III. Yangi mavzuning bayoni
Vatan – insonning kindik qoni to‘kilgan tuproq, uni kamol toptiradigan tabarruk maskan ekanini siz yaxshi bilasiz. U ajdodlardan avlodlarga qoladigan buyuk meros, eng aziz xotira. Vatan – ota-bobolarimizning xoki poklari jo bo‘lgan, hatto bir qarichini ham hech qanday boylikka almashtirib bo‘lmaydigan tabarruk zamin. Vatan – insonning g‘ururi timsoli. Har kim ona Vatani timsolida dunyodagi eng go‘zal va betakror yurtni, o‘zining, xalqining baxtini ko‘radi, hayotning, oila, mahalla, qadrdon shahri yoki qishlog‘ining, xalqining qadrini anglaydi. Uning tabiati, havosi, odamlari yoshligimizdan har birimizning ma’naviyatimizni oshirish, yaxshi inson sifatidagi fazilatlarimizni shakllantirishga xizmat qiladi. Vatan ozod bo‘lsa, xalq ham ozod, Vatan ravnaq topsa, xalq ham farovon bo‘ladi. Shuning uchun ham milliy g‘oyamizning tub negizini belgilaydigan tushunchalardan biri Vatan ravnaqidir. Buni bilib oling! Vatan ravnaqi deganda, hayotning hamma sohalari bo‘yicha rivojlanish va yuksalishni, mamlakatimizning jahondagi obro‘ e‘tibori yanada ortishini, milliy taraqqiyotni tushunamiz. Prezidentimiz Islom Karimov Vatan ravnaqi yo‘lida kuyib-yonib, fidoyi bo‘lib yashash uning bag‘rida o‘sib-ulg‘aygan har bir farzandning muqaddas burchi ekanini ta’kidlab, aynan shunday qarash inson hayotining ma’no-mazmunini belgilab beradigan qadriyatga aylanishi lozim ekaniga e’tiborni qaratadi. “Vatan ravnaqi avvalo uning farzandlariga, ularning ma’naviy va jismoniy kamolotiga bevosita bog‘liq. Bu o‘z navbatida har bir yurtdoshlarimizning zimmasidagi yuksak fuqarolik mas’uliyatini his etishga, o‘z manfaatlarini shu yurt, shu xalq manfaatlari bilan uyg‘unlashtirib yashashga da’vat etadi. Va har qaysi fuqaro o‘z mamlakatining xalqaro hamjamiyat safidan munosib o‘rin olishi, bugungi kunda taraqqiy topgan, tinch va badavlat yashayotgan davlatlar qatoriga ko‘tarilishidan manfaatdor bo‘lishi shubhasiz”. Vatan ravnaqi uning farzandlariga bog‘liq bo‘lgani bois mamlakatimizda sizdek yoshlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor ko‘rsatilmoqda. Siz mustaqillik yillarida yaratilgan imkoniyatlar tufayli o‘zining jismoniy, aqliy va ma’naviy salohiyatini tarbiyalab, yuqori bosqichga ko‘tarib borayotgan aka va opalaringizning o‘qishda, ilm-fan, san’at va sport sohalarida, askarlik libosini kiyib, Vatanimiz sarhadlarini ko‘z qorachig‘idek himoya qilishda, boshqa zamonaviy kasb-hunarlar bo‘yicha qanday ulkan natijalarga erishayotganini yaxshi bilasiz. O‘zingiz ham ular kabi bo‘lishga intilib yashayapsiz. Bularning barchasi ona Vatanimiz – O‘zbekistonimizning rivojlanishiga, uning jahondagi obro‘-e’tiborining oshishiga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi. Shuning uchun ham bizning har birimiz, bu Vatan, bu yurt – meniki, uning taraqqiyoti menga bog‘liq, shu yo‘lda bor kuch va salohiyatimni baxsh etishga tayyorman, degan qarash bilan yashashimiz, yon-atrofimizdagi do‘stlarimizni ham shunga da’vat etishimiz lozim. Shunda yurtimiz xalqimiz, Prezidentimiz orzu qilgandek, buyuk davlatlar qatoriga ko‘tariladi. Siz “Geografiya” fanidan yaxshi bilasizki, dunyodagi barcha mamlakatlar ham tabiiy xomashyolarga, oltin, kumush, temir, neft va gaz kabi qazilma boyliklarga ega emas. Lekin ular farzandlarining zamonaviy ilm-hunarlar, insoniy fazilatlarni puxta egallagani, ona yurtiga bo‘lgan cheksiz muhabbati va sadoqati, fidoiyligi uchun taraqqiyot sohasida boshqa davlatlar erisholmagan cho‘qqilarni zabt etmoqda. Masalan, Yaponiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda yuqoridagi keltirilgan yer osti boyliklari deyarli uchramaydi. Lekin shunga qaramay, bu mamlakatlar necha o‘n yillardan buyon dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin egallab kelmoqda.
Bizning yoshlarimiz orasidan ham ana shunday vatanparvar yigit-qizlar ko‘plab yetishib chiqmoqda. Ular xalqimizning g‘urur va iflixoridir. Siz o‘qishda, ilm va ijodda, mehnatda, sport va san’atda katta natijalarga erishgani uchun Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga, “Nihol” mukofotiga, “O‘zbekiston iftixori” unvoniga sazovor bo‘lgan aka-opalaringiz haqida yaxshi bilsangiz kerak. Ehtimol, siz ta’lim olayotgan maktabdan ham shunday taniqli insonlar yetishib chiqqandir? Shu haqda bir o‘ylab ko‘ring. O‘zingiz ham ular kabi bo‘lishga harakat qiling. Shunda O‘zbekiston deb atalgan ulug‘ bir mamlakatning rivojiga, uning ravnaq topishiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lasiz. Shuni unutmangki, Vatan taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilish dunyodagi eng buyuk baxtdir. Shoirlarimiz bejiz Vatanni inson hayotining ma’no-mazmunini belgilab beradigan eng ulug‘ qadriyatlardan biri sifatida tarannum etishmaydi. Chunonchi, buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy ona yurtdan yiroqda baxt-yo‘qligini nazarda tutib, “Vatan tarkini bir nafas aylama, Yana ranji g‘urbat havas aylama” deya nasihat qilganlar. Ya’ni, shoir Vatandan tashqarida quvonch ham, baxt ham yo‘q, inson faqat o‘z yurtida murodga yetadi, deya uqtirganlar. Vatan haqida hikmatli so‘zlar, maqollar, ta’rif-u tavsiflar ham ko‘p. Siz ularni eslab, daftaringizga yozib qo‘yishga harakat qiling. Va ana shu hikmatli so‘zlar asosida “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” degan teran ma’noli savolga o‘zingiz mustaqil javob topishga urinib ko‘ring. Yana shuni bilingki, Vatan mustaqil, uning hududida yashayotgan xalq erkin va ozod bo‘lmasa, hech qachon milliy taraqqiyot bo‘lmaydi. Ozodlik va mustaqillik – Vatan ravnaqiga erishishning eng muhim sharti. Shuning uchun ham bu tushunchalar barcha xalqlar hayotida eng muqaddas tushunchalar hisoblanadi. Ozodlik va erkinlikka chiqqan xalq qanchalik tez rivojlanishini dunyodagi ko‘plab mamlakatlar misolida ko‘rish mumkin. Masalan, Germaniya davlati fashistlar zulmidan ozod bo‘lgach qisqa muddatda jahonning eng rivojlangan davlatlari qatoriga chiqib oldi. Yoki Janubi-sharqiy Osiyodagi Malayziya, Singapur singari davlatlar mustaqillikka erishganidan so‘ng taraqqiyot borasida mislsiz yutuqlarga erishdi. Bizning Vatanimiz ham istiqlol yillarida katta imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Shu asosda jamiyat hayotini, birinchi navbatda, iqtisodiyotni isloh qilishga muhim ahamiyat berildi. IV darsni mustahkamlash Savol va topshiriqlar:
Har kim ona Vatani timsolida nimani ko‘radi va anglaydi?
Vatan ravnaqi deganda nimani tushunamiz?
Vatan ravnaqi nima uchun avvalo uning farzandlariga bog‘liq? Prezidentimizning bu haqdagi fikrlarini tushuntirib bering.
Yaponiya va Janubiy Koreya singari davlatlar qanday qilib eng rivojlangan davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin egallagan?
Siz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga, “Nihol” mukofotiga, “O‘zbekiston iftixori” unvoniga sazovor bo‘lgan yurtimiz yoshlaridan kimlarni bilasiz?
Vatan haqida qanday maqollar va she’rlar yodlagansiz?
Vatan ravnaqiga erishishning eng muhim sharti nima?
Alisher Navoiyning ona yurtdan yiroqda baxt yo‘qligini nazarda tutib aytgan so‘zlarining ma’nosi haqida gapirib bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |