2) 10–13 yosh — Mazkur davr o‘ta muhim bo‘lib, bola uchun o‘tish davrining eng murakkab payti hisoblanadi. Ushbu yoshdagi bolalar ko‘p narsani tushunishga harakat qiladigan va qiziquvchan bo‘ladilar. Internet tarmog‘ida o‘yinlar va axborotlarni izlash bilan bir qatorda, ushbu yoshdagilar do‘st va tanishlar topish maqsadida ijtimoiy saytlar va chatlardan faol foydalanishadi.
3) 13–16 yosh — Mazkur toifa o‘smirlardan iborat. Ushbu toifadagi o‘smirlar, shaxs sifatida va jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida aynan shu yoshda shakllanishi bois, faoliyat doirasining qamrovi kengligi va alohida e’tibor talab etishi bilan ajralib turadi. Bu toifadagi o‘smirlar Internetdan faol foydalanadilar. Internet ular uchun ulkan axborot manbasi, tengdoshlari va do‘stlari bilan muloqot vositasi, shu jumladan, vaqtichog‘lik qilish imkoniyati hamdir. Yoshlarning aksariyat qismi ijtimoiy tarmoqlardan va tezkor xabarli ilovalar (messenjerlar)dan foydalanadi.
Mazkur yoshdagi eng katta muammo — bu ota-onalar tomonidan «bolalarimiz ulg‘aydi» qabilida ularni to‘la nazorat qilmaslikdir. Bu yoshni yana «axborot ochligi» yoshi, deb ham atash mumkin. Bu davrda bolalar ulg‘ayib, barcha narsalar haqida ko‘proq bilishni xohlaydilar. Onlayn muloqotga kirish ular uchun kundalik hayotining bir qismi hisoblanadi.
Bugungi kunda bolalar va o‘smirlarlarning Internet tarmog‘idan foydalanish vaqtini tartibga soluvchi norma ishlab chiqilmagan. Mutaxasissislarning fikrlari bir-biridan farq qiladi. Aksariyat ruhshunoslar, shifokorlar va pedagoglarning fikricha, Internet tarmog‘idan foydalanish vaqti quyidagicha taqsimlanishi lozim:
7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar — kuniga 1 soat
10 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar — kuniga 1,5 soat
13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar — kuniga 2 soat
Ta’kidlash joizki, bu vaqt oralig‘ida ekran qarshisidagi bola kamida 10 daqiqa tanaffus qilishi kerak. O‘smirlar va bolalarni kompyuter qarshisida, jumladan, Internet tarmog‘ida vaqt o‘tkazishining yuqoridagi kabi taqsimlanishidan maqsad «Internetga qaramlik», ko‘rish qobiliyatining pasayishi («quruq ko‘z» sindromi), umurtqa pog‘onasining qiyshayishi (skalioz), qomatning buzilishi (bukchayish) kabi kasalliklardan asrashdir.
7–10 yosh toifasidagilar uchun himoyalanish bo‘yicha takliflar
qidiruv xizmatidan foydalanishdan avval sizga qanday ma’lumot kerakligi haqida o‘zingiz aniq tasavvurga ega bo‘ling;
notanish saytlarga kirmang, notanish havolalarga o‘tmang, bunday veb-saytlar havolalarini boshqalar bilan bo‘lishmang;
agarda siz bilmay yoki adashib, sizda salbiy munosabat uyg‘otadigan, katta yoshdagilarga mo‘ljallangan kontentdan iborat saytga kirib qolsangiz, tezda chiqib keting;
fayllarni yuklamang va joylashtirmang (bu o‘rinda katta yoshdagilar yordamiga tayaning);
shartlarni qabul qilmang, anketa to‘ldirmang, boshqa talablar so‘ralganda esa rad eting;
siz tez-tez foydalanayotgan to‘g‘ri va haqqoniy kontentga ega resurslarni «tanlanganlar»ga qo‘shing;
sizga notanish kishilar va saytlardan qo‘pol, beadab mazmunidagi xabarlar kela boshlasa, ularni javobsiz qoldirib, blokirovka qiling.
Har qanday vaziyatda, agarda siz nimadandir xavotirlansangiz, buni ota-onangiz bilan muhokama qiling.
Mazkur toifadagi bolalarning ota-onalariga tavsiyalar:
bolalarga Internetdan foydalanish jarayonida nima qilish mumkin va nima qilish mumkin emasligini tushuntiring;
bolangizning tarmoqda bo‘lish vaqtini cheklang, u kompyuter qarshisida bo‘lgan paytda mumkin qadar birga bo‘ling;
nomaqbul saytlarni brauzerning «qora ro‘yxat»iga kiritib qo‘ying. Ko‘pchilik dasturiy mahsulotlar (shu jumladan, brauzerlar) antivirus himoyasiga ega bo‘lishi bilan bir qatorda, ota-onalar nazorati funksiyasiga ham egadir. Shu bois, ular bolalaringiz Internetda bo‘lgan chog‘larida himoyachi vazifasini bajara oladi;
agarda farzandingizga Internet-chatga kirish yoki xabarlarning tezkor almashinuvi dasturlari (messenjerlar)dan foydalanishga ruxsat bergan bo‘lsangiz, unga notanish yoki ishonib bo‘lmaydigan kishilar bilan muloqot qilish yoki xabarlar yuborishning xavfli tomonlari, Internetdan foydalanganda jiddiy xavf-xatarlarga duch kelishi mumkinligi haqida uqtiring;
Internetdan foydalanish jarayonida bolalaringizga nimalar noqulaylik tug‘dirayotgani yoki kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida sizni xabardor qilib borishini so‘rang.
10–13 yosh toifasidagilar uchun himoyalanish bo‘yicha takliflar
qidiruv xizmatidan foydalanishdan avval sizga qanday ma’lumot kerakligi haqida o‘zingiz aniq tasavvurga ega bo‘ling;
notanish saytlarga kirmang, ishonchsiz manbalar manzillaridan va notanish odamlardan kelgan xat va taklifnomalarning havolalariga o‘tmang, bunday veb-sahifalar havolalarini boshqalar bilan bo‘lishmang;
agarda siz bilmay yoki adashib, «bolalarga mo‘ljallanmagan» ma’lumotlar, video, audiomateriallar (hayosizlik, zo‘ravonlik, yovuzlik) mavjud bo‘lgan saytga kirib qolsangiz, tezda chiqib keting;
notanish fayllarni yuklamang va ularni ota-onangiz ruxsatisiz o‘rnatmang;
kam tanish bo‘lgan sayt yoki turli xil havolalar tomonidan muayyan talablar so‘ralganda, ularni rad eting, anketani to‘ldirmang, shartlarini qabul qilmang;
shaxsingizga oid ma’lumotlarni maxfiy saqlang. O‘zingizga tegishli bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarni (F.I.Sh., manzil, telefon, tug‘ilgan sana) ochiq foydalanish mumkin bo‘lgan tarmoqlarda joylashtirmang;
parolni sir saqlang, oshkor qilmang, do‘stlar va tanishlaringizga bermang. Parolingiz murakkab, ya’ni son, harf va belgilardan iborat bo‘lsin;
agarda o‘yin o‘ynayotgan bo‘lsangiz yoki ko‘p sonli notanish foydalanuvchilar bo‘lgan chatda haqiqiy ismingiz o‘rniga «nik»dan foydalaning;
onlayn muhitda kim bilan tanishayotgan va suhbatlashayotgan bo‘lsangiz, ehtiyot bo‘ling. Agar notanish yoki ikkilantirayotgan shaxs sizga do‘stlik taklif qilsa, qabul qilmang. Suhbatdoshingiz o‘zi haqidagi haqiqiy ma’lumotlarni yashirib, o‘zini boshqa shaxs sifatida ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin;
sizga notanish kishilar va saytlardan qo‘pol, beadab mazmunidagi xabarlar kela boshlasa, haqoratli va tahdidli murojaatlarni javobsiz qoldirib, blokirovka qiling. Ularning ta’siriga tushib qolmang.
Har qanday vaziyatda, agarda siz nimadandir xavotirlansangiz, buni ota-onangiz bilan muhokama qiling.
Mazkur toifadagi bolalarning ota-onalariga tavsiyalar:
bolangiz bilan suhbatlashib, unga Internetdan nazoratsiz foydalanishning salbiy oqibatlari, Internetdan foydalanish jarayonida nima qilish mumkin va nima qilish mumkin emasligi haqida tushuntiring;
bolaning tarmoqda bo‘lish vaqtini cheklab qo‘ying, u kirayotgan resurslarni nazorat qiling yoki u kompyuter qarshisida bo‘lgan paytda mumkin qadar birga bo‘ling;
agarda farzandingizga Internet-chatga kirish yoki xabarlarning tezkor almashinuvi dasturlari (messenjerlar)dan foydalanishga ruxsat bergan bo‘lsangiz, unga notanish yoki ishonib bo‘lmaydigan kishilar bilan muloqot qilish yoki xabarlar yuborishning xavfli tomonlari, Internetdan foydalanganda jiddiy xavf-xatarlarga duch kelishi mumkinligi haqida uqtiring;
agarda bolangiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqchi bo‘lsa, unga o‘zingiz akkaunt yaratib bering (login va parolini bilgan holda), sahifasiga qanday ma’lumotlarni joylashtirishini nazorat qiling;
bolangizning virtual olamdagi barcha do‘stlari haqida xabardor bo‘lib boring. Onlayn do‘st bilan haqiqiy hayotda yolg‘iz uchrashish mumkin emasligini unga uqtiring;
zararli saytlarni brauzerning «qora ro‘yxati»ga kiritib qo‘ying yoki kompyuterga ota-ona nazorati funksiyasini o‘rnating. Ushbu dastur siz bo‘lmagan chog‘da ham bolangiz tomonidan zararli saytlarga kirish holatlarini cheklaydi;
Internetdan foydalanish jarayonida bolalaringizga nimalar noqulaylik tug‘dirayotgani yoki kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida sizni xabardor qilib borishini so‘rang.
13–16 yosh toifasidagilarni himoyalash yuzasidan takliflar
qidiruv tizimidan foydalanayotganingizda faqat o‘zingiz uchun kerakli bo‘lgan axborotni izlang;
ishonchli manbalar va tekshirilgan saytlarning axborotlaridan foydalaning. Axborotni boshqa ishonchli manbalar orqali ikki karra tekshirib ko‘ring;
kam tanish bo‘lgan yoki sizda shubha uyg‘otayotgan veb-saytlarga kirmang;
notanish saytlarga kirmang, ishonchsiz manbalar manzillaridan va notanish odamlardan kelgan xat va taklifnomalarning havolalariga o‘tmang, bunday veb-sahifalar havolalarini boshqalar bilan bo‘lishmang;
agarda siz bilmay yoki adashib, sizda salbiy munosabat uyg‘otadigan nomaqbul kontent (video, audio, foto yoki boshqa ma’lumotlar)ga ega saytga kirib qolsangiz, tezda chiqib keting;
kam tanish bo‘lgan yoki tekshirilmagan resurslardagi fayllarni yuklamang va ota-onangiz ruxsatisiz o‘rnatmang;
oxirigacha o‘qimay turib, taklif etilayotgan shartlarga rozi bo‘lmang va qabul qilmang;
kam tanish bo‘lgan sayt yoki turli havolalardagi anketa va boshqa talabnomalarni to‘ldirmang;
o‘zingizga tegishli shaxsiy ma’lumotlarni (F.I.Sh., manzil, telefon, tug‘ilgan sana) ochiq foydalanishdagi tarmoqlarda joylashtirmang. Shaxsiy ma’lumotlar maxfiy saqlanishi lozim;
esingizda bo‘lsin, Internet bu sizning «qoldirgan raqamli izingiz». Bu yerda siz joylashtirgan barcha shaxsiy ma’lumotlar, video, audio roliklar yoki tasvirlar doimiy saqlanadi. Boshqa foydalanuvchilar tomonidan mazkur ma’lumotlaringiz g‘arazli maqsadlarda foydalanishi mumkin;
do‘stlaringiz va tanishlaringizga parol va loginingizni oshkor qilmang. Ularni sir saqlang. Parolingiz murakkab, ya’ni son, harf va belgilardan iborat bo‘lsin.
agarda o‘yin o‘ynayotgan bo‘lsangiz yoki ko‘p sonli notanish foydalanuvchilar bo‘lgan chatda haqiqiy ismingiz o‘rniga «nik»dan foydalaning;
onlayn muhitda kim bilan tanishayotgan va suhbatlashayotgan bo‘lsangiz, ehtiyot bo‘ling. Agar notanish kishi sizga do‘stlik taklif qilsa, qabul qilmang.
agarda sizga notanish kishilardan yoki saytlardan spam-xabarlar kela boshlasa, ularni ochmasdan va o‘qimasdan o‘chirib tashlang. Ularda viruslar bo‘lishi mumkin;
agarda sizni tarmoqda kimdir haqoratlasa yoki tahdidli xabarlarni jo‘natsa, ularning ta’siriga berilmang, murojaatlarini javobsiz qoldirib, blokirovka qiling.
Har qanday vaziyatda, agarda siz nimadandir xavotirlansangiz, buni ota-onangiz bilan muhokama qiling.
Mazkur toifadagi bolalarning ota-onalariga tavsiyalar:
imkon qadar bolaning tarmoqda bo‘lish vaqti va u kirayotgan resurslarini nazorat qiling yoki u kompyuter qarshisida bo‘lgan paytda birga bo‘ling;
bolangiz bilan suhbatlashib, unga Internetdan nazoratsiz foydalanishning salbiy oqibatlari, Internetdan foydalanish jarayonida nima qilish mumkin va nima qilish mumkin emasligi haqida tushuntiring;
farzandingizga uning onlayn do‘sti aslida, o‘zi tasvirlayotganday emas, butunlay boshqa shaxs bo‘lib chiqishi mumkin ekanligini tushuntiring;
agarda bolangiz virtual do‘sti bilan real hayotda uchrashishni xohlasa, bunday holatda, ehtimoliy dilxiralikning oldini olish maqsadida, biror-bir yaqin (katta yoshdagi) kishi bilan birga uchrashuvga chiqishi lozimligini tushuntiring;
katta yoshdagilar bilan maslahatlashmasdan Internet-magazin orqali xarid qilmaslik kerakligini bolangizga tushuntiring;
agarda bolangiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalansa, o‘z akkauntiga joylashtirib borayotgan ma’lumotlar bilan tanishtirib borishini so‘rang, login va parolidan xabardor bo‘ling, o‘z sahifasiga qanday axborotlarni joylashtirayotgani va foydalanayotganini nazorat qiling;
Internetdan foydalanish jarayonida bolalaringizga nimalar noqulaylik tug‘dirayotgani yoki kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida sizni xabardor qilib borishini so‘rang.
Xulosa
Mazkur qo‘llanmada Internet makonida uchraydigan xavf-xatar, tahdidlar va tahlikalar haqida so‘z yuritilgani oqibatida, o‘quvchida Internetning zararli va buzg‘unchi vosita ekanligi haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘onishi ehtimoli ham mavjud. Aslida esa, unday emas. Internetda juda ko‘p foydali, ma’rifiy va qiziqarli axborotlar mavjud bo‘lib, ulardan to‘g‘ri va samarali foydalangan shaxsda turli sohalar bo‘yicha bilimi oshib boradi. Ota-onalarning vazifasi «virtual olamning» barcha ijobiy jihatlari bilan farzandlarini tanishtirish va o‘rgatib borish hisoblanadi. Buning uchun barcha axborotlarni ota-onalar, avvalo, chuqur tekshirishi va buni farzandlariga ham o‘rgatishi, ularni chinakam ulkan ilm va yuksak san’at namunalari bilan tanishtirib, ularda dunyo qiyofasiga mos bo‘lgan qadriyatlar tizimini shakllantirishi lozim bo‘ladi. Shu bilan bir qatorda, yosh foydalanuvchilarda Internet-madaniyatni shakllantirish va rivojlantirish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |