Miloddan avvalgi IV asrda Filipp II Makedoniya podshosi bo`ldi. U kuchli armiya tuzdi. Mil. avv. 338-yilda Xeroneya yaqinida makedonlar yunonlar qo`shinini tor-mor etib tashladi. Ana shu jangda Filippning o`g`li navqiron Aleksandr alohida jasorat ko`rsatdi. Korinf shahrida yunon shaharlari elchilarining kengashi to`plandi. Unda Filipp Fors podsholigi ustiga yurish maqsadida yunonlar va makedonlar harbiy ittifoqini tuzishni taklif qildi. Filippning o`zi Sharqqa yurishni amalga oshira olmadi. Mil. avv. 336-yildaFilipp teatrga borganida saroy xizmatkorlaridan biri unga xanjar urdi. Aleksandr miloddan avvalgi 336-yilda Makedoniya podshosi bo`ladi. Shu yili u 20 yoshga to`lgan edi. Makedoniyalik Aleksandr g`ayriodatiy kuch-g`ayrat va jasorat sohibi bo`lgan, safdoshlari va qo`shinlari unga nihoyatda sadoqatli edi. Mil. avv. 334-yildau Sharqqa yurish boshladi, bu yurish 10 yil davom etdi. Ana shu yurish davomida u Kichik Osiyo, Suriya, Misr, Eron va Hindistonda katta-katta hududlarni bosib oladi. Makedoniyalik Aleksandr ulkan hududda yunon madaniyati tarqalishiga imkon yaratish maqsadida bosib olingan shaharlarga yunonlarni joylashtirdi. Makedoniyalik Aleksandr yurishlarida qatnashgan tarixchi Aristobulular haqida mufassal ma'lumotlar qoldirgan. O`rta Osiyo xalqlarining harbiy san`ati. Miloddan avvalgi VII-IV asrlarda O`rta Osiyo jangchilari nima bilan qurollangan edi? Jangchilar jangga sovut kiyib kirganlar, boshlarida dubulg`a bo`lgan. Xanjar va qilich bilan qurollanganlar. Jangovar oybolta va nayza ham ishlatganlar. Kamon o`qi va chopqilar temir va jezdan yasalgan. Jangchilar otda ham, piyoda ham jang qila olganlar. O`rta Osiyo xalqlari orasida xanjar "aqinak", jangovar oybolta esa "sagaris" deb nomlangan. Uzoq masofadan turib jang qilish quroli sifatida kamon o`qlaridan foydalanilgan. Jangovar otlar ustiga va ko`kragiga temirdan to`qilgan bargustvon yopilgan. Dushmanga qarshi hujumni suvoriylar boshlab berganlar. Ular ot choptirib kelayotib o`q-yoy, nayza yoki qilich bilan dushmanga hamla qilganlar. Suvoriylar boshqa bir taktikani ham qo`llaganlar: yolg`ondakam chekinishlari va boshqa tomondan dushmanni pistirmaga duchor qilishlari ham mumkin edi. Qal'a va shaharlarni himoya qilishda o`q-yoy va palaxmondan foydalanganlar. Tosh irg`itganlar, qaynab turgan suvni sochganlar. Mudofaa maqsadida tosh va pishgan g`isht guvalalardan ham foydalanilgan. Miloddan avvalgi VII-IV asrlarda Qiziltepa, Afrosiyob va Uzunqir singari shaharlar burj va borulari bo`lgan mustahkam devorlar bilan o`rab olingan edi. Devorlar tepasida kamonchilar uchun yo`laklar qurilgan. Devorlar sirtidagi burj va borularda ham kamonchilar qo`yilgan. Suv to`latilgan chuqur va keng xandaq qal'aga boradigan yo`lni to`sib turar edi. Makedoniyalik Aleksandrning istilochiligi.Miloddan avvalgi 330-yilda Makedoniyalik Aleksandr Qadimgi Fors davlatining Ahamoniylar suloiasidan bo`lgan so`nggi shohi Doro III qo`shinlarini tor-mor keltirdi. U Hindistonga yurish qilishdan oldin qo`shini orqasini xavfsizlantirish maqsadida Amudaryoning narigi tomonida yashovchi elatlarni bo`ysundirmoqchi bo`ladi. Birinchi bo`lib uning yo`lini to`sgan shahar Baqtriya poytaxti Baqtra (Zariasp) bo`ldi. Bu yerda satrap Ahamoniylar sulolasidan bo`lgan Bess edi. U Baqtra shahrini himoyachilarga tashlab, Amudaryoning narigi tarafiga qochgan edi. So`g`diyona mustaqilligicha turar edi. Makedoniyalik Aleksandr o`z ustozi, qadimgi yunon faylasufi Aristotelning Amudaryodan ikki podsho - Kir II va Doro I kechib o`tgani, ikkalasi ham mag`lubiyatga uchragani, shuning uchun u yurishga yaxshi tayyorgarlik ko`rishi lozimligi to`g`risidagi maslahatini yodda tutar edi. Maroqandaning bosib olinishi. Miloddan avvalgi 329-yildaMakedoniyalik Aleksandr qo`shinlari Amudaryodan o`ta boshladi. Aleksandrning jangchilari bu to`siqdan o`tib oldilar. Qo`shinlar qarshisida esa Nautaka (Qashqadaryo vohasining sharqiy qismi) va Maroqanda turar edi. Miloddan avvalgi 329-yilda Makedoniyalik Aleksandr qo`shinlari Maroqandani egalladi. Aleksandr qo`shinlarning bir qismini qoldirib, o`zi esa Kurushkat (Kiropolis) shahrini bosib olish uchun asosiy kuchlar bilan Sirdaryo qirg`oqlari sari siljiy boshladi. Rivoyatga ko`ra, bu shaharga fors shohi Kir II asos solgan ekan. So`g`diyona xalqi bosqinchilarga qarshi kurashga ko`tarildi. Tez orada so`g`diylarga baqtriyaliklar, sak va massagetlar qo`shiladilar. Qo`zg`olonga iste'dodli rahbar va qo`mondon Spitamen boshchilik qiladi. Ancha qo`shin to`plagan Spitamen Maroqandani qurshovga oldi. Aleksandr qamalda qolganlarga yordamga uch mingga yaqin jangchidan iborat qo`shin jo`natadi.