2.5. Shaxslararo munosabatlarni diagnostik nazorat qilish
O‘quvchilarning shaxslararo munosabatlarini o‘rganish muammosi vaqtga taalluqli bo‘lmagan, doimiy ravishda dolzarb hisoblanuvchi muammodir. O‘qituvchining ta’lim-tarbiya ishlarini sifatli va samarali tashkil qilish sinf jamoasini naqadar yaxshi bilishi bilan belgilanadi. Jamoadagi faoliyat va o‘sish dinamikasini nazorat qilish faoliyat ob’ekti sifatida pedagogik nazorat qilish, o‘quvchi shaxsning rivojlanish bosqichlarini hisobga olgan holda butun jamoaning rivojlanish darajasi haqida har tomonlama ma’lumot olish va shu asosda integral diagnostika metodi, shakli va korreksion metodika mazmunini boyitishiga xizmat qiladi. Buning uchun har bir o‘qituvchi nafaqat liderlar to‘g‘risida, balki sinfdoshlari chetga chiqarib qo‘yganlar haqida ham, kim “eng do‘stona” kayfiyatda, kim “do‘stlikni buzuvchi” hisoblanadi, aniq ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Bu axborotga tayanmasdan turib sinfda samarali tarbiyaviy ta’sirni amalga oshirish mumkin emas.
Pedagogik kuzatuvlar qo‘yilgan savollarga javob berishga yordam beradi, ammo ularni son jihatdan, yaxlit holda, integral ifodalay olmaydiki, bu oxir-oqibatda pedagogik innovatsiyani qo‘llashni chegaralab qo‘yadi. Alohida olingan o‘quvchini va yaxlit sinf jamoasining o‘ziga xos xususiyatlari diagnostikasida pedagogni o‘quvchi shaxsini va butun sinf jamoasini o‘rganishda xatoga yo‘l qo‘yish ta’qib etadiki, bu pirovard natijada pedagogik ta’sirning har xil bo‘lishiga olib keladi. Pedagogik xatoning oqibatlari og‘ir bo‘lishini va u hatto olis kelajakda ham o‘zini ko‘rsatishga qodir ekanligini hisobga olgan holda o‘quvchilarni o‘rganishda pedagog tomonidan qo‘llanilayotgan metodlar ob’ektivlik va ishonch mezonlariga javob berishi kerak.
Pedagogik va psixologik adabiyotda maktab sinfini psixosotsial (ruhiy ijtimoiy) jihatdan tavsiflaydigan, shuningdek, turli sinflarni o‘zaro ob’ektiv ko‘rsatkichlar asosida qiyoslashga yordam beradigan (sonli) metodlar yetarli taklif etilmaydi.
Aniq va yaqqol tasvirni integral ko‘rsatkichlarni qo‘llash bilan maxsus sotsiometrik (ijtimoiy-o‘lchov) tadqiqoti beradi. U tadqiq etilayotgan sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi shaxslararo munosabatlar darajasini son jihatdan baholash imkonini beradi. Dissertatsiyada taklif etilayotgan metodika aprobatsiyasi boshlang‘ich nazariy xulosalarning to‘g‘riligini eksperimental yo‘l bilan tasdiqladi.
Umumta’lim maktablarida tadqiqot ishlari olib borishni rejalashtirish, shuningdek, sinovga tortilayotganlar kontingentini tanlash, sotsiometrik test hamda maktab ma’muriyati va o‘qituvchilar bilan suhbatlar natijalari asosida aniqlandi. Ma’lum bo‘ldiki, o‘smir o‘quvchilar sinfi shaxslararo munosabatlarida muayyan va yetarli darajada jiddiy muammolar bor ekan. Ushbu sinflar biz tomonimizdan noahil, tarqoq, ham yurish-turishda, ham o‘qishda muammoli sinflar sifatida tavsiflandi.
Maktablar ma’muriyati va pedagoglar jamoasi bizning shaxslararo munosabatlarni pedagogik nazorat qilish uchun tuzilgan rejalarimiz, metodikamiz va nazariy modellarimiz bilan tanishtirildi. Keyinchalik biz tomonimizdan bu sinflar o‘quvchilari bilan tarbiyaviy tadbirlarning butun bir kompleksi o‘tkazildi. Natijada o‘quvchilar muloqotda, sinfdoshlari bilan o‘zaro bir-birlarini tushunishda ularning fikricha, yengib bo‘lmas to‘siqlarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq katta qiyinchiliklarni boshidan kechirayotganliklari ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat bizning tanlovimizni belgilab berdi, aynan o‘smir o‘quvchilar sinfida tadqiqot olib borish zarurati borligiga ishontirdi.
O‘smirlar boshqa odam shaxsini batafsil tahlil qilish qobiliyatiga ega. Bu yoshda kommunikativ aloqalar turli va turg‘un xarakterga ega bo‘ladi, muloqot birmuncha tez va yorqin hissiy bo‘yoqlarda ifodalangan holda kechadi. Bizning tadqiqotimiz sohasi sinf jamoasi a’zolarining bir-biriga nisbatan emotsional kayfiyati holatini ijtimoiy-ruhiy muhit tuzilmasi sxemasida ushbu muloqot bilan ajratilgan o‘ringa muvofiq aniqlash hisoblanadi. Bu pedagogik faoliyat qirralaridan biri sanaladi va o‘quv-pedagogik faoliyatning muvofiq metodlari va shakllariga chiqish uchun katta ahamiyatga ega hisoblanadi.
Agar o‘smirlar bir-birlari bilan yaxshi munosabatda bo‘lsalar, ular yanada yaqinroq muloqotga rozi bo‘ladilar, ya’ni jamoa a’zolarining ko‘pchiligini yaqin do‘stlar sifatida tanlashlari mumkin. Agar o‘smirlar kelisha olmasalar, agar ularda shaxsiy kelishmovchiliklar bo‘lsa, u holda ular jamoaning boshqa a’zolaridan uzoqlashadi va ular bilan yaqin munosabatlar o‘rnatishga intilmaydi. Ya’ni shaxslararo munosabatlarning bu tizimini maxsus tuzilgan shkala yordamida baholash mumkin.
Bizning metodikamiz asosi qilib E.Bogardusning shaxslararo muvofiqlik shkalasi olingan. U respondentlarning foiz taqsimotini muloqot masofasi darajasida belgilanishi bo‘yicha chiqarish imkonini beradi va faqat xalqaro munosabatlarni o‘rganish uchun foydalanilmoqda.
E.Bogardusning zamonaviylashgan shkalasi maktab sinflaridagi shaxslararo munosabatlarni chuqur o‘rganish uchun qo‘l keladi. Bizning shkalamizdagi sifat qiymati E.Bogardusdagi kabi butun sonlar ballarga emas, birlikning qismidagi sonlarga o‘tkazildi. Tuzgan shkalamizdagi ijobiy qiymatlarni biz salbiylar bilan to‘ldirdik. Tadqiqot metodi o‘quvchilarga sinfdoshlari bilan munosabatlarni mustaqil baholashni taqozo etadi.
Anketaning asosiy savoli gap sifatida shakllantirilganki, uni guruhning har bir a’zosiga nisbatan mustaqil tugatish va jadvalga o‘zining bahosini kiritish kerak: "Men bu odamga ... sifatida ega bo‘lishni xohlardim?" savoli istak darajasini, go‘yo har bir respondent shaxslararo muloqotda o‘zi uchun belgilagan ideal istiqbolni baholashga imkon beradi.
Son jihatdan baholash uchun psixodiagnostik shkaladan foydalanilib, unda muayyan son ko‘rsatkichlariga mos keluvchi muloqot masofasining sifat darajasi ajratildi. Har bir respondentga to‘ldirilishi kerak bo‘lgan tayyor jadval ko‘rinishidagi anketa berildi.
Bu shkalada odam jamoaning boshqa a’zolariga nisbatan o‘zining munosabatini tanlab olishi mumkin. Ya’ni har bir o‘quvchi, sinfdoshlari ro‘yxatini olib har bir familiya ro‘parasiga hissiy munosabatini yoki muloqot masofasini javob raqami ko‘rinishida yozib qo‘yishi mumkin. Shunday qilib, bu shkalada o‘quvchi jamoaning boshqa a’zolariga nisbatan o‘z imkoniyatini sonda aks ettiradi. Umuman biz har bir respondentning har bir sinfdoshiga munosabatining hissiy bahosiga ega bo‘ldik. Ta’kidlash muhimki, respondentlarning sinf jamoasidagi shaxslararo munosabatlar rivojlanishi darajasi haqidagi bilvosita fikrlari emas, balki istalgan muloqot masofasining ko‘rsatkichlar bo‘yicha barcha juft aloqalarni ko‘rib chiqishga imkon beradigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri baholar olindi. Boshqacha aytganda, insonni qabul qilmaslikning oxirgi darajasi sifatida baholash imkoniyati mavjuddirki, u umuman bu dunyoda bo‘lmasin (shartli ravishda biz bu variantga son o‘lchovida minus 1 berdik) xuddi shunday eng yaqin munosabatlarning boshqa varianti men ushbu odamni yaqin do‘st sifatida bilishni istardim – insonni qabul qilishning maksimal ijobiy holati.
Anketada berilgan savolga javobni bilib, sinfdagi juft munosabatlar diagnostikasini o‘tkazish va ular asosida pedagogik o‘quv tarbiyaviy ta’sir vositalarini tanlash maqsadida pedagogik diagnostikaning tushuncha apparatiga qo‘yish mumkin bo‘lgan qator ko‘rsatkichlarning qiymatini hisoblash mumkin. Diagnostikaga va keyinchalik davriy pedagogik nazoratga o‘quvchilarning shaxslararo munosabatlari darajasi bog‘liq bo‘ladi. Birlamchi materialni ishlash jarayonida birinchi jadvalda ko‘rsatilgan tamoyil bo‘yicha respondentlar javoblari "sifat" shaklidan "son" shakliga o‘tkazildi.
Son baholari birlik qismida 0,25 qadam bilan ifodalandi. Qadam o‘quvchilarga taqdim etilgan anketalardagi javoblarning ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha 30-maktabda o‘tkazilgan eksperimental tadqiqotlar vositasi sifatida tanlandi. Anketalarda o‘quvchilarga ularning fikrlariga, muloqot darajalariga mos keluvchi nuqtalarni qo‘yish taklif etilgandi.
Shunday qilib, bizda o‘quvchining muloqot masofasi darajasini baholash mumkin bo‘lgan -1dan +1gacha kenglikdagi sifat – son shkalasi paydo bo‘ldi. Shkalaning son xarakteri o‘rta qiymatini hisoblashga ko‘rsatkichlarni sof sifat shkalasiga nisbatan aniqroq va yaxshiroq qiyoslashga imkon beradi. Eng uzoq masofa -1, eng yaqin masofa esa +1.
Guruh a’zolari o‘zlarini "Ular" dan farqli ravishda "Biz" deb qabul qilishadi. Bizning baho modelimizda «Biz» tushunchasi shaxs bilan guruh o‘rtasidagi shunday yaqinlik darajasi bilan tavsiflanadiki, u nol va undan yuqoridan ijobiy ahamiyatga ega bo‘ladi, ya’ni "Menga ahamiyatsiz odam" darajasidan "Tanish" va undan yuqorigacha "Ular" tushunchasi salbiy ahamiyatdagi yaqinlik darajasi bilan xarakterlanadi (noldan past), ya’ni "Muloqot qilish kerak bo‘lmagan notanish odam" va undan past daraja.
Anketa o‘tkazishdan olingan dastlabki ma’lumotlarni biz butun sinf uchun umumiy jadvalga (2.3.2.) jamladik va har bir respondent uchun ham vertikal ustun bo‘yicha, ham gorizontal chiziq bo‘yicha o‘rta va boshqa statistik ko‘rsatkichlarni hisoblab chiqdik. Sonli jadval juft munosabatlar matritsasini (qolipini) tashkil qiladi, ammo ikki tomonlama emas, balki bir tomonlama, chunki biz faqat bir tomondan, bir respondentdan baho oldik.
Ikki tomonlama baholashni qo‘shish yordamida esa ikki tomonlama munosabatlarni ham baholash mumkin edi. Agar bizda odatda bo‘lganidek respondentlar soni baholanmayotgan guruh a’zolari soniga teng kelsa, u holda matritsa n2 ko‘rinishini olgan bo‘ladi. Ammo respondentlar o‘zlarini-o‘zlari baholamaganligi uchun haqiqatda to‘ldirilgan kataklar 1n hajmida oz edi va shu holatga mos ravishda kataklar bo‘sh qoldi. Shunday qilib, bizning matritsamiz n kataklarga ega bo‘ldi, ammo to‘ldirilgan kataklar soni n(n-1) bo‘ldi. Bunday hamma matritsa umuman, bizning taxminimizcha tekshirilayotgan guruhning ruhiy-ijtimoiy tarkibini yetarli darajada to‘liq tavsiflay oladi.
Olingan dastlabki ma’lumotlar asosida biz har bir respondent uchun ikki parametr: proeksiya va maqom bo‘yicha o‘rtacha qiymatini hisoblab chiqdik.
Vertikal ustundagi ma’lumotlar mazkur sub’ekt kimni qanday masofaga qo‘yganligini ko‘rsatdi, ya’ni bizga uning sinfdoshlariga munosabati proeksiyasini berdi. Proeksiya bilan o‘quvchi go‘yo o‘zini-o‘zi tavsiflaydi, ya’ni bu bilan u sinfdoshlariga nisbatan qanday munosabatda ekanligini bildiradi. O‘rtacha qiymatdagi proeksiyalar, bizningcha, respondentning o‘zini ijtimoiy guruhga nisbatan faol shaxs sifatida tavsiflaydi. Proeksiya – bu, go‘yo shaxsning o‘z-o‘zini bilvosita "ichki" baholashidir. Ijobiy proeksiya ushbu o‘quvchining guruhga nisbatan ijobiy munosabatlari ustuvor ekanligini bildiradi va uning ijtimoiy plandagi pozitsiyasini ijobiy tavsiflaydi. Salbiy proeksiya ushbu respondentning guruhga salbiy munosabatini ustuvor ekanligini va uning pozitsiyasini ijtimoiy salbiy sifatida tavsiflaydi.
Har bir o‘quvchiga biz ikkitadan o‘rtalashtirilgan ko‘rsatkich-proeksiya va maqom oldik. Bundan tashqari har bir o‘rganilayotgan juftlik uchun 4 tadan ko‘rsatkich baholanishi mumkin: 2 ta ikki tomonlama maqom va 2 ta ikki tomonlama proeksiya.
1. V da A maqomi.
2. A da V maqomi
3. V ga A proeksiyasi
4. A ga V proeksiyasi.
Olingan ma’lumotlar guruhning umumiy ruhiy-ijtimoiy tarkibi, shuningdek, undagi har bir alohida olingan odamning holati haqida tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Bundan tashqari, biz respondentlarning o‘zaro baholarini qo‘shgan holda o‘zaro munosabatlarni ham baholay oldik.
Barcha kataklardan olingan o‘rtacha qiymat ushbu guruhdagi muloqotning o‘rta darajadagi masofasini ifodalaydi. Excel elektron jadvalidagi standart statistik metodlar yordamida biz o‘rtacha qiymat va har bir ustun va har bir misra uchun standart og‘ish ko‘rsatkichlarini hisoblab chiqdik. Bu o‘rinda har bir respondent uchun mos ravishda proeksiya va maqom darajasi qiymatini qo‘lga kiritdik.
Proeksiya va maqom ko‘rsatkichlaridan foydalanib biz sinfning xayrixoh va xayrixoh bo‘lmagan a’zolarini, shuningdek, bir qadar yuqori va bir qadar past maqomga ega bo‘lgan o‘quvchilarni aniqlay olamiz.
Shunday qilib, yaratilgan metodika quyidagilarga imkon beradi:
1. Har bir respondent uchun maqom va proeksiya bazaviy ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida konkret o‘quv guruhida barcha juft aloqalarni tadqiq etish va bular asosida o‘quv-tarbiyaviy tadbirlarni to‘g‘ri tanlash maqsadida sinfdagi shaxslararo munosabatlar darajasini integral baholash mumkin.
2. Shaxslararo munosabatlar holatining dastlabki darajasi qiymatiga ega bo‘lishda zarur bo‘lgan har bir aloqaning emotsional (hissiy) salmog‘ini to‘g‘ridan-to‘g‘ri, reyting baholashdan foydalanish.
3. Eng kichik birlikkacha aniqlikdagi ob’ektiv baholashni o‘tkazishga imkon beradigan interval shkalani qo‘llab hisob-kitob olib borish. Buning natijasida nafaqat o‘quv guruhlaridagi turli sub’ektlarni, balki turli sondagi sub’ektlarga ega bo‘lgan har xil guruhlarni o‘zaro qiyoslash imkoniyati tug‘iladi.
4. Ijobiy, salbiy shaxslararo aloqalarni, shuningdek, ularning jamlanmasini baholash, ya’ni sinfdagi o‘quv-tarbiyaviy jarayonni rejalashtirish va tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan integral ko‘rsatkichlarni berish.
Tadqiqot va anketa o‘tkazishdan oldin bolalar ishning maqsad va vazifalari bilan tanishtiriladi. Ularning umumiy mazmuni, masalan, quyidagi yo‘riqnomada berilishi mumkin: Bolalar, siz qaerda o‘qimang, hamisha atrofdagi odamlar bilan muayyan munosabatlarga kirishish kerak. Bu munosabatlar ko‘ngildagidek bo‘lishi uchun esa, har biringiz ularni bir xil baholashni o‘rganishingiz zarur. Sizga berilayotgan topshirish tengdoshlaringiz bilan o‘zaro munosabatni qanchalik to‘g‘ri tushunishingizni ko‘rsatadi. Agar siz xohlamasangiz, olingan natijalar haqida mendan boshqa hech kim bilmaydi. Agar siz bu natijalarni o‘rtoqlashishni istasangiz, u holda, bular o‘z navbatida, unga sizning istaklaringizni hisobga olgan holda partalarga taqsimlashda, ijtimoiy foydali faoliyat bilan shug‘ullanish chog‘ida, guruhlarga bo‘lishda, jamoat topshiriqlarini bajarish uchun tavsiya berishda yordam beradi.
Maktab sinflarida ichki guruh o‘zaro aloqasining ko‘plab tavsifini baholashga imkon beradigan bu tadqiqot ishi o‘quvchilarda sezilarli qiziqish uyg‘otdi. Ammo ishlab chiqilgan anketa to‘ldirish uchun "o‘quvchining familiyasi va ismi" deb yozilgan katakchaning albatta bo‘lishini ko‘zda tutadi. Shuning uchun ham anketaning anonimligi o‘z kuchini yo‘qotadi. O‘quvchilarni ularning hisobotlari to‘liq "sir saqlanishi" haqida, biror-bir ma’lumotning oshkor bo‘lishi mumkin emasligi haqida ishontirilgandan so‘ng ular berilgan savollarga javob berishga rozi bo‘ldilar. O‘quvchilar tadqiqotning ilmiy xarakterda ekanligi va ular yordamida javob uchun berilgan savollarga aniq javob olish zarurligi haqida ogohlantirildi.
Pedagogik diagnostika va pedagogik nazorat shaxsiy, situativ va boshqa omillar ta’siriga uchragan differensial, har tomonlama va o‘zaro bog‘liq jarayonlardan iborat ekan, u holda ularni metrologik ishonchli vositalar bilan yetarli darajada aks ettirish qiyin. Natijalarni ishlab chiqishni matematik ta’minlash sifatida intervallar shkalasi qo‘llanildi, chunki nominal va tartib shkala ko‘rsatkichlari o‘rta arifmetik kattalikni hisoblab chiqishga imkon bermaydi, proporsiyalar shkalasini esa bunga qo‘llab bo‘lmaydi, chunki shkalaning ahamiyati ma’lumotlarni ishlash qulayligidan kelib chiqib erkin tanlangan. Diagnostikaning ob’ekt o‘lchovi bilan miqdorlar aloqasiga asoslangan ayrim statistik metodlari mavjud xolos. Bu ob’ektlar kattaliklarni taqsimlashning qaysidir qonuniga, masalan, normal qonuniga bo‘ysunuvchi ob’ektlar yoki proporsiyalar shkalasi bo‘yicha o‘lchov qonuniga, masalan, o‘quvchilarning bo‘yi va og‘irligiga bo‘ysunuvchi ob’ektlardir. Bu taqsimotlarga o‘rta kattalikdagi og‘ish, dispersiya, matematik kutish va boshqa tamoyillar haqida statistik asoslangan tushunchalar chiqarish orqali mavjud matematik apparatni qo‘llash mos keladi. Ushbu tamoyillar o‘lchovdagi xatolarni chiqarish bilan ma’lumotlarni qayta ishlashdagi aniqlikni hisobga olib, o‘lchov o‘tkazish aniqligini belgilaydi. Tanlanmalar sonining ozligi uchun bizda baholash natijalari o‘quvchilar tomonidan har bir o‘quvchiga nisbatan munosabatlar variantlari taqsimotining normal qonuniga mos keladi deb hisoblashga asos yo‘q.
Shu bilan bog‘liq holda har bir sinfdagi real mavjud bo‘lgan ma’lum "og‘ishlar" (ya’ni tasodifiy og‘ishlar) bo‘lishi mumkin. Bizda shuningdek, o‘rta kattalik yoki standart og‘ish asosida haqqoniylik mezonlarini (o‘lchov aniqligini) qo‘llashga ham asosimiz yo‘q, chunki sinf qarama-qarshi tendensiyaga yoki sinfda mavjud bo‘lgan yagona tendensiyaga ega bo‘lgan ikkita ekstrem guruhga bo‘linib ketishi mumkin. Shuning uchun ham statistik metodlar bu – sonlarning shundayligicha tahlili vositasi, ayrim belgilarining haqiqiy ahamiyatini belgilab bermaydi. Shunga qaramasdan, o‘lchovlar natijasi aniqlik va ishonchlilik talablariga javob berishi kerak. Pedagogik diagnostika rivojlanishining hozirgi bosqichida o‘lchovlar sifatini baholashga imkon beradigan mos keluvchi mezonlar sifatida mashhur klassik mezonlarni qo‘llash mumkin, ya’ni: 1). Ob’ektivlik; 2) ishonchlilik; 3) validlik. Ular o‘zlari asosida bajariluvchi testlar va o‘lchovlarning barcha mashhur nazariyalariga to‘g‘ri keladiki,1 ular, shu jumladan, bizning modifikatsiyalashgan ijtimoiy o‘lchov tadqiqotimizga ham mansubdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |