Turkiston ma’rifatchi–jadidlarining axloqiy qarashlari va keyingi davrlar o‘zbek axloqshunosligi
Turkiston ma’rifatchiligining dastlabki bosqichlarida axloqiy g‘oyalar asosan badiiy va didaktik shakllarda o‘z aksini topdi. SHu jihatdan o‘zbek va tojik xalqlarining mutafakkiri Ahmad Donishning (1827 – 1897) «Navodir ul–vaqoe» asari diqqatga sazovor. Ahmad Donish o‘z asarlarida buxoro amirligi davlat tuzumini rossiya davlat tuzumi bilan solishtirib, uni isloh qilish lozimligini ta’kidlaydi. Ayni paytda, an’anaviy axloqiy tushunchalar bilan fikr yuritar ekan, u adolatni ham podsho–hukmdor shaxsiga, ham davlat tizimiga xos fazilat sifatida olib qaraydi. Agar hukmdor adolatli siyosat yurgizsa, mamlakat hayotining hamma sohasi uchun adolatni mezon qilib olsa, san’atning gullab–yashnashiga yo‘l ochib bersa – xalq hayoti farovon bo‘ladi, fazilatlar kuchayib, illatlar zaiflashadi. U, hukmdor Donishmandlik fazilatiga albatta ega bo‘lishi lozim, davlatning mohiyatini aql belgilaydi, degan xulosaga keladi: oqilona boshqarilgan mamlakat aholisigina ma’rifatli va yuksak axloq egalari bo‘la oladi.
Qoraqalpoq xalqining buyuk mumtoz shoiriBerdaq (1827–1900) she’rlarida ham o‘sha davr axloqiy muhiti o‘z aksini topadi; u ham din peshvolarining o‘zlari oxiratga ishonmasliklarini, tovlamachilik, ochko‘zlik, tekinxo‘rlik illatlariga mubtalo bo‘lganliklarini va bu bilan Islom ildiziga bolta urayotganliklarini qattiq tanqid ostiga oladi.
Abay. Turkiston xalqlarini axloqiy yuksaklik va ma’rifat vositasida milliy o‘zligini anglash darajasiga ko‘tarishda qozoq xalqining buyuk farzandi Abay (1845–1908) axloqiy qarashlarining ahamiyati katta. Abay she’rlarida, shuningdek, «Iskandar», «Mas’ud» dostonlarida ezgulik, adolat, mardlik, shijoat singari fazilatlar o‘rnini illatlar egallab borayotganidan, xalqning yaxshilik bilan yomonlikni farqlay olmaydigan darajaga tushib qolganidan faryod chekadi:
Anbar Otin. Turkiston ma’rifatchilarlarining yana bir yirik namoyandasi Dilshodning shogirdi Anbar Otindir (1870–1914). Uning axloqiy qarashlari lirik–falsafiy she’rlarida va «qarolar falsafasi» (1910) risolasida o‘z aksini topgan.
Anbar Otin ham inson axloqiy darajasini aql, ilm–ma’rifat bilan bog‘laydi va ijtimoiy taraqqiyotga aqliy hamda axloqiy yuksaklik orqali erishish mumkin, degan aqidaga amal qiladi. Uning asarlarida axloqsizlik botqog‘iga botib borayotgan jamiyat tanqid qilinadi, shariat va tariqat namoyandalarining aynib ketganligi, boylardan insof ko‘tarilganligi haqidagi fikrlar mardona ilgari suriladi. «Muqimiyga», «Mingboshi kal omil hajvi», «Olimjon hoji ta’rifi» kabi she’rlarida ana shu yo‘nalishni ko‘rish mumkin. Tanqidiy–badiiy shakldagi bu yo‘nalish «Qarolar falsafasi» risolasida falsafiy–tahliliy shakl kasb etadi.
«Qarolar falsafasi» asari asosan bir–birining ziddi bo‘lmish ikki muammo – ijtimoiy adolat va ijtimoiy zulm tushunchalariga bag‘ishlangan. Risola ko‘p o‘rinlarda falsafiy–majoziy talqinlardan iborat. CHunonchi, risola davomida, ayniqsa uning birinchi faslida, qora va oq ranglarning majoziy hamda botiniy mohiyati o‘ziga xos tarzda ifodalanadi.
Abdulla Avloniy. Turkiston ma’rifatparvarlari orasidagi yana bir mutafakkir ta’limshunos, pedagog va axloqshunos abdulla Avloniydir (1887–1934). Uning XX asr boshlarida Turkistonda mashhur bo‘lgan «Turkiy guliston yoxud axloq« (1913) asari axloqiy muammolarga jadidchilik nuqtai nazaridan yondashishi, ko‘pchilikka tushunarli tilda yozilgani bilan ajralib turadi. Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yoxud axloq» asarida an’anaviy–falsafiy yondashuv bo‘lmish antropologik nuqtai nazar bo‘rtib ko‘zga tashlanadi.
Abdurauf Fitrat. Turkiston ma’rifatchilari axloqshunosligida tom ma’nodagi milliy qahramonimiz Abdurauf Fitratning (1884–1938) «Najot yo‘li» («rahbari najot») asari va, ayniqsa, «Oila yoki oila boshqarish tartiblari» (1914) kitobi alohida o‘rin tutadi. Avvalo, shuni aytish kerakki, «Oila» o‘zgacha bir shiddatli uslub bilan yozilgan. Unda ham tanqidiy ruh, ham da’vat ruhi kuchli. Fitrat ona–Turkistonni ozod ko‘rishni istaydi, buning uchun har bir Turkistonlik oila, axloq, a’mol va erk o‘chog‘i bo‘lmog‘i lozim. Mutafakkir yangi oilani ana shu tartibda qurishga da’vat etadi. Har jihatdan sog‘lom bo‘lgan oila etishtirgan farzandlargina millatni yuksakka ko‘tara olishini, uni istibdoddan qutqarishini aytadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |