Tamsil. Tamsil arabcha so’zdan olingan bo’lib, “misol keltirish” ma’nosini bildiradi. She’riyatda fikrni isbotlash uchun bironta misol keltirish san’atidir.Bunda ba’zan maqol ham keltirish mumkin.
Umri jovidon istasang, fard o’lki, bo’ston hizridur,
Sarvkim, da’b ayladi ozadalig’ birla maosh. (Navoiy)
Ishtiqoq.She’rda o‘zakdosh so‘zlarning qo‘llanishi ishtiqoq (arabcha “so‘zdan so‘zni ajratish” ma’nosida) tasvir vositasi hisoblanadi.
Ganja vatan, ko’ngli oning ganjhez,
Xotiri ganjuru tili ganjrez. (Navoiy)
Irsoli masal. She’riyatda xalq og’zaki ijodida mashhur bo’lib ketgan biror maqol, matal, ibora yoxud hikmatli so’z keltirib, nutq ta’sirchanligini oshirish usuliga irsoli masal( arabcha “irsol”- keltirish, “masal”- misol, tamsil, maqol, matal, ibora; “masal keltirmoq”, “maqol kiritish”) deyiladi.
Eski o’zbek tilida maqol, matal va iboralar masal yoki zarb ul- masal deb nomlangan.
Shoirning “irsoli masal” san’atini qo’llashdan maqsadi o’z fikrini maqol, matal, ibora yoki hikmatli so’z orqali quvvatlab olish, o’quvchi ishonchini kuchaytirish va ifoda ta’sirchanligini oshirishdir.
Lutfiyning «Ayoqingg‘a tushar har lahza gisu, Masaldurkim: «Charog‘ tubi qarong‘u» matla’li g‘azali boshdan oxirigacha shu san’at asosiga qurilgan.
Har kishikim birovga qozg’oy choh,
Tushgay ul choh aro o’zi nogoh. (Navoiy)
Xunob ichar vaqtimda xush kelding, ko’ngulkim, xalq aro,
Yaxsh masaldurkim:”Kelur yaxshi kishi osh ustina”. (Ogahiy)
Laf va nashr. «Laf» so‘zi arabchadan olingan bo‘lib, yig‘ish, «nashr» esa yoyish ma’nolarini anglatadi.
Bu san’at she’r baytida avval bir necha narsa yoki tushuncha nomini ketma- ket keltirib, keyin ular haqidagi hukmlarni ketma-ket bayon qilishni nazarda tutadi.
XV asr adabiyotshunosi Atoulloh Husayniy uni shunday tushuntiradi:
“Laff-u nashr ondin iboratturkim, bir nechani zikr qilurlar, andin so’ng bir nechaga aloqador bir necha nimani bu nimalarning har biri ul bir nechaning qaysi birig’a taalluqlug’ erkonin aniq bilmay zikr qilurlar”.
Bunda shoir biror narsa yohud hodisani sanab, so’ng shu tartibda ularga tegishli o’xshatishlarni tizib chiqadi.
Qoshing, erning, yuzung, ey rashki rizvon,
Hilol-u kavsar-u bog‘i jinondir. (lutfiy)
Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati. (Bobur)
Husni ta’lil. Husni ta’lil arabcha “chiroyli dalillash ” ma’nosini bildiradi. Adabiy asarlarda tasvirlanayotgan biror hodisaga shoirona biror sabab ko’rsatish, she’rda biror voqeani unga daxli bo’lmagan boshqa hodisa bilan izohlashdir.
Uning asosida muayyan bir hodisani real-hayotiy mantiq bilan emas, balki shoirona xayol – badiiy mantiq bilan “isbotlash” yotadi.
Ey shoh, karam aylar chog‘i teng tut yamon-u yaxshini,
Kim mehr nuri teng tushar vayron-u obod ustina. (Ogahiy)
Nozuklik ichra belicha yo‘q tori gisuyi,
O‘z haddini bilib, belidin o‘ltirur quyi. (Lutfiy)
Bu oqshom mahvashim ruxsori oy birla taloshibdur,
Emas anjum, falak ahli ochib ko’zlar qaroshibdur. (Ogahiy)
Jonlantirish. Odamlarga xos bo’lgan xususiyatlarni jonsiz narsalar, tabiat hodisalari, hayvon, parranda, qush kabilarga ko’chirish orqali hosil bo’ladigan tasvir usuli jonlantirishdir. Jonlantirishning 2 xil ko’rinishi bor:
Tashxis - jonsiz narsalarni jonlantirish. “Tashxis” arabcha, “shaxs” o’zagidan hosil bo’lgan bo’lib, “shaxslantirish” ma’nosini bildiradi ma’nosini bildiradi.
Narsa va jonli mavjudotlarni insonga xos bo’lgan xususiyatlar bilan jonlantirish orqali shoir o’z asarida chiroyli va nafis obrazlilikka erishadi.
Jamoling vasfini qildim chamanda,
Qizordi gul uyottin anjumanda. ( Atoiy)
1. Intoq-nutqsiz narsalarni nutq egasi sifatida tasvirlash.
Erta tong shamoli sochlarin yoyib,
Yonimdan o’tganda so’rab ko’raman.
Aytadir: bir ko’rib, yo’limdan ozib,
Tog’-u toshlar ichra istab yuramen! (Cho’lpon)
Bunda qorning taglarida qish
Bahor uchun so’zlaydi olqish. (H. Olimjon)
Mubolag’a. Mubolag’a arabcha so’z bo’lib, “lof urish”, “bo’rttirish” ma’nolarini bildiradi. Tasvirlanayotgan narsa, shaxs va voqea- hodisaning muayyan jihatlarini bo’rttirib, kuchaytirib tasvirlash usuli.
Sharq klassik she’riyatida mubolag’a san’atiga she’r ziynati sifatida qarab, “Ahsanahu akzabahu” (eng yaxshi she’r – eng yolg’on she’rdir) degan naqlga amal qilganlar.
1.Tablig’ –tasavvur qilish mumkin-u, amalga oshirish qiyin bo’lgan bo’rttirilgan tasvir usuli.
Ey sabo, holim borib sarvi xiromonimg’a ayt,
Yig’larimning shiddatin gulbargi xandonimg’a ayt. (Navoiy)
2.Ig’roq- tasavvur qilish qiyin, amalda mutlaqo bo’lmaydigan bo’rttirilgan tasvir usuli.
Otlar kishnar, qizlar kuylar, tinmay ishlar dehqonlar,
Quyosh oltin buloqdir, qaynar, toshar… Ko’k tiniq. (Oybek)
G’uluv- tasvir qilish juda qiyin bo’lgan, amalda bo’lishi sira mumkin bo’lmagan bo’rttirilgan tasvir usuli.
Vah, muhabbat ko’yida qon yig’ladim,
Yetti iqlim g’arq bo’ldi ko’z yoshima. (Mashrab)
Xalq og’zaki ijodi va mumtoz adabiyotimizda ba’zan orttirmali mubolag’alar ham uchraydiki, ular adabiyotshunoslikda bulug’ yoki ifrot deb yuritiladi.
Oh ursa, olamni buzar dovushi.
To‘qson molning terisidan kavushi
Shomurti shoxalab har yoqqa ketgan,
Ichida chichqonlar bolalab yotgan.
Tikilsam quriydi daryoning gumi,
Na’ra tortsam qular qo’rg’onning timi. (“Alpomish” dan)
Iyhom- arabcha so’z bo’lib, “shubhaga solish”, “adashtirish” ma’nolarini bildiradi. Baytda biri aniq, biri yashirin bo’lgan ikki ma’noli so’zni qo’llash usulidir. Bunda shoir aslida ikkinchi ma’noni ko’zda tutsa ham dastlab yaqin, birinchi ma’no e’tiborni tortadi.
Ulus ichinda turur o’z begim qiyo ko’zluk,
Xayoli to’qtamish andin ko’ngil saroyinda. (Lutfiy)
Bu baytdagi “o’z begim” so’zi “o’zimning begim” ma’nolarini ifodalaydi. Bunda muallif “xalq” ma’nosini ko’zda tutayotganini payqash qiyin emas. “To’qtamish” va “saroy” so’zlarida ham shu xususiyat bor.
Sendek saname ko’rmagan Lutfiy Chig’atoyda,
Chin, so’yla, Xito xo’blarig’a ne bo’lursan? (Lutfiy)
Litota- (tafrit, ifroq) tasvir ob’yektini ataylab kichraytirib, zaiflashtirib tasvirlash usul, ya’ni behad kichraytirilgan mubolag’adir.
Bo’ying sarvu sanobardek, beling qil,
Vafo qilg’on kishilarga vafo qil. (Xorazmiy) .
Belining nozikligicha yo’q tori gisuyi,
O’z haddini bilib, belidin o’lturur quyi. (Lutfiy)
Kitobot- badiiy tasvirda arab alifbosidagi harflardan foydalanish san’atidir.
Nigoro, bori g’am birla faqiri notavon aylab,
“Alifdek” qomatimni “lom-alif” yanglig’ duto qilding. (Huvaydo)
Mushkin qoshining hay’ati ul chashmi jallod ustina,
Qatlim uchun «nas» kelturur «nun» eltibon «sod» ustina. (Ogahiy)
Tarse’ -Se’rda birinchi misra so’zlari bilan ikkinchi misra so’zlarining bir-biriga ohangdosh, vazndosh, qofiyadosh bo’lib kelishi tarse’ deyiladi. Tarse’ arabcha so’z b’lib, “ziynatlash”, “bezash”, “ipga marjon tuzish” ma’nolarini anglatadi.
Jismimni talashsa erdi itlar,
Qonimni yalashsa erdi itlar. (Navoiy)
Yod etmas emish kishini g’urbatda kishi,
Shod etmas emish ko’ngulni mehnatda kishi. (Bobur)
Do'stlaringiz bilan baham: |