Hayotga ehtirom. XX asrda vujudga kelgan yana bir yo‘nalish – hayotga ehtirom axloqiy ta’limoti mashhur olmon faylasufi, shifokori Albert SHvaytser (1875–1965) nomi bilan bog‘liq. Uning «Madaniyat va axloq» deb atalgan fundamental kitobida hayotning yuksak ma’nosini tan olish va barqaror etish asosiy tamoyil sifatida ko‘zga tashlanadi. SHvaytserning o‘zi ham butun umri davomida ana shu tamoyilga amal qildi. Falsafa fanlari doktori, ilohiyot bo‘yicha ulkan mutaxassis, mashhur musiqashunos o‘ziga lang ochilgan ovro‘pa universitetlariga qiyo boqmay, Markaziy afrika changalzorlarida odamlarni davolash uchun yana talaba bo‘lib tibbiyot fakultetini tugatadi va gabonga borib, umrining oxirigacha hayotga ehtirom g‘oyasini amalda isbotlab yashaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |