiyoriy tugatilayotgan yuridik shaxslar — tadbirkorlik sub’ektlari — yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida qabul qilingan qaror haqida xabardor qilingan kundan e’tiboran. Ixtiyoriy ravishda tugatish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan yoki tugatish tartib-taomili to‘xtatilgan va faoliyat qaytadan boshlangan taqdirda, ushbu imtiyoz qo‘llanilmaydi hamda soliq summasi imtiyoz qo‘llanilgan butun davr uchun to‘liq miqdorda undiriladi.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarishda soliq solinadigan baza quyidagi hajmlarga kamaytiriladi:
1) sog‘liqni saqlash muassasalarida davolash maqsadida foydalaniladigan er osti mineral suvlari hajmiga, bundan savdo tarmog‘ida realizatsiya qilish uchun foydalanilgan suv hajmi mustasno;
2) atrof muhitga zararli ta’sir ko‘rsatishining oldini olish maqsadida chiqazib olinadigan er osti suvlari hajmiga, ishlab chiqarish va texnik ehtiyojlar uchun foydalanilgan suv hajmi bundan mustasno;
3) shaxtadan suvlarni qochirish uchun, foydali qazilmalarni qazib olish vaqtida chiqazib olingan va qatlamdagi bosimni saqlab turish uchun er qa’riga qaytarib quyiladigan er osti suvlari hajmiga, bundan ishlab chiqarish va texnik ehtiyojlar uchun foydalanilgan suv hajmi mustasno;
4) gidroelektr stansiyalari gidravlik turbinalarining harakati uchun foydalaniladigan suv hajmiga;
5) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sho‘rlangan erlarni yuvish uchun foydalaniladigan suv hajmiga.
Soliq kodeksining 269-moddasiga muvofiq, Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq hisoblab chiqarilayotganda soliq solinadigan baza quyidagilarning o‘rtacha yillik qoldiq qiymatiga (o‘rtacha yillik qiymatiga) kamaytiriladi:
1) kommunal xo‘jaligi ob’ektlarining. Kommunal xo‘jaligi ob’ektlariga quyidagilar kiradi: vodoprovod tarmoqlari (suv chiqarish inshootlari bilan), kanalizatsiya tarmoqlari (tozalash inshootlari bilan), gaz va issiqlikni taqsimlash tarmoqlari (ulardagi inshootlar bilan), kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun qozonxonalar (shu jumladan asbob-uskunalar);
2) madaniyat va san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, ijtimoiy ta’minot sohasiga kiradigan ijtimoiy-madaniy soha ob’ektlarining;
3) sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari ob’ektlarining;
4) tabiatni muhofaza qilish va sanitariya-tozalash maqsadlari, yong‘in xavfsizligi uchun foydalaniladigan ob’ektlarning. Ob’ektlarni tabiatni muhofaza qilish, sanitariya-tozalash maqsadlari va yong‘in xavfsizligi uchun foydalaniladigan ob’ektlarga kiritish tegishli ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yoki davlat yong‘in nazorati organining ma’lumotnomasi asosida amalga oshiriladi;
5) umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari, magistral truboprovodlar, aloqa va elektr uzatish liniyalarining, shuningdek ushbu ob’ektlarning ajralmas texnologik qismi bo‘lgan inshootlarning;
6) konservatsiya qilinishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan asosiy ishlab chiqarish fondlarining;
7) soliq to‘lovchining balansida bo‘lgan hamda tadbirkorlik faoliyatida foydalanilmayotgan, fuqaro muhofazasi va safarbarlik ahamiyatiga molik ob’ektlarning;
8) shahar va shahar atrofidagi yo‘nalishlarda yo‘lovchilar tashiydigan shahar yo‘lovchilar transporti tashkilotlari transport vositalarining (avtobuslar, tramvaylar, trolleybuslar, metropoliten poyezdlari);
9) tuzilgan shartnomalarga muvofiq yuridik shaxsning buyurtmasi bo‘yicha ishlar bajarish uchun kasanachilarga bepul foydalanishga berilgan asbob-uskunalarning (foydalanish davriga);
10) telekommunikatsiyalar tarmoqlarida tezkor-qidiruv tadbirlari tizimi texnik vositalarining;
11) ko‘pi bilan o‘n yil davomida ishlatib kelinayotgan mashina va asbob-uskunalarning.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan quyidagilar ozod qilinadi:14
1) sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya hamda ijtimoiy ta’minot, ta’lim, madaniyat va san’at tashkilotlari;
2) uy-joy-kommunal xo‘jaligi va boshqa umumfuqaroviy ahamiyatga molik shahar xo‘jaligi korxonalari. Uy-joy-kommunal va boshqa umumfuqaroviy ahamiyatga molik shahar xo‘jaliklari jumlasiga uy-joy fondini bevosita boshqarish, saqlash hamda undan foydalanishni amalga oshiruvchi tashkilotlar, sanitariya tozalash va yig‘ishtirish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, shaharlar hamda shaharchalarni tashqi yoritish, vodoprovod suv olish inshootlaridan, taqsimlanadigan tarmoqlardan (tozalovchi inshootlari bilan) foydalanish va suvni taqsimlash, kanalizatsiya tarmoqlaridan foydalanish (tozalash inshootlari bilan), gaz taqsimlanadigan tarmoqlardan foydalanish hamda gazni taqsimlash, qozonxona, issiqlik taqsimlanadigan tarmoqlardan foydalanish va kommunal-maishiy ehtiyojlarga hamda aholiga issiqlikni taqsimlashni bevosita amalga oshiruvchi tashkilotlar, xizmat binolarining xo‘jalik boshqarmalari, o‘t o‘chirish komandalari, uy-joy-kommunal xo‘jaligining xo‘jalik boshqarmalari, uy-joy-kommunal xo‘jaligi va shahar xo‘jaligining umumfuqaroviy ahamiyatga molik boshqa korxonalari kiradi;
3) yangi tashkil etilgan korxonalar — davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran ikki yil mobaynida. Mazkur imtiyoz qayta tashkil etilgan yuridik shaxslar negizida tashkil etilgan korxonalarga, shuningdek boshqa korxonalar hududida shu korxonalardan ijaraga olingan asbob-uskunalardan foydalangan holda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi;
4) ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini — yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida qabul qilingan qaror haqida xabardor qilingan kundan e’tiboran. Ixtiyoriy tugatish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan yoki tugatish tartib-taomili to‘xtatilgan va faoliyat qayta tiklangan taqdirda, ushbu imtiyoz qo‘llanilmaydi hamda soliq summasi imtiyoz qo‘llanilgan butun davr uchun to‘liq miqdorda undiriladi.
Yuridik shaxslar — davlat mulki ob’ektlarini sotib oluvchilar uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi davlat mulki ob’ektlariga to‘g‘ri keladigan soliq summasiga kamaytirilib, bo‘shagan mablag‘lar xususiylashtirilgan ob’ektlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, ularni rivojlantirishga maqsadli tarzda yo‘naltiriladi. Ushbu imtiyoz oldi-sotdi shartnomasi imzolangan paytdan e’tiboran 12 oy mobaynida qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2018- yil 14 iyul kuni “Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, endilikda aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari tijorat banklaridan garov ta’minotisiz kredit oladi va qishloq joylarda hizmat ko‘rsatishni tashkil etgan tadbirkorlar 5 yilgacha barcha turdagi soliqlardan ozod etiladi.
Mazkur hujjatning yana eng muhim jihati shundaki, bundan buyog‘iga ishsiz shaxslarga, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga, turmushida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam ta’minlangan oila a’zolariga va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga garov ta’minotisiz eng kam ish haqining 100 baravari miqdoridan oshmagan hajmda mikrokreditlar ajratiladi.
Birinchi marta mikrokredit olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uni olgan sanadan boshlab 6 oy mobaynida qat’iy belgilangan soliq to‘lashdan ozod etiladi.
Qishloq tumanlarida (bundan aholi soni 5 ming kishidan ko‘p bo‘lgan aholi punktlari mustasno) sartaroshxona xizmatlarini, yakka tartibdagi buyurtmalar bo‘yicha kiyim tikish xizmatlarini, poyabzal ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni tashkil etgan, shuningdek, jamoat hammomlarini tashkil etgan yakka tartibdagi tadbirkorlar 2023 yil 1 iyulgacha barcha turdagi soliqlar to‘lashdan ozod etildi.
Prezidentimizning 2018-yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan mamlakatimiz soliq qonunchiligi soddalashtirilib, yuridik shaxslarga ham, jismoniy shaxslarga ham soliq to‘lovlari bo‘yicha qator yengilliklar yaratildi. Andijon shahridagi “Andijonyog‘moy” aksiyadorlik jamiyati hamda Xo‘jaobod tumanidagi “Barchinoy” xususiy korxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda soliq tizimidagi o‘zgarishlar, afzallik va imtiyozlar xususida keng tushuncha berildi. Soliq boshqarmasi mutaxassislari bilan bo‘lgan muloqoda yangi soliq konsepsiyasining afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot oldik, – deydi “Andijonyog‘moy” AJ bosh hisobchisi Azizbek Rahmonov. – Korxonamizda 900 dan ziyod kishi mehnat qiladi. Joriy yilning birinchi yarmida ishchi-xodimlar uchun 6 milliard 600 million so‘m ish haqi hisoblangan. Shundan 614,5 million so‘m daromad solig‘i ushlab qolingan. Fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi sug‘urta badallariga qariyb 529 million so‘m o‘tkazildi. Ta’kidlash kerakki, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab ushbu sug‘urta badali bekor qilinadi. Buning natijasida korxona ishchi-xodimlari oladigan daromad keying yilning xuddi shu paytida 350 million so‘mga oshadi. Yangi soliq konsepsiyasiga ko‘ra, kelgusi yildan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i 12, mol-mulk solig‘i 2 foizga tushiriladi hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga 3,2 foizli ajratmalar o‘tkazish bekor qilinadi. Bu albatta, korxona va tashkilotlar faoliyati rivojiga katta yordam beradi.
Shu o‘rinda yana faktlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, “Andijonyog‘moy” aksiyadorlik jamiyati shu yilning birinchi yarmida 1 milliard 950 million 500 ming so‘m soliq to‘lagan. Yangi konsepsiya doirasida 2019 yildan yuridik shaxslardan olinadigan foyda, mol-mulk solig‘i hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalarning bekor qilinishi natijasida jamiyat ixtiyorida yiliga qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ qoladi. Mahsulotining asosiy qismini eksport qilayotgan Xo‘jaobod tumanidagi “Barchinoy” xususiy korxonasi soliq to‘lovchilari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ham mutaxassislar tomonidan mehnatga haq to‘lash, soliq to‘lovlarining yangi tartib va qoidalari to‘g‘risida keng tushuncha berildi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, 313 nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan korxonada berilgan soliq imtiyozlari tufayli keyingi yilda xodimlarning oylik daromadi 34 million so‘mga oshishi, boshqa turdagi soliqlar bo‘yicha berilgan imtiyozlar hisobiga korxonada kelgusi yili 54 million so‘m mablag‘ tejalishi ma’lum bo‘ldi. – Amaldagi soliq qonunchiligida ishchi-xizmatchilarning oylik daromadini hisoblash bir qator murakkabliklarni keltirib chiqarar edi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi bosh inspektori Sherzodbek Abdurahmonov. – Ayniqsa, korxonalar xodimlar sonini yashirishga harakat qilardi. Chunki har bir ishchi uchun ma’lum miqdorda majburiy to‘lov belgilangan edi. Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan yangi soliq konsepsiyasiga asosan endi bu kabi muammolar barham topadi.15
Do'stlaringiz bilan baham: |