Sho'x-u shodon o'ynab yurgan ey shamol
Menga samolardan xabar olib kel
Har kun oqshom payti so'rab hol-ahvol
Dard to'la ko'ksimni silab o'tar yel
Ey osmon, sen nega bunchalar mahzun
Ammo sir bermasdan turibsan mag'rur
Dardlarim bor senga uzundan uzun
Aytgani yo'l qo'ymas sira bu g'urur
Osmonlarda uchgan bir qush misoli
Parvoz qilgim kelar butun falakka
Meni mahzun qilgan baxtim timsoli
Yetgim kelar o'sha go'zal tilakka
Nafsim har neniki qilmagin orzu
Har kulfatga yechim bo'ladi sabr
Solib bu ko'nglimga turfa xil qayg'u
Mening ruhim uchun qazmagin qabr
Alloh tavfiq bersin mening holimga
Maqsadim ul go'zal maskanga yetmoq
Dunyo deb atalmish mash'um zolimga
Chap berib hayotim munavvar etmoq
Do'stlaringiz bilan baham: |