Oldingi tahrirga qarang. 25. Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni hisobga olish qaydnomasi: asosiy vositalarni hisobga oluvchi schyotlar (0100) bo‘yicha va moliyaviy ijara shartnomasi bo‘yicha olingan asosiy vositalarni hisobga oluvchi schyotlar (0300) bo‘yicha asosiy vositalarning, nomoddiy aktivlarni hisobga oluvchi schyotlar (0400) bo‘yicha nomoddiy aktivlarning, asosiy vositalar eskirishini hisobga oluvchi schyotlar (0200) bo‘yicha eskirishning va nomoddiy aktivlar amortizatsiyasini hisobga oluvchi schyotlar (0500) bo‘yicha amortizatsiyaning mavjudligi va harakatlanishining analitik va sintetik hisobi registri bo‘lib hisoblanadi.
(25-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017-yil 18-apreldagi 40, 34-sonli (ro‘yxat raqami 1781-3, 02.05.2017-y.) qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 18-son, 328-modda) Qaydnomada asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha ma’lumotlar pozitsiyali usul bilan har bir obyekt bo‘yicha alohida yozib boriladi.
Agar asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha harakatlanish mavjud bo‘lsa, har oyda ularning aylanma summalari hisoblanadi va hisobot oyidan keyingi 1-sanaga qoldiq chiqariladi.
Oldingi tahrirga qarang. Asosiy vositalar bo‘yicha, shu jumladan moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi asosida olinganlari bo‘yicha ham eskirish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2003-yil 9-oktabrdagi 114-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ga (2004-yil 20-yanvar, ro‘yxat raqami 1299 — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 3-son, 35-modda) muvofiq hisoblanadi.
(25-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019-yil 6-martdagi 33, 58-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1781-4, 18.03.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2019-y., 10/19/1781-4/2779-son) Nomoddiy aktivlar bo‘yicha amortizatsiya tanlangan usulga binoan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2005-yil 25-martdagi 35-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-sonli BHMS) “Nomoddiy aktivlar”ga (2005-yil 27-iyun, ro‘yxat raqami 1485 — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 25-26-son, 188-modda) muvofiq hisoblanadi.
Aktiv qismi bo‘yicha hisoblangan eskirish (amortizatsiya) summalarini va barcha asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha jamg‘arilgan eskirishni nazorat qilish uchun qaydnomada eskirishni (amortizatsiyani) o‘sib boruvchi tartibda hisobga oluvchi tegishli ustunlar ko‘zda tutilgan.
26. Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish qaydnomasi uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni hisobga oluvchi schyotlarda (0600) va qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalarni hisobga oluvchi schyotlarda (5800) hisobga olinadigan moliyaviy investitsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish uchun mo‘ljallangan.
27. Kapital qo‘yilmalarni hisobga olish qaydnomasi kapital qo‘yilmalarni hisobga oluvchi schyotlarda (0800) hisobga olinadigan fermer xo‘jaliklarining asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarga qo‘yilgan investitsiyalari, shuningdek mahsuldor va ishchi hayvonlar asosiy podasini shakllantirish bo‘yicha xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish uchun mo‘ljallangan.
28. Tovar-moddiy zaxiralarni hisobga olish qaydnomasi materiallarni hisobga oluvchi schyotlarda (1000) va tayyor mahsulotlarni hisobga oluvchi schyotlarda (2800) aks ettiriladigan tovar-moddiy zaxiralarning analitik va sintetik hisobi uchun mo‘ljallangan.
Qaydnoma bir oy (chorak) uchun ochiladi va moddiy javobgar shaxslar bo‘yicha barcha turdagi qimmatliklar kesimida ularning u yoki bu turi bo‘yicha hisobot davridagi harakatlanish bo‘lgan yoki bo‘lmaganligidan qat’i nazar, alohida yuritiladi.
29. Boquvdagi va o‘stirishdagi hayvonlarni hisobga olish qaydnomasi o‘stirishdagi va boquvdagi hayvonlarni hisobga oluvchi schyotlarda (1100) hisobga olinadigan fermer xo‘jaligiga tegishli o‘stirishdagi va boquvdagi hayvonlarning mavjudligi va harakatlanishini hayvonlarning guruhlari bo‘yicha (yosh hayvonlar, katta yoshdagi hayvonlar, boquvdagi, yaylovdagi hayvonlar; parrandalar; yovvoyi hayvonlar; quyonlar; asalari oilasi; katta yoshdagi chorva mollari, sotish uchun asosiy podadan chiqarilgan, aholidan sotish uchun qabul qilingan chorva mollari va boshqalar) analitik hisob uchun mo‘ljallangan. Bunda, o‘stirishdagi va boquvdagi hayvonlarning miqdoriy va summaviy ko‘rsatkichlarining kamayishi to‘g‘risidagi ma’lumot hayvonlar guruhlari bo‘yicha “Xo‘jalik operatsiyasi mazmuni” ustunining tegishli qatorida “minus” belgisi bilan ko‘rsatiladi.
30. Xaridor va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi olinadigan schyotlarni hisobga oluvchi schyotlarda (4000) hisobga olinadigan xaridorlar va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblarning hisobi uchun qo‘llaniladi.
Qaydnomada 4010 schyotning debeti bo‘yicha pozitsiyali usulda, xaridor va buyurtmachilarning sotilgan tovar-moddiy zaxiralari va boshqa aktivlar uchun debitorlik qarzlari yozib boriladi. 4010 schyotning kreditida yakuniy hisob-kitoblar bo‘yicha operatsiyalar (shu jumladan, xaridor va buyurtmachilardan olingan avanslarni hisobga kiritish) pul mablag‘larini hisobga oluvchi schyotlarning krediti bilan korrespondensiyalangan holda aks ettiriladi.
31. Boshqa debitorlik qarzlarini hisobga olish qaydnomasi, fermer xo‘jaligining mahsulotlar va boshqa aktivlarni sotish bilan bog‘liq bo‘lmagan xo‘jalik operatsiyalari natijasida yuzaga keladigan debitorlik qarzlarining analitik va sintetik hisobi uchun mo‘ljallangan. Ushbu qaydnoma, uzoq muddatli debitor qarzlari va kechiktirilgan xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlar (0900), 4210 “Mehnat haqi bo‘yicha berilgan bo‘naklar” schyoti, mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga berilgan bo‘naklarni hisobga oluvchi schyotlar (4300), budjetga bo‘nak to‘lovlarini hisobga oluvchi schyotlar (4400), maqsadli davlat jamg‘armalariga va sug‘urtalar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini hisobga oluvchi schyotlar (4500), xodimlarning boshqa operatsiyalar bo‘yicha qarzini hisobga oluvchi schyotlar (4700) va turli debitorlar qarzlarini hisobga oluvchi schyotlarda (4800) hisobga olinadigan boshqa debitor qarzdorlikning har bir turi uchun alohida ochiladi.
32. Pul mablag‘larini hisobga olish qaydnomasi, fermer xo‘jaliklari tomonidan kassadagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi schyotlar (5000), hisob-kitob schyotidagi pul mablag‘larini (5100), chet el valyutasidagi pul mablag‘larini (5200), bankdagi maxsus schyotlardagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi schyotlarda (5500) hisobga olinadigan pul mablag‘larining hisobi uchun qo‘llaniladi.