yashash muhitimiz, balki bizga, umuman, dunyo va boshqa odamlar bilan qanday
58
munosabatga kirishish kerakligini o’rgatuvchi darsxona hamdir. Shaxsiyatimiz
shakllanishida oila, xususan, ota-onaning tutgan o’rni juda muhim.
Ota-ona va farzand
Ota-ona – bizni hech bir shartsiz suya oladigan yaqinlarimiz. Ota-onaning
farzandiga bo’lgan sevgisi hech qanday tashqi holatlarga bog’liq bo’lmaydi. Farzand –
xoh u bezori, xoh yuksak fazilat egasi bo’lsin – ota-ona uchun birdek suyukli. O’g’rining
onasi ham bolasini imomning onasi bolasini suyganchalik suyadi. Dahriyning otasi ham
bolasini mo’minning otasi farzandini suygandan kam sevmaydi.
Ammo ko’pincha farzand, ba’zida esa ota-ona xatosi ortidan ota-ona va farzand
o’rtasidagi munosabatlar chigallashadi. Afsuski, hamma ota-onalar ham o’z bolalariga
to’g’ri tarbiya bera olmaydilar va hamma farzandlar ham o’z farzandlik burchlarini bajara
olmaydi.
Ota-ona va farzand o’rtasidagi munosabatlar sog’lom bo’lishida ota-onaning roli
kattaroq. Ular chaqaloqligimizdan bizga dunyo va uning tarkibiy bo’laklari haqida
tushuncha berib boradilar, u yoki bu holatga qanday munosabatda bo’lishni o’rgatadilar.
Aynan dunyo haqida tushuncha shakllanayotgan yoshda ota-onadan farzandiga
nisbatan ziyrakroq munosabatda bo’lish talab etiladi. Bolaning tushunchalari
shakllanishini nazorat qilish va bu jarayonni to’g’ri o’zanga solib turish bolaning keyingi
hayotini ko’p jihatdan belgilab beradi.
Kuchli shaxsiyatni tarbiyalashning birinchi navbatdagi sharti – bolaga shartsiz mehr
berishdir. Ya’ni bolangiz bilan shartsiz munosabatga kirishish. Ammo ko’pchilik bola
tarbiyasida tobelik munosabati yo’lidan borishni afzal ko’radi. Ular bola tarbiyasida man
etishlar, kuch ishlatish yoki o’z so’zini o’tkazish kabi usullardan foydalanadi.
Farzand tarbiyasida tobelik munosabati o’rnatish bir qator salbiy oqibatlarga olib
keladi. Avvalo, farzandda ota-onasi mehrini qozonish uchun biror talabni bajarishi, biror
ishni qilishi kerakligi haqida tushuncha paydo bo’ladi. U shu shartlarni bajarmasa, ota-
onasining mehriga arzimaydigan odam ekaniga ishonib qoladi. Bu nuqsonlilik
kompleksini keltirib chiqaradi.
“Falon ishni qilsang, men seni yaxshi ko’rmay qo’yaman” kabi tarbiya usullari juda
xavfli. Bunda farzand ota-onasidan shartli mehr olib o’rganadi va keyinchalik o’zi ham
birovni shartsiz yaxshi ko’ra olmaydigan bo’lib qoladi. Yoshligida ota-onasidan shartsiz
mehr ko’rmagan odam o’z oilasi va farzandlariga ham shartli mehr ko’rsatishi ana
shundan. Axir, qush uyasida ko’rganini qiladi.
Farzandingizni u yoki bu narsaga yo’naltirishga harakat qilmang. To’g’ri, siz
zamonga qarab farzandingiz uchun eng ma’qul kasbni tanlashga urinasiz. Ammo sizning
majburlashingiz bilan o’rganilgan sohada u hech bir muvaffaqiyatga erishmasligi
mumkin. Bolaga yoshligidan o’zi qiziqqan narsalarini qilishiga imkon berish kerak. Yosh
bola aqli hali u yoki bu mashg’ulot ortidan keladigan manfaatni bilmaydi – shuning uchun
ko’ngli tortgan ishni qiladi. Ana shu qiziqishini rivojlantirsa, ulg’ayib o’z kasbining ustasi
bo’ladi va zamon qanday bo’lmasin, o’z kasbidan ham moddiy naf, ham ma’naviy zavq
olib yashaydi.
Men maktabni tamomlash arafasida turgan juda ko’p o’smirlar bilan suhbatlashdim.
Ularning aksariyati hayotdan nima istashini, qaysi kasb egasi bo’lishga astoydil