3 Yoshdagi inqiroz: 3 Yoshga kelib bola o‘zini kattalar bilan taqqoslay boshlaydi va kattalar qilishi mumkin bo‘lgan (huquqi bo‘lgan), ular bajara oladigan harakatlarni bajarishga intiladi. “Men katta bo‘lsam mashina haydayman”, «Men sizga katta tort olib kelaman», «Mening yuzta qo‘g‘irchog‘im bo‘ladi» kabi xohishlarini o‘z tili bilan ifodalaydi va u kelasi zamonda gapirsa ham o‘zining barcha xohishlarini shu bugun amalga oshirishga harakat qiladi. Ko‘pincha bunday xislat qat’iylik va qaysarlik bilan namoyon bo‘ladi. Bu qaysarlik asosan bolaning kattalarga bildirgan salbiy xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Bola o‘zini mustaqil harakat qila olishini anglagan vaqtdan boshlab, unda «o‘zim qilaman» boshlanadi va bu yana kaysarlik va o‘jarlik tarzida ko‘rinadi. 3 Yoshdagi inqiroz bola shaxsining ma’lum bir darajada rivojlanganligi va kattalar bajaradigan xatti-harakatlarni qila olmayotganligini anglashi natijasi hisoblanadi. Inqiroz davrida yuzaga keladigan iroda, layoqat va boshqa bir qancha xususiyatlar uni shaxs bo‘lib shakllanishiga tayyorlaydi.
O’smirlar psixologiyasiHozirgi davrda o’smirlarni voyaga yetkazishning o’ziga xos xususiyatlari, qonuniyatlari, imkoniyatlari, xatti-harakat motivlarining ifodalanishi va vujudga kelishining murakkab mexanizmlari mavjud. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o’smirlarni kamol toptirishda ularning xususiyatlarini to’la hisobga olgan holda ta’limiy-tarbiyaviy tadbirlarni qo’llash shaxslararo munosabatda anglashilmovchilikni vujudga keltirmaydi, sinf jamoasi o’rtasida iliq psixologik muhitni yaratadi.O’smirlik yoshida bolalikdan kattalik holatiga ko’chish jarayoni sodir bo’ladi. O’smirda psixik jarayonlar keskin o’zgarishi bilan aqliy faoliyatida ham burilishlar seziladi. Shuning uchun shaxslararo munosabatda o’quvchi bilan o’qituvchining muloqotida, kattalar bilan o’smirlarning muomalasida qat’iy o’zgarishlar vujudga keladi. Bu o’zgarishlar jarayonida qiyinchiliklar tug’iladi. Bular avvalo ta’lim jarayonida ro’y beradi: yangi axborot, ma’lumotlarni bayon qilish shakli, uslubi va usullari o’smirni qoniqtirmay qo’yadi. O’qituvchining yangi mavzuni batafsil tushuntirishi, darslar ma’ruza shaklida olib borilishi o’quvchilarni zeriktiradi, ularda o’qishga loqaydlik tug’iladi. Ilgari o’quv materialini ma’nosiga tushunmay yodlab olishga odatlangan o’smir endi zarur o’rinlarni mantiqiy xotira vatafakkurga suyangan holda o’zlashtirishga harakat qiladi, o’zlashtirilgan bilimlarni talab qilinganda o’quvchi bilan o’qituvchi o’rtasida anglashilmovchilik paydo bo’ladi, tahsil oluvchi unga qarshilik ko’rsata boshlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |