5.3. Endogloss lisoniy vaziyat
Bir tilning tarmoqlari (ost tizimlari) majmuyiga endogloss (yunon. endon – “ichki”) lisoniy vaziyat deyiladi. Endogloss lisoniy vaziyat ham muvofiqlashgan va muvofiqlashmagan bo‘ladi.
Muvofiqlashgan endogloss lisoniy vaziyat. Muvofiqlashgan endogloss lisoniy vaziyatning asosiy xususiyati unda milliy tilning bir qancha tarmoqlari (ost tizimlari) o‘z vazifasi jihatidan bir xil, teng hisoblanadi. Biroq hozirgi kunda biron bir mamlakatda lisoniy vaziyatning mazkur turini uchratish mushkul. Shunga qaramay, bu turga Somalidagi lisoniy vaziyat biroz yaqinlashadi. U yerda milliy til hududiy dialektlar majmuyida namoyon bo‘ladi, milliy Somali tilining umumiy ko‘rinishi hali shakllanmagan.
Muvofiqlashmagan endogloss lisoniy vaziyat. Muvofiqlashmagan endogloss hodisasi, asosan, G‘arbiy Yevropa davlatlarida uchraydi. Muvofiqlashmagan endogloss bir, ikki va uch tarkibli lisoniy vaziyatlarga ajraladi.
Bir tarkibli muvofiqlashmagan endogloss. Bunga Islandiyadagi lisoniy vaziyat misol bo‘la oladi. XIII asrlardayoq yozuv tili bo‘lgan island tili dialektlarga ajralmaydi. Mohiyatan bu subkodlarga ajralmaydigan yagona til. Uning yozma va so‘zlashuv me’yorlari orasidagi farqlari katta emas. Bir tarkibli muvofiqlashmagan endogloss hodisasida rasmiy bir tillikni kuzatish mumkin. Shunga ko‘ra, Islandiyadagi lisoniy vaziyat bir tarkibli hisoblanadi.
Ikki tarkibli muvofiqlashmagan endogloss. Mazkur lisoniy vaziyat turi ko‘p uchraydi. U ikki funksional tur: hududiy dialektlar va adabiy tildan tashkil topadi. Bunday lisoniy vaziyatga Daniyani misol qilib keltirish mumkin. Daniyada adabiy til (dan tili) bilan birga, Zeland dialektlari (Yutland, Fyun, Bronholm)ga asoslangan so‘zlashuv tili muloqot vositasi sanaladi. Shuningdek, XXDRda ham ikki tarkibli muvofiqlashmagan endogloss kuzatiladi. U milliy til tarkibiy qismlari sifatida shimoliy-sharqiy, shimoliy-g‘arbiy, markaziy va adabiy tilni o‘z ichiga oladi.
Uch tarkibli muvofiqlashmagan endogloss. Bu lisoniy vaziyat quyidagilardan tarkib topadi:
1) hududiy dialektlar;
2) adabiy til, ko‘proq yozuv tili;
3) adabiy tilning viloyat yoki hududiy shakllari. Masalan, Italiyada og‘zaki muloqotda asosan hududiy dialektlar (Venesian, Neapolitan, Milan, Sitsiliy kabi dialektlar yozma-adabiy variantga ega) qo‘llaniladi. Umumitalyan adabiy tili XIV asrda Florentiy dialekti asosida shakllangan. Biroq Toskan tashqarisida faqat yozma shaklda ishlatilgan, binobarin, 1871-yilgacha Italiyada yagona ma’muriy va madaniy markaz bo‘lmagan. XX asr boshlariga kelib, radio va televideniye vositasida italyan adabiy tilining og‘zaki shakli chekka hududlarga kirib keladi va ko‘p sohalardan dialektlarni siqib chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |