2 Moliyaviy nazorat turlari, shakllari va metodlari Moliyaviy nazoratning muvaffaqiyatli va samarali о‘tkazilishi uning tashkil etilish darajasiga va nazoratning turlari, shakllari va uni о‘tkazishning metodlariga bog‘liq.
Moliyaviy nazoratni amalga oshiruvchi sub’ektlarga kо‘ra uning quyidagi turlari mavjud: -umumdavlat moliyaviy nazorati; -idoraviy moliyaviy nazorat; -xо‘jalik ichidagi moliyaviy nazorat; -jamoatchilik moliyaviy nazorati; -mustaqil moliyaviy nazorat. Umumdavlat moliyaviy nazorati davlat hokimiyat organlari (prezident, hukumat, Oliy majlis, Moliya vazirligi, Davlat soliq qо‘mitasi, Davlat bojxona qо‘mitasi va boshqalar) tomonidan amalga oshiriladi. Bu turdagi moliyaviy nazoratning bosh maqsadi daromadlarning tushib turishi va davlat xarajatlarining sarflanishi bо‘yicha davlat va jamiyatning manfaatlarini ta’minlashdan iborat.
Idoraviy moliyaviy nazorat vazirliklarning nazorat-taftish boshqarmalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari tomonidan amalga oshirilib, shu idoraga bо‘ysunuvchi korxona, tashkilot va muassasalarning faoliyatini qamrab oladi.
Xо‘jalik ichidagi moliyaviy nazorat korxona va tashkilotlarning iqtisodiy va moliyaviy xizmatlari tomonidan о‘tkaziladi. Bu erda moliyaviy nazoratning ob’ekti sifatida korxona, tashkilot va muassasalarning xо‘jalik va moliyaviy faoliyati maydonga chiqadi.
Jamoatchilik moliyaviy nazorati nodavlat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Nazoratning ob’ekti uning oldiga quyilgan vazifalarga muvofiq ravishda aniqlanadi.
Mustaqil moliyaviy nazorat maxsus organlar: auditorlik firmalari va boshqa xizmatlar tomonidan о‘tkaziladi.
Moliyaviy nazoratning shakllarini quyidagi mezonlar bо‘yicha klassifikatsiya qilish qabul qilingan: -amalga oshirilish reglamenti; -о‘tkazilish vaqti; -nazoratning sub’ektlari; -nazoratning ob’ektlari.
Amalga oshirilish reglamenti bо‘yicha moliyaviy nazoratning shakllari quyidagilardan iborat bо‘lishi mumkin: -majburiy (tashqi); -tashabbuskorli (ichki). Yuridik va jismoniy shaxslarning moliyaviy faoliyati ustidan majburiy (tashqi) nazorat qonun asosida amalga oshiriladi. Bular, masalan, asosan tashqi, mustaqil nazoratchilar tomonidan amalga oshiriladigan soliq tekshiruvlariga, byudjet resurslaridan maqsadli foydalanish ustidan nazoratga, korxona va tashkilotlarning moliya - buxgalteriya hisobotlari ma’lumotlarini majburiy auditorlik tasdiqlanishiga va xokazolarga tegishli bо‘lishi mumkin.
Tashabbuskorli (ichki) moliyaviy nazorat moliyaviy qonunchilikdan kelib chiqmasada, taktik va strategik maqsadlarga erishishda moliyaviy boshqaruvning ajralmas qismi hisoblanadi.
О‘tkazilish vaqti bо‘yicha moliyaviy nazoratning shakllari quyidagilarni о‘z ichiga oladi: - dastlabki; - joriy (operativ); - navbatdagi (kelgusi, sо‘nggi). Dastlabki moliyaviy nazorat moliyaviy operatsiyalarning sodir bо‘lishidan oldin amalga oshiriladi va moliyaviy xatoliklarning (buzilmalarning) oldini olish yoki ularni ogohlantirishda muhim ahamiyatga ega. Moliyaviy nazoratning bu shakli mablag‘larning tejamli va samarasiz sarflanishining oldini olish uchun xarajatlarning moliyaviy jihatdan asoslangan bо‘lishini kо‘zda tutadi.
Makrodarajada bunday nazoratga misol sifatida mamlakat iqtisodiy tarqqiyotining makroiqtisodiy kо‘rsatkichlari bashoratlari asosida barcha darajadagi byudjetlarni va maqsadli fondlarining moliyaviy rejalarini tuzish va tasdiqlash jarayonini kо‘rsatish mumkin.
Mikrodarajada esa ular moliyaviy rejalar va smetalar, kredit va kassa arizalari, biznes-rejalarning moliyaviy bо‘limlari, bashorat balanslarini tuzish, hamkorlikdagi faoliyat tо‘g‘risida shartnoma va xokazolardan iborat bо‘lishi mumkin.
Joriy (operativ) moliyaviy nazorat pul bitimlari, moliyaviy operatsiyalar, ssuda va subsidiyalarni berish va xokazolarning sodir bо‘lish vaqtida amalga oshiriladi. Moliyaviy nazoratning bu shakli mablag‘larni olish va ularni sarflash jarayonida vujudga kelishi mumkin bо‘lgan qonunbuzarliklardan ogohlantiradi, moliyaviy intizomning mustahkamlanishiga va pul hisob - kitoblarining о‘z vaqtida amalga oshirilishiga о‘z ta’sirini kо‘rsatadi.
Navbatdagi (kelgusi, sо‘nggi) moliyaviy nazorat moliyaviy hisobot va buxgalteriya hujjatlarini tahlil va taftish qilish yо‘li bilan amalga oshirilib, uning bu shakli iqtisodiy sub’ektlar moliyaviy faoliyatining natijalarini, taklif etilgan moliyaviy strategiya amalga oshirilganligining samaradorligini, moliyaviy xarajatlarni ularning bashoratlari bilan qiyoslanishini va xokazolarni baholashga mо‘ljallangan.