Fuqaroligi bo’lmagan shaxslar, apatridlar – muayyan mamlakatning fuqarosi hisoblanmaydigan va biron chet davlat fuqaroligiga mansubligini isbotlaydigan dalillari bo’lmagan shaxslar. Shaxs o’z fuqaroligini yo’qotgan va yangidan fuqarolik huquqini olmagan vaqtda fuqarosizlik kelib chiqadi. O’zbekiston Respublikasida yashab turgan, lekin, O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’xtatilgan, boshqa davlat fuqarosi bo’lmagan shaxslarga ichki ishlar idorasi tomonidan fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga mo’ljallangan istiqomat guvohnomasi beriladi.
Fyuchers (lot. futurus – kelajak) – tovar yoki fond birjalarida xom ashyo tovarlari, oltin, valyuta, qimmatli qog’ozlarni amalda bo’lgan narxlarda, lekin, etkazib berish va haqini keyingi kelishilgan muddatlarga qoldirish bilan oldi-sotdi qilish bo’yicha bitishuvlar.
Xazina majburiyatlari – davlat tomonidan chiqarilgan qimmatli qog’oz; xazina majburiyatlari sotilganidan so’ng egasining ma’lum pul miqdorini byudjetga o’tkazganini tasdiqlaydi va egalik qilish muddati davomida qayd qilingan daromad olish huquqini beradi.
Xalqaro valyuta fondi – BMTning ixtisoslashgan muassasasi, a’zo mamlakatlarning valyuta hamkorligini amalga oshiradigan xalqaro tashkilot. 1944 yilda Bretton-Vuds (AQSh)da o’tkazilgan xalqaro valyuta-moliya Kongressida Jahon banki bilan bir vaqtda ta’sis etilgan. 1947 yil mart oyidan o’z faoliyatini boshlagan.
Shtab-kvartirasi Vashingtonda.
Xalqaro kredit – davlatlar, banklar, firmalar, bir mamlakatdagi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan boshqa mamlakatlar hukumatlari, banklari, firmalariga beriladigan kreditlar.
Xalqaro konventsiya – xalqaro shartnoma turlaridan biri; davlatlarning, odatda, biron-bir ixtisoslashgan sohada o’zaro huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi – BMTning ixtisoslashtirilgan muassasasi; Jahon banki guruhiga kiradi. 1956 yilda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining filiali tarzida tashkil etilgan, keyinchalik mustaqil yuridik shaxs. Shtab-kvartirasi Vashintongda.
Xarajatlar, sarf-xarajatlar, chiqimlar – tovarlarni ishlab chiqarish va muomala jarayonida turli resurslar (xom ashyo, materiallar, mehnat, xizmatlar, mablag’lar) sarflari bilan bog’liq chiqimlarning pul shaklidagi ifodasi. Asosan, ishlab chiqarish va muomala xarajatlariga bo’linadi.
Xususiy mulk – ayrim kishilar yoki xonadonlar ixtiyoridagi mulk; bozor iqtisodiyotidagi xilma-xil mulklar orasidagi etakchi mulk shakli. Xususiy mulkning ob’ekti moddiy va moliyaviy boyliklar, ish kuchi, intellektual mehnat mahsuli, er, suv, er osti boyliklari, korxonalar, xo’jaliklar, aktsiya va obligatsiyalar, pul mablag’lari, transport vositalari, turar-joy, iste’mol tovarlari, mehnat qobiliyati, ishbilarmonlik mahorati, ilmiy kashfiyotlar, texnikaviy ixtirolar, san’at va adabiyot asarlari va boshqalar bo’lishi mumkin.
Xususiy sektor – iqtisodiyotning xususiy mulkchilik va xo’jalik yuritishning erkin bozor usullariga, iqtisodiy alohidalashuviga asoslangan sohasi. Bozor iqtisodiyoti davlat va nodavlat sektorlaridan iborat. O’z navbatida, nodavlat sektori xususiy va jamoa sektorlariga bo’linadi. Xususiy sektor nodavlat sektorining bosh bo’g’ini.
Do'stlaringiz bilan baham: |