Mavzu bo‘yicha savollar
1.Polyeolit davri yodgorliklari sirasiga qaysi yodgorliklar kiradi?
3.Zirabuloq yodgorligi tarixi bilan kimlar shug‘ullangan?
4.Mezolit davri yodgorliklariga qaysi yodgorliklar kiradi?
2-MAVZU. SAMARQAND SHAHRI SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHINING ILK BOSQICHLARI
Reja:
Samarqand vohasining ibtidoiy davri tarixi
Shaharning paydo bo‘lishi va rivojlanish bosqichlari
Mamlakatimizning markaziy sarhadlarini tashkil qiluvchi Zarafshon havzasi bir necha ming yilliklargateng boy tarixga ega. Bu maskan asrlar osha ilm-fan, ma’rifat markazlaridan bo‘lib, o‘zida madaniyat durdonalarini asrab va tarqatib kelgan. Qadimgi Zarafshon havzasida yirik aholi markazlari – shaharlar tashkil topgan. Shulardan biri qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahri bo‘lib, u insoniyat sivilizasiyasining beshigi va markazlaridan biri sifatida jahon madaniyati, fani taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, o‘z zamonasining ilg‘or ilmu fan, ma’naviyat g‘oyalarini dunyo bo‘ylab tarqatishda ilhombaxsh “generator” rolini o‘ynab kelgan shahardir. Samarqand o‘zining qariyb 3 ming yillik o‘tmish tarixi jarayonida o‘z taqdirida larzali silsilalarni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, beshafqat tazyiqlar sinovidan o‘tib, ulug‘ ajdodlarimiz yaratgan intellektual merosni, fan va madaniyatimizning betakror yuksak an’analar bilan bog‘liq fazilatlarini avlodlarga yetkazib kelishda ham xizmati buyuk va mashhur shahardir.
Tarixda shahar yoki shaharlashish (urbanizasiya) jarayoni bir lahzada, to‘satdan paydo bo‘lmaganligi aniq. Har qanday shahar ham o‘zining tashkil topishi, uzoq tadrijiy rivojlanishi va asrlar osha o‘z o‘rnini saqlab qolishi ko‘hna tarixiga ega bo‘lishi mumkin, ammo o‘tmishda tarixiy silsilalarga bardosh berolmasdan barbod bo‘lgan shaharlar ham ko‘p bo‘lgan. Samarqand esa shunday turdosh shaharlardan farqli ularoq, o‘z barqarorligini asrlar osha saqlab, rivojlanishini ta’minlagan boqiy shaharlardan hisoblanadi.
Samarqand shahrining paydo bo‘lishi va rivojlanish tarixi juda qadim hamda murakkab. Uning tarixi avvalo shu voha va, qolaversa, Zarafshon havzasi tarixi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, nafaqat mo‘tadil tabiiy jo‘g‘rofik iqlim sharoiti, shuningdek, vohada vaqt va zamonda kechgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyot omillari, xullas, ulug‘ ajdodlarimizning aql-zakovati mahsuli ham edi. Samarqand tarixini voha tarixisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Samarqand vohasi aslida Samarqand botig‘ida joylashgan bo‘lib, uning uzunligi 193 kilometrni tashkil qilib, janubiy-g‘arbiy yo‘nalishda asta-sekin pasayib va kengayib boradi. Vohaning eng qadimgi o‘tmish tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, uning ustini to‘rtlamchi davr allyuvial jinslari qoplagan uchlamchi davr cho‘kindi jinslardan tarkib topgan bo‘lib, bu yerda neogen davrigacha dengiz bo‘lgan. Alp orogenezida (bundan 25-23 million yillar avval) vodiy quruqlikka aylangan. Zarafshon daryosi o‘z o‘zanini tobora chuqurlashtirib ko‘hna qayirlar (terassa), tog‘lardan oqib tushgan suv daryoga qo‘shilish jarayonida soyliklar, jarliklar va vohalar hosil bo‘lgan. Bu tabiat hodisalari millionlab yillarni o‘z ichiga olgan, albatta. Xullaski, shahar joylashgan vohaning ham sersuv Zarafshon bilan bog‘liqligi, unumdor tuprog‘i, barqaror zilol chashmalari, mo‘tadil tabiiy iqlim, ekologik sharoiti, turli tabiiy resurslarga, hayvonot va o‘simlik dunyosiga boyligi kabi xususiyatlari juda qadimgi, ya’ni paleolit (qadimgi tosh – bundan 100 ming yillar avval) davridan boshlab odamzod e’tiborini tortib kelgan va taraqqiyot sari intilishda bo‘lgan ajdodlarimizning yaratuvchanlik faoliyatlari esa keyinchalik shaharning tashkil topishida muhim omillardan bo‘lib xizmat qildi. Demak, shaharlashish jarayoni, avvalo inson aql-zakovati mahsulidir.
Samarqand vohasida olib borilgan ko‘p yillik arxeologik tadqiqotlar, bu muzofotda yashab o‘tgan ajdodlarimiz ham butun insoniyat kechgan tarixiy rivojlanish pillapoyalarini – ibtidoiy davrni boshdan kechirganligi isbotlangan. Ibtidoiy davr arxeologik jihatdan tosh, mis-tosh va jez davrlari tadrijiy bosqichlariga bo‘lingan holda, toshdan dastlab mehnatqurollarini yasashning kashf qilinishidan, madaniyatning kurtaklari bilan bog‘liq odamzod tarixi ham boshlandi. Bu – uzoq o‘tmish. Uning tosh asri bundan avval 2,5 millon yillar ilgari boshlanib, mil. avv. IV ming yillikka qadar davom etgan va u ham o‘z tadrijiyligiga ega. Bundan qariyb 4 ming yillar avval odamzod misdan, so‘ng III ming yillik oxiri va II ming yillik boshlarida misni qalayga qorishtirib, jezni ixtiro qildilar va metullargiya kashf qilinib, bu hodisa insoniyat hayotida buyuk o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Tarixiy o‘tmishda shaharlashish jarayoni ana shunday insoniyatning davrlar osha erishgan yutuqlarining mahsuli edi.
Hozirgi kunda Samarqand vohasida o‘rta paleolit (100-40 ming yilliklar) davridan boshlab odamzod jamoalari yashab, o‘z davriga xos va mos yuksak madaniyat yaratib kelganligi isbotlangan.
Darhaqiqat, Samarqandning eng qadimgi tarixidan guvohlik beruvchi dastlabki manbalar XIX asrning 80-yillariga borib taqaladi. Bu topilmalar paleolit davriga tegishli tosh qurollardan iborat bo‘lib, dastlab bu ashyolar Samarqand (Afrosiyob) hududidan va keyinchalik bunday tosh mehnat qurollari vohaning boshqa joylaridan ham qo‘lga kiritilina boshlandi. Bu arxeologik ashyolar yakka-yolg‘iz tarzda bo‘lsa-da, keyinchalik dala tadqiqot ishlarining keng ko‘lamda olib borilishiga muayyan turtki bo‘ldi.
Samarqand vohasining ilk tarixini o‘rganish ishlari asosan Samarqand davlat universitetining 1944- yilda qayta tiklanishi, dastlab arxeolog D.N.Lev say’-harakatlari hamda O‘zFA arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimlari ustoz Ya.G‘.G‘ulomov, V.A.Shishkin va I.M.Mo‘minov rahnamoligi bilan bog‘liq edi. Bu tashabbuskor olimlarning har jihatdan qo‘llab-quvvatlashi tufayli urush oqibati qiyinchiliklariga qaramasdan D.N.Lev SamDU arxeologik ekspeditsiyasini tuzib, vohada tadqiqot ishlarini boshlab, vohaning eng qadimgi o‘tmish tarixi bo‘yicha qator kashfiyotlar qilishga erishdi. Jumladan, Taxta Qoracha dovonining Omonqo‘ton qishlog‘i atrofida Omonqo‘ton, Takalisoy o‘rta paleolit davri g‘or makonlarini qazib o‘rgandi va qiziqarli manbalar to‘plashga erishdi. Keyinchalik, ushbu davrga tegishli makonu–manzilgohlar Narpay tumaniga qarashli Zirabuloq va Qo‘tirbuloq makonlari topilib o‘rganildi. Qo‘lga kiritilgan boy manbalar, o‘rta paleolit davri inson to‘dalari nafaqat Surxondaryo vohasida (Teshiktosh g‘orida), shuningdek, vatanimizning keng sarhadlari bo‘ylab yashaganligi masalasiga oydinliklar kiritilinib, diyorimiz tarixi sahifasi bir necha o‘n ming yillarga chuqurlashtirildi. Boz ustiga ma’lum bo‘ldiki, bu muzofotda yashagan o‘sha davr kishilari toshdan turli-tuman va turli shakl-shamoyildagi mehnat qurollarini yaratish ustamonlari bo‘lib, bu hodisalar insoniyat madaniyatining dastlabki kurtaklari edi. Vohaning shu davr yodgorliklaridan topilgan mehnat qurollarining yasalish texnologik uslublari nafaqat Zarafshon havzasi, shuningdek, mamlakatimiz va Tojikistonning ko‘pgina joylarida topilib o‘rganilgan ashyolarga o‘xshashligiga qaraganda sarhadlar jamoalari orasida o‘zaro madaniy aloqalarning mavjud bo‘lganligidan guvohlik berardi. Bu davrda kishilar nafaqat tog‘ massivlarida, shuningdek, keng ko‘lamli tekisliklardan iborat vohalarni ham o‘zlashtirib yashaganlar. Yuqorida eslatilgan makonlar ma’dan qatlamlaridan o‘choq, gulxan izlarining topilishi odamlarning olovni kashf qilishib, kulbalar qurib, sayyohlikdan muayyan muqim yashash sharoitiga o‘ta borishi madaniylashishning ilk kurtaklaridan edi. Bu kabi galma-gal o‘zgarishlar asosida mehnat vositalarining doimiy takomillashtirilishini talab qilardi. Shuningdek, odamlarning birlashib yashashi, ularni tabiat hodisalari va injiqliklaridan saqlab qoldi. O‘sha zamonlarda voha tabiati o‘simlik va hayvonot olamiga boy bo‘lgan. Kishilar to‘da bo‘lib ibtidoiy ot, buqa, fil, qulon, tuya, bug‘u, ayiq singari jonivorlarga birlashib ov va termachilik qilib hayot kechirishganlar. Bu davr tarixan ibtidioy to‘da davri deb ataldi.
So‘nggi paleolit (bundan 40-12 ming yilliklar avval) davri jamoalari o‘rta paleolit davri to‘dalarining merosxo‘rlari edi. Vohada bu davrga tegishli makonu manzilgohlardan bir necha joyda, jumladan, Samarqand shahrining deyarli qoq markazida, Chashmasiyob arig‘ining o‘ng qirg‘oqlari bo‘ylab, Bulung‘ur tumanining Xo‘jamazgil qishlog‘i yaqinida, Nurobod tumanining Sazag‘on qishlog‘i atrofida joylashgan Olmabuloq chashmasi tevaragida va alohida xususiyatga ega topildiq tosh-qurollar vohaning boshqa joylaridan ham topilgan bo‘lib, bu manzara, ya’ni galdagi taraqqiyot bosqichida inson jamoalarining voha bo‘ylab keng ko‘lam muzofotlarni o‘zlashtirib yashaganligidan guvohlik berardi. Bu davrda inson zoti mehnat qurollarini doimiy takomillashtirish asosida turmushda muayyan yutuqlarga erishdi. Jumladan, ona urug‘doshlik tizimiga asoslangan jamoa-jamoa bo‘lib (matriarxat) yashashga o‘tishdilar. Aslida tarixan birinchi ijtimoiy-iqtisodiy formasiya ibtidoiy urug‘chilik jamoasi edi. Demak, ibtidoiy to‘da o‘rniga urug‘doshlik jamoasi paydo bo‘ldi. Bu taraqqiyot jarayoni ham uzoq tadrijiy yo‘lni bosib o‘tdi, ya’ni urug‘doshlik jamoalarining paydo bo‘lishidan to birinchi sinfiy jamiyatning tashkil topishiga qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Ibtidoiy to‘da davrida esa ishlab chiqarishning o‘zi bo‘lmagan. So‘nggi paleolit davrida kishilar to‘da-to‘da emas, balki jamoa-jamoa bo‘lib yashashga o‘ta boshladilar. Urug‘chilikning dastlabki bosqichida ishlab chiqarish munosabatlari to‘laligicha urug‘ jamoasi manfaatiga mos holda, jamoada esa ijtimoiy ishlab chiqarish bilan bog‘liq onalar hukmron edi.
Arxeologik tadqiqotlarning natijalari Samarqand vohasida ham bu madaniy tadrijiy hayotning mutassil kechganligini ko‘rsatmoqda. Xususan, yuqorida nomlari zikr etilgan yodgorliklar manbalari bu yerda sodir bo‘lgan ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotni tarixan tiklash imkoniyatini beradi. Jumladan, tarixda «Dinamo», «Komsomol ko‘li» nomlari bilan ma’lum Samarqand palyeolit davri makoni Chashmasiyob arig‘ining so‘l qirg‘oqlari bo‘ylab, hozirgi kashshoflar saroyi hududi atrofida joylashgan bo‘lib, u 1939, 1958-1973- yillarda arxeologlar tomonidan qazib o‘rganildi va ma’lum bo‘ldiki, makon uch ma’dan qatlamdan iborat bo‘lib, ular arxeologik manbalarga juda serob edi. Bu manzara mazkur makonda jamoalarning muayyan qo‘nim yashaganligidan guvohlik beradi. Bu yerdan 10 mingga yaqin arxeologik ashyolar topilgan bo‘lib, ular tarkibida turli mehnat qurollari, gulxan, o‘choq, kulba izlari, o‘sha zamonda yashagan hayvonot dunyosi qoldiqlari, suyak va chig‘anoqdan ishlangan taqinchoqlar – san’at namunalari, tabiiy qizil buyoq izlari hamda ibtidoiy odam qoldiqlari topilgan. Bu jamoalar toshdan turli shakl-shamoyildagi qurollarni yasashning ustamonlari bo‘lgan. Bu yerda, ya’ni Chashma-Siyob arig‘ining pastki, o‘ng tomoni qirg‘oqlarida ham shu davrga tegishli makonning yana birining topilishi bu atrofda bir necha joyda ona urug‘dosh jamoalar makon qurib yashaganligidan dalolat beradi. Masalan, Samarqand makonida kuzatilgan kulba izlari 90-100 kv metr hajmida bo‘lib, unda bir urug‘dosh jamoa istiqomat qilgan. Kulba o‘rtasida doimiy gulxan yonib turgan. Ular ibtidoiy ot, buqa, qulon, bug‘u singari yirik jonivorlarga birgalashib ov va termachilik bilan hayot kechirishganlar. Bu yodgorlikdan topilgan odam qoldig‘i O‘rta Osiyoda antropogenez masalasini o‘rganishda muhim ahamiyatga egadir. Bu yerdan taqinchoq sifatida topilgan chig‘anoqlarning asl joyi Hind ummoni va Qizil dengiz ko‘rfazlari hisoblanadi. Bu topilmalar ibtidoiy ajdodlarimizning san’atdan begona emasligini va ularning uzoq-yaqin jamoalar bilan o‘zaro madaniy aloqalar o‘rnatganligidan guvohlik beradi. Samarqand makonidan topilgan mehnat qurollarini yasash texnik-texnologik uslublarini o‘rganish bu jamoalarning o‘z davriga mos va xos yuksak madaniyat ijodkorlari bo‘lganligini ko‘rsatmoqda. Aksariyat ko‘pchilik arxeolog olimlar Samarqand makonini Markaziy Osiyoda etalon (tayanch) yodgorlik ekanligini e’tirof qilishmoqdalar. Jumladan, akademik arxeolog olimlar P.P.Yefimenko, V.M.Masson, G.F.Korobkova, V.A.Ranov, prof. P.I.Boriskovskiy va boshqalarning xulosaviy tahlillari Samarqand paleolit makoni manbalari Yaqin Sharq, Sharqiy Osiyo mamlakatlari tarixini o‘rganishda ham tayanch yodgorlik bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi haqida yuqori baho berishganlar. Paleobotanik va paleontologik olimlarning ma’lumotlariga qaraganda bu joylar eng qadimgi zamonlarda bo‘tazor va mahalliy xususiyatga ega o‘rmonzorlardan iborat bo‘lib, oziqabop narsalarga, tabiiy chashmalarga hamda hayvonot olamiga serob bo‘lgan, tabiiy iqlim sharoiti esa mo‘tadil bo‘lgan.
Dala tekshiruv tadqiqotlari vohaning boshqa talaygina joylarida ham bu davr jamoalarining keng ko‘lam hududlar bo‘ylab yashaganligini ko‘rsatmoqda. Shulardan biri Bulung‘ur tumanidagi Xo‘jamazgil makoni bo‘lib, u ham ma’dan qatlamlar bilan bog‘liq serob mehnat qurollari va boshqa arxeologik ashyolar berdi.
Xullas, Samarqand shahri va u bilan bog‘liq vohada o‘rganilgan so‘nggi paleolit davri yodgorliklari manbalari bu atrofda yashagan ibtidoiy jamoalarning o‘z davriga xos yuksak madaniyat yaratganligi masalasi, ularning turmush tarzi tarixini tiklashda muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi. Manbalarning ilmiy analitik tahlili shu jarayonni, ya’ni vohada sodir bo‘lgan bu davr madaniyati va uning tadrijiy shakllanishi o‘zga yurtlardan kirib kelgan emas, balki tub mahalliy o‘rta paleolit negizida merosiylik asosida tashkil topganligini ko‘rsatmoqda. To‘g‘ri, qadimgi davrlarda ham tarixiy taraqqiyot davomida qabilalar turmushida madaniy aloqalarning konvergensiya, divergensiya, diffuziya, innovasiya jarayonlari sodir bo‘lganligi inkor qilinmaydi. Biroq bu jamoalar qanday sharoitda yashagan bo‘lmasin o‘zlari yaratgan madaniyatning avtoxtonligini, mahalliy xususiyat an’analarining ilg‘or jihatlarini muayyan darajada saqlab, e’zozlab, avlodlardan avlodlarga meros tarzda yetkazgan. Bu tarixan uzluksiz taraqqiyot jarayonini Samarqand vohasi jamoalarining galdagi taraqqiyot bosqichini ifodalab beruvchi mezolit (o‘rta tosh) davri jamoalari yaratgan madaniyat zamirida ham ko‘rish mumkin. Aslida mezolit davri mil. avv. 12-7 ming yillik o‘tmishni o‘z ichiga olib, bu davrda buyuk tabiat o‘zgarishlari sodir bo‘lib, hozirgi davr iqlim va tabiiy sharoiti shakllanadi, abadiy muzliklar chekinib, golosen davri boshlanadi, o‘simlik va hayvonot olami ham shunga mos ravishda shakllanadi. Inson jamoalari turmushida ham qator o‘zgarishlar yuz berib, mehnat qurollarining yangi tiplari, jumladan, o‘q-yoy kashf qilinib, kishilarning yakka tarzda ov qilish imkoniyati vujudga keladi. Ona urug‘doshlik tizimi qaror topadi. Hayvonlarni xonakilashtirish, ziroatchilik, xo‘jalik yuritishning eng qadimgi shakllari vujudga keladi, xullas, sayyohlikdan mahsulot ishlab chiqarishga dastlabki qadam qo‘yiladi. Bu o‘zgarishlar madaniylashish – sivilizasiyaning ilk kurtaklaridan guvohlik berardi. Samarqand vohasining mezolit davri tarixini ifodalab berishda Qoratepa, Ohalik va Urgut tog‘larining shimoliy yon bag‘irlaridan topib o‘rganilgan Sazag‘on-1, Zaminchatosh g‘ori, Ohalik singari makonu manzilgohlari manbalari asosida tasavvur qilish mumkin.
Arxeologik tadqiqot ishlari joyli mezolit davri merosxo‘rlari neolit (yangi tosh) davrida vohaning keng ko‘lam hududlarida tarqalib, qaror topib yashaganligi ma’lum bo‘ldi. Bu davr tarixan mil. avv. VII-IV ming yilliklar bilan sanalangan holda tosh asrining so‘nggi bosqichi bo‘lib, davriga nisbatan buyuk o‘zgarishlar yuzaga keldi. Jumladan, toshni parmalash, silliqlash, yo‘nish kabi usullar bilan turmushbop ixcham qurollar ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi. Ziroatchilik, xonaki chorvachilik qaror topdi, sopol idishlarni yasash, to‘qimachilik hunarmandchiligi yuzaga keldi. Natijada kishilar tabiat qaramligidan chiqa borib, mahsulot ishlab chiqarish jarayoniga o‘ta boshlaydilar. Tosh parchalaridan, guvaladan kulbalar qurib, qo‘nim topib yashashga o‘tadilar. Natijada bir necha kulbalardan iborat protoovullar tashkil topadi. Ijtimoiy sohada ham muayyan o‘zgarishlar sodir bo‘lib, xususan, ona urug‘doshlik tizimi gullab yashnaydi, avvalgi tartibsiz nikoh o‘rniga juft oila shakllandi. Bu singari o‘zgarishlar aslida sivilizasiyaning ilk kurtaklari edi. Shu boisdan ham bu o‘zgarishlarni fanda «neolit inqilobi» deb atashadilar. Samarqand vohasiga tegishli tumanlardan, jumladan, Qoratepa tog‘i shimoliy yon bag‘irlarini o‘z ichiga olgan dara – soy sohillarida 30 dan ziyod bu davr makonu manzilgohlari topilib o‘rganilib, ulardan 10 mingdan ziyod arxeologik ashyolar topildi va bu manbalar vohaning ko‘hna tarixini gavdalantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Jumladan, Sazag‘on-2, Tepaqul, Jangal singari ochiq joyda joylashgan makonlar hamda Ochil g‘ori makonlari yangi-yangi boy arxeologik ashyolar berdi. Topilmalar tarkibida neolit davri odam qoldig‘i, xo‘jalik maqsadlari uchun did bilan ishlangan turli shakl-shamoyilga ega mehnat qurollari, xususan, yorg‘uchoq, qistirma tosh o‘roqlar, qirg‘ich va randalar, pichoqlar, o‘q-yoy uchlari, nayza tig‘lari, juvoldiz, bigiz, naqshlangan sopol idishlar, silliqlangan tosh boltalar, kulbalarning toshdan qurilgan poydevorlari, o‘choq, qizil buyoq, gulxan qoldiqlari, taqinchoqlar – san’at namunalari va zamondosh hayvonot olami suyak qoldiqlari singari ashyolari serob taqdim qilingan. Xususan, mehnat qurollarining did bilan ishlanganligi va boshqa tafsilotlar Samarqand viloyatida yashagan bu jamoalar voha paleolit davri merosxo‘rlari bo‘lib, davriga xos yuksak madaniyat sohiblari edi. Ular O‘rta Zarafshon havzasida birinchilardan bo‘lib, o‘troq dehqonchilik va chorvachilikni kashf qilishib, mahsulot ishlab chiqarish iqtisodiga o‘tishga erishgan jamoalar edi. Shu va boshqa xususiyatlari bilan bu muzofotda yuzaga kelgan madaniyat majmuasi «Sazag‘on madaniyati» nomi bilan fanga kirgan.
Neolit davridan keyin insoniyat eneolit (miss-tosh) davrini boshdan kechirgan. Bu davr O‘rta Osiyo sharoitida mil. avv. IV-III ming yilliklarni o‘z ichiga olib, yangi tosh asridan jez davriga o‘tish tadrijiy bosqichi hisoblanadi. Zarafshon havzasining yuqori va quyi vohalarida bu davrga tegishli talaygina makonu manzilgohlar topilib, tekshirilgan va qo‘lga kiritilgan manbalar bu yerda yashagan jamoalarning turmush tarzi tarixini tasavvur qilishga yordam beradi. Samarqand vohasi esa bu sohada hamon sust o‘rganilgan. Vaqti kelib, tosh va jez davrlari oralig‘idagi bo‘g‘inni to‘ldiruvchi yodgorliklar topilishiga umid qilish mumkin. Aslida eneolit davrining muhim xususiyati shunda ediki, odamzod birinchi marta misni kashf qilib, undan ro‘zg‘or, turli yasan-tusan, zeb-ziynat buyumlarini ishlab chiqishni yo‘lga qo‘ydilar. Bu hodisa xo‘jalik madaniy turmushning yanada oshishiga omil bo‘lib xizmat qildi.
Vohaning galdagi taraqqiyot bosqichi jez (bronza) davri bir muncha tuzuk o‘rganilgan bo‘lib, qo‘lga kiritilgan ashyoviy manbalar muzofotda yashagan qabilalarning xo‘jalik hayoti, madaniy turmush tarzini tiklashda yordam beradi. Aslida jez davri mil. avv. II-I ming yilliklarni o‘z ichiga olib, kishilar hayotida keskin o‘zgarishlar yuz berishiga olib keldi. Bu davrda kishilar qalay, mis, rux qorishmalaridan misga nisbatan mustahkamroq metall – jezni kashf qildilar va undan ishlab chiqarish vositalari, xususan, keskir qurollarni ishlab chiqishni yo‘lga qo‘ydi. Metall olish texnologiyasi rivojlandi. Shuningdek, undan turli mehnat qurollari yasashda foydalanildi. To‘qimachilik, san’at rivoj topdi. Yerga ishlov berishda yirik hayvonlardan foydalanildi, transport vositalari – aravalar, sopol idish yasash charxi kashf qilindi. O‘troq sug‘orma dehqonchilik va suruv chorvachiligi hamda hunarmandchilik sohalarining kasbiy xo‘jalik sifatida yuzaga kelishi esa iste’moldan tashqari mahsulot ishlab chiqarishni keskin oshirdi, ziyod mahsulotlar tovarga aylandi, savdo rivojlandi, orttirilgan boylik bir to‘da kohin, aristokratlar qo‘lida to‘planib, xususiy mulkchilikning kurtaklari vujudga keldi. Suruv chorvachiligi va sug‘orma dehqonchilik kabi og‘ir mehnat talab qiladigan xo‘jaliklarning erkaklar tomonidan olib borilishi ishlab chiqarish jamoalarida ayollar rolini keskin susaytirdi, bu og‘ir mehnat talab qiladigan yumushlar erlar qo‘liga o‘tib, ota urug‘doshlik tizimi – patriarxal jamoa tuzumi yuzaga keldi. Katta patriarxal oilalardan jamoalar va ular birikmasidan urug‘dosh qabilalar tashkil topdi. Ularning birlashishi bilan suv inshootlari – kanallar qazildi, monumental binolar paydo bo‘ldi.
Xullas, uzluksiz taraqqiyot tufayli oxir oqibatda metallurgiya – sivilizasiyaning iqtisodiy bazasi sifatida xizmat qildi. Bu o‘zgarishlar jamiyat iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy tuzumini larzaga keltirdi. Oqibatda ibtidoiy jamoalar tuzumi shiddat bilan inqirozga uchrab, xususiy mulkchilikka asoslangan birinchi sinfiy jamiyatning baquvvat kurtaklari shakllana bordi. Olimlarimizning barqaror va samarali tadqiqotlari tufayli mamlakatimiz hududi kamida bundan 3,5 ming yillar avval shaharlashish bilan bog‘liq dastlabki davlatchilik tuzilmalari tashkil topganligi isbotlangan. Zarafshon vohasi ham bunday jarayondan mustasno emas edi. Chunonchi, Karnap, Ingichka, Muruntov tog‘lari va vohaning boshqa joylaridan ushbu davrga tegishli qadimgi ma’dan konlarining mavjudligi bu mintaqalarda tashkil topgan shaharlar va davlatchilikning iqtisodiy negizlari baquvvat bo‘lganligidan guvohlik beradi.
Zarafshon havzasida ham shunday tadrijiy rivojlanish sodir bo‘ldi. Ishlab chiqarish bilan bog‘liq yirik aholi punktlari – protoqishloqlar, qishloqlar, shahar tipidagi aholi punktlari shakllana bordi. To‘g‘ri, Samarqand vohasida Farg‘ona vodiysidagi Chust, Xorazmdagi Tozabog‘yob, Amirobod va boshqalar, shuningdek, Zarafshonning quyi va yuqori vohalaridagi Zomonbobo, Sarazm singari yirik yodgorliklar hozircha topilib o‘rganilmagan bo‘lsa-da, ammo bu yerda ham jez davriga tegishli ko‘pgina yodgorliklar topilib o‘rganildi va qo‘lga kiritilgan manbalar voha ko‘hna tarixini muayyan darajada tiklashga imkoniyat beradi. Aslida bu davrda yashagan jamoalar joyli neolit davri qabilalarining merosxo‘rlari edi, deb aytish mumkin.
1960-2005- yillarda vohada olib borilgan tadqiqot ishlari tufayli jez davri bo‘yicha Mo‘minobod, Chakka, Soyg‘us, Jom, Siyob, To‘qayli kabi qabr va qishloq tipidagi qator yodgorliklar topilib o‘rganildi va voha jamoalarining xo‘jalik madaniy tarixidan guvohlik beruvchi qiziqarli manbalar qo‘lga kiritildi. Bular orasida Urgut tumanidagi Mo‘minobod qabristoni qiziqarli va serob manbalar berdi. Bu yerda yakka tarzda dafn qilingan 6 ta qabr o‘rganilib, ular ayollarga tegishli edi. Marhumlar bukchaytirilib, boshi g‘arb tomonga qaratilib dafn qilingan holda, ular bilan birga sopol idishlar, ayniqsa, mo‘l yasan-tusan – zeb-ziynat buyumlar qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. Topilmalar tarkibida jez oyna, bilaguzuklar, uzuklar, kumush siri berilgan son-sanoqsiz munchoqlar, oltin siri berilib ishlangan isirg‘alar, qimmatbaho toshlardan yasalgan har xil taqinchoqlar singari yasan-tusan bezaklari topilgan bo‘lib, ular marhumlarning ust-bosh ashyolari edi. Qabrlarning birida suyakdan yasalgan sibizg‘a (nay) topilgan bo‘lib, bu manzara vohada yashagan jamoalarning yuksak zargarlik san’atidan, madaniy hayotidan, shuningdek, ajdodlar musiqa san’atining naqadar qadimga borib taqalishidan guvohlik berardi. Yodgorlik mil. avv. XIV-XIII asrlarga tegishlidir. Xullas, bu ashyolarning o‘rganilishi tufayli o‘sha davrda vohada yashagan qadimgi dehqon va chorvadorlarning turmush tarzi, ma’naviy dunyosi singari masalalarni oydinlashtirishda muhim manba hisoblanadi.
Urgut tumanining Soyg‘us qishlog‘i yaqinida ham shu davrga tegishli yana bir qabr o‘rganilib, u ham ayol kishiga tegishli edi. Marhum g‘ujanak holda chap biqiniga yotqizib dafn qilingan holda u bilan biga sopol idish, zeb-ziynat buyumlari – munchoqlar, bilaguzuklar, juvoldiz, qachov singari ashyolar topilgan. Bu yodgorlik ham mil. avv. II ming yillik birinchi yarmida yashagan jamoalarga mansub edi. Bu topilmalarning analitik tahlili ham o‘sha davr insonlarining urf-odati, diniy-dunyoviy qarashlari, an’analari yuzasidan qimmatli ma’lumot hisoblanadi.
Qiziqarli yodgorliklardan biri Samarqand davlat xo‘jaligi hududida joylashgan To‘qayli qadimgi metallurglar qishlog‘idir. Makon daryo qirg‘og‘ida joylashganligi sababli uning bir qismi zarar ko‘rgan. Yodgorlikning 216 kv metr maydoni qazib tekshirildi va madaniy qatlam bilan bog‘liq to‘rtburchak shakldagi, devor va poli suvalgan yarim yerto‘la, o‘q-yoy paykonlari, tosh bolta, gurzilarning soplari, jezdan ishlangan ba’zi bezaklar, chig‘anoqlar, gipsdan yasalgan munchoqlar, sopol idishlarni yasashda sayqal beradigan asboblar, zamondosh hayvon suyaklari kabi ashyolar topilgan. Qishloqning bir chekkasida ma’dan, ya’ni rudani eritadigan qo‘ra, u bilan bog‘liq o‘choq, ko‘mir kuli qoldiqlari, qariyb 40 metr kv maydonda mis toshqollari, eritilgan metallni quyadigan terrakota (sopol) qoliplari, bolg‘acha, ug‘ir va dastasi hamda ma’danni maydalaydigan tosh sandonlar kabi buyumlar topildi. Bu topilmalarning ilmiy analitik tahlili bu yerda mil. avv. II minginchi yillarga doir metallurg hunarmandlarning qishlog‘i bo‘lganligidan guvohlik beradi.
Vohaning Nurobod tumaniga qarashli Jom qishlog‘i nomlar atrofida, u joylashgan keng va uzun dara soyi qiyalarining bir necha joylaridan, jumladan, Beshbuloq, Qoratepa, Qorazov, Jom, Galasherik, Sigirtepa kabi bilan ataladigan joylardan jez davriga oid turli-tuman arxeologik noyob ashyolar topilgan. Shulardan juda muhimlaridan biri Jom qishlog‘i yaqinida joylashgan qadimgi qabristonning o‘rganilish edi. Bu yodgorlik turli davrlarda yer ishlari tufayli zarar ko‘rgan. Bu yerda 4 ta qabr o‘rganildi. Ular mil. avv. XVI-XV asrlarga tegishli bo‘lib, qabrlarda odam qoldig‘i bilan birga sopol idishlar, jez to‘g‘nog‘ich, dastali va dastasiz aylana shaklidagi oynalar hamda boshqa yasan-tusan zebu ziynat ashyolari topildi. Jom qishlog‘i atrofidagi zikr etilgan joylardan ham serob manbalar yig‘ildi. Bu manzara bronza davrida tarkibida bir necha jamoalardan iborat yirik qishloqlar bo‘lganligidan guvohlik beradi. Qabrlar esa qishloq bilan bog‘liq hodisadir.
Shunday qiziqarli o‘sha davr yodgorliklaridan biri Zarafshon daryosining so‘l tomonida joylashgan Chakka qishlog‘i yaqinida o‘rganilgan qadimgi qabriston hisoblanadi. Bu yerda 4 ta yakka holatda dafn qilingan ayollarga tegishli qabrlar o‘rganildi. Ularning yuz tomonlari janubga, boshlari esa shimoliy-sharqqa qaratilinib, chap biqiniga yotqizilib, oyoq-qo‘llari bukilgan, g‘ujanak holatda dafn qilinganlar. Qabrlardan sopol idishlar, shuningdek, ularning ayrimlarida jezdan yasalgan bilaguzuklar, oltin siri berilgan spiralsimon jevaklar, 40 dan ziyod mayda jez munchoqlar, oltin qalami bilan bir yarim marta o‘ralgan 6 dona spiralsimon shokilalar, xolsedon, lojuvard kabi qimmatbaho toshlardan ham ustalik bilan yasalgan ashyolar topilgan. Umuman, Chakka qabristonidan topilgan pardoz-andoz, zeb-ziynat buyumlari yuksak did, san’at darajasida ishlangan bo‘lib, mil. avv. XIV-XIII asrlarda yashagan chorvador-dehqon ajdodlarimizning davriga mos ma’naviy, madaniy hayotining yuksakligidan guvohlik beradi. Bu ashyolarni tadqiq qilish tufayli, shuningdek, ularning diniy tasavvurlari, urf-odatlari, an’analarini bilib olamiz. Bu topilma manbalar bu yerda ham o‘z vaqtida yirik qishloqlar bo‘lganligidan guvohlik beradi.
Siyob qabri ham voha jez davrining qiziqarli yodgorliklaridan biri bo‘lib, u Samarqand chegarasida, Siyob daryochasining so‘l qirg‘og‘ida qadimgi Afrosiyob (Samarqand) shaharchasi sharqiy darvozasidan bir necha metr narida joylashgan. Aftidan bu yerda qadimgi qishloq bilan bog‘liq qabriston bo‘lib, turli davrlarda qurilish ishlari tufayli buzilib ketgan. Qabr mil. avv. XIX-XVIII asrlarga tegishli bo‘lib, undan ayol jasadi bilan birga quyilgan jezdan yasalgan shokila – cho‘lpi, sopol idish, har xil zeb-ziynat bezaklari – taqinchoqlar, munchoqlar, feruza, lojuvard toshlaridan yasalgan marjonlar topilgan. Bu yerda ham marhumning bosh qismini shimoliy g‘arb tomonga qaratilgan, g‘ujanak holatda dafn qilish urf-odati kuzatiladi. Zikr etilganidek, qabrlar mavjud joylarda, balki bizgacha to‘la saqlangan bo‘lsa-da, qishloq bo‘lganligiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Ilmiy farazlar Samarqand shahri paydo bo‘lishdan ancha avval bu atrofda qishloq bo‘lganligini inkor qilmaydi. O‘sha zamonlar bilan bog‘liq tadrijiy taraqqiyotga asoslanadigan bo‘lsak, ovullar birlashmasidan protoqishloqlar, ularning rivoji asosida shahar tipidagi qishloqlar va ular negizida ilk shaharlar paydo bo‘lib, atrofdagi qishloqlar unga itoat qilish dialektikasi bilan bog‘liqdir.
Olimlarning ma’lumotlariga qaraganda qadimgi xalqlarda quyosh muqaddas hisoblanib, unga topinish urf-odat bo‘lgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak o‘sha davrda dafn qilingan kishilarning bosh – yuz tomonlarini quyosh sari holatda qo‘yilgan. Marhumlarning oyoq-qo‘llarini bukib dafn qilish esa odamning ona bag‘ridan homila vaqtidagi ramziy ifodasi edi. Shuning uchun ham marhumlar ustiga odatda tabiiy qizil buyoq (oxra) sepib dafn qilishgan.
Shu masalani qayd etish lozimki, O‘rta Osiyoning dasht o‘lkalarida, shuningdek, butun Zarafshon havzasi, jumladan, Samarqand vohasida o‘rganilgan jez davriga tegishli aksariyat yodgorliklarda «Andronova madaniyati» izlari kuzatiladi. Bu jarayon Uraldan Sibirgacha yastanib yotgan Qozog‘iston cho‘l-dashtlari bo‘ylab yashagan chorvador ko‘chmanchi qabilalarning bir qismi mil. avv. II ming yillikning ikkinchi yarmida serhosil yaylovlar va ma’qul ekologik burchaklar izlab, bu o‘lkalarga kirib kelganligi va asrlar osha mahalliy, joyli aholi tarkibiga singib ketganligi jarayonining sodir bo‘lganligi e’tirof qilinmoqda.
Yuqorida Samarqand vohasi bo‘ylab jez davriga tegishli asosiy yodgorliklardan tashqari turli joylardan, turli kasb egalari tomonidan yillar davomida alohida tarzdagi manbalar ham qo‘lga kiritilingan bo‘lib, ularning barchasi ilmiy analitik tahlil qilish yo‘li bilan vohada bu davrda kechgan tarixiy jarayonni tiklashda foydalanildi. Samarqand vohasi ham umumbashariy taraqqiyotdan chetda ajralib qolmaganligini va peshma-pesh rivojlanish dinamikasini boshdan kechirganligidan guvohlik beradi. Binobarin, 1955-1990- yillarda Samarqand vohasi bilan tutash muzofotlarda, jumladan, Zarafshon havzasining quyi va yuqori vohalarida eneolit va jez davrlariga doir qiziqarli qator yodgorliklar topilib o‘rganildi. Shulardan Gujayli sohillarida 12 ta makon, Qizilqir va Zomonbobo qabristonlari, Panjikent shahriga yaqin joyda Sarazm qadimgi qishlog‘i, Dashti-qozi qabristoni singari yodgorliklar bu davr tarixi haqida qiziqarli manbalar berdi. Bu hududlarda yashagan qabilalar o‘zaro iqtisodiy, madaniy aloqalar o‘rnatgan.
Xulosa sifatida shu masalalarni alohida qayd etish lozimki, urbonik, ya’ni shaharlashish davrigacha bo‘lgan Samarqand vohasida o‘rta paleolit davridan boshlab, odamzod jamoalari uzluksiz yashab, tadrijiy rivojlanishni boshdan o‘tab, har bir bosqich davrda o‘ziga xos va mos madaniyat yaratilinib kelingan diyor ekanligi isbotlanmoqda. Bu muzofotlarda shakllangan madaniyat o‘zga yurtlardan kirib kelgan emas, balki tub va mahalliy negizda tashkil topganligi asoslanmoqda. Qo‘lga kiritilgan arxeologik manbalarning majmuasi vohada kechgan taraqqiyot pillapoyalarini ifodalab berishga xizmat qilmoqda. Jumladan, paleolit davrida sayyoh ovchilarning kulbalar qurib, muayyan qo‘nim yashashga intilish jarayoni, mezo-neolit davriga kelib, mahsulot ishlab chiqish iqtisodiga o‘tilishi, ijtimoiy sohada esa ona urug‘doshlik tizimining gullab yashnashi, urug‘dosh jamoalar yashaydigan kapalar o‘rniga ovullar, ularning bir nechasi birikmasidan tashkil topgan qishloqlar, ular negizida yirik markaziy qishloqlarning tashkil topish jarayoni sivilizasiyaning ko‘hna ildizlari edi. Jumladan, Samarqand shahri va uning atrofida o‘tkazilgan tadqiqotlar hali shahar paydo bo‘lmasdan,ancha avval hozirgi universitet xiyobonining janubiy tomonidagi Lolazor mahallasi o‘rnida, Obirahmat arig‘ining so‘l qirg‘og‘idagi Qo‘rg‘oncha mahallasi o‘rnida, Sartepa massivining janubiy qismida, balki Siyob daryochasining qirg‘oqlarida, shuningdek, Mo‘minobod, Soyg‘us, Quyiqqishloq, Jom, To‘qayli, Chakka singari qadimgi qishloqlar tashkil topganligidan guvohlik bermoqda. Aslida ma’qul tabiiy sharoit, o‘troq sug‘orma dehqonchilik, suruv chorvachiligi, metallurgiya, hunarmandchilik sohalarining kasbiy ishlab chiqarish xo‘jaliklariga aylanishi o‘z davrining inqilobiy o‘zgarishlari bo‘lib, u oqibatda shaharlashish, ya’ni urbanizasiya jarayonlarining ancha erta, mil. avv. X-VIII asrlarda boshlanishiga olib keldi. Vohada Samarqand (Afrosiyob), Ko‘ktepa shaharlari tashkil topdi. Bunday markazlarning atrofidagi qishloqlar ularga itoat qilgan. Chelak tumanida joylashgan Ko‘ktepa ilk shaharchasining mil. avv. IX-VII asrlarga, ya’ni Samarqandga deyarli tengdoshligi haqida ilmiy qarashlar mavjud. Uning egallab yotgan maydoni 100 ga dan iborat bo‘lib, mudofaa devori bilan o‘rab olingan, markaz qismidagi ichki «shahar» 30 ga maydonga ega holda mustahkam devor bilan o‘ralgan. Bu yerda ilk shaharga xos saroy, ibodatxona qoldiqlari ochilib o‘rganildi. Ammo bu shahar noma’lum sabablarga ko‘ra kelajakda Samarqand shahri singari taraqqiyotda bo‘la olmadi.
Shuni qayd etish lozimki, 1970 yilda nishonlangan sana shaharning markaz qismi bo‘lgan eng qadimgi joyidan emas, balki ikkinchi va to‘rtinchi mudofaa devorlari oraliqlaridan topilgan arxeologik dalillar asosida belgilangan edi. Darhaqiqat, Afrosiyob (Samarqand) shaharchasining eng qadimgi joyi – birinchi mudofaa devor ichidagi markaz qismi o‘sha yillari to‘la ochib o‘rganilmaganligi tufayli, uning tashkil topish sanasi 2500 yil bilan belgilangandi. Mustaqillik yillarida bu yerda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari tufayli bu xato-kamchiliklarga barham berildi. Binobarin, yetakchi mutaxassis olimlar hamkorligida bajarilgan qazishma tadqiqot ishlari tufayli shaharning eng patski 12-15 metr chuqurlikdagi qadimgi ma’dan qatlamlari ochib o‘rganishga erishildi. Natijada avvallari uchratilmagan tosh qurollar, qo‘lda yasalgan rangli naqshli sopol idishlarning parchalari, ibodatxona, saroy, guvaladan qurilgan, qalinligi 7 metrdan iborat mudofaa devor qoldiqlari topildi. Bulardan tashqari shaharchaning 19 gektardan iborat ark qismi ham guvaladan qurilgan mudofaa devori bilan o‘rab olinganligi aniqlandi. Shuningdek, 219 gektardan iborat Afrosiyobni o‘rab olgan mudofaa devorining ham poydevorlari guvaladan qurilganligi ma’lum bo‘ldi. Afrosiyobning boshqa bir necha joylari qazib ko‘rilganda uning eng pastki qatlamlaridan shunga o‘xshash ashyolar topildi. Bu manzara, shaharga asos solinayotgan bir vaqtda shahriston eni 7 metr keladigan mustahkam, fundamental devor bilan o‘rab olinganligini ko‘rsatdi. Bu mudofaa devorlar va ashyolar O‘rta Osiyoda eng qadimgi topilmalar hisoblanadi. Bu manbalar Frantsiyaning Jiv-Syur-Ivest shaharchasidagiradioaktiv ilmiy laboratoriyasida zamonaviy texnologik, yangi yondashuv asosida tekshirib ko‘rilganda ularning mil. avv. IX-VIII asrlarga oid ekanligi ma’lum bo‘ldi. Xullas, Afrosiyobning quyi qatlamlaridan olingan ashyo va namunalar aynan mil. avv. IX asrga, aniqrog‘i, 2750 yillik o‘tmish tarixga taalluqli ekanligi isbotlandi va fan jamoatchiligi tomonidan tan olindi. Bu ma’lumotlar Samarqand shahrining ko‘hna ildizlaridan guvohlik berardi. Demak, tadrijiy taraqqiyot mag‘zida Samarqand shahrining ko‘hna joyi Afrosiyob hududida jez davrining o‘rta bosqichida, ya’ni mil. avv. II ming yillik o‘rtalarida bu yerda yirik aholi markazi – shahar tipidagi qishloq vujudga kelib, uning uzluksiz rivoji asosida bundan 2750 yil avval shaharlashish – urbanizasiya jarayoni sodir bo‘lgan va asrlar osha u o‘z boqiyligini saqlab kelgan.
Samarqand to‘g‘risidagi yozma manbalardan eng qadimiysi «Avesto» kitobi ma’lumotlaridir. Zardushtiylikning bu muqaddas kitobi uzoq davrlar mobaynida shakllangan bo‘lib, unda keltirilgan ma’lumotlarning eng qadimgi qismlari mil. avv. II ming yillik oxiri – I ming yillik boshlariga oiddir. Bu kitobda Zarafshon vohasi ikki atama bilan – «Sug‘ud» va «Sug‘uda Gava» deb ta’riflanadi. «Sug‘ud» atamasi shaharga, poytaxtga nisbatan qo‘llanilgan. «Sug‘uda Gava» tushunchasi esa Zarafshon havzasining dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan aholi yashaydigan hududlarga nisbatan qo‘llanilgan. Bundan tashqari Firdavsiyning «Shohnoma»sida Afrosiyob Turon mamlakatining podshosi sifatida ta’riflanib, «Avesto»da u Faranrasyan, turkiy manbalarda esa Alp Er To‘nga nomi bilan qayd etilgan. Shaharning shakllanish davri «Afrosiyobning tarix sanasiga chiqqan vaqti bilan bir vaqtda yuz berganligi tarixiy haqiqatdir», deb ta’riflaydi atoqli arxeolog olim T.Sh.Shirinov. Bundan kelib chiqadiki, «Avesto» zamonida Sug‘diyonaning eng yirik shahri, markaz poytaxti Samarqand bo‘lganligidan guvohlik beradi.
Shunday qilib, Samarqand shahri zamonlar ruhiyatini o‘zida aks ettirib, qutlug‘ va shonli yo‘lni bosib o‘tgan, jahon xalqlarining moddiy va ma’naviy hayotida katta rol o‘ynaganligi isbotlanmoqda. Shuning uchun ham vatandoshlarimiz bu keksa va hamisha navqiron shahrimiz, uning jahon sivilizasiyasiga qo‘shgan munosib hissasi borligi bilan haqli ravishda faxrlanadilar.
Xotima sifatida shuni qayd etish lozimki, shaharlashish jarayoni ibtidoiy jamoa tuzumining jadal inqirozi, birinchi sinfiy jamiyat va davlatchilikning – shahar-davlatlarning yuzaga kelishi bilan bog‘liq jarayondir. Bu tarixan uzluksiz jarayon Zarafshon havzasini ham chetlab o‘tmagan, albatta. So‘nggi yillarda mustaqillik yaratgan imkoniyat va mamlakatimizning birinchi Prezidenti I.Karimovning «Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori xalqimizni yanada ruhlantirib yuborish bilan birga, bizlardan Vatan tarixi, Samarqand tarixining hamon ochilmagan sahifalarini istiqlol talabi – yangi yondashuv asosida tadqiq qilish borasida samarali izlanishlar olib borishga chorlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |