Davlatga tegishli aksiyalar paketini ishonchli boshqaruvga berish tartibi
Davlat ulushi 25 foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida ishonchli boshqaruvchilarga aksiyadorlik jamiyati aktivlarini boshqaruviga berilgan vaqtgacha ulardagi davlat ulushini davlatning ishonchli vakillarini boshqarishga tayinlanadilar.
Aksiyadorlik jamiyatlarining davlatga tegishli aksiyalari paketlari, boshqa xo‘jalik jamiyatlarining ulushlari (keyingi o‘rinlarda davlat aktivlari deb ataladi) davlat manfaatlarini ta’minlash uchun yuridik va jismoniy shaxslarga - ishonchli boshqaruvchilarga ishonchli boshqaruvga beriladi.
Ishonchli boshqaruvga berilishi kerak bo‘lgan davlat aktivlari uchinchi shaxslarning huquqlari bilan biriktirilmasligi yoxud istalgan boshqa shaklda begonalashtirilishi mumkin emas.
Quyidagilar davlat aktivlarini ishonchli boshqaruvga berish uchun asos hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari;
Aksiyadorlik jamiyatlari va kompaniyalardagi davlatga tegishli aksiyalar ulushlaridan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish bo‘yicha komissiya qarorlari;
O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining qarorlari.
Davlat aktivlari ishonchli boshqaruvchilarga:
vakolatli organ tomonidan berilgan tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga - investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilarga hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda - davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga;
qonunda belgilangan tartibda tayinlangan, menejment va marketing sohasida zarur kasb ko‘nikmasi va ish tajribasiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga - davlatning ishonchli vakillariga, shu jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari xodimlari jumlasidan bo‘lganlarga ishonchli boshqaruvga berilishi mumkin.
Davlat aktivlarini investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilarga ishonchli boshqaruvga berish tanlov asosida amalga oshiriladi. Tanlovlarni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
Davlat aktivlarini ishonchli boshqarish huquqi O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi bilan ko‘rsatib o‘tilgan huquqni olgan shaxs o‘rtasida tuziladigan shakl bo‘yicha shartnoma bilan ishonchli boshqaruvga beriladi.
Ishonchli boshqaruvchi - yuridik shaxs xo‘jalik jamiyatida davlat aktivlarini boshqarish bo‘yicha o‘zining vakolatli vakilini tayinlaydi.