Shoirning hayoti va ijtimoiy faoliyati



Download 26,47 Kb.
Sana07.09.2017
Hajmi26,47 Kb.
#19156

Aim.uz

Erkin Vohidov

(1936-yilda tug‘ilgan)

O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov hozirgi o‘zbek she’riyatining zabardast vakillaridan biridir. Uning sharq mumtoz adabiyoti an’analari izidan borib, zamondoshlari ma’naviy dunyosini ochib beruvchi g‘azallari, zo‘r insoniylik ruhi bilan yo‘g‘rilgan talay she’rlari, urush fojialari haqida bahs etuvchi «Nido», hayot jumboqlari, inson qismati xususidagi falsafiy mushohadalari bilan yo‘g‘rilgan «Ruhlar isyoni», «Istambul fojiasi» asarlari, tomoshabinlarni xushnud etgan «Oltin devor» komediyasi, shuningdek, I. Gyote, S. Yesenin, A. Blok, M. Svetlov, A. Tvardovskiy, R. Xamzatovdan qilgan tarjimalari, ayniqsa, «Eron taronalari» bilan «Faust» tarjimasi adabiyotimizda, ma’naviy hayotimizda ulkan voqea bo‘ldi.

Shoirning hayoti va ijtimoiy faoliyati

«Men ijodiy mehnatni faol jamoat ishlari bilan qo‘shib olib borishdek sharafli vazifa yukini doimo yelkamda his qilaman. Odamlarga faqat she’ring emas, o‘zing kerakligini sezish-bu katta baxt. Shuning uchun ham jamoat mehnatidan hech qachon o‘zimni olib qochgan emasman. Qaynoq hayot ichida yashab, ishlab o‘rganganman», -deb yozadi shoir. Darhaqiqat, u badiiy ijodni faol jamoatchilik ishlari bilan qo‘shib olib boradi. Yoshlar nashriyotida bosh muharrir, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida direktor, «Yoshlik» jurnaliga bosh muharrir bo‘lib ishlagan. Shoirning ijtimoiy faoliyati doirasi Respublika Oliy Kengashi va Oliy Majlisiga deputat bo‘lib saylangan, Oliy Kengashning oshkoralik masalalari qo‘mitasi, Oliy Majlisning Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasiga raislik qilgan kezlari ayniqsa kengaydi. Bu yillarda atoqli shoir davlat va jamoat arbobi sifatida ham tanildi. Uning ko‘p vaqti xalq ichida, yurtimiz va mamlakatlar bo‘ylab safarlarda o‘tmoqda. Shoir «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi, ,,O‘zbekiston Qahramoni» unvoniga sazovor bo‘ldi.

Erkin Vohidov Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida 1936-yilning 28-dekabrida qishloq o‘qituvchilari oilasida dunyoga keldi. Otasi Cho‘yanboy Vohidov, onasi Roziyaxon davrning obro‘-e’tiborli, ma’rifatli, faol kishilari edilar. Afsus, ular uzoq yashamadilar. Avval Ikkinchi jahon urushida qatnashib, og‘ir yarador bo‘lib qaytgan ota, so‘ng ona dunyodan o‘tdi. Bo‘lg‘usi shoirning opasi va ukasi ham go‘dakligida vafot etgan edi. Ikki qisqa umrning yolg‘iz yodgori bo‘lib Erkin toshkentlik tog‘asi qo‘lida qoldi. Uning o‘spirinlik, yoshlik yillari Toshkentda o‘tdi. Erkin ulg‘aygan xonadon ma’rifatga, san’atga, adabiyotga tashna edi, bu xonadonda tez-tez shoir va xonandalar ishtirokida suhbatlar bo‘lib turardi. Erkin Vohidovdagi nafosatga, she’riyatga mehr va mayl shu xonadonda, ana shu davralarda shakllandi. Erkin juda erta qo‘liga qalam oldi. 7-sinfda o‘qib yurganida «Mushtum» jurnalida birinchi she’ri bosildi. Maktabni tugatgach, Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetiga kirib o‘qidi. Universitet ta’limi shoirning ijodiy taqdirida chuqur iz qoldirdi; birinchi she’rlar kitobi «Tong nafasi» talabalik yillarida yaratildi.

Shoir lirikasi

Erkin Vohidov publitsist, dramaturg, dostonnavis, tarjimon sifatida barakali ijod qilgan bo‘lsa-da, avvalo, u lirik shoir sifatida adabiyotga kirib kelgan, xalqimiz qalbidan ham nafis, ham dolg‘ali, isyonkor she’rlari orqali joy olgan.

Shoirning ijodi bahs-munozaralar ichida kechdi. Shoir o‘z qo‘lidagi qurol-she’r, uning tabiati, shoirning el-yurt oldidagi burchi-vazifasi xususida ko‘p o‘yladi, she’r va shoir haqidagi qarashlarini bayon etdi. U bular xususida so‘z ochganda har doim ijod mashaqqatlarini, shoir bo‘lish oson emasligini eslatadi. Uningcha, shoirlik o‘z ona yurtiga, xalqiga, inson zotiga bo‘lgan fidoyi mehrning samarasidir.

Erkin Vohidov dastlab hayot, go‘zallik, yoshlik, muhabbat kuychisi bo‘lib maydonga chiqdi. Taqdir in’om etgan hayot, saodat, yoshlik, muhabbat sururini, hayotdan rizolikni to‘lib-toshib kuyladi. Xalqimiz erishgan yutuqlar, uning shonli tarixi, qo‘lga kiritgan g‘alabalari to‘g‘risida faxr-iftixorga to‘la satrlar bitdi. Jumladan, «Yoshligim» g‘azalida yoshlik sururidan jo‘shib yozadi:

Yoshligim, kel, kuyga to‘lgan

Qalbim oltin sozi bo‘l.

Men qo‘shiq aytay to‘lib,

Bir lahza jo‘r ovozi bo‘l.

40-50-yillarda «vulgar sotsiologizm» deb atalgan qarash oqibati o‘laroq, sevgi, shaxsiy kechinmalar badnom etilgan, she’riyatdan quvg‘in qilingan edi. 50-yillar oxiri, 60-yillarga kelib vaziyat o‘zgara boshladi, inson shaxsiga hurmat, qalbiga e’tibor birmuncha oshdi, kishining xilma-xil kechinmalari, jumladan, an’anaviy sevgi taronalarini kuylash uchun yo‘l ochildi. Bu hol an’anaviy she’riy shakl, ayniqsa, g‘azalning jonlanishiga olib keldi. Tabiiyki, bu jarayon o‘sha kezlari osonlikcha, silliq kechgani yo‘q. Abdulla Oripov yozganiday, «mumtoz g‘azaliyotimizning oltin eshiklari abadiy bekildi, deya karomat qilishayotganda yosh avlod orasidan birinchilardan bo‘lib Erkin Vohidov aruzning tabarruk ostonasida posbon yanglig‘ paydo bo‘ldi». Ba’zi munaqqidlar ishqiy kechinmalarni kuylash, ko‘hna she’riy shakl-aruzga murojaat qilishni zamondan uzoqlashish deb ataydilar. E. Vohidov «Yoshlik devoni» kitobining «Debocha»sida shunday qarashlar bilan bahsga kirishadi:

Istadim sayr aylamoqni

Men g‘azal bo‘stonida.

Kulmangiz, ne bor senga deb

Mir Alisher yonida.

She’riyat dunyosi keng,

Gulzori ko‘p, bo‘stoni ko‘p,

Har ko‘ngil arzini aytur

Neki bor imkonida.

Ey munaqqid, sen g‘azalni

Ko‘hna deb kamsitmagil,

Sevgi ham Odam Atodin

Qolgan inson qonida.

Shu tariqa shoir inson qonidagi azaliy, tabiiy tuyg‘u-sevgini kuylagan qadimiy g‘azal shaklini himoya qiladi. She’rda g‘azal shunchaki she’riy shakl ma’nosida emas, muhabbat, boqiy insoniy tuyg‘ular ramzi tarzida ham qo‘llangan:

Barcha shodlik senga bo‘lsin,

Bor sitam, zorlik menga.

Barcha dildorlik senga-yu,

Barcha xushtorlik menga...

Bu jahonning rohatin ol,

Bor azobin menga ber.

Senga bo‘lsin barcha orom,

Barcha bedorlik menga.



(«Barcha shodlik senga bo‘lsin»)

Shoir oshiq ko‘ngilning ma’shuqaga bo‘lgan mayli ifodasida xuddi mumtoz she’riyat namoyandalari kabi mubolag‘ani hadsiz oshiradi:

Bas, yetar, yolg‘on saodat,

Yolg‘on erk, yolg‘on Vatan!



(«Vatan istagi»)

Erkin Vohidovning yetuk asarlari yolg‘ondan begonaligi, shafqatsiz haqiqati, rostgo‘yligi va samimiyligi bilan hozirgi jahon taraqqiyparvar adabiyotining eng yaxshi namunalariga hamohangdir.

Shoirning «Inson» she’ridagi inson talqinini eslaylik. Shoir insonning bugungi kamoloti, inson dahosining zakovati-fan-texnika bobida erishilgan mislsiz zafarlar haqida yozadi:

Minding ilm narvoniga,

Chiqding funun osmoniga,

Bu jahon ayvoniga

Arkon o‘zing, vayron o‘zing.

Qarang, shoir fan-texnika taraqqiyoti tufayli bugungi kunda inson jahon ayvoniga ,,arkon» (ustun) darajasiga ko‘tarilganini ayta turib, shu «arkon» ayni paytda «vayron» ekanini pisanda qilib o‘tadi. So‘ng bu fikrni rivojlantirib deydi:

Zarrani ijod etib,

Dahshat balo bunyod etib,

Oqibatni yod etib,

Hayron o‘zing, hayron o‘zing.

Yo‘q, shoir insonning buyuk kashfiyoti oqibati nuqul dahshat-u balolardan iborat deb bilmaydi, buyuk kashfiyotlarni ezgulikka xizmat ettirish ham shu insonning o‘z qo‘lida, o‘z ixtiyorida:

Bog‘i arz obod erur,

Sendin agar imdod erur,

Yo‘qsa u barbod erur,

To‘fon o‘zing, to‘g‘on o‘zing.

Shoirning ona zamin qismati haqidagi alamli o‘ylari «Sirdaryo o‘lani» she’rida o‘ziga xos tarzda ifodalangan. Bu she’r xalq o‘lanlari ruhi, ohangida bitilgan: bir tomonda ona daryoning go‘zal ta’rif-tavsifi, ikkinchi tomonda shoirning daryoning hozirgi holati, achchiq qismatidan bezovtaligi, tashvish-zorlari. Shoir nazarida Sirdaryo ko‘hna Jayhun (Amudaryo) bilan birga ona vodiy hayoti, bori, quvonchi, alami, zori; yurt uchun ham tomir, ham yurak... Shoir g‘urur bilan:

Sen borsanki, keng vohada hayot bor,

Demak, yurting labida bol, nabot bor...

...Sen paxtasan, olma, anor va nursan,

O zbek uchun surursan ham g‘urursan,

O‘zni yerga tomchi-tomchi berursan,

Daryo emas, xalq timsoli erursan,

Oqib turgin, qurib qolma, onajon

singari misralar tizadi. Shoirni mana shu ta’rif-tavsifga sig‘mas azim daryoning, chindan ham xalq timsoli deyishga loyiq ona daryoning bugungi qismati qattiq tashvishga. iztirobga soladi. ,Nega bukun bemadorsan, haloksan?» deya uni alamli savolga tutadi. Darhaqiqat, hozir-u huzurini o‘ylaydigan iste’molchilik kasaliga mubtalo kimsalarning aybi bilan daryolar ham mushkul ahvolga tushib qoldi. Bu haqda hozirgi kunda ham ko‘p gapirilyapti, yozilyapti. Shoir esa daryo qismati haqidagi o‘y-tashvishlarini o‘quvchi qalbini hayajonga, larzaga soladigan bir tarzda ta’sirchan ifodalaydi. She’rning har bir bandi oxirida daryoning ayanchli ta’rif-tavsifida xuddi naqarotdek takrorlanadigan «Oqib turgin, qurib qolma, onajon»degan o‘ta samimiy, cheksiz mehr, o‘kinch to‘la satrlar xuddi xalq o‘lanlaridagi kuygan dilning o‘tli zorlari singari o‘quvchi qalbining tub-tubigacha yetib boradi, uni titroqqa soladi. «Arslon o‘ynatuvchi»-ijtimoiy pafosi jihatidan 70-yillar o‘zbek milliy she’riyatining jiddiy yutug‘i. Xorijiy safar taassurotlari asosida yaratilgan bu she’r qaramlikka, mutelikka qarshi o‘tkir aybnoma kabi yangraydi. Faqat bugina emas, unda qaramlik dunyosining shafqatsizligi-tirikchilik, kundalik hayot tashvishlari tirik mavjudotni, odam zotini ne ko‘ylarga solishi ramziy tarzda butun dramasi, keskinligi bilan ko‘rsatiladi. She’rda qaramlarni bir-birlari bilan bog‘lab qo‘ygan ko‘zga ko‘rinmas kishanlar ildizi ochib tashlanadi. Uni o‘qib, alam-iztirob bilan qalamga olingan hodisa, ya’ni to‘qaylar podshohi arslonni charsillab yonib turgan olov halqa ichidan sakrab o‘tishga majbur qilgan, sher zotini masxaraboz qo‘liga berib, gumroh tomoshabin-olomon uchun ermak-tomoshaga aylantirgan kuch nima, degan savolga o‘zingiz javob topasiz. Muallif hodisaning zamiriga, ichki mohiyatiga nigoh tashlaydi; chuqur va nozik poetik tahlil orqali haqiqiy bosh aybdor sirk maydonidagi she’r va masxaraboz emas, balki sahna ortidagi ularni shu ko‘ylarga solib qo‘ygan shafqatsiz falak, hayotning o‘zi-muhit, sharoit ekani ma’lum bo‘ladi: bularning bari falak ishi, biriga qamchi, boshqasiga qafas bergan bu-tirikchilik! Arslon o‘ynatuvchining arslon isyoni, ta’nalariga javoban aytgan mana bu so‘zlarini tinglab ko‘ring:

Sening har bir o‘tli na’rang-

Menga tarsaki.

Netay, men ham egalik qul,

Boshda xo‘jam bor,

G‘azab qilsa,

Ko‘zlarimga dunyo bo‘lar tor.

Menda-ku dard, iste’dod bor,

Bor andak sehr,

Hech bo‘lmasa hayvonotga

Shafqat-u mehr!

Tomoshagoh egasi kim

Mening qoshimda!

Ammo qamchi o‘ynatar u

Doim boshimda.

Holatimni tushun,

Isyon qilma, birodar,

Charx oldida ikkimiz ham

Asli barobar.

...Goh jonimdan o‘tsa zulm

Na’ra tortaman,

Lekin bundan

Faqat boshga balo ortaman.

Asar xotimasi nihoyatda hayajonli:

Bu so‘zlarga chidolmadi,

To‘lg‘ondi Arslon:-

Bo‘ldi, bas qil!

Yuragimni qon qilma, inson!

O‘t olsin bu charxi falak

Rizq-u ro‘zini!..

Arslon olov chambarakka

Otdi o‘zini.

Aziz o‘quvchi! O‘zingiz o‘ylab ko‘ring-a, odam zoti tirikchilik o‘lida majburiyat yuzasidan nimalar qilmaydi, deysiz...

80-yillar oxiri, 90-yillar boshlarida yuz bergan jamiyatimiz hayoti, ma’naviyatidagi o‘zgarish, yangilanishlar, odamlar ongidagi evrilishlar Erkin Vohidov she’riyatida, xususan, «Yaxshidir achchiq haqiqat» kitobida o‘z aksini topdi. Shoirning bu avr ijodidagi eng xarakterli xususiyat unda chin ma’nodagi ruhiy erkinlikning namoyon bo‘lishidir.

Totalitar tuzum, mustabid adabiy siyosatning so‘z san’atiga, birinchi galda she’riyatga keltirgan eng mudhish zarari shu bo‘ldiki, unday siyosat bir qator iste’dod egalaridagi «men»ni, ya’ni shoir daxshatini mavh etdi, uning o‘zligini, isyon tuyg‘usini so‘ndirdi. Ko‘p asrlik she’riyatimizga xos iztirob-u mashaqqatlar, shubha-gumonlar ichida mardona turib o‘zlikni qidirish, taftish qilish, shu orqali haqiqatni anglash an’anasi susaydi. 90-yillarga kelib milliy she’riyatimiz, aniqrog‘i, iste’dodli shoirlarimiz shu azaliy muqaddas an’analarga dadil qadam qo‘ya boshladi. Mana shu yangi jarayonning boshida turganlardan biri E. Vohidovdir. Shoir «Kechir, yo rab!» she’rida chin dildan shunday yozadi:

Kechir, yanglishmagan kim bor,

Mening ham ko‘p gunohim bor.

Odamzod asli nokomil,

Kechir yo rab, kechir yo rab!

Shoirning «Yaxshidir achchiq haqiqat» kitobida «Tush» degan mo‘jazgina voqeaband she’r bor. Unda tush bilan o‘ng-odamning arosatdagi mudroq, lanj holati ustida gap boradi: lirik qahramon takror-takror tush ko‘radi, tushida mudrab yurgan el ichida yuradi, ular bilan o‘zi ham mudrab asta qadam sudraydi:

Bu tush, deyman,

Uyg‘on, deyman.

Uyg‘onolmay mudrayman.

Siz ham, aziz o‘quvchi, ehtimol, bunaqa holatga tushgansiz. Inson bolasi uchun bu og‘ir ruhiy qiynoq. Koshkiydi, bu shunchaki tush, birgina odamning arosatdagi ruhiy qiynoqlari bo‘lsa! Aslida bu butun xalq boshiga tushgan kulfat! Bu mustabid tuzum sharoitida g‘aflat bosgan bandalar orasida bo‘lgan shaxsning musibati, fojiasi. Shoir yaratganga iltijo qilib, bunday mudhish kechaning-og‘ir qiynoqning oxiri tezroq kelishini iltijo qiladi. Aslida mudroqlikdagi holat qullikning bir ko‘rinishidir. Shoir «Yuragingda makon tutgan qul» she’rida yozganidek, «Qullar ichra eng bechorasi» odam bolasi yuragiga makon tutgan qullikdir, bunaqa qullik-judolikdan adolik ma’qul. Shoir «Vatan istagi» she’rida baralla ,,O‘zni ozod qush kabi ko‘rmoqni istaydi ko‘ngil» deydi.

Faqat o‘zligini to‘la anglab yetgan, yuragi qullik tuyg‘usidan xoli, isyonkor-dovyurak, imoni butun, e’tiqodli shoirgina shunday mardona so‘zni bor ovoz bilan ayta oladi!

Shoir ijodidagi ana shu tamoyillar-hayot haqiqatini murakkabligi, ziddiyatlari, shafqatsizligi bilan bor holicha berish, o‘tkir ijtimoiy-ma’naviy masalalarni dadil o‘rtaga qo‘yish, falsafiy mushohadalarga moyillik, ruhiy erkinlik uning dostonlarida, xususan, «Ruhlar isyoni» asarida yana ham yorqinroq, ta’sirchanroq namoyon bo‘lgan.

Ruhlar isyoni» Dostonning yaratilish tarixi. «Ruhlar isyoni»dostoni dostoniga isyonkor bengal shoiri Nazrul Islom hayoti, fojiali qismati asos qilib olingan ,,Otashin bengal shoiri Nazrul Islomning qahramonona va fojiali taqdiri ko‘pdan meni hayajonga solib kelar, u haqda biron narsa yozish xayolida yurardim», -deydi muallif. Shu maqsadda u shoir hayoti va ijodini astoydil o‘rgandi, shoir hayotiga oid faktlar bilan yaqindan tanishish niyatida Hindistonga bordi, shoir yashagan joylarda bo‘ldi, shoirni shaxsan tanigan, bilgan kishilar bilan suhbat qurdi.

Ma’lumki, Nazrul Islom XX asr boshlarida chaqindek yaraqlab, she’riyatda o‘chmas iz qoldirgan, isyonkor she’rlari bilan butun Hindiston yarimorolini larzaga solgan, hayotini Hindistonni chet el mustamlakachilari zulmidan ozod etish ishiga, xalqlar birdamligi, erki, baxti yo‘lida fido etgan dovyurak shoirdir. Tazyiq, hibs, qiynoqlar ostida shoirni hali o‘ttiz beshga yetmagan navqiron yoshida, ayni ijodi qaynagan paytida es-hushidan ayiradilar. Oradan yillar o‘tdi, shoir vatani Hindistonda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Nazrul Islom orzu qilgan kunlar keldi, mustamlakachilar yurtdan quvildi. Hindiston mustaqillik, tinchliksevarlik, ijtimoiy taraqqiyot yo‘liga tushib oldi. Bir vaqtlar tahqirlangan, jabrlangan shoir hayotda o‘rnini, qadrini topdi, el ardog‘iga sazovor bo‘ldi. Afsus, endi uning aql-hushi joyida emas. Shu ahvolda u qirq yil ardoqda yashadi, yurtidagi o‘zgarishlarni, o‘ziga ko‘rsatilgan ehtiromlarni sezmadi, bilmadi, uni.tark etgan es-hush bir lahza bo‘lsin qaytmadi.

E. Vohidov dastlab shoir boshidan kechgan shu hayajonli voqealarni hikoya qiluvchi bir she’riy qissa yozdi. Biroq bu asardan ko‘ngli to‘lmadi. «O‘ylab qarasam, -deydi u, -unda men Nazrul Islom hayotiga oid ko‘pchilikka tanish faktlarni shunchaki belletristik yo‘lda sharhlash, hikoya qilib berish bilan cheklangan ekanman. Yozuvchi-shoirning vazifasi biror shaxs hayoti, sarguzashtini shunchaki hikoya qilib berishdan iborat bo‘lsa, dunyoda yozuvchilikdan oson hunar bo‘lmas edi. Ijodkor o‘z qahramoni hayoti, taqdirini badiiy tahlil etishi, shu bahonada o‘zining hayot haqidagi kuzatishlari, o‘y-mushohadalarini o‘rtaga tashlashi kerak-ku, axir! Mening qahramonim-Nazrul Islom taqdiri bu jihatdan g‘oyat boy material beradi. Mushkul ijodiy izlanishlar pallasi boshlandi, dostonning tayyor ilk variantidan voz kechishga to‘g‘ri keldi, ko‘p urinishlardan keyin dostonning o‘quvchilarga taqdim etilgan hozirgi varianti paydo bo‘ldi».

Nazrul Islom obrazi. Shoir dostonni yozishdan kuzatgan maqsadi haqida shunday deydi: «Ruhlar isyoni» garchi Nazrul Islomga bag‘ishlangan bo‘lsa-da. asar faqat otashin shoir hayoti ifodasidan iborat emas. Unda men shoir hayoti bahonasida o‘zimning, umuman, shoirlik, insonlik, fidoyilik, erk tashnaligi haqidagi, erkka tashna ijod ahlining zamonasi, xalqi bilan murakkab munosabati haqidagi, qolaversa, inson hayotining ma’nosi, hayotning ham shafqatsiz, ham adolatli haqiqati haqidagi o‘y-mushohadalarimni kitobxon bilan baham ko‘rishga intildim».

Darhaqiqat, dostonda muallif, bir tomondan, Nazrul Islom jasoratini, fojiali qismatini hikoya qiladi: shoir kurashi, jasorati qanchalar qimmatga tushganini, shoirning orzu-armonlari, qalbidagi alam-iztiroblari, tug‘yonlarini butun keskinligi bilan ko‘rsatadi. Ikkinchi tomondan, shoir hayoti, qismati vositasida o‘zining uzoq yillik hayotiy tajribasi, kuzatishi, o‘y-mushohadalarini, ko‘ngil dardlarini, xulosalarini izhor etadi.

Doston haqsizlik va adolat, istibdod va erk orasidagi mangu kurashda iste’dod egasining o‘rni haqidagi falsafiy mushohadalar bilan boshlanadi. Chin iste’dod egasining tabiati yaralishdan nohaqlikka, adolatsizlikka, istibdodga qarshi isyondir, deb sanaydi muallif:

Shoir yurak-Pok tilagi,

Imonidir basharning. Armon to‘la yurakdagi Isyonidir basharning.

Nazrul Islom dunyoga shoir bo‘lib, ya’ni davrining pok tilagi, imoni, armon to‘la yurakdagi isyoni bo‘lib tug‘ildi. Milliy ozodlik bo‘sag‘asida turgan el-yurt shunday isyonkor shoirga muhtoj edi, «Zamon uning yonib turgan yuragini so‘rardi». Shoir hali tug‘ilmasdan burun o‘z yurtidan judo etilgan edi: el-yurti mustamlakachi zobitlar oyog‘i ostida toptalib yotibdi. Jaholatda qolgan xalq zolim-zobitlarga qarshi turish o‘rniga, hind-u musulmonga ajralib, bir-birining go‘shtini yeyish, qirish bilan ovora. Muallif Hindiston tarixining shu qora kunlarini alam bilan qalamga olar ekan, yana shoir va uning fuqarolik burchi haqidagi bahsga ko‘chib, deydi:

Har nechakim zo‘r iste’dod,

Toshqin ilhom,

U nega?

Xalqing yotsa chekib faryod,



Yaramasang kuniga.

Shoir esang,

Shoir bo‘lib

Nega kelding hayotga?

Eling yotsa dardga to‘lib,

Kelolmasang najotga?!

Ne shoirsan

Tashbehlaring

Bormi asli keragi.

Bo‘lmasa el g‘ami-darding,

Yuraging-el yuragi?!

Shoirni, ayniqsa, faqat o‘z joni tinchini o‘ylaydigan, jur’atsiz, qo‘rqoq, munofiqlar aqidasi tashvishga soladi. Haqsizlikni ko‘ra-bila turib indamaslik, loqaydlik xiyonatdir. Afsus, u jaholat tufayli karaxt, ko‘r-u karga aylangan olamon ta’qibiga uchraydi: shoirni g‘alayonning sababkori deb ataydilar. Shu tariqa el uchun jonini, jahonini berishga tayyor fidoyi shoir el dushmaniga aylanadi, hibsga olinadi.

Dostondagi Nazrul Islom qismati, unga daxldor rivoyatlar, shoirning ehtiroslarga to‘la o‘y-mushohadalari bilan tanishar ekansiz, asarni yozishdan maqsad faqat bengal shoiri hayoti, Hindistonda kechgan voqealar, qadim rivoyatlarni hikoya qilishdan iborat emasligini sezib, his etib turasiz. Ayni paytda gap o‘z ona yurtimiz, uning istilochilar istibdodi yillaridagi kechmishi, Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi millatning asl fidoyi o‘g‘lonlari, ularning yurt ozodligi, mustaqilligi yo‘lidagi kurashlari va bu kurashlar qanchalar qimmatga tushganligi-barchasi birma-bir ko‘z oldingizdan o‘tadi. XX asrning 70-yillari oxirlarida yozilgan bu dostondagi isyonkorona kurashchan ruh Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlarga xos el-yurt g‘ami, erki, ozodligi yo‘lida kuyib-yonishlar bu yillarda ham davom etganligini tasdiqlaydi.

Dostonning badiiy xususiyatlari. «Ruhlar isyoni» dostoni shakl jihatidan o‘ziga xos, novatorona asar. Doston xilma-xil she’riy shakllar, ritm, hissiy ohang, ranglar ham real hayotiy lavhalar, ham rivoyatlar, shartli ramziy ifodalar qo‘shilishidan tashkil topgan. Shu xildagi shakl va ifoda rang-barangligi doston asosida yotgan hayotiy haqiqatni, muallif ko‘nglidagi fikr, tuyg‘ularni butun tovlanishlari bilan ifodalashga xizmat etgan.

Dostondagi «Jaholat to‘g‘risida rivoyat»ni olib ko‘raylik. Bu rivoyat shoirning el orasidagi diniy nizo, adovatga qarshi borib tuhmatga uchrashi, ta’qib ostiga olinishi voqeasidan keyin beriladi. Bu tasodifiy emas. Rivoyatdagi hodisalar-donishmand ulug‘ hakimning jaholat hukm surgan zamonda nashtar bilan ko‘rning ko‘zini ochishga jur’at qilishi, johil olamon tomonidan bunday jur’at makruh deb atalishi, hakimning sazoyi etilishi, gulxanda kuydirilishi, eng yomoni-xuddi o‘sha o‘z qo‘lida shifo topib, ko‘zi ochilgan chol tomonidan ta’na-dashnom, haqorat ostida qolishi, o‘sha johil chol yoqqan olovda kulga aylanishi-bu fojiali voqealar va ular tufayli shoir qalbida kechgan alamli o‘y-mushohadalar o‘quvchi qalbini titroqqa soladi.

Rivoyat shu bilan tugamaydi. Jaholat, zulm, adolatsizlik mangu emas. Har qancha qarshilikka, zarbalarga duch kelmasin, ezgu ish, adolat ertami-kechmi, baribir yuzaga chiqadi. Boyagi fojiadan-donishmand hakimning olovda yondirilishi hodisasidan keyin shunday voqea ro‘y beradi:

Shu olovdan Elning,

ajab,

Aql ko‘zi



Ochildi.

O‘kindilar,

Aza tutib

Yig‘ladilar,

kuydilar.

Donishmandga

Yillar o‘tib

Oltin haykal

qo‘ydilar.

Rivoyatda keltirilgan ko‘ngilga ham armon soladigan va ayni paytda, unga dalda beradigan bunday voqea real hayotda, fan-madaniyat, adabiyot tarixida ko‘p marta sodir bo‘lgan. Nazrul Islom taqdiri-shu xil shafqatsiz haqiqatning bir isboti.



Shoirning eng yaxshi asarlari qatori «Ruhlar isyoni» dostoni ham XX asr o‘zbek adabiyotining jiddiy yutug‘i, mumtoz namunalari qatoridan o‘rin olgan.
Download 26,47 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish