IMOM AL-BUXORIY, AHMAD FARG’ONIY VA BURHONIDDIN MARG’ILONIYNING YUBILEYLARI
REJA:
1. IMOM ISMOIL AL-BUXORIY VA IMOM AT-TERMIZIYNING HADIS ILMI RIVOJIDAGI XIZMATLARI
2. AHMAD AL-FARG’ONIYNING HAYOTI VA IJODI
3. BURHONIDDIN MARGʻINONIYNING HAYOTI VA IJODI
Islom dini ta’limoti asoslarini yorituvchi Qur’onè Karimdan keyingi asosiy manba hadis hisoblanadi. Hadislarni to‘plash va ularga muayyan tartib berish asosan VIII asrning ikkinchi yarmidan boshlanib, uni eng bilimdon, turli fan asoslarini mukammal o‘rgangan, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan kishi (muhaddis)lar tartib bergan. VIII-XI asrlarda to‘rt yuzdan ortiq muhaddis hadis ilmi bilan shug‘ullangan. Mazkur bilimlarni o‘rganishning o‘ziga xos yo‘nalishi bo‘lib, «hadis ilmi» nomi bilan yuritilgan. Keyingi yillarda Muhammad Alayhis-salomning hayoti, faoliyati hamda uning diniy-axloqiy ko‘rsatmalarini o‘z ichiga olgan hadislar, Imom Ismoil al-Buxoriyning “Al-jome’ as-sahih” («Ishonarli to‘plam»), “Al-adab al-mufrad” («Adab durdonalari»), Imom Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziyning “Ash-Shamoil an-nabaviya” asarlari nashr etildi. “Hadis” yoki “Sunna” so‘zlari bir ma’noni anglatib, Rasulullohning hayoti va faoliyati hamda diniy va axloqiy ko‘rsatmalari haqidagi rivoyatlardan iborat.
Muhammad alayhissalomning ibratli ishlari, e’tiqod, poklik va insonga xos ma’naviy-axloqiy xislatlarni ifodalovchi so‘zlari, pand-nasihatlari uning nomi bilan bog‘liq hadislarda mujassamlangan.
Hadislar dastlab yozib borilmagan. Payg‘ambar Muhammad Alayhis-salom arab bo‘lmagan kishilarning hadislarni Qur’oni Karim oyatlari bilan adashtirib yuborishlaridan cho‘chib, hadislarning yozib borilishiga ruxsat etmaganlar. Biroq payg‘ambar Muhammad Alayhis-salom huzurida sahoblar bo‘lib, ular Rasuli akramdan eshitgan hadislarini yodlab borganlar. Jumladan, hazrati Abu Hurayra ana shunday mo‘tabar kishilardan biri bo‘lib, hadislarni mukammal yodlab borgan. Abu Hurayra tomonidan qayd etilgan hadislar to‘g‘ri, ishonarli (sahih) hadislar hisoblangan.
Lekin hadislarni yod olgan kishilar sonining tobora kamayib borishi natijasida ularning asta-sekin unutilib ketishi borasidagi xavf yuzaga keladi. Ana shu xavfning oldini olish maqsadida xalifalar ishonarli hadislarni to‘plashga farmon berganlar. Hadislarni to‘plash xususidagi farmon dastlabki xalifa Umar ibn Abdulaziz tomonidan berilgan.
Hadislarni yozib borish bilan mashg‘ul bo‘lgan ilk muhaddislar sifatida Rabee bin Sabeh, Said ibn Abi Aruba, Molik bin Anas, Abdumalik bin Jurayj Makkiy, Abdurahmon al-Avzoiy Shoshiy, So‘fyon Savriy Kufiy va boshqalardir.
VIII-IX asrlar hadis ilmining rivojlanishida “oltin davr” hisoblanadi. Bu davrga kelib, Islom ulamolari tomonidan hadislarning qay darajada to‘g‘riligi, ularning qanday manbalarga tayanilib to‘planganligi jiddiy tadqiq etila boshlandi. Chunki ba’zi soxta, ishonchsiz hadislar ham paydo bo‘la boshlagan, ularni tekshirib, asl hadislarni tiklash va yozma ravishda qayd qilish zamon talabi bo‘lib qolgan edi. Shuning uchun ham birinchidan, hadislarni yoddan biluvchi haqiqiy, bilimdon, o‘tkir mulohazali kishilarning asta-sekin kamayib ketayotganligi, ikkinchidan, hadislarning haqiqiy, ishonarli, ya’ni sahihlarini saqlab qolish maqsadida ular tekshirilib, asl holiga keltirib, yozib yig‘ila boshlangan. Ana shu tarzda hadis ilmi rivojlana boshlagan.
Islom olamida oltita ishonchli to‘plam (as-sahih as-sitta) eng nufuzli manbalar sifatida e’tirof etilgan. Ushbu manbalarning mualliflari IX asrda yashab ijod qilgan quyidagi muhaddislar bo‘lganlar: Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 194 (810), - 256 (870), Imom Muslim ibn al-Hajjoj 206 (819), - 261 (874), Imom Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy 209 (824), - 279(892), Imom Abu Dovud Sulaymon Sijistoniy 202 (817), - 275(880), Imom Ahmad an-Nasoiy (215 (830), - 303 (915) va Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Mojja 209 (824), - 273(886).
Muhaddislar tomonidan yaratilgan va ishonarli manbalar deya e’tirof etilgan “Al-kutub as-sitta” (“Olti kitob”) quyidagilardan iborat:
1. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy tomonidan yozilgan “Al-jome’ as-sahih” asari.
2. Imom Muslim an-Nishopuriy (Imom Muslim ibn al-Hajjoj) tomonidan yozilgan “As-sahih” asari.
3. Imom ibn Mojja tomonidan yozilgan “Sunnan”.
4. Imom Abu Dovud Sulaymon–Sijistoniy tomonidan yozilgan “Sunnan” asari.
5. Imom Muhammad ibn Iso at-Termiziy tomonidan yozilgan “Aj-jami al-kabir” asari.
6. Ahmad an-Nasoiy tomonidan yozilgan “Sunnan”.
Movarounnahrda birinchi bo‘lib hadis to‘plagan muhaddis Imom Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy sanaladi. Allomaning safdoshlari sifatida Imom Ahmad ibn Xanbal al-Marvaziy, Is’hoq ibn Rahovayh al-Marvaziy, Imom al-Haysam ibn qulayb ash-Shoshiy, Hofiz al-Xorazmiy, Imom Abdulhasan Ahmad ibn Muhammad as-Samarqandiy kabi vatandoshlarimizning nomlari ham mashhur.
Hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblangan hijriy uchinchi (milodiy toʻqqizinchi) asrda hadisshunoslikda katta muvaffaqiyatlar qoʻlga kiritilgan. Chunonchi, butun islom dunyosidagi eng nufuzli manbalar deb tan olingan oltita ishonchli hadislar toʻplamining (as-sihoh as-sitta) mualliflari yashab ijod qilganlar. Yana shunisi diqqatga sazovorki, mazkur olti muhaddisning deyarli hammasi Markaziy osiyolik boʻlib, ular: Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al-Hajjoj (206/819 – 261/874), Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy (209/ 824 – 279/892), Imom Abu Dovud Sulaymon Sijistoniy (202/817 – 275/880), Imom Ahmad An-Nasoiy (215/830 – 303/915), Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazib ibn Mojja (209/824 – 273/886) kabi siymolardir. Shular ichidan “Hadis ilmida amir al-moʻminiyn” degan sharafli nomga sazovor boʻlgan Imom al-Buxoriy alohida eʼtiborga molik buyuk olimdir.
Uning toʻliq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mugʻiyra ibn Bardazbeh al-Juafiy al-Buxoriy boʻlib, u hijriy hisobda 194 yil shavvol oyining 13-kuni (810 yil 20 iyul)da Buxoro shahrida tavallud topgan. Boshqa koʻpgina olimlardan farqli oʻlaroq al-Buxoriy tugʻilgan sana aniq koʻrsatilishiga sabab shuki, uning otasi Ismoil oʻz davrining ilmli odamlaridan boʻlib, oʻgʻlining tugʻilgan kunini oʻz qoʻli bilan yozib ketgan qogʻoz zamondosh olimlar ixtiyoriga yetgan va shu xususda ham uning aniqligiga hech shubha yoʻq. Al-Buxoriy yoshligidayoq otasi vafot etib, onasi tarbiyasida oʻsgan. U yoshligidan aql-idrokli, oʻtkir zehnli va maʼrifatga havasi kuchli boʻlib, turli ilm-fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zoʻr qiziqish bilan egallaydi. Manbalarda koʻrsatilishicha, u oʻn yoshidan boshlab oʻz yurtidagi turli rivoyatchilardan eshitgan hadislarni, shuningdek, Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis toʻplamlarini mutolaa qilib, yodlagan, ustozi Shayx Dohiliy bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizgʻin bahslarda qatnashgan. 825 yili oʻn olti yashar al-Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Hijozga qarab yoʻl tutadi, muqaddas shaharlar Makka va Madinani ziyorat qilib, olti yil Hijozda yashab, hadis ilmidan oʻz bilimini yanada oshirish maqsadida oʻsha paytda ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bagʻdod kabi shaharlarda yashab, u joylardagi mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan ham taʼlim oladi, yirik olimlar davrasida ilmiy bahslaru munozaralarda qatnashadi va ilm toliblariga dars ham beradi. Imom al-Buxoriy hayotining koʻp qismi xorijiy ellarda, musofirchiliqda oʻtadi. Bu haqda uning oʻzi: “Misr, Shom, Mesopatamiyaga ikki martadan, Basraga toʻrt marta borganman. Hijozda olti yil yashaganman, Bagʻdod va Kufa shaharlariga necha marta borganim hisobini bilmayman”, degan ekan. U safar chogʻida ham, bir shaharda muqim turganda ham ilmini oshirish borasida tinimsiz ishlar, toʻplagan hadislarini oqqa koʻchirar edi. Muallifning yozishicha, Bagʻdodda istiqomat qilgan paytda koʻpincha oyning nurida ijod qilib, qorongʻi kechalarda sham yorugʻida kitob yozar ekan.
Ilm oshirish maqsadida al-Buxoriy juda koʻplab olimlardan taʼlim oladi. Nishopurlik al-Hakimning (1015 yilda vafot etgan) yozishicha, ustozlarining soni toʻqsontalar atrofida boʻlib, ular: Muhammad ibn Yusuf al-Gʻaryobiy, Ubaydulla ibn Musa al-Abasiy, Abu Bakr Abdulla ibn az-Zubayr al-Hamiydiy ibn Rohaviyh nomi bilan mashhur boʻlgan Imom Isʼhoq ibn Ibrohim, Imom Ahmad ibn Hanbal, Ali ibn al-Madaniy va boshqalardir.
Oʻz navbatida al-Buxoriy ham koʻpgina shogirdlariga ustozlik qilgan. Isʼhoq ibn Muhammad ar-Ramodiy, Abdulloh ibn Muhammad al-Masnadiy, Muhammad ibn Xalaf ibn Qutayba, Ibrohim al-Harbiy, Abu Iso at-Termiziy, Muhammad ibn Nasr al-Marvaziy, Muslim ibn al-Hajjoj kabi yetuk olimlar uning shogirdlaridir.
Termizlik mashhur muhaddis Abu Iso at-Termiziy al-Buxoriyga ham shogird, ham safdosh hisoblanib, ularning oʻzaro munosabatlari ibratli boʻlgan. Uzoq yillar Sharqning turli-tuman mamlakatlariga safar qilgandan keyin umrining oxirlarida al-Buxoriy besh (863 – 868) yil Nishopurda yashab, madrasada hadis ilmidan dars bergan. Oʻsha paytda Nishopur musulmon Sharqidagi eng yirik ilmiy markazlardan biriga aylanganligi sababli koʻp mashhur olimlar shu shaharda toʻplangan edilar. Al-Buxoriyning at-Termiziy bilan uchrashuvi ham Nishopurda yuz berib, diyorimizdan chiqqan ikki mashhur muhaddis oʻrtasida unutilmas, qizgʻin ilmiy bahslar, koʻpdan-koʻp ijodiy, doʻstona uchrashuvlar boʻlib oʻtadi. At-Termiziyning yozishicha, u oʻz asarlari uchun koʻp maʼlumotlarni al-Buxoriy bilan uchrashuvlaridan olgan. Shu bilan birga al-Buxoriy ham at-Termiziyning bilimini yuqori baholab: “Men sendan koʻrgan foyda sen mendan koʻrgan foydadan ortiqroq”, deb unga nisbatan chuqur hurmatini bildirgan. At-Termiziy oʻz ustozi va safdoshi al-Buxoriyni butun umri davomida hurmatlab, unga samimiy sadoqatda boʻlgan. Arab tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiyning (1274 – 1374) “Tazkirat ul-Hufoz” (“Hofizlar haqida tazkira”) nomli asarida yozishicha, at-Termiziy oʻz ustozining vafoti tufayli qattiq qaygʻuga botib “koʻp yigʻlaganidan hatto koʻzlari koʻr boʻlib qolib, uzoq yillar koʻzi ojiz holda yashadi”.
Imom al-Buxoriy nafaqat yirik olim, balki oʻzining goʻzal xulq-atvori, odamoxunligi, muruvvatliligi, himmatliligi va beqiyos saxovatliligi bilan boshqalardan tamomila ajralib turgan. U zehni oʻtkirligi va yodlash qobiliyatining kuchliligi bilan ham xalq orasida gʻoyat shuhrat qozongan. Manbalarda al-Buxoriyning 600 mingga yaqin hadisni yod bilgani qayd qilingan.
Imom al-Buxoriy xorijdan qaytgach, oʻz vatani Buxoroda koʻplab shogirdlar va ulamolarga hadis ilmidan saboq berish bilan mashgʻul boʻladi. Koʻpchilik uni hurmat qilgan, ammo baʼzi hasadgoʻy, qora niyatli kishilar al-Buxoriyni koʻrolmas edilar. Natijada hasadgoʻylarning xatti-harakati tufayli Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad az-Zuhaliy bilan al-Buxoriyning aloqasi buzilib qoladi. Bunga sabab, amir olimdan huzuriga kelib “Al-jomeʼ as-sahih”, “At-taʼrix” kitoblarini oʻqib berishni talab qiladi. Lekin al-Buxoriy “Men ilmni xor qilib, uni hokimlar eshigi oldiga olib bormayman, kimga ilm kerak boʻlsa, oʻzi izlasin. Lekin Alloh oxirat kuni ilmni yashirmay uni toliblarga sarf qilgani uchun meni kechiradi”, degan javobni aytadi. Amirga javob yoqmay, fitnachi, boʻhtonkor shaxslarning gapiga kirib al-Buxoriyga shaharni tark etishni buyuradi. Shundan keyin al-Buxoriy Samarqandga qarab yoʻl oladi va birmuncha muddat Xartang qishlogʻida oʻz shogirdlari va qarindosh-urugʻlarinikida yashagandan keyin ogʻir kasalga chalinib, hijriy 256 yil (melodiy 870 yil 1 sentyabr) 60 yoshida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.
Imom al-Buxoriy avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirgan boʻlib, u yozgan asarlarning soni yigirmadan ortiqdir. Ulardan “Al-jomeʼ as-sahih”, “Al-adab al-mufrad”, “At-taʼrix as-sagʻir”, “At-taʼrix al-avsot”, “At-taʼrixal-kabir”, “Kitob al-ilal”, “Barr ul-volidayn”, “Asomi us-sahoba”, “Kitob al-kuna” va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Buyuk allomaning eng muhim asari, shubhasiz, “Al-jomeʼ as-sahih”dir. Bu asar “Sahiyh al-Buxoriy” nomi bilan ham mashhur. Uning gʻoyat ahamiyatli tomoni shundaki, Imom al-Buxoriygacha oʻtgan muhaddislar oʻz toʻplamlariga eshitgan barcha hadislarini tanlab oʻtirmay qatorasiga kiritaverganlar. Imom al-Buxoriy esa turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga boʻlib, ularning ishonchlilarini ajratib, alohida kitob yaratdi.
Alloma ibn Salohning taʼkidlashicha, al-Buxoriyning bu asariga kiritilgan ishonchli hadislarning soni takrorlanadiganlari bilan birga 7275 ta boʻlib, takrorlanmaidigan holda esa 4000 hadisdan iborat.
Bu sharafli ishni birinchi al-Buxoriy boshlab bergan boʻlib, keyin qator olimlar unga taqlid qilib, shu zaylda hadislar toʻplamini yaratganlar. Imom al-Buxoriyning ushbu yirik asari yozilganiga taxminan 1200 yil boʻldi, oʻsha davrdan boshlab toki shu vaqtgacha u islom taʼlimotida Qurʼondan keyingi ikkinchi oʻrinda turadigan muhim manba sifatida yuqori baholanib kelinmoqda. Imom al-Buxoriyning ushbu asarining koʻplab nusxalari turli shaharlarda tarqalgan. Hatto oʻrta asrlarda yashagan baʼzi adib va xattotlar uchun bu asar nusxalarini koʻchirish tirikchilik manbai ham boʻlgan. Jumladan, taniqli adib va tarixchi an-Nuvayriy (1332 yilda vafot etgan) al-Buxoriyning ushbu asaridan sakkiz nusxa koʻchirib, har birini ming dirhamdan sotgan. 1325 yilda koʻchirilgan sakkiz jilddan iborat goʻzal bir nusxasi hozir Istanbulda saqlanmoqda. “Al-Jomeʼ as-sahih”ga koʻpdan-koʻp sharhlar bitilgan boʻlib, muhim manba sifatida u qayta-qayta nashr ham qilingan. Imom al-Buxoriy toʻplamlariga kiritilgan hadislar mehr-muhabbat, saxiylik, ochiq koʻngillik, ota-ona, ayollar va kattalarga hurmat, yetim-yesirlarga muruvvat, faqir bechoralarga himmat, vatanga muhabbat, mehnatsevarlik va halollikka daʼvat etish kabi haqiqiy insoniy fazilatlar va namunali tartibotlar majmuasidir. Unda nima yaxshi, nima yomon, nimani qilish kerak, nimadan oʻzni tiyish lozimligi haqida hozirgi jamiyatimiz ahli, ayniqsa, yosh avlod uchun katta tarbiyaviy ahamiyatga ega yoʻl-yoʻriqlar, pand-nasihat va oʻgitlar aks ettirilgan.
1974 yilda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari Diniy boshqarmasi tashabbusi bilan jumhuriyatimizda butun islom dunyosi vakillari ishtirokida allomaning 1200 yillik yubileyi nishonlangan edi. Uning shoh asarlari hisoblanmish “Al-Jomeʼ as-sahih” va “Al-adab al-mufrad” kitoblari Toshkentda qaytadan nashr qilinishi al-Buxoriy merosini oʻrganishda katta ahamiyatga ega boʻldi. Toshkentdagi diniy oliy maʼhadning Imom al-Buxoriy nomi bilan atalishi bundan oʻn ikki asr muqaddam ilm-fan yoʻlida beqiyos katta xizmat qilgan buyuk olimga chuqur hurmat-etiborning ramzidir. Allomaning Xartang qishlogʻida joylashgan salobatli maqbarasi eng obod va koʻrkam qadamjolardan biri sifatida ardoqlanib, islom ahli va barcha mehmonlar uchun tabarruk ziyoratgoh sifatida mashhurdir. 1998 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti formoni bilan buyuk hadisshunos allomaning 1225 yillik tavallud kuni keng jamoatchilik tomonidan katta hurmat va ehtirom ila nishonlanib, uning maqbarasi qayta qurildi.
Kishilik taraqqiyotiga o’zining o’chmas ulushini qo’shib, mamlakatimiz shuhratini olamga taratib, tarix sahifalariga abadul-abad muhrlangan Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug’bek, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Bahoviddin Naqshband, Alisher Navoiy singari ulug’ siymolarni yetishtirgan millat har qancha g’ururlansa arziydi. Bir haqiqatni barchamiz anglab olishimiz zarur. O’zbek zaminida asrlar davomida fan va madaniyatning turli sohalarida buyuk iste’dodlarning parvarish topgani bejiz emas, albatta. Buning uchun, avvalo, asriy an’analar, tegishli shart-sharoit, tafakkur maktabi, madaniy-ma’rifiy muhit mavjud bo’lmog’i kerak. Millatning tabiatida, qonida, nasl-nasabida ezgulik va ma’rifat sari intilish mafkurasi va qonuniyati jo’sh urishi lozim. Ahmad al-Farg’oniyning olamshumul merosi dunyo madaniyati va ma’rifati xazinalaridan biri bo’lib, milliy salohiyatimiz, milliy tafakkurimiz ko’lami va qudratining isbotidir.Ahmad al-Farg’oniy islom madaniyati davrining eng zabardast va yorqin namoyandalaridan biri, o’z zamonasining fundamental fani asoschilaridan edi.
Uning merosi insoniyatning yangi ilm cho’qqilariga ko’tarilishiga sabab bo’ldi, butun ma’rifiy dunyo olimlari uchun dasturulamal bo’lib xizmat qildi. Farg’onalik bu fozil zotning “Astronomiya asoslari” nomli shoh asari o’n ikkinchi asrdayoq lotin va ivrit tillariga tarjima qilingan edi.Yevropada kitob nashr etish boshlangan XV asrda esa bu asar Italiyada, keyinchalik Germaniya, Fransiya, Gollandiya va AQSH kabi mamlakatlarda qayta-qayta chop qilingani uning naqadar yuksak ahamiyatga egaligini ko’rsatadi. Inson tafakkurining bebaho mahsuli bo’lgan bu kitob asrlar davomida astronomiya fani bo’yicha o’ziga xos qomus vazifasini o’tagan. Dunyoning eng nufuzli dorilfununlarida undan asosiy darslik sifatida foydalanib kelingan.Ahmad al-Farg’oniy yerning sharshimon shaklga egaligi borasidagi qarashlarini oradan sakkiz yuz yil o’tib amalda isbotlagan mashhur sayyoh Xristofor Kolumb, Yer meridianining bir darajasi miqdori haqidagi al-Farg’oniy hisoblarining to’griligiga to’la ishonch hosil qildim, degan dastxat qoldirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |