O‘zbekistonda harbiy qism faoliyatini tashkil etilishi va harbiy xizmatchilarga qo‘yiladigan talablar O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini Vataniga sodiq, harbiy xizmatga har tomonlama tayyor bo‘lgan fuqarolar bilan butlash, ular tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi va sharoitlarini, qo‘shinlarning davlatning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishga doimiy jangovar shayligini ta’minlash, shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirishtirilgan.
Harbiy xizmat — fuqarolar tomonidan Qurolli Kuchlar safida umumiy harbiy majburiyatni bajarish borasidagi davlat xizmatining alohida turidir.
Haqiqiy harbiy xizmat — chaqiruv yoki kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibi lavozimlarida Qurolli Kuchlar safidagi harbiy xizmat;
Harbiy xizmatchi — haqiqiy harbiy xizmatdagi fuqaro;
Muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchisi — Qurolli Kuchlar safida oddiy askarlar tarkibi lavozimlarida majburiy xizmatni o‘tayotgan chaqiruv yoshidagi fuqaro, shuningdek zaxiradan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan ofitser;
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi — harbiy xizmatni kasb sifatida tanlagan va harbiy xizmat majburiyatlarini kontrakt asosida bajarayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
Rezervdagi ofitser — ofitserlik unvoniga ega bo‘lgan, muqaddam harbiy xizmatni o‘tagan va rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatga majbur fuqaro;
Zaxiradagi ofitser — ofitserlik unvoniga ega bo‘lgan, muqaddam harbiy xizmatni o‘tamagan va bevosita ofitserlik unvoni berilganidan so‘ng zaxiraga o‘tkazilgan harbiy xizmatga majbur fuqaro;
Kursant (tinglovchi) — haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan va harbiy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
Harbiy unvon — har bir harbiy xizmatchi va harbiy xizmatga majburga uning xizmat mavqeyi, harbiy yoki maxsus tayyorgarligi, xizmat muddati, Qurolli Kuchlar yoki qo‘shin turi yoxud maxsus qo‘shinlarga mansubligiga muvofiq beriladigan unvon;
Kontrakt — vazirliklar tomonidan davlat va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi o‘rtasida tuziladigan hamda uning o‘z ixtiyori bilan haqiqiy harbiy xizmatga kirishi va uni o‘tashini (haqiqiy harbiy xizmatni davom ettirishini) belgilab beruvchi bitim bo‘lib, unda xizmat muddati, o‘zaro huquqlar, majburiyatlar va tomonlarning javobgarligi hamda harbiy xizmatni o‘tashning boshqa shartlari tartibga solinadi;
Harbiy-kasbiy saralash — fuqarolarni (nomzodlarni) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qo‘yilgan talablarga mos kelishini aniqlashga qaratilgan tadbirlar kompleksi (intellektual rivojlanganlik va psixoemotsional barqarorlik darajasini psixologik o‘rganish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, jismoniy imkoniyatlarni baholash, shuningdek harbiy xizmat uchun kasbiy jihatdan muhim bo‘lgan boshqa sifatlar);
Attestatsiya — harbiy xizmatchining kasbiy malakasini (tayyorgarligini) tizimli asosda aniqlash jarayoni (usuli);
Tashkiliy-shtat tadbirlari — shtat birligi, harbiy unvon, egallab turgan lavozimi bo‘yicha harbiy hisobdagi ixtisoslik, tarif razryadining o‘zgarishi, bo‘linmani tugatish, yangi shtatga o‘tish, shuningdek davlat boshqaruvi organlarining qarori bo‘yicha shaxsning boshqa ishga o‘tishini nazarda tutuvchi tadbirlar kompleksi;
Harbiy xizmatchi nomiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakat — xizmatda va turmushda harbiy xizmatchilar xulqining ma’naviy-axloqiy normalarini, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy nizomlari va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar hamda idoraviy ichki hujjatlarda belgilangan qoidalarni qo‘pol ravishda buzuvchi, harbiy intizom talablariga zid, harbiy xizmatchining or-nomusi va qadr-qimmatini, harbiy bo‘linma yoki butun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining nufuzini obro‘sizlantiruvchi qasddan sodir etilgan qilmish (harakat yoki harakatsizlik).
Harbiy xizmatni o‘tash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- muddatli harbiy xizmatga chaqirish yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish;
- safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish;
- harbiy lavozimga tayinlash va uni bajarish;
- harbiy unvon berish;
- haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish;
- rezervdagi xizmatga olish;
- harbiy xizmatga majburlarni iste’foga chiqarish;
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va mazkur Nizomga, shuningdek mazkur sohadagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq harbiy xizmatchilarning xizmat va ijtimoiy-huquqiy mavqeyini belgilab beruvchi boshqa holatlar (vaziyatlar).
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga quyidagi talablar qo‘yiladi:
- muddatli harbiy xizmatchilar egallab turgan lavozimi bo‘yicha harbiy ixtisoslikni sifatli o‘zlashtirishi, ishonib topshirilgan qurol va harbiy texnikani ishlata bilish ko‘nikmalarini egallashi, mustahkam hayotiy pozitsiya, vatanparvarona dunyoqarash, yuksak ma’naviy-axloqiy va jismoniy sifatlarga ega bo‘lishi, harbiy burchni bajarishga tayyor turishi zarur;
- oddiy askarlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar muddatli harbiy xizmatchilarga taalluqli bo‘lgan sifatlarni egallash bilan bir qatorda, harbiy kasbni chuqur o‘zlashtirishi, o‘zaro bog‘liq mutaxassisliklarni o‘rganishi, vaziyatning turli sharoitlarida jangovar va xizmat vazifalarini bajarish vaqtida ishonib topshirilgan qurol va harbiy texnikani qo‘llashning mustahkam ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim;
- serjantlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar ma’nan yetuk, harbiy burchni bajarishga ruhan tayyor bo‘lishi, harbiy kasbni mukammal bilishi, qurol-aslaha va harbiy texnikani mohirona qo‘llay olishi hamda uni saqlash va undan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Ularga bo‘linmalarda yuksak jangovar ruh, sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhit yaratish, bo‘ysunuvchilarda Vatanga sodiqlik va vatanparvarlik hislarini doimiy ravishda tarbiyalab borish, ularni harbiy ixtisosliklar va zaruriy ko‘nikmalarni hosil qilish vazifalari yuklatiladi;
- ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar professional tayyorgarlikka ega komandir (rahbar), harbiy bo‘linmalarga komandirlik (rahbarlik) qilish, murakkab vaziyatlarda tezkor moslashish va mustaqil harakat qilish, nostandart qarorlarni qabul qilish hamda shaxsiy namunasi bilan bo‘ysunuvchilarni jangovar va xizmat vazifalarini hal etishga yo‘naltira olishga qodir, harbiy ishga oid chuqur bilimlar, yuksak ma’naviy-ruhiy sifatlar, keng dunyoqarash, intellekt, yaxshi tashkilotchilik qobiliyatiga ega, ishonib topshirilgan qurol-aslaha va harbiy texnikadan to‘g‘ri foydalanish va uni saqlashni biladigan mutaxassis bo‘lishlari zarur.
Yuqorida sanab o‘tilgan sifatlar o‘zini harbiy xizmatga, Vatanga xizmat qilishga bag‘ishlagan har bir fuqaro uchun hayotiy maqsad bo‘lib qolishi va mashaqqatli mehnat asosida shakllana borishi, nafaqat ekstremal sharoitlarda, balki tinchlik davrida kundalik xizmat davomida ham singdirilib, namoyish etilib borilishi lozim.
Ishlar tajribasi vorisiyligini ta’minlash, yosh harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatga moslashuvi, kasbiy shakllanish va yuklatilgan xizmat vazifalarini mustaqil bajarish qobiliyatini rivojlantirish jarayoni tezlashishini ta’minlash maqsadida harbiy xizmatchilarga yuqori darajali kasbiy sifatlarga ega bo‘lgan, tayyorgarligi eng yaxshi harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylari orasidan murabbiylar biriktiriladi.
Murabbiylik tartibi vazirliklarning idoraviy ichki hujjatlari bilan belgilanadi.
Qurolli Kuchlardagi harbiy xizmatga vatanparvarona dunyoqarash, yuqori ma’naviy-axloqiy sifatlar, zaruriy intellektual saviya, bilim doirasi keng, shuningdek jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kiradi.
Qurolli Kuchlarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bilan butlash nomzodlarni harbiy-kasbiy saralash yo‘li bilan amalga oshiriladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan shaxslar bundan mustasno.
Qurolli Kuchlarni butlash territorial va eksterritorial tamoyillari asosida amalga oshirilishi mumkin.
Territorial (eksterritorial) tamoyil bo‘yicha butlanadigan bo‘linmalar va/yoki mutaxassisliklar ro‘yxati vazirliklar rahbarlari tomonidan belgilanadi.
“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida quyidagi harbiy xizmat turlari joriy etilgan:
muddatli harbiy xizmat;
safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat;
Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmati.
Muddatli harbiy xizmat — chaqiruv yoshidagi fuqarolarning oddiy askarlar lavozimlaridagi, shuningdek muqaddam harbiy xizmatni o‘tamagan ofitserlarning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida Qurolli Kuchlar safidagi majburiy xizmatidir.
Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat — muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar o‘taydigan harbiy xizmat turidir. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini safarbarlik chaqiruvi rezerviga olish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat — davlat bilan harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirlik o‘rtasida tuziladigan kontraktga binoan ixtiyoriy ravishda Qurolli Kuchlar safidagi haqiqiy harbiy xizmatga kirgan fuqarolar o‘taydigan harbiy xizmat turidir.
Rezervchilar xizmati — Qurolli Kuchlarning qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalarini urush davri shtatlariga qadar butlash, shuningdek urush davri tuzilmalarini kengaytirish maqsadida haqiqiy harbiy xizmatni hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tagan oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlardan bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar uchun umumiy harbiy majburiyat asosida joriy etiladigan harbiy xizmat turidir.
Harbiy xizmatga birinchi marta yoki ixtiyoriy ravishda (kontrakt bo‘yicha) kirgan fuqarolar Vataniga, O‘zbekiston Respublikasi xalqi va Prezidentiga sodiqlik to‘g‘risida qasamyod qabul qiladilar.
Harbiy xizmatda bo‘lish yoshining chegarasi quyidagicha belgilanadi:
a) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlar (matroslar), serjantlar (starshinalar) uchun — 45 yosh;
b) kichik ofitserlar uchun — 45 yosh;
v) katta ofitserlar uchun — 50 yosh, polkovniklar (I darajadagi kapitanlar) uchun — 55 yosh;
g) “general-mayor”, “general-leytenant” va “general-polkovnik” harbiy unvonidagi ofitserlar uchun — 60 yosh;
“Armiya generali” harbiy unvonidagi ofitserlar uchun harbiy xizmatda bo‘lish yoshining chegarasi o‘rnatilmaydi.
Harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan, egallab turgan lavozimida yuksak kasbiy tayyorgarlik va katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli deb topilgan harbiy xizmatchi bilan, uning komandirlari (boshliqlari) tomonidan yozilgan iltimosnoma asosida vazirlik rahbari yoki shunday vakolatlar berilgan mansabdor shaxsning qaroriga ko‘ra yoshining chegarasidan tashqari harbiy xizmatda bo‘lish muddatini besh yilgacha bo‘lgan muddatga uzaytirish to‘g‘risida kontrakt tuzilishi mumkin.
Harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan harbiy xizmatchi yangi kontrakt tuzish uchun o‘rnatilgan tartibda amaldagi kontrakt muddati tugashidan kamida to‘rt oy oldin bildirgi bilan murojaat qiladi.
Harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan harbiy xizmatchi harbiy-tibbiy komissiya tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yuborilishi kerak. Harbiy-tibbiy komissiya xulosasi ushbu harbiy xizmatchining harbiy xizmat muddati tugamasdan kamida uch oy oldin harbiy qismga kelib tushishi zarur.
Harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan harbiy xizmatchi bilan kontrakt tuzish, yangi kontrakt muddati yoki kontrakt tuzishni rad etish to‘g‘risidagi qaror amaldagi kontrakt muddati tugashidan kamida ikki oy oldin qabul qilinishi, bu to‘g‘rida harbiy xizmatchi yozma ravishda xabardor qilinishi lozim.
Harbiy xizmatchilar egallashi lozim bo‘lgan harbiy lavozimlar va ushbu lavozimlarga muvofiq harbiy unvonlar vazirliklarning rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan maxsus ro‘yxatlar bilan belgilanadi va shtatlarda nazarda tutiladi.
Generallar tarkibi lavozimlarini egallashi lozim bo‘lgan shaxslar ro‘yxati vazirliklar rahbarlari taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida tasdiqlashning boshqa tartibi o‘rnatilgan ofitserlar tarkibi lavozimlarining alohida toifasi bo‘yicha ro‘yxatlar bundan mustasno.
Alohida toifadagi ofitserlarni davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan harbiy rahbarlik lavozimlariga tayinlash (alohida ro‘yxat bilan belgilanadi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori va farmoyishlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi bilan kelishilgan holda vazirliklar rahbarlarining buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshirilgan lavozimga tayinlovlar vazirliklar rahbarlarining buyrug‘i bilan e’lon qilinadi.
Boshqa harbiy xizmatchilarni lavozimlarga tayinlash yakka tartibda vazirliklarning rahbarlari yoxud lavozimga tayinlash bo‘yicha vakolatlarga muvofiq boshqa mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Ularni lavozimga tayinlash vakolatli mansabdor shaxsning buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
Buyruq chiqarish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar ro‘yxati vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan mansabdor shaxslar o‘zlarining bevosita bo‘ysunuvida bo‘lgan harbiy xizmatchilarni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish huquqiga ega.
Harbiy xizmatchi yuqori, teng va quyi harbiy lavozimga tayinlanishi mumkin.
Agar lavozim uchun shtat bo‘yicha oldingi lavozimga nisbatan yuqoriroq harbiy unvon nazarda tutilgan, harbiy unvonlar teng bo‘lganda esa egallab turgan harbiy lavozimiga muvofiq ko‘proq lavozim okladi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu lavozim yuqori lavozim hisoblanadi.
Lavozim uchun shtat bo‘yicha oldingi lavozim bilan bir xil harbiy unvon va egallab turgan harbiy lavozimiga muvofiq teng lavozim okladi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu lavozim teng lavozim hisoblanadi.
Lavozim uchun shtat bo‘yicha oldingi lavozimga nisbatan pastroq harbiy unvon nazarda tutilgan, unvonlar teng bo‘lganda esa egallab turgan harbiy lavozimiga muvofiq kamroq oklad ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu lavozim quyi lavozim hisoblanadi.
Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirganligi sababli shtat bo‘yicha egallagan lavozimidan ozod etilib, kursantlar yoki tinglovchilar, shuningdek o‘qishni tugatganidan so‘ng boshqa lavozimlarga ham tayinlanishlari mumkin.
Harbiy xizmatchilarni yuqori harbiy lavozimlarga tayinlash izchillik bilan, ularning kasbiy va axloqiy-ishchanlik qobiliyatlari, jangovar-xizmat faoliyatida erishgan natijalariga muvofiq, qoidaga ko‘ra, egallagan lavozimida kamida ikki yil xizmat qilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
Harbiy xizmatchi lavozim majburiyatlarini o‘zlashtirib olishi uchun u tayinlangan kunidan boshlab uch oylik lavozimda shakllanish davri belgilanadi. Bunda komandir va boshliqlar yangi tayinlangan harbiy xizmatchi bilan muayyan lavozimda uning shakllanishini ta’minlovchi alohida ish olib boradi, unga zarur amaliy yordam ko‘rsatadi. Ushbu davr mobaynida xizmat vazifalarini bajarishdagi kamchiliklari uchun unga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Quyidagi hollarda harbiy xizmatchilar teng harbiy lavozimlarga tayinlanadi:
a) xizmat zaruriyati yuzasidan;
b) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan;
v) qiziqishlari va xizmat tajribasidan kelib chiqqan holda uning roziligi yoki tashabbusi bilan harbiy xizmatchidan harbiy xizmatda yanada maqsadga muvofiqroq foydalanish uchun;
g) harbiy xizmatchining asoslantirilgan bildirgisiga binoan oilaviy sharoitiga ko‘ra;
d) harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra.
Quyidagi hollarda harbiy xizmatchilar quyi harbiy lavozimlarga tayinlanishi mumkin:
a) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan — harbiy xizmatchini teng yoki yuqori harbiy lavozimga tayinlash imkoniyati bo‘lmagan taqdirda;
b) harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra;
v) harbiy xizmatchining asoslantirilgan bildirgisiga binoan oilaviy sharoitiga ko‘ra;
g) harbiy xizmatchining roziligi yoki uning tashabbusi bilan harbiy xizmatchidan harbiy xizmatda yanada maqsadga muvofiqroq foydalanish uchun;
d) attestatsiya komissiyasining qaroriga asosan ishchanlik va axloqiy sifatlariga qarab;
e) “lavozimda pastlatish” intizomiy jazo chorasini qo‘llash tartibida.
Harbiy xizmatchilarni harbiy lavozimlarga tayinlashda quyidagi shartlarga rioya qilinadi:
a) oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibi lavozimlari zarur ma’lumot, kasbiy tayyorgarlik va yetarlicha axloqiy-ishchanlik sifatlarga ega bo‘lgan tegishli tarkib harbiy xizmatchilari bilan butlanadi. Ushbu lavozimlarga boshqa toifadagi harbiy xizmatchilarni tayinlashga vazirlik rahbari tomonidan belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi;
b) harbiy hisob ixtisosligiga ko‘ra asosiy yoki unga yaqin mutaxassislik bo‘yicha yoxud amaliy ish tajribasiga muvofiq lavozimga tayinlash ta’minlanadi, harbiy xizmatchilar o‘zlari uchun yangi bo‘lgan mutaxassislik bo‘yicha lavozimlarga, qoida tariqasida, ular tegishli kurslarda (yig‘inlar, amaliy stajirovkalar) qayta tayyorlashdan o‘tgandan so‘ng tayinlanadi;
v) jangovar-xizmat faoliyatida yoki O‘zbekiston Respublikasini himoya qilishdagi harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida yuksak darajadagi kasbiy va ma’naviy-axloqiy xususiyatlar va tashkilotchilik qobiliyatlarini ko‘rsatgan hamda xizmatda ko‘tarilishga tavsiya qilingan harbiy xizmatchilar yuqori lavozimlarga birinchi navbatda tayinlanadigan nomzodlar hisoblanadi;
g) tegishli komandirlar (boshliqlar)ning ixtiyorida bo‘lgan harbiy xizmatchilarni lavozimga tayinlash imkoni boricha qisqa muddatda, biroq ular avvalgi lavozimidan bo‘shatilgan kundan boshlab ko‘pi bilan ikki oy ichida amalga oshiriladi;
d) haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lish yoshining chegarasiga yetmagan, harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan harbiy xizmatga cheklangan yaroqli deb topilgan harbiy xizmatchilarni ular sog‘lig‘ining holati, tayyorgarligi va xizmat tajribasini hisobga olgan holda vazifalarini bajarishi mumkin bo‘lgan boshqa lavozimlarga tayinlashning zaruriyati va muddati bevosita tegishli komandirlar (boshliqlar) tomonidan belgilanadi. Harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan harbiy xizmatga cheklangan yaroqli deb topilgan harbiy xizmatchilarni ushlab turishga ruxsat etilgan harbiy lavozimlar ro‘yxati vazirliklar tomonidan belgilanadi;
e) ayol harbiy xizmatchilar tinchlik vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan vazirliklar rahbarlarining qo‘shma qarori bilan belgilangan, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ayollar mehnatidan foydalanish taqiqlangan ishlar ro‘yxatini inobatga olgan holda harbiy lavozimlarga tayinlanadi;
j) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan, oilaviy sharoitiga ko‘ra quyi harbiy lavozimlarga tayinlangan va avvalgi lavozimlarga teng lavozimlarni egallash uchun zarur bo‘lgan talablarga javob beruvchi harbiy xizmatchilar xizmat bo‘yicha ko‘tarilishda imtiyozli huquqdan foydalanadi;
z) intizomiy chora qo‘llash tartibida lavozimdan pastlatilgan harbiy xizmatchilar mazkur chora olib tashlangandan keyingina yuqori lavozimlarga tayinlanishi mumkin;
i) harbiy xizmatchilarni tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan, sog‘lig‘ining holati yoki oilaviy sharoitiga ko‘ra quyi harbiy lavozimlarga tayinlash mansabdor shaxslar tomonidan harbiy lavozimga tayinlash bo‘yicha o‘zlariga berilgan huquqlar doirasida, agar ularni tegishli mutaxassislik bo‘yicha avvalgi harbiy lavozimiga teng yoki undan yuqori harbiy lavozimga tayinlashning imkoni yo‘q bo‘lsa, amalga oshiriladi;
k) vakant lavozimni zudlik bilan to‘ldirish zarurati tug‘ilganda alohida harbiy qism komandiri va undan katta lavozimdagi bevosita boshliqqa ushbu harbiy lavozimga tayinlash huquqiga ega bo‘lgan boshliqning roziligi bilan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchini lavozim bo‘yicha majburiyatlarni vaqtincha bajarishga tayinlashga ruxsat etiladi;
l) sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra uchish ishlariga, daryo katerlaridagi xizmatga, maxsus inshootlarda ishlashga yaroqsiz deb topilgan, lekin haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yoshi chegarasiga yetmagan va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli yoki harbiy xizmatga cheklangan yaroqli kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar uchish ishlari, daryo katerlaridagi xizmat yoxud maxsus inshootlarda ishlash vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan lavozimlarga tayinlanadilar;
m) o‘zaro yaqin qarindoshligi va quda-andaligi bo‘lgan (ota-ona, er-xotin, aka-ukalar, opa-singillar, farzandlar (shu jumladan asrab olingan farzandlar), shuningdek er-xotinlarning aka-ukalari, opa-singillari va ota-onalari va farzandlari) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni, agar ularning haqiqiy harbiy xizmatni o‘tashi birining ikkinchisi qo‘l ostida yoki nazoratida bo‘lishini taqozo etsa, qo‘shilma darajasidagi va, shu jumladan unga tenglashtirilgan bir harbiy qismga tayinlashga ruxsat etilmaydi;
n) harbiy xizmatchilar tibbiy xulosaga muvofiq va ularning roziligi bilan ish hajmi kamroq bo‘lgan yoki tegishli xizmat sharoitlariga ega lavozimlarga tayinlanishi mumkin.
Ofitserlar tarkibini lavozimlarga tayinlashda quyidagi shartlarga amal qilinadi:
a) oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ushbu muassasalarni tamomlaganlaridan so‘ng tegishli vakant lavozimlarga tayinlanadi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi, xorijiy davlatlarning harbiy akademiyalari yoki ularga tenglashtirilgan oliy ta’lim muassasalarini tugatgan ofitserlar tarkibiga mansub shaxslar vazirliklar rahbarlari tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida, harbiy akademiyaga kirguniga qadar egallagan lavozimini hisobga olgan holda, asosan oliy harbiy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar egallashi lozim bo‘lgan harbiy lavozimlarga tayinlanadi. Ko‘rsatib o‘tilgan lavozimlarga tayinlashning imkoni bo‘lmaganda bunday harbiy xizmatchilar boshqa, ammo avval egallagan lavozimlardan past bo‘lmagan harbiy lavozimlarga tayinlanishi mumkin;
v) zaxiradan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va tegishli komandirlar (boshliqlar) ixtiyoriga yuborilgan ofitserlar mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limi yo‘llanmasida ko‘rsatilgan harbiy xizmatni o‘tash joyiga jo‘nagan kundan boshlab bir oydan kechikmagan muddatda harbiy lavozimlarga tayinlanadi.
Xizmat zaruriyati yuzasidan harbiy xizmatchiga quyidagilar yuklatilishi mumkin:
a) o‘zi egallamagan vakant lavozimni vaqtincha bajarish (lvb). Bu holda harbiy xizmatchi oldingi egallagan lavozimidan ozod etiladi;
b) o‘zi egallamagan lavozim (uni egallagan harbiy xizmatchi vaqtincha yo‘q bo‘lsa yoki lavozimdan chetlatilgan bo‘lsa) majburiyatlarini vaqtincha bajarish (lmvb). Bu holda harbiy xizmatchi oldingi egallagan lavozimidan ozod etilmaydi.