Mavzu bo’yicha savollar:
1. Samarqandning Rossiya imperiyasi tomonidan istilo qilinishi haqida gapirib bering.
2.XIX ikkinchi yarmi-XX asr boshlarida Samarqand viloyatining ma’muriy-
boshqaruv tizimi va aholisi to’g’risida ma’lumotlar.
3.XIX asr oxiri XX asr boshlarida Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatgan sanoat korxonalari.
4. .XIX asr oxiri XX asr boshlarida Samarqand viloyati qishloq xo‘jaligi
5.XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Samarqand viloyatida hunurmandchilik va savdo munosabatlari.
7-Mavzu: Samarqand XX asrda
Samarqand shahri sovet tuzumi davrida (1917-1991 yillarda) muhim tarixiy voqelarga guvoh bo‘ldi. Siyosiy, iqtisodiy va strategik jihatdan O‘zbekistonning aynan markazida joylashgan Samarqand bu davrda Toshkent shahridan keyin respublikada o‘zining yetkachilik mavqeni saqlab qoldi.
Rossiya imperiyasining poytaxti bo‘lgan Petrograd (hozirgi Sank-Peterburg) shahrida 1917 yilda amalga oshirilgan Fevral inqilobi va Oktyabr to‘ntarishi natijasida, Turkiston o‘lkasida, xususan, Toshkentda yuz bergan voqyealar Samarqand shahri tarixida ham o‘z inikosini topdi. Samarqand aholisi Rossiyada monarxik tuzum qulaganligi haqidagi xabarni zo‘r xursandchilik bilan kutib oldi. 1917- yil 5 martda va 10 martda Samarqand shahrining eski va yangi qismlarida bo‘lgan namoyishlarda o‘n mingdan ortiq kishi qatnashgan.
1917- yil mart oyidan boshlab Turkiston o‘lkasida turli jamiyatlar va uyushmalar tashkil topa boshladi. Bu jamiyatlarning eng mashhuri “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti bo‘lgan. 1917- yil bahorida Samarqand shahrida ham “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti tuziladi. Unga taraqqiyparvarlar va ulamolar, endigina shakllangan milliy burjuaziyaning ko‘zga ko‘ringan vakillari Isoxon qozi, eshon Akobirxo‘ja, savdogar va katta yer egasi Shamsiboy Maxsum, boylardan Hasan Zubaydullayev, Mamaraimboy, Madaminboy, sobiq amaldorlardan Bahriddin va Abdug‘ulom hamda boshqalar kirishgan.
1917- yil 8 sentyabrda Samarqandda shahar dumalariga bo‘lgan saylovda “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti a’zolari katta ustunlik bilan g‘olib chiqdi. Biroq 1917- yil kech kuziga kelganda Samarqandda kuchlar nisbati bolsheviklar foydasiga o‘zgardi. Bolsheviklar Petrograd va Toshkentda bo‘lgani singari Samarqandda ham hokimiyatni zo‘rovonlik yo‘li bilan egallashgan. 1917- yil 1-2 dekabrda Samarqand shahridagi hokimiyat bolsheviklar nazorati ostida ishchi va dehqon deputatlari Sovetlari qo‘liga o‘tdi. 4 dekabrda bolsheviklar tomonidan soldat, ishchi va musulmon deputatlari sovetlarining harbiy inqilobiy komiteti tuzildi va u butun Samarqand shahri va viloyatidagi hokmiyatni o‘z qo‘liga oldi.
Bolsheviklar butun e’tiborini hokimiyatni mustahkamlashga qaratishgan. Ular iqtisodiyot sohasida ham favqulodda choralarni qo‘llab, yirik sarmoyadorlar qo‘lidagi zavod va fabrikalarni davlat hisobiga musodara qilishgan. Xususan, 1918- yil fevralda Samarqanddagi M.Kugel bosmaxonasi musodara qildinib, bosmaxonaning xo‘jayini qamoqqa olingan. 1918- yil 5 martdagi dekretga asosan, Samarqanddagi paxta tozalash, yog‘ va sovun zavodlarini hammasi sovet davlati mulkiga aylantirilgan. 1918- yilning birinchi yarmida boshqa bosmaxonalar, cho‘yan quyish va ko‘n zavodlari, shuningdek banklar va temir yo‘l ham musodara qilingan.
Turkiston mintaqasida boshlangan sovet rejimiga qarshi qurolli harakat 1918- yil yozidan boshlab Samarqand viloyatida ham keng tarqalgan. Samarqand viloyatidagi qurolli vatanparvarlarga Ochilbek (taxminan 1883-1923yy. ) va Bahrombek (1885-1922 yy. ) kabi qurboshilar boshchilik qilganlar. Samarqand viloyatida qizil armiya qismlariga qarshi olib borilgan shiddatli janglardan so‘ng, 1922- yil yozida harakat rahbarlaridan biri Bahrombek bilan bolsheviklarning vakillari Nazir To‘raqulov va boshqalar o‘rtasida sulh tuzish uchun muzokoralar bo‘lgan. Registon maydonida imzolangan sulh bitimiga binoan Bahrombek o‘zining 200 ta eng yaqin safdoshlari bilan muayyan shartlar asosida sovet hokimiyati tomoniga o‘tdi. Biroq bolsheviklar va qizil armiya qo‘mondonligi Bahrombekni jisman yo‘qotish uchun sulh taklif etgan edi. Sulhdan keyin Bahrombek qamoqqa tashlandi. Bunday holatni ko‘rgan Turkiston ASSR dagi milliy rahbar xodimlar Bahrombekni xavfdan ogohlantirib, uni ozod qildilar. Turkiston ASSR XKS raisi Q.Otaboyev, Turkiston ASSR MIK raisi A.Rahimboyev, Turkiston Kompartiyasi MK raisi N.To‘raqulov, Samarqand viloyatida “bosmachilik”ka qarshi kurash uchligim raisi Serg‘oziyev kabi milliy arboblar Bahrombek qo‘rboshini ozod qildganliklari uchun 1922- yil oktyabrda mas’ul lavozimlardan olib tashlandilar. Bahrombek va ukasi Shahriyor qo‘rboshi oradan ko‘p o‘tmay chekstlar tomonidan qo‘lga olindi va Samarqandda otib o‘ldirildi.
1924-yil oxirida O‘rta Osiyoda milliy hududiy o‘tkazilishi natijasida O‘zbekiston SSR tashkil topdi. O‘zbekiston SSRning dastlabki poytaxti Buxoro bo‘lgan. 1925- yil aprelda poytaxt Samarqand shahriga ko‘chirilgan. O‘zbekiston poytaxtini Buxorodan Samarqandga ko‘chirishi munosabati bilan 1925- yil 3 aprelda Registon maydonida o‘tkazilgan mitingda respublika hukumati rahbari Fayzulla Xo‘jayev katta nutq so‘zlab, bu holatning mohiyati va asl sabablarini asoslab bergan.
Samarqand viloyatida bo‘lgan yer-suv islohoti jarayonida sovet hukumati tomonidan o‘ziga to‘q dehqonlarni “quloq” sifatida badarg‘a qilish uchun zamin tayyorlangan. Sovet rejimining bunday siyosatiga jadid taraqqiyparvarlari, ziyolilar, ulamolardan tashqari, hatto, sovet idoralarida mas’ul lavozimlarda ishlayotgan milliy rahbar xodimlar ham qarshi chiqishdi. 1925- yil noyabrda partiyaning rasmiy siyosatiga qarshi chiqqan “o‘n sakkizlar guruhi” orasida samarqandlik milliy rahbar xodimlardan Mirzaxo‘ja O‘rinxo‘jayev (Samarqand viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi), Nasim Shirinov (Samarqand uyezd partiya komiteti mas’ul kotibi) ham bo‘lishgan. Keyinchalik “o‘n sakkizlar guruhi” a’zolarining taqdiri fojiali tugagan. Xususan, Mirzaxo‘ja O‘rinxo‘jayev qamoqqa olinib 1937- yil 7 sentyabrda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Samarqand shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Nosir Xojimetov 1938- yil 13 oktyabrda o‘lim jazosiga hukm qilingan. Xullas, XX asr 30-yillarida samarqandlik ziyolilar, siyosat va jamoat arboblari, oddiy insonlar sovet rejimi tomonidan ommaviy ravishda qatag‘on qilingan.
1935-1939- yillarda butun Ittifoqda bo‘lgan ommaviy qatag‘on siyosati Samarqandni ham chetlab o‘tmadi. Qatag‘on qilingan o‘zbek xalqi vakillari orasida samarqandliklar ham ko‘p bo‘lgan. Oqdaryo va boshqa tumanlarda sovetlarga qarshi faoliyat ko‘rsatgan yashirin milliy tashkilot a’zolaridan bir guruhi (Nazarali Eshmuhamedov, Toshtemir Mavlonov, Berdiyor Safarov, Xo‘jamqul Boboxo‘jayev va boshqalar) 1937- yil 20 avgustda o‘lim jazosiga hukm qilindilar yoxud 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildilar. Bundan tashqari, ushbu yillarda Samarqanddagi jadidchilik harakatining mashhur namoyandalari Hoji Muyin (1883-1942), Vadud Mahmud (1897-1976), Saidrizo Alizoda (1887-1945) kabi mashhur siymolar sovet tuzumi tomonidan qatag‘on qilindi.
Samarqand shahri O‘zbekiston SSRning muhim iqtisodliy, siyosiy va madaniy markazi sifatida XX asr 20-yillaridan boshlab xo‘jalik yuritishning sosialistik uslubi, rejali tizim hamda qattiq markazlashtirilgan xalq xo‘jaligi boshqaruvi negizida rivojlandi. Biroq adolat yuzasidan aytganda, aynan sovet hokimiyati yillarida Samarqand respublikaning Toshkentdan keyingi eng yirik sanoat markaziga aylandi.
Samarqand choy qadoqlash fabrikasi O‘zbekistondagi eng to‘ng‘ich va yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lib, u 1923- yilda tashkil topgan. Fabrika Sovet Ittifoqida ko‘k choy qadoqlaydigan yagona fabrika bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi yillari va undan keyin fabrika yana ham kengaytirilgan.
Samarqanddagi yana bir yirik korxonalardan biri 1868- yilda tashkil qilingan, D.L.Filatov tomonidan asos solingan Samarqand vino zavodi hisoblanadi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida samarqandliklar fashizmga qarshi olib borilgan janglarda mardlik va shijaot namunalarini ko‘rsatdilar. Samarqandda ham milliy qo‘shin birlashmalari tashkil qilinib, frontga jo‘natildi. 1941- yil noyabrda alohida o‘qchi brigada va 1943- yil iyulda 17-alohida Samarqand bataloni tuzildi. Aleksandr Matrosov shijoatini takrorlab mardlarcha halok bo‘lgan samarqandlik Sovet Ittifoqi Qahromoni Qudrat Suyunovning, Brest’ qal’asi himoyachilaridan M.Hamroyev, K.Mixayilov va boshqalarning jasorati tillarda doston bo‘ldi. Samarqand korxonalarida urush yillarida 150 dan ortiq yangi sex bunyod qilindi. 200 xildan ko‘proq yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, ishlab chiqarishning umumiy darajasi ikki baravar oshirildi. Front uchun oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari ko‘p miqdorda harbiy qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib berildi.
Urushdan keyingi yillarda va tinch qurilish davrida Samarqand shahri hayotida muayyan o‘zgarishlar amalga oshirildi. Kommunistik mafkuraning tazyiqiga qaramay bu yillarda samarqandliklar o‘zlarining jonajon shaharlari qiyofasi o‘zgartirish va yaxshilash uchun intildilar.
XX asr 70-80-yillarida Samarqand shahrida yangi xiyobonlar, bog‘lar va parklar vujudga keltirildi. Bu davrda shaharda o‘ndan ortiq xiyobon mavjud bo‘lgan.
Samarqand shahri unda yashaydigan aholi soni bo‘yicha sovet davrida O‘zbekistonda Toshkentdan keyingi ikkinchi o‘rinda turgan. Aholi ro‘yxati ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqandda 1865- yili 26 ming, 1897- yil 55 ming, 1920- yili 82316, 1939- yili 138 ming, 1959- yili 196 ming, 2005- yili 361200 kishi yashagan.
Sovet tuzumi yillarida shaharning yevropaliklar yashaydigan hududi obod qilindi, shahar aholisi ham asosan Rossiya markazidan ko‘chib keluvchilar hisobiga ortib bordi. Jahonga mashhur me’moriy yodgorliklar o‘z holiga tashlab qo‘yildi, qarovsiz qoldirildi, xaroba holiga keldi.
Samarqand – O‘zbekistonning muhim madaniyat markazi hisoblanadi. Osiyo va Afrika mamlakatlari vakillarining uchrashuvi va simpoziumlari muntazam ravishda o‘tkaziladigan yirik markazlardan biri hisoblangan. YuNESKO tashabbusi bilan 1969- yili sentyabrda Samarqandda O‘rta Osiyo xalqlarining temuriylar davri san’atiga bag‘ishlangan Xalqaro simpoziumi bo‘lib o‘tdi. 1970- yili oktyabrda Samarqand shahrining 2500 yilligi dunyo miqyosida tantana qilindi. Shuningdek, Samarqandda 1978, 1983 va 1987- yillarda O‘rta va Yaqin Sharq an’anaviy musiqasiga bag‘ishlangan Xalqaro musiqa anjumanlari o‘tkazildi.
Respublika hukumati qarori bilan 1982- yilda Samarqandning Afrosiyob shahristoni, o‘rta asrlarda bunyod etilgan me’moriy yodgorliklari va XIX asrning so‘ngi choragi va XX asrda qurilgan yangi shahardagi tarixiy binolar, O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixi muzeyi hamda uning bo‘limlari, shuningdek, tarix va o‘lkashunoslik muzeylari asosida Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey qo‘riqxonasi tuziladi.
Samarqand musiqa madaniyati azaldan turkiy va forsiy xalqlarning an’analari o‘zaro qo‘shilib ketganligi bilan ajralib turgan. Musiqa bilan sozanda, xonanda va bastakorlar qatori Samarqandda shoir va olimlar ham shug‘ullangan.
Shuningdek, Samarqandda 1928- yildan O‘zbek musiqa va xoreografiya instituti (hozirgi O‘zbekiston badiiy akademiyasining San’atshunoslik instituti) faoliyat ko‘rsatgan. Bu yerda keyinchalik o‘zbek musiqashunosligining darg‘alari bo‘lib yetishgan mashhur M.Ashrafiy, M.Burxonov, T.Sodiqov, Sh.Ramazonov va boshqa kompozitorlar ta’lim olgan.
XX asr raqs san’atiga ulkan hissa qo‘shgan san’atkorlar oilasi hisoblangan Oqilovlar xonadoni vakillari ham Samarqandda tug‘ilib o‘sishgan.Sulola boshlig‘i O‘zbekiston xalq artisti Isoxor Oqilov (1914-1988) o‘zbek raqsining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan. U kishi 1977 yilda Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Keyingi yillarda Samarqandda iste’dodli xonandalar O‘zbekiston xalq artistlari Nasiba Abdullayeva, Mardon Mavlonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sofiya Saftarova, bastakor Rustam Hamroqulov va boshqalar yetishib chiqishdi.
XX asr boshlarida Samarqandda adabiy hayot o‘zining yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Bu avvalo Turkiston mintaqasida keng tarqalgan jadidchilik harakatining gurkirab rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulqodir Shakuriy, Saidahmad Siddiqiy-Ajziy, Hoji Muyin, Saidrizo Alizoda, Saidahmad Vasliy kabi taraqqiyparvarlar Samarqandda yozgan she’riy va nasriy asarlarida ma’rifatparvarlik va milliy istiqlol uchun kurash g‘oyalarini ifodalashgan. Xususan, buxorolik mashhur adib va olimlar Abdurauf Fitrat hamda Sadriddin Ayniylarning hayotlarini muayyan qismi Samarqandda o‘tib, ular o‘zlarining o‘zbek va tojik tillarida yaratgan nodir durdonalari bilan har ikki qardosh xalqning adabiyot va madaniyat tarixiga katta hissa qo‘shishgan. Samarqand O‘zbekiston SSRning poytaxti bo‘lgan davrda ayniqsa bu yerda adabiy hayot jonlandi, ijodiy tashkilotlar yuzaga keldi, shoirlar, yozuvchilar va adabiyotshunos olimlar bu yerda to‘plandi. XX asrning 20-30-yillarida Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Uyg‘un, Oydin Sobirova, Said Nazar, Shokir Sulaymon, Hasan Po‘lat, Abdulhamid Majidiy kabi shoir va yozuvchilar Samarqandda yashab ijod qilishgan.
XX asrning birinchi yarmida Ergash Jumanbulbul o‘g‘li (1868-1937), Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li (1872-1955), Islom shoir Nazar o‘g‘li (1874-1953), Po‘lkan shoir (1874-1941) kabi samarqandlik xalq shoirlari va baxshilarining ijodiy faoliyati butun O‘zbekiston adabiyotining ko‘rkiga aylandi.
XX asrning o‘rtalari va ikkinchi yarmi Samarqand adabiy hayotining ko‘tarilish va yangi ijodkorlar bilan boyish davri bo‘ldi. Mashhur davlat arbobi, atoqli yozuvchi va shoir Sharof Rashidov (1917-1983) o‘zining ilk ijodini Samarqandda boshladi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Dushan Fayziy “Samarqandnoma” va boshqa she’riy asarlarida Samarqand jamolini jo‘shib kuyladi. Haydar Yahyoyev mazmunli g‘azallar yozdi. O‘zbekiston xalq shoiri Barot Boyqobilov “Samarqand satrlari”, “Samarqand ushshog‘i”, “Afrosiyob” va boshqa she’riy to‘plamlarida Samarqand shahrining ko‘hna tarixi va bugungi kunini tasvirladi.
O‘zbek adabiyotining keyingi taraqqiyotida samarqandlik ikki taniqli ijodkorlar: O‘zbekiston Xalq shoiri Xurshid Davron hamda yozuvchi va jamoat arbobi Murod Muhammad Do‘stning alohida o‘rni bor. Shuningdek samarqandlik shoirlar va yozuvchilar Mamarasul Boboyev, Bobomurod Daminov, Azim Suyun, Bibisora Turobova, Xosiyat Bobomurodova, Mardonqul Muhammadqulov, Raim Farhodiy, Nusrat Rahmatov va boshqalar bu davrda samarali ijod qilishdi.
Samarqand shahri XX asrda O‘zbekistoning yirik fan va ta’limmarkazlaridan biriga aylandi. Samarqandda mahalliy millat vakillaridan ilmiy kadrlar tayyorlashda O‘zbekiston Davlat Pedagogika akademiyasi va uning asosida tashkil topgan Samarqand davlat universiteti katta rol o‘ynadi. Bu oliy o‘quv yurti dastlab 1927- yilda 22 yanvarda Samarqandda oliy pedagogika instituti sifatida tashkil etilgan. SamDU O‘zbekistondagi eng yirik va keksa oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lib, uni Sharof Rashidov, Muso Mo‘minov, Ibrohim Mo‘minov, Yahyo G‘ulomov, Vafo Mo‘minov, Hamid Olimjon, Uyg‘un, Amin Umariy, Hasan Po‘lat, Oydin, Usmon Nosir, Mirtemir, Asqar Muxtor, Tolib Mo‘minov, Botirxon Valixo‘jayev, Ubay Orifov, Mavlon Vahobov, Hamid Inoyatov, Abdurahmon Hamroyev, Farxod Qosimov va boshqa mashhur insonlar tugatgan.
XX asr o‘rtalarida Samarqand davlat universiteti O‘zbekistonda falsafa fanining yirik markaziga aylandi. Bu holat bejiz emas edi. Mashhur faylasuf olim, akademik Ibrohim Mo‘minovning ilmiy faoliyati aynan SamDU da boshlandi va bu yerda u yirik mutaxassis olim sifatida shakllandi. Ibrohim Mo‘minov o‘z tadqiqotlarida Sharq mutafakkirlari Mirzo Bedil, Alisher Navoiy, Ahmad Donish va boshqalarning falsafiy qarashlarini kommunistik mafkura tazyiqiga qaramasdan chuqur o‘rgandi, ularning merosini sovet davrida targ‘ib va tashviq qila oldi. Xususan, I.Mo‘minovning buyuk davlat arbobi va harbiy sarkarda Amir Temur haqidagi risolasining o‘zbek hamda rus tillarida e’lon qilinishi O‘zbekiston madaniy hayotida juda katta voqyea bo‘ldi. U 1958 yili O‘zbekiston SSR FA tarkibidagi Falsafa va huquq institutiga asos soldi. Mashhur alloma 1956-1974- yillarda O‘zbekiston FA vize prezidenti lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.
Bartoldning “Ulug‘bek va uning zamoni” (1918), “Samarqand yodgorliklari to‘g‘risida yangi ma’lumotlar”(1921), “Turkiston tarixi” (1922), “Ulug‘bek tangalari”(1922), “1924 yilda yozda Samarqandda olib borilgan arxeologiya ishlar” (1925), “1924 yilda Turkistonda olib borilgan arxeologik ishlarga doir” (1926) va boshqa asarlari Samarqand tarixiga bevosita taaluqlidir.
A.Yu.Yakubovskiy (1886-1953) ham 20-30 yillarda Samarqandning o‘tmishi va uning yodgorliklarini o‘rganish masalasi bilan shug‘ullanadi. “Qadimiy Samarqandning obrazlari” (1925), “Temur va Temuriylar davrida Samarqand”(1933) asarlarini yaratadi.
V.L.Vyatkin ham Samarqand tarixiga qiziqadi. 1918-1919- yillarda oblast komissari yordamchisi vazifasida ishlaydi, maktablarda dars beradi. V.L.Vyatkin 1922- yildan 1930- yillargacha Afrosiyobda qidiruv ishlarini olib boradi. U xom g‘ishtdan qurilgan ulkan binoning xarobalarini topadi. Shu binoda ganchga o‘yib ishlangan ajoyib panellar va devorga o‘yib ishlangan suratlar namunalarini topadi. 1927- yilda Vyatkinning “Afrosiyob xarobalari” nomli kitobi bosilib chiqadi. V.L.Vyatkin 1932- yilda vafot etadi va Registonda dafn etiladi. 1934- yilning 29 dekabrida olimning xoki o‘zi ochgan Ulug‘bek rasadxonasi yoniga ko‘chiriladi.
Bartoldning “Ulug‘bek va uning zamoni” (1918), “Samarqand yodgorliklari to‘g‘risida yangi ma’lumotlar”(1921), “Turkiston tarixi” (1922), “Ulug‘bek tangalari”(1922), “1924-yili yozda« Samarqandda olib borilgan arxeologiya ishlar” (1925), “1924- yilda «Turkistonda olib borilgan arxeologik ishlarga doir” (1926) va boshqa asarlari Samarqand tarixiga bevosita taaluqlidir.
A.Yu.Yakubovskiy (1886-1953) ham 20-30 yillarda Samarqandning o‘tmishi va uning yodgorliklarini o‘rganish masalasi bilan shug‘ullanadi. “Qadimiy Samarqandning obrazlari” (1925), “Temur va Temuriylar davrida Samarqand”(1933) asarlarini yaratadi.
V.L.Vyatkin ham Samarqand tarixiga qiziqadi. 1918-1919 yillarda oblast komissari yordamchisi vazifasida ishlaydi, maktablarda dars beradi. V.L.Vyatkin 1922 yildan 1930 yillargacha Afrosiyobda qidiruv ishlarini olib boradi. U xom g‘ishtdan qurilgan ulkan binoning xarobalarini topadi. Shu binoda ganchga o‘yib ishlangan ajoyib panellar va devorga o‘yib ishlangan suratlar namunalarini topadi. 1927- yilda Vyatkinning “Afrosiyob xarobalari” nomli kitobi bosilib chiqadi. V.L.Vyatkin 1932 yilda vafot etadi va Registonda dafn etiladi. 1934- yilning 29 dekabrida olimning xoki o‘zi ochgan Ulug‘bek rasadxonasi yoniga ko‘chiriladi.
Samarqandda 1929-1939- yillar ichida yuqoridagi oliy o‘quv yurtlaridan tashqari yana 4 ta institut tashkil qilindi. Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti, Samarqand medisina instituti, Samarqand kooperativ instituti, Samarqand pedagogika instituti. 1966 yilda Samarqandda oltinchi oliy o‘quv yurti – Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand me’morchilik va qurilish institutiga asos solindi. 1969- yil 20-noyabrda shahar tashqarisida harbiy komandir – muhandislar oliy harbiy bilim yurti tashkil topdi. Shuningdek, istiqlolgacha Samarqandda 17 ta texnikum va 27 ta professional-texnika bilim yurti mavjud bo‘lgan.
Samarqandda, bundan tashqari, sovet davrida ko‘plab ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyat ko‘rsatgan. O‘zbekiston hududidagi moddiy madaniyat yodgorliklarini o‘rganish uchun O‘zbekiston FA Tarix va arxeologiya instituti negizida 1970- yili Samarqandda O‘rta Osiyoda yagona, sobiq SSSRda to‘rtinchi bo‘lgan O‘zbekiston FA Arxeologiya instituti tashkil qilindi.
Mavzu bo’yicha savollar:
1.Samarqand shahri sovet tuzumi davrida (1917-1991 yillarda)/
2.XX asrning o‘rtalari va ikkinchi yarmida Samarqandda adabiy hayot.
3.Samarqandda1935-1939- yillardagi ommaviy qatag‘onlik siyosati.
Do'stlaringiz bilan baham: |