Sotsiolingvistikaning fan sifatidagi mavqeyi. A.Keypelning fikricha, “sotsiolingvistika” terminining o‘zi o‘zini aniqlab keladi. O‘z nomidan ham ko‘rinib turganidek, sotsiolingvistika sotsiologiya va lingvistika kesishgan nuqtada yuzaga kelgan fan hisoblanadi. Sotsiolingvistikaning fanlararo xarakteri aksariyat tadqiqotchilar tomonidan tan olingan (q.: Hymes 1972, Kraus 1974 va h.k.). Lekin bunday tan olish o‘z-o‘zidan: mazkur fanda sotsiologiya ko‘pmi, yoki lingvistika ko‘pmi? Sotsiolingvistika bilan sotsiologlar shug‘ullanishadimi yoki tilshunoslar shug‘ullanishadimi? degan savollarga javob bermaydi. Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash joizki, zamonaviy sotsiolingvistika – tilshunoslikning sohalaridan biri. Ushbu soha endigina shakllanayotgan, “oyoqqa turayotgan” paytda uning mavqeyi haqida munozara qilish mumkin edi. Biroq bugungi kunga kelib, sotsiolingvistikaning nafaqat tadqiqot obyekti, maqsadi hamda vazifalari aniqlandi, balki uning tilshunoslikka xos tabiatini ochib beradigan salmoqli natijalarga ham erishildi.
Shu bilan birga, sotsiolingvistlarning sotsiolog (shuning uchun “sotsio-...”)lardan ko‘plab metodlarni, xususan, ommaviy tadqiqot metodlari, anketalashtirish, og‘zaki metodlar, og‘zaki so‘rov va intervyu metodlarini o‘zlashtirishganini ham tan olish kerak. Biroq sotsiolingvistlar mazkur metodlardan tilni o‘rganish vazifalaridan kelib chiqqan holda ijodiy foydalanishadi, bundan tashqari, ular asosida til faktlari va til egalari bilan ishlashga qaratilgan xususiy metodik usullar yaratilmoqda.
Sotsiolingvistikaning obyektini belgilashda tilshunoslarni ikki guruhga ajratish mumkin. Tilshunoslarning bir guruhi butun tilga tegishli bo‘lgan ijtimoiy jarayonlarni, til va jamiyat munosabatlarini o‘rganishadi. Biroq nutq so‘zlovchisiga, tilning kelib chiqishiga, uning umumiy xususiyatlariga munosabat bildirishmaydi. Boshqa bir guruh tilshunoslar esa turli tillarning individual variantliligiga va mikrojarayonlar (shaxslararo muloqot, kichik guruhlar muloqoti)ga e’tibor qaratishadi.
Zamonaviy sotsiolingvistikaning asoschilaridan biri bo‘lgan amerikalik tadqiqotchi U.Labov sotsiolingvistikani “tilni uning ijtimoiy kontekstida” o‘rganadigan fan sifatida belgilagan. Boshqacha qilib aytganda, sotsiolingvistlar tilga ham, uning ichki tuzilishini o‘rganishga ham e’tibor qaratmaydilar. Ular, asosan, u yoki bu jamiyatdagi insonlarning tildan qanday foydalanishlarini tadqiq etadilar. Bunda tilga ta’sir qiluvchi barcha ijtimoiy omillar: muloqotga kiruvchilarning yoshi, jinsi, madaniyati va bilim darajasi, kasbidan tortib, to aniq nutqiy aktning xususiyatlarigacha hisobga olinadi5.
U.Braytga ko‘ra, sotsiolingvistik tadqiqotlar til va jamiyat munosabatlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Biroq bunday qarash ham noaniqlikni keltirib chiqaradi. Agar biz bunga aniqlik kiritadigan bo‘lsak, unda til va jamiyat shunchaki qandaydir birliklarning majmuyi emas, balki ular struktura hisoblanadi. Mazkur holatda sotsiolingvistning vazifasi til strukturasidagi va ijtimoiy strukturadagi o‘zaro munosabatlar tizimini ochib berish bo‘ladi. Ya’ni sotsiolingvistlarning vazifasi lingvistik strukturaning sistematik qo‘shma variatsiyalashuvini ko‘rsatib berish, hatto, u yoki bu yo‘nalishning tasodifiy aloqasini ochib berishdan iboratdir. Sotsiolingvistikaning asosiy vazifalaridan biri mazkur variatsiyalarning haqiqatan ham “erkin” emasligi, ularni sistematik, sotsial farqlar bilan o‘zaro aloqada ekanligini ko‘rsatib berishdir. Til farqliligini ana shunday keng planda tushunish sotsiolingvistikaning asosiy obyekti sanaladi6.
Fransuz tilshunoslarining fikricha, diskurs tahlili, til me’yori, variantlilik, diglossiya kabi muammolar sotsiolingvistikaning obyekti hisoblandi.
Sotsiolingvistika tilning ijtimoiy tabiatini, uning ijtimoiy funksiyalarini, shuningdek, ijtimoiy omillarning tilga ta’sirini o‘rganadigan fandir. Ikki yoki uch til amal qilayotgan jamiyatlarda sotsiolingvist quyidagi savollarga javob olishi uchun bir necha til funksiyalari mexanizmini ularning o‘zaro ta’sirida tadqiq qilishi lozim. Ular ijtimoiy hayotning qaysi sohalarida qo‘llaniladi? Mavqeyi va funksiyalariga ko‘ra ular orasidagi o‘zaro munosabat qanday bo‘ladi? Qaysi til “hukmronlik qiladi”, ya’ni qaysi til davlat tili yoki asosiy muloqot vositasi sifatida rasman qabul qilingan va qaysi tillar so‘zlashuv tili hisoblanadi? Ikki tillilik qanday sharoitlarda va qaysi shakllarda yuzaga keladi? Bunga o‘xshash savollarga javob berish sotsiolingvistikaning salohiyatiga kiradi7.
Demak, sotsiolingvistikaning obyekti til yoki tillarning ijtimoiy faoliyatidir. Til muayyan ijtimoiy strukturaga ega bo‘lgan jamiyatda faoliyat ko‘rsatadi, shunga ko‘ra, sotsiolingvistikani tilni ijtimoiy kontekstda o‘rganadigan fan deyish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |