Golji apparati vazifalari. Golji apparatining membranali pufakchalari endoplazmatik to’rda sintezlangan mahsulotni to'plash, kimyoviy o'zgarishi va yetilishida ishtirok etadi. Golji apparati tsisternalarida polisaxaridlar va mukoproteidlar sintezi kechadi va eng muhimi Golji apparati ishtirokida sekret mahsulotlari hujayradan tashqariga chiqariladi.
Lizosomalar
Lizosomalar membranali hujayra ichi tuzilmalari sifatida 1955 yilda belgiyalik bioximik De Dyuv tomonidan topilgan bo'lib, ularni o'rgangani uchun olim Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan. Kallamush jigaridan olingan fraksiyalarni o'rganish mobaynida olim ularning ba'zilari turli moddalarni parchalash xususiyatiga ega bo'lgan gidrolitik fermentlarga ega ekanligini payqaydi. Bu fermentlar maxsus sitoplazmatik tanachalar lizosomalar ekanligi va ularning fermentlari faqatgina lizosoma membranasi shikastlanganda, shok holatlari yuzaga kelganda, yoki lizosomalarning o'zi boshqa bir vakuola bilan qo'shilganda faollashadi.
Lizosomalarning membranasi polisaxaridlardan tuzilgan. Lizosomalarda 40 ga yaqin gidrolitik fermentlar bo'lib, turli moddalarni parchalash xususiyatiga ega.
Peroksisoma
Peroksisoma - eukariot hujayraning universal organoididir. Lizosomalar kabi K.De Dyuv tomonidan topilgan. Bir qavat membrana bilan o'ralgan bo'lib, membranalari suyuq mozaika tuzilishga ega. Ichida kristallsimon strukturalar - nukleoidi bo'ladi (yadroga aloqasi yo’q ). U fibrill va mikronaychalardan iborat bo'lib uratoksidaza fermentiga ega(11rasm). Lizosomalardan farq qilib faqat mavjud peroksisomaning bo'linishi orqali ko'payadi. Shuning uchun o'z peroksisomalarini yo’qotgan hujayra ularni qayta tiklay olmaydi.
Odam va hayvon jigar va buyrak hujayralarida uchraydi. Soni 70-100 tagacha. Endoplazmatik to’r membranalari bilan aloqada bo'lib taxmin qilinishicha endoplazmatik to’rning kengaygan sisternalaridan kelib chiqadi. O'simliklarda peroksisomalar mitoxondriya va plastidalar bilan bog’liqdir.
Sferosoma
O'simlik hujayralarida uchraydigan membranali pufakchalar. EPT sisternalari ustida osmiofil material to'planib, mayda pufakcha yuzaga kelib endopalazmatik to'rdan ajrala boshlaydi. Bu 100-150 nm kattalikdagi bir qavat membrana bilan o'ralgan prosferosoma. Sferosomaning o'sishi ularda yog’larning to'planishi bilan bog’liq bo'lib, sekinlik bilan u katta yog’ tomchisiga aylanadi. Yog’lardan tashqari sferosomalar tarkibida turli oqsillar, jumladan lipaza fermenti topilgan.
Vakuolalar
Vakuolalar ichi suyuqlik bilan to'lgan membranali xaltacha. Hayvon hujayralarida kichik: fagositoz, hazm qilish, qisqarish vakuolalari uchraydi. O'simlik hujayrasi sitoplazmasida muhim fiziologik ahamiyatga ega bo'lgan vakuolalar mavjud. Yosh hujayralarda mayda vakuolalar soni ko'p bo'lib hujayra o'sgan sari vakuolalar bir-biri bilan qo'shilib hujayraning 80% hajmini egallaydigan vakuolaga aylanadi. Vakuolani o'rab turuvchi memebrana tonoplast deyiladi, u plazmatik membranaga o'xshash tuzilgan. Vakuolalar endoplazmatik to’rdan ajraladigan pufakchalardan rivojlanadi. Kattalashib ular yadro va organoidlarni hujayraning chekka qismlariga surib yuboradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |