Shaxsiy ma’lumotlarni yo‘qotish— bu Internet tarmog‘i foydalanuvchilarining (bolalar va o‘smirlar) o‘ta ishonuvchanligi va ochiqligi bois sodir bo‘ladi. Ushbu holatlar ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish paytida, onlayn xaridlar qilayotganda, chat va forumlarda anketalarni to‘ldirish chog‘ida kuzatiladi. Shaxsiy ma’lumotlar to‘plami yovuz niyatli kishilar uchun juda qulay o‘lja bo‘lib, bundan ular o‘zlarining g‘arazli va noqonuniy maqsadlarida foydalanishlari mumkin. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ijtimoiy tarmoqlardagi akkuantlar (sahifalar) shaxsiy ma’lumotlar yo‘qoladigan (o‘g‘irlanadigan) asosiy joy bo‘lib hisoblanadi. Ko‘p sonli yosh foydalanuvchilar o‘z akkauntlarida erkin foydalanish uchun barcha ma’lumotlarni, ya’ni tug‘ilgan kuni va ismini (telefon raqami, maktabi, yashash manzili, qaysi joylarda bo‘lishni yaxshi ko‘rishini, kayfiyati va xarakterini yozishni xush ko‘radi), shu jumladan, katta hajmda fotosuratlarni ham joylashtiradi.
O‘yinlarga qaramlik. Onlayn o‘yinlar haqiqatan ham qiziqarli, ularning yaratuvchilari bolalar o‘yin jarayonida ko‘proq vaqt davomida qolib ketishlari uchun barcha choralarni ko‘rib qo‘yishgan. Zamonaviy onlayn o‘yinlarda ma’lum bosqichlardan o‘tish va o‘yin qahramonlarini takomillashtirib borish uchun ko‘p vaqt talab etiladi va bu jihatlar, o‘z navbatida bolalarning o‘yin jarayonida uzoq vaqt qolib ketishlarini ta’minlaydi. O‘spirinlar o‘zlarini namoyon qilishga ehtiyoj sezganlari bois, bunday imkoniyatni aynan ana shunday onlayn o‘yinlardan axtarishadi. Bu holatlar esa bolani ruhiy qashshoqlashuviga, o‘yinga qaram bo‘lib qolishiga olib keladi. O‘yinlarga qaram bo‘lib qolib, ko‘p bolalar ovqatlanish, dars tayyorlashni unutib, uyqusizlikka ham duchor bo‘ladilar.
Zararli dasturlar (viruslar, spamlar, josuslik dasturlari, fishinglar) orqali dasturiy mahsulotlarni shikastlash. Firibgarlar aksariyat hollarda yosh foydalanuvchilarning ishonuvchanlik va turli xil hujumlar haqida bexabarligidan foydalanib, ularning kompyuteriga o‘zlarining zararli dasturlarini kiritishga erishidilar. Shu bois, notanish havolalarga o‘tish, noma’lum saytlardan dasturlar va multimedia fayllarni yuklab olish, notanish «do‘stlar»dan kelgan xatlarni o‘qish, o‘z navbatida, kompyuterni virus bilan zararlanishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Kompyuter virusi — zararli dastur turi bo‘lib, o‘zining nusxalarini yarata oladi va boshqa dasturlar kodiga kirib, turli aloqa kanallari orqali o‘zining nusxalarini tarqata oladi. Virusning maqsadi — kompyuterni ishdan chiqarish, fayllarni o‘chirish, foydalanuvchi ishini to‘sish va h.k.
Josuslik dasturlari — kompyuterga uning konfiguratsiyasi, foydalanuvchi, uning faoliyati haqidagi ma’lumotlarni to‘plash uchun yashirin tarzda o‘rnatiladigan bo‘lib, u, shuningdek, sozlash tizimini o‘zgartirish, foydalanuvchiga bildirmagan holda dasturlar o‘rnatish va uning xatti-harakatlari haqida tegishli joyga ma’lumotlarni yuborib turish singari boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
Spam — zararli materiallarni o‘z ichiga olgan xatlarni ommaviy tarzda jo‘natish.
Fishing — odatda rasmiy xabar niqobi ostidagi xat yoki havola. Jabrlanuvchi shaxs aldovni sezmasligi uchun sayt yoki xabar aslidagidek (rasmiy) ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Yuqorida bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, qolaversa, yoshlarni Internetda himoya qilishni nazarda tutgan holda, Internet xavfsizligiga oid bir nechta oddiy maslahatlarni tavsiya qilmoqchimiz. Biroq, har bir bola o‘ziga xos alohida individual shaxs ekanligi va ularga alohida yondoshuv kerakligi bois, mutaxassislar bolalar va o‘spirinlarni quyidagi toifalarga ajratishdi:
1) 7–10 yosh — bu yoshda bolaning farqlash hissi juda faol bo‘lgani bois, unga to‘g‘ri axborotlarni berishni nazorat qilmoq lozim. Chunki shu yoshda axborotni anglash qobiliyati shakllana boshlaydi. Ushbu yoshdagi foydalanuvchilarning aksariyat qismi endigina o‘qishni o‘rgangani, qaysi saytga kirgani va qanday muammolarga duch kelishi mumkinligini oxirigacha tushunib yetmaydilar. Multfilm va rang-barangligi bilan jalb qiluvchi o‘yinlarga qiziqish bo‘lgani bois, bolalar ko‘p hollarda shu kabi axborotlarni izlashadi. Shu sababli 7–10 yoshdagi bolalarning Internetdan foydalanishini ota-onalar yoki kattalar tomonidan doimo nazorat qilinishi zarur. Internet tarmog‘ida tarqalayotgan va yosh avlodga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotlarni filtrlash yoki zararli resurslarni cheklash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ushbu yoshdagi bolalarga muvofiq keluvchi veb-saytlar ro‘yxatini tuzish yoki filtrlash dasturlaridan foydalangan holda, Internetga kirishlarini nazorat qilib borish zarur. Maqsad — ushbu yosh vakillariga Internetdan foydalanishda xavfsizlikka rioya qilishning asoslari, muloqot etiketi va u yoki bu axborotning to‘g‘riligini idrok qilishga o‘rgatish.
Do'stlaringiz bilan baham: |