Harbiy lavozimga tayinlash va ozod etish tartibi to‘g‘risida Harbiy xizmatchilar egallashi lozim bo‘lgan harbiy lavozimlar va ushbu lavozimlarga muvofiq harbiy unvonlar vazirliklarning rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan maxsus ro‘yxatlar bilan belgilanadi va shtatlarda nazarda tutiladi.
Generallar tarkibi lavozimlarini egallashi lozim bo‘lgan shaxslar ro‘yxati vazirliklar rahbarlari taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida tasdiqlashning boshqa tartibi o‘rnatilgan ofitserlar tarkibi lavozimlarining alohida toifasi bo‘yicha ro‘yxatlar bundan mustasno.
Alohida toifadagi ofitserlarni davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan harbiy rahbarlik lavozimlariga tayinlash (alohida ro‘yxat bilan belgilanadi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori va farmoyishlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi bilan kelishilgan holda vazirliklar rahbarlarining buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshirilgan lavozimga tayinlovlar vazirliklar rahbarlarining buyrug‘i bilan e’lon qilinadi.
Boshqa harbiy xizmatchilarni lavozimlarga tayinlash yakka tartibda vazirliklarning rahbarlari yoxud lavozimga tayinlash bo‘yicha vakolatlarga muvofiq boshqa mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Ularni lavozimga tayinlash vakolatli mansabdor shaxsning buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
Buyruq chiqarish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar ro‘yxati vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan mansabdor shaxslar o‘zlarining bevosita bo‘ysunuvida bo‘lgan harbiy xizmatchilarni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish huquqiga ega.
Harbiy xizmatchi yuqori, teng va quyi harbiy lavozimga tayinlanishi mumkin.Agar lavozim uchun shtat bo‘yicha oldingi lavozimga nisbatan yuqoriroq harbiy unvon nazarda tutilgan, harbiy unvonlar teng bo‘lganda esa egallab turgan harbiy lavozimiga muvofiq ko‘proq lavozim okladi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu lavozim yuqori lavozim hisoblanadi.
Lavozim uchun shtat bo‘yicha oldingi lavozim bilan bir xil harbiy unvon va egallab turgan harbiy lavozimiga muvofiq teng lavozim okladi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu lavozim teng lavozim hisoblanadi.
Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirganligi sababli shtat bo‘yicha egallagan lavozimidan ozod etilib, kursantlar yoki tinglovchilar, shuningdek o‘qishni tugatganidan so‘ng boshqa lavozimlarga ham tayinlanishlari mumkin.
Harbiy xizmatchilarni yuqori harbiy lavozimlarga tayinlash izchillik bilan, ularning kasbiy va axloqiy-ishchanlik qobiliyatlari, jangovar-xizmat faoliyatida erishgan natijalariga muvofiq, qoidaga ko‘ra, egallagan lavozimida kamida ikki yil xizmat qilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
Harbiy xizmatchi lavozim majburiyatlarini o‘zlashtirib olishi uchun u tayinlangan kunidan boshlab uch oylik lavozimda shakllanish davri belgilanadi. Bunda komandir va boshliqlar yangi tayinlangan harbiy xizmatchi bilan muayyan lavozimda uning shakllanishini ta’minlovchi alohida ish olib boradi, unga zarur amaliy yordam ko‘rsatadi. Ushbu davr mobaynida xizmat vazifalarini bajarishdagi kamchiliklari uchun unga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Quyidagi hollarda harbiy xizmatchilar quyi harbiy lavozimlarga tayinlanishi mumkin:
a) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan — harbiy xizmatchini teng yoki yuqori harbiy lavozimga tayinlash imkoniyati bo‘lmagan taqdirda;
b) harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra;
v) harbiy xizmatchining asoslantirilgan bildirgisiga binoan oilaviy sharoitiga ko‘ra;
g) harbiy xizmatchining roziligi yoki uning tashabbusi bilan harbiy xizmatchidan harbiy xizmatda yanada maqsadga muvofiqroq foydalanish uchun;
d) attestatsiya komissiyasining qaroriga asosan ishchanlik va axloqiy sifatlariga qarab;
e) “lavozimda pastlatish” intizomiy jazo chorasini qo‘llash tartibida.
Harbiy xizmatchilarni harbiy lavozimlarga tayinlashda quyidagi shartlarga rioya qilinadi:
a) oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibi lavozimlari zarur ma’lumot, kasbiy tayyorgarlik va yetarlicha axloqiy-ishchanlik sifatlarga ega bo‘lgan tegishli tarkib harbiy xizmatchilari bilan butlanadi. Ushbu lavozimlarga boshqa toifadagi harbiy xizmatchilarni tayinlashga vazirlik rahbari tomonidan belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi;
b) harbiy hisob ixtisosligiga ko‘ra asosiy yoki unga yaqin mutaxassislik bo‘yicha yoxud amaliy ish tajribasiga muvofiq lavozimga tayinlash ta’minlanadi, harbiy xizmatchilar o‘zlari uchun yangi bo‘lgan mutaxassislik bo‘yicha lavozimlarga, qoida tariqasida, ular tegishli kurslarda (yig‘inlar, amaliy stajirovkalar) qayta tayyorlashdan o‘tgandan so‘ng tayinlanadi;
v) jangovar-xizmat faoliyatida yoki O‘zbekiston Respublikasini himoya qilishdagi harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida yuksak darajadagi kasbiy va ma’naviy-axloqiy xususiyatlar va tashkilotchilik qobiliyatlarini ko‘rsatgan hamda xizmatda ko‘tarilishga tavsiya qilingan harbiy xizmatchilar yuqori lavozimlarga birinchi navbatda tayinlanadigan nomzodlar hisoblanadi;
g) tegishli komandirlar (boshliqlar)ning ixtiyorida bo‘lgan harbiy xizmatchilarni lavozimga tayinlash imkoni boricha qisqa muddatda, biroq ular avvalgi lavozimidan bo‘shatilgan kundan boshlab ko‘pi bilan ikki oy ichida amalga oshiriladi;
d) haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lish yoshining chegarasiga yetmagan, harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan harbiy xizmatga cheklangan yaroqli deb topilgan harbiy xizmatchilarni ular sog‘lig‘ining holati, tayyorgarligi va xizmat tajribasini hisobga olgan holda vazifalarini bajarishi mumkin bo‘lgan boshqa lavozimlarga tayinlashning zaruriyati va muddati bevosita tegishli komandirlar (boshliqlar) tomonidan belgilanadi. Harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan harbiy xizmatga cheklangan yaroqli deb topilgan harbiy xizmatchilarni ushlab turishga ruxsat etilgan harbiy lavozimlar ro‘yxati vazirliklar tomonidan belgilanadi;
e) ayol harbiy xizmatchilar tinchlik vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan vazirliklar rahbarlarining qo‘shma qarori bilan belgilangan, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ayollar mehnatidan foydalanish taqiqlangan ishlar ro‘yxatini inobatga olgan holda harbiy lavozimlarga tayinlanadi;
j) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan, oilaviy sharoitiga ko‘ra quyi harbiy lavozimlarga tayinlangan va avvalgi lavozimlarga teng lavozimlarni egallash uchun zarur bo‘lgan talablarga javob beruvchi harbiy xizmatchilar xizmat bo‘yicha ko‘tarilishda imtiyozli huquqdan foydalanadi;
z) intizomiy chora qo‘llash tartibida lavozimdan pastlatilgan harbiy xizmatchilar mazkur chora olib tashlangandan keyingina yuqori lavozimlarga tayinlanishi mumkin;
i) harbiy xizmatchilarni tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan, sog‘lig‘ining holati yoki oilaviy sharoitiga ko‘ra quyi harbiy lavozimlarga tayinlash mansabdor shaxslar tomonidan harbiy lavozimga tayinlash bo‘yicha o‘zlariga berilgan huquqlar doirasida, agar ularni tegishli mutaxassislik bo‘yicha avvalgi harbiy lavozimiga teng yoki undan yuqori harbiy lavozimga tayinlashning imkoni yo‘q bo‘lsa, amalga oshiriladi;
k) vakant lavozimni zudlik bilan to‘ldirish zarurati tug‘ilganda alohida harbiy qism komandiri va undan katta lavozimdagi bevosita boshliqqa ushbu harbiy lavozimga tayinlash huquqiga ega bo‘lgan boshliqning roziligi bilan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchini lavozim bo‘yicha majburiyatlarni vaqtincha bajarishga tayinlashga ruxsat etiladi;
l) sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra uchish ishlariga, daryo katerlaridagi xizmatga, maxsus inshootlarda ishlashga yaroqsiz deb topilgan, lekin haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yoshi chegarasiga yetmagan va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli yoki harbiy xizmatga cheklangan yaroqli kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar uchish ishlari, daryo katerlaridagi xizmat yoxud maxsus inshootlarda ishlash vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan lavozimlarga tayinlanadilar;
m) o‘zaro yaqin qarindoshligi va quda-andaligi bo‘lgan (ota-ona, er-xotin, aka-ukalar, opa-singillar, farzandlar (shu jumladan asrab olingan farzandlar), shuningdek er-xotinlarning aka-ukalari, opa-singillari va ota-onalari va farzandlari) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni, agar ularning haqiqiy harbiy xizmatni o‘tashi birining ikkinchisi qo‘l ostida yoki nazoratida bo‘lishini taqozo etsa, qo‘shilma darajasidagi va, shu jumladan unga tenglashtirilgan bir harbiy qismga tayinlashga ruxsat etilmaydi;
n) harbiy xizmatchilar tibbiy xulosaga muvofiq va ularning roziligi bilan ish hajmi kamroq bo‘lgan yoki tegishli xizmat sharoitlariga ega lavozimlarga tayinlanishi mumkin.
Ofitserlar tarkibini lavozimlarga tayinlashda quyidagi shartlarga amal qilinadi:
a) oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ushbu muassasalarni tamomlaganlaridan so‘ng tegishli vakant lavozimlarga tayinlanadi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi, xorijiy davlatlarning harbiy akademiyalari yoki ularga tenglashtirilgan oliy ta’lim muassasalarini tugatgan ofitserlar tarkibiga mansub shaxslar vazirliklar rahbarlari tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida, harbiy akademiyaga kirguniga qadar egallagan lavozimini hisobga olgan holda, asosan oliy harbiy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar egallashi lozim bo‘lgan harbiy lavozimlarga tayinlanadi. Ko‘rsatib o‘tilgan lavozimlarga tayinlashning imkoni bo‘lmaganda bunday harbiy xizmatchilar boshqa, ammo avval egallagan lavozimlardan past bo‘lmagan harbiy lavozimlarga tayinlanishi mumkin;
v) zaxiradan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va tegishli komandirlar (boshliqlar) ixtiyoriga yuborilgan ofitserlar mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limi yo‘llanmasida ko‘rsatilgan harbiy xizmatni o‘tash joyiga jo‘nagan kundan boshlab bir oydan kechikmagan muddatda harbiy lavozimlarga tayinlanadi.
Harbiy xizmatchilarni oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul qilishda quyidagi shartlarga amal qilinadi:
a) oliy harbiy ta’lim muassasasi, oliy ta’limdan keyingi institutga qabul qilingan harbiy xizmatchi oldingi egallagan lavozimidan bo‘shatiladi (mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno) hamda kursant, tinglovchi, doktorant yoki ta’lim olayotganlar uchun nazarda tutilgan boshqa lavozimga tayinlanadi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi hamda respublika va xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan oliy ta’lim muassasalari, shuningdek oliy ta’limdan keyingi institutga qabul qilingan ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarda o‘qish muddati mobaynida ular oxirgi egallagan lavozimiga ko‘ra belgilangan ta’minotning barcha turlari va normalari saqlanib qoladi.
Oliy harbiy ta’lim muassasasiga qabul qilingan fuqaro kursant lavozimiga tayinlanadi.
Harbiy xizmatchini lavozimga tayinlash, lavozimdan ozod qilish va komandir (boshliq)ning ixtiyoriga o‘tkazishga taalluqli bo‘lgan hujjatlarning shakli va mazmuni, shuningdek ularni rasmiylashtirish va taqdim etish tartibi vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.
Harbiy xizmatdan tashqari davlat xizmatining boshqa turlari nazarda tutilgan vazirliklarda maxsus unvonga ega xodimlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda harbiy lavozimlarga tayinlanishi mumkin. Ushbu xodimlarning xizmat joyini bir vazirlikdan boshqasiga o‘zgartirish davomida ularni bo‘linmalar tarkibida harbiy lavozimlarga tayinlashda ham aynan shu tartib tatbiq etiladi.
Harbiy xizmatchini lavozimga tayinlash vakolatiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs yoki yuqori turuvchi komandir (boshliq) uni egallab turgan lavozimidan ozod etish huquqiga ega.