Tavakkalchilik va tahdidlarning asosiy omillari qo‘yidagilardan iboratdir: 1. Kutilmagan siyosiy va makroiqtisodiy omillar:
- iqtisodiyotdagi yuksalish va inqirozlar, inflyasiya;
-soliq va boj to‘lovlarining oshishi, majburiy ajratmalarning kiritilishi;
- mulkchilik munosabatlaridagi o‘zgarishlar, siyosiy sabablarga ko‘ra mulkning va pul mablag‘larining begonalashtirilishi;
- valyuta almashish kursining o‘zgarishi;
- qonunchilikning o‘zgarishi.
2. Bozordagi vaziyat o‘zgarishiga bog‘liq omillar:
- talabning susayishi va narxlarning tushishi;
- moddiy va energetik resurslarga baho va tariflarning, transport tariflarining oshishi;
- mijozlar didining o‘zgarishi, raqobatchilarning kutilmagan harakatlari, bir-birini o‘rnini bosuvchi tovarlarning paydo bo‘lishi;
- qimmatli qog‘ozlar kursining o‘zgarishi va boshqalar.
3. Tashqi iqtisodiy omillar:
- ayrim mamlakatlarga tovarlar eksportining man qilinishi yoki cheklashlar kiritilishi;
- ayrim mamlakatlarda tovarlarni eksport qilishga boj to‘lovlarining oshishi yoki pasayishi;
- boshqa davlatlardagi siyosiy va iqtisodiy inqirozlar;
- jahon bozorlarida narxlarning o‘zgarishi;
- boshqa davlatlardagi aktivlarning yoki daromadning muzlatib qo‘yilishi yoki musodara qilinishi;
- chet eldagi uzoq muddatli kontraktlarning o‘zgarish ehtimoli.
4. Kompaniya ichki omillari:
- korxona strategiyasi va uning biznes-rejasini tuzadigan, foyda va zararlarning hisobini yuritadigan shaxslar qo‘llovchi uslubiyotning takomillashmaganligi va savodlizligi;
- xo‘jalik aloqalari bo‘yicha hamkorlarning nopokligi va to‘lovga noqobilligi;
- noto‘g‘ri boshqaruvchilik qarorlarining qabul qilinishi;
- ijro etuvchilarning xato tanlanishi, marketing prognozidagi xatolar, ijroiya organi muhim takliflarining aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi yoki kuzatuv kengashi tomonidan rad qilinishi.
SHuningdek, tavakkalchilik omillari sifatida tabiat ofatlari, ish tashlashlar, o‘g‘rilik va reket bo‘lishi mumkin.
Tavakkalchilik darajasini pasaytirish yoki ularning salbiy oqibatlarini to‘liq bartaraf qilish (imkoni bo‘lsa) maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari, ayniqsa yirik kompaniyalar tavakkalchilikni boshqarishlari zarur.
Tavakkalchilikni boshqarish maqsadi – har qanday yomon vaziyatlarda ham, gap aslo bankrotlikka tushish haqida emas, balki faqat foydaning birmuncha kamayishi haqida ketishiga erishishdir.
Tavakkalchilikni boshqarish o‘ziga quyidagilarni oladi:
- tavakalchilik vaziyatlarini tahlil va prognoz qilish, xavf kuchli sohalarni aniqlash;
- tavakkalchilik vaziyatlarida yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- kompaniya bo‘limlari ishini muvofiqlashtirish, rag‘batlantirish, nazorat qilish va boshqalar, ya’ni boshqaruv funksiyalarining to‘la kompleksini amalga oshirish.
Tavakkalchilik qarorlarini qabul qilishning asosiy tamoyillari:
- kompaniya o‘zlik kapitali imkoniyati darajasidan ko‘proqqa tavakkal qilmaslik kerak;
- doimo tavakkalchilik oqibatlari haqida o‘ylash kerak;
- ijobiy qaror faqat ikkilanish yo‘q holatdagina qabul qilinishi lozim;
- oz narsaga erishish uchun ko‘proq narsani xavf ostiga qo‘yib bo‘lmaydi;
- faqat yagona echimi bor deb o‘ylash kerak emas, boshqa echimlarning ham bo‘lishi ehtimoli bor;
- kapitalni tavakkalchilik bilan ishlatishdan oldin, ushbu tavakkalchilikdan olinishi mumkin bo‘lgan maksimal zararni aniqlash, zarar miqdorini ishlatiladigan kapital hajmi bilan solishtirish, barcha o‘zlik moliyaviy imkoniyatlarga taqqoslash va ushbu kapitalning yo‘qotilishi iqtisodiy nochorlikka olib keladimi yo‘qmi aniqlash lozim.
Tavakkalchilikni prognoz qilish va korxonaga uning ta’sirini kamaytirish bo‘yicha qaror qabul qilishning muhim vositalari:
- buning uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning mavjudligi;
- limitlash, ya’ni xarajat, sotish, kredit va boshqalarning cheklangan miqdorini o‘rnatish. Tovarlarni kreditga sotishda, qarz berishda, joylashtiriladigan kapital qiymatini aniqlashda va boshqalarda qo‘llaniladi;
- o‘z-o‘zini sug‘urtalash – kompaniyada, ayniqsa doimo tavakkalchilik qiladiganida, moddiy va moliyaviy sug‘urta fondlarini tashkil qilish;
- sug‘urtalash – muayan voqealar (tavakkalchilik vaziyatlari) yuz berganda moddiy manfaatlarni himoya qilish.
Tavakkalchilikni boshqarishda, ayniqsa kompaniya uchun qiyin davr kelganda ijroiya organi bilan birgalikda Kuzatuv kengashi (KK) faol ishtirok etishi kerak. Tavakkalchilikni nazorat qilish maqsadida KK ularni kuzatib borishi va zarur hollarda aksiyadorlarni ular haqida ogoh qilishi kerak. Tavakkalchilikni boshqarish uchun KK tarkibiga aniq tavakkalchilik turlari, ularning kompaniya uchun xavf darajasi va inqiroz vaziyatidan chiqib ketish mexanizmlari haqida tushunchaga ega bo‘lgan mutaxassislar a’zo bo‘lishi kerak.
Tavakkalchilik ustidan nazorat qilish vazifasi KK raisi yoki moliyaviy hujjatlarni yaxshi tushunadigan KKning a’zosiga topshirilishi kerak.
Inqirozni boshqarishda Kuzatuv kengashining rolini oshirish quyidagilarni nazarda tutadi:
- har chorakda kompaniyada yuz berayotgan, ayniqsa tavakkalchilik bilan bog‘liq bo‘lgan, muhim voqealar haqida ma’lumotlarning ijroiya organidan olinishi va ko‘rib chiqilishi. Bundan tashqari, KKga har oyda moliyaviy mablag‘larning harakati haqida qisqacha axborot berib borilishi kerak;
- tavakkalchilikni boshqarish muammolariga e’tiborni oshirish uchun KK a’zolarining motivatsiyasini oshirish;
- maxsus o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish yo‘li bilan tavakkalchilik ustidan nazorat ishlarining mohiyatini KK a’zolari tomonidan tushunish darajasini oshirish;
- muvaffaqiyatli kompaniyalarda tavakkalchilikni boshqarishda KKning roli bilan tanishish;
- tavakkalchilikni nazorat qilish texnologiyasini o‘zlashtirish (zarur ichki hujjatlarning etarliligi ustidan nazorat, tez uchraydigan tavakkalchilik vaziyatlarida qanday harakat qilish, aksiyadorlar, kreditorlar va boshqalar bilan qanday munosabatni qurish kerakligini o‘rganish).
Tavakkalchilik omillari juda ko‘p bo‘lganda ayrim korxonalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tavakkalchilikni boshqarish tizimiga ega bo‘lsa ham murakkab inqiroz vaziyatiga tushib qolishi mumkin.
Korxonani inqiroz vaziyatidan chiqarish vositasi uni restrukturizatsiyalash bo‘lib, unda ishlab chiqarish va boshqaruv tuzilmalarini hamda kapital tarkibini o‘zgartirish kabi korxonaning odatiy ish sikli doirasidan tashqariga chiqadigan tadbirlar nazarda tutiladi.
Korxona raqobatbardosh mahsulot nomenklaturasiga o‘tganda va xarajatlar tarkibi foydali faoliyatga erishish (qaytish) imkon bergandagina restrukturizatsiya amalga oshgan bo‘ladi.
Amalga oshirilish muddatlariga qarab restrukturizatsiya quyidagilarga ajratiladi:
- qisqa muddatli restrukturizatsiya yaqin kelajakda korxonaning omon qolishini ta’minlash maqsadida uning holatini barqarorlashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, u diqqatini qarz majburiyatlarini, mulkiy kompleks va ustav fondi, boshqaruvni takomillashtirishga qaratadi;
- uzoq muddatli restrukturizatsiya yangi mahsulotlarni chiqarish va yangi bozorlarga chiqish va shu bilan bog‘liq ishlab-chiqarish, boshqaruv va hokazolar tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
O‘tkazilish usullariga ko‘ra restrukturizatsiyaning quyidagi o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlarini ajratish mumkin:
- korxona ko‘lamini o‘zgartirish, ya’ni kengaytirish (birlashtirish, qo‘shilish va boshqalar) va qisqartirish (bo‘lish, ajratib chiqarish va boshqalar);
- mulkka va korporativ nazoratga ta’sir o‘tkazish (qayta tashkil etish), ustav fondini restrukturizatsiyalash (aksiya yoki ulushlarning emissiyasi, sotilishi, sotib olinishi, konvetatsiyasi), kreditorlik qarzdorlikni restrukturizatsiyalash (so‘ndirish, hisobdan chiqarish, muddatini surish, sotish va boshqalar);
- korxona faoliyatining ichki tuzilmasini o‘zgartirish orqali: tashkiliy tuzilmasini qayta qurish (vakolatlarning qayta taqsimlanishi, boshqaruv xizmatlarining ishi va vazifalarining o‘zgartirilishi va hokazo);
- ishlab-chiqarish tuzilmasini qayta tashkil qilish (ishlab-chiqarishni zamonaviylashtirish, moliyaviy javobgarlik markazlarini yaratish, boshqa ichki imkoniyatlarni topish va ishga solish).
Restrukturizatsiya korxonaga tashxis qo‘yishdan, shu jumladan, ishlab-chiqarish, mahsulot sotilishi, boshqaruv, moliya va korxona faoliyatining boshqa tomonlarining holatini tahlilidan boshlanadi. Marketing tadqiqotlari tashxisning tarkibiy qismiga kiradi. Tashxis korxonaning muhim ichki va tashqi muammolarini, uning kuchli va kuchsiz tomonlarini, kelajakdagi imkoniyatlar va havflarni aniqlash imkoniyatini beradi.
Agar tashxis asosida korxonaning rentabelli faoliyatini tiklab bo‘lmasligi, ya’ni yashovchanligi yo‘qligi aniqlansa unda korxonani tugatish haqida (egalari, kreditorlar yoki davlat vakolatli idorasi tomonidan) qaror qabul qilinadi. Korxonaning yashovchanlik qobiliyati aniqlanganda, birinchi navbatda o‘rta muddatli (2-3 yil) va uzoq muddatli (5 yil va undan uzoqroq) rivojlantirish strategiyasini tanlash lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |