bozorda talab noaniq va narx harakatini oldindan aytib bo‘lmasa;
bozorda axborot asimmetriyasi mavjud bo‘lsa.
Transaksiya xarajatlariga korxonalarni integratsiyalash yo‘li bilan erishish mumkin.
Muloqotlar nazariyasi. Ushbu nazariyada asosiy e’tibor korporatsiyaning ichki strukturasiga qaratilib, uni tuzishning shartnoma asosi ko‘zda tutiladi. Korporatsiya xodimlar, boshqaruvchilar va mulk egalari o‘rtasida munosabatlar yig‘indisini ifodalaydi. Qoidaga ko‘ra, bu munosabatlar rasmiy shartnomalar bilan ifodalanadi. Biroq, bu munosabatlar rasmiy shartnomalar bilan tartibga solinmagan taqdirda ham ta’minotchilar va iste’molchilar bilan ma’lum bir o‘zaro aloqalar, xodimlar va boshqaruvchilar o‘rtasida subordinatsiya tizimi bo‘ladi - bu norasmiy shartnomalar tizimidir. Lekin shunga qaramay ular ma’lum muddat davomida etarli darajada barqaror bo‘ladi va ularning buzilishi boshqa qatnashchilarga nisbatan jarima choralariga olib keladi.
Nazariya doirasida shartnomalarning uch turi ajratib ko‘rsatiladi:
Klassik shartnoma, bunda tomonlar to‘liq mustaqillikni saqlab qoladi va beqarorligi bilan ajralib turadi. Klassik shartnoma qat’iy va yuridik jihatdan sodda, shartnoma matnida qayd etilmagan hech qanday og‘zaki kelishuvlar tan olinmaydi.
Neoklassik shartnoma, bunda o‘rta muddatli va uzoq muddatli asosda tomonlarning o‘zaro bog‘liqligi yuqori darajasiga erishiladi. Jiddiy yuridik hujjatdan ko‘ra ko‘proq kelajakda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan barcha vaziyatlarni ko‘zda tutadigan hamkorlik tamoyillari haqidagi shartnomani eslatib yuboradi. Bunda og‘zaki kelishuvlar yozma kelishuvlar bilan bir qatorda hisobga olinadi.
Implistit yoki munosabatlar shartnomasi - uzoq muddatli o‘zaro manfaatli shartnoma, bunda bitim ishtirokchilarining o‘zaro bog‘liqlik darajasi maksimal bo‘lishi ta’minlanadi va norasmiy shartlar rasmiy shartlardan ustunlik qiladi. Uchinchi tur bo‘yicha kontrakatsiya yirik biznes sohasida tobora ommalashib bormoqda.
Korporatsiyalar rivojlanishining keyingi bosqichi XX asrning 80-90 yillariga to‘g‘ri kelib, korporatsiyani organizm sifatida inkor qilish bilan tavsiflanadi va unga boshqacha talablar qo‘yadi. Avvalo, davlatning xo‘jalik hayotini tartibga solish ta’sirining kuchayishi korporatsiyalar faoliyatiga muhit yondashuvini rivojlantirish zaruratini to‘g‘ri anglashga olib keldi. Har bir korporatsiya o‘zicha alohida bo‘lib emas, balki boshqa bozor institutlari bilan aloqada faoliyat yuritadi. Tashkilot sifatida korporatsiya konsepsiyasi uzil-kesil tasdiqlanadi. Ikkinchidan, korporatsiyani boshqarish vazifalari murakkabalashdi: aksiyadorlarning ehtiyojlarini qondirish birinchi darajali ekanligi talab qilinadi, bu korporativ boshqaruv tamoyillari va korporativ madaniyatni shakllantirish zaruratini anglashga olib keladi. Bu bosqichga quyidagi nazariya xarakterli.