Diaxron sotsiolingvistika til rivojlanishining jamiyat rivojlanishi bilan aloqasini ko‘rsatuvchi jarayonlarni, ya’ni til tarixini xalq tarixi bilan bog‘lab o‘rganuvchi sotsiolingvistik tadqiqotlar yo‘nalishidir.
Til faktlari va ijtimoiy jarayonlarning sistematik, tadrijiy o‘zaro munosabatini aniqlash sotsiolingvistik tadqiqotlarga xos xususiyatdir. Agar tadqiqotchi biron bir til tarixini o‘rganish jarayonida xalq tarixiga oid hodisalarni shunchaki qayd qilgan bo‘lsa, unda bunday ishni sotsiolingvistik tadqiqot sifatida qabul qilish qiyin bo‘ladi. Agar tadqiqot tilning rivojlanishiga xos bo‘lgan ichki qonuniyatlar va tashqi ijtimoiy omillarning til rivojiga ta’sirini aniq chegaralashga asoslangan bo‘lsa va til o‘zgarishlarini u yoki bu hodisaga ta’sirini tahlil qilgan bo‘lsa, u holda, bunday ishni diaxron sotsiolingvistik tadqiqot, deb aytish mumkin.
Til taraqqiyoti va jamiyat taraqqiyoti o‘rtasidagi muntazam aloqalarni til tadrijiy rivojlanishining muayyan qisqa muddati ichida kuzatish mumkin. Masalan, P. Lafarg Buyuk fransuz inqilobi davrida fransuz tilida yuzaga kelgan yangiliklarni tadqiq qilgan35; A.M.Selishev o‘zining mashhur “Inqilob davri tili” asarida rus tilining inqilobdan keyingi 10 yil davomida yuz bergan o‘zgarishlarini tahlil qilgan va bu o‘zgarishlarni 1917-yil oktyabr to‘ntarishi natijasida Rossiyada sodir bo‘lgan o‘zgarishlar bilan qiyoslagan36. Nemis tadqiqotchisi L.Sibatovning kitobida XX asrning 80-90-yillaridagi rus tiliga xos bo‘lgan o‘zgarishlar mazkur davrdagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar bilan bog‘liq holda tahlil qilingan37.
Tilni diaxron nuqtayi nazardan sotsiolingvistik o‘rganishning maqsadi – til tarixi, tarixiy taraqqiyot natijasida yuz bergan o‘zgarishlar va shu tilga xizmat qiluvchi jamiyat tarixi, shuningdek, jamiyat va uning iqtisodiy institutlarining tadrijini tavsiflovchi ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy o‘zgarishlarni qamrab olish hisoblanadi. Mazkur maqsadga erishish yo‘lida tadqiqotchi qator masalalarni yechishga harakat qiladi, ular orasida lisoniy va ijtimoiy hodisalar o‘rtasidagi aloqalarning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Diaxron sotsiolingvistikaning vazifalariga jamiyatdagi o‘zgarishlar ta’sirida lisoniy vaziyatda vujudga kelgan o‘zgarishlarni o‘rganish, til (yoki tillar) funksiyalari yig‘indisi va unga xos o‘zgarishlar tahlili, milliy tilning adabiy shakli va sotsiolektlarning ijtimoiy va kommunikativ mavqeyidagi o‘zgarishlar, jamiyatning butunicha yoki alohida ijtimoiy guruhlar munosabatida o‘z tiliga yoki uning biron bir shakliga, tildagi yangiliklarga nisbatan o‘zgarishining tadqiqi va h.k. kiradi.
Diaxron sotsiolingvistikaga muayyan tadqiqotlar uchun sinalgan tamoyillar xosdir: til tarixi shu til egalarining tarixi bilan, ularning kundalik hayoti bilan chambarchars bog‘liq holda o‘rganilishi kerak. “So‘z dialektdan dialektga, tildan tilga bozor yoki ko‘rgazma, ibodatxona yoki muqaddas joylar, olimpiya o‘yinlari, teatr yoki sirk, korrida yoki futbol namoyishiga borayotgan odamlar bilan birga sayohat qiladi. So‘z mahsulot yorlig‘i, har qanday moddiy yoki ma’naviy ishlab chiqarish bilan birga sayohat qiladi”38.
Do'stlaringiz bilan baham: |