Zoogigiyena fanini o‘rganish usullari.
1. Fizik usul - havoning harorati, nisbiy namligi, bosimi, harakat tezligi, yorug‘ligi, tuproqning g‘ovakligi, shimuvchanligi va x.k.larni aniqlash.
2. Kimyoviy usul - havoning, suvning, tuproqning va ozuqalarning kimyoviy tarkibini aniqlash; suvda va ozuqalarda zaharli moddalar, pestitsidlar, alkaloidlar, nitritlar, glyukozidlar, og‘ir metal tuzlari va boshqalarni aniqlash.
3. Biologik usul - bino havosidagi umumiy mikroorganizmlar soni; ichak tayoqchalari bilan ifloslanishi; Endo, Ploskirev, Chapeka va boshqa usullar. Buning uchun mikrobiologik, toksikologik, bioprobalardan foydalaniladi.
4. Kliniko - fiziologik kuzatish usuli - organizmda bo‘ladigan o‘zgarishlar kuzatiladi. Tajriba va nazorat guruhidagi hayvonlarni turli xil sharoitda saqlash, boqish va ishlatishda yuz beradigan fiziologik o‘zgarishlar aniqlanadi.
5. Zoogigienik tajriba usuli - bunda laborotoriya, tabiiy sharoit, klimatik kamera va tabiiy sharoitni modellashtirish usullaridan foydalaniladi.
6. Sanitariya statistik tekshiruv usuli - o‘tkazilayotgan gigienik chora – tadbirlarni iqtisodiy samaradorligi o‘rganiladi. Bunda alohida tuman, viloyat, respublika sharoitida mollarni bosh sonini, mahsulotini ko‘payish yoki kamayishi, kasalliklari o‘rganiladi yoki gigienik chora – tadbirlar amalga oshirilmasdan oldin va bundan keyin hayvonlarning qancha kasallanganligiga oid ma’lumotlarni bir – biriga solishtirib ko‘rib, shu chora – tadbirlarni samaradorligi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.
Birinchi uchta usul tashqi muhitni hayvonlar organizmiga ta’siri, gigienik parametrlarni asoslash uchun hamda hayvonlarni kasalliklarini oldini olish va mahsuldorligini oshirishga karatilgan. Tabiiy sharoitni modellashtirish usuli - tashqi muhitdagi o‘zgarishlarni oldindan bilish ya’ni ichimlik suvlarini o‘z-o‘zidan tozalanishi, tuproqda mikroorganizimlarni yashash muddatini aniqlashni oldindan bilish uchun qo‘llaniladi.
Zoogigiyena bir qancha boshqa fanlar: fiziologiya, mikrobiologiya, patologiya, klinik diagnostika, epizootologiya, ximiya, fizika, matematika, toksikologiya va boshqalar bilan chambarchas bog‘liq. Zoogigiyena fani ikkiga bo‘lib o‘rganiladi:
Umumiy gigiyena – Havo, tuproq, suv, oziqa, molxonalar gigiyenasi, mollarni yaylovda boqish-saqlash, mollarni parvarish qilish, hayvonlarni tashish va haydash, chorva xodimlarini shaxsiy va umumiy gigiyenasini o‘rganadi.
Xususiy gigiyena - qoramol, cho‘chqa, qo‘y, parranda, ot, quyon va mo‘ynali hayvonlar, itlar, asalari va havza baliqchiligi gigiyenasini o‘rganadi.
Zoogigienistlar turli tashqi muhit omillarining hayvonlar sog‘lig‘iga va mahsuldorligiga qanday ta’sir qilishini o‘rganib, zararli ta’sirlarni bartaraf etish va yo‘qotishni, kasalliklarga qarshi kurashni, mollarni saqlash va boqish sharoitlarni yaxshilash, odam va hayvonlar uchun umumiy bo‘lgan kasalliklardan insoniyatni quriqlashni kuzda to‘tadigan me’yor va qoidalarni ishlab chiqadilar.
Zoogigiyena o‘z kuzatuvlarini qayd qilib boradigan talab hamda me’yorlarni beradigan fan bo‘libgina qolmay, sanitariya ishi bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib atrof – muhitni muhofaza qilish bilan birga uni zarur bo‘lganda o‘zgartirishga ham intiladigan amaliy fandir.
Fanning qisqacha rivojlanish tarixi - har qanday fanning taraqqiyoti ijtimoiy formatsiyalar evolyusiyasi bilan, texnika va madaniyat taraqqiyoti bilan mahkam bog‘langandir. SHu nuqtai nazardan gigiyena tarixi turli davrlardagi ijtimoiy va iqtisodiy shart – sharoitlar ta’sirini aks ettiradigan bir necha bosqichlarga bo‘linadi. Zoogigiyenaning rivojlanish tarixi X1X asrning yarmidan sistemaga solinib, mustaqil fan holida birlashtirildi. Biroq, odamlarning kuzatishlari va hayot tajribalariga asoslangan amaliy sanitariya chora tadbirlari juda qadim zamonlardayoq amalga oshirilgan. Ba’zi bir gigienik chora tadbirlar mollarni saqlash va ularni parvarish qilish, ularni sog‘lig‘ini saqlash, naslini yaxshilash kabilar o‘tgan eradan boshlagan. Bu ishda arablarning xizmati katta, ya’ni universitetlarda otlar gigiyenasi borasida darslar olib borilgan, natijada arab ot zotlari kelib chiqqan.
Rossiya sharoitida zoogigiyena fani krepostnoylik huquqi bekor qilinishi, chet davlatlardan naslli mollar keltirilishi davrida rivojlana borgan. Natijada ba’zi bir o‘quv qullanmalari bosmadan chiqarilgan. XX asr boshida G‘arbiy Evropada M.Klimerni «Veterinariya gigiyenasi» o‘quv qullanmasi chiqadi. I.P.Popov, G.I.Svetlov, N.P.CHervenskiylarni «Zootexniya» qullanmasi chiqadi. Bunga qadar zoogigiyena faniga fan tariqasida yaqindan e’tibor berilmagan. 1930 yillarga kelib chorvachilikni rivojlantirish, olinadigan mahsulotni sifatini yaxshilash, miqdorini oshirish borasida katta ishlar qilinishi tufayli ilmiy tekshirish institutlarida zoogigiyena laboratoriyalari va institutlarda kafedralari ochildi.
Zoogigiyena fanining rivojlanishiga mamlakatimiz olimlaridan A.K.Skaroxodko, K.A.Kotlyar, A.V.Ozerov, A.P.Onegov, V.A.Alikaev, N.M.Komarov, V.F.Matusevich, I.M.Golosov, I.F.Xrabustovskiy, P.T.Lebedev, A.T.Semenyuta, G.K.Volkov, A.I.Karelin, U.Q.Izbosarov va boshqalarni hissalari katta. Hozirgi kunda uzoq yillik ilmiy ishlar natijalari yakunlanib, texnologik loyiha me’yorlari tavsiya qilindi. Ferma, parranda fabrikalarini kurish, ularni zamonaviy talab darajasida qurilish materiallari va ichki jihozlar bilan ta’minlash, mollarni molxona va yaylovlarda yoz va qishda saqlash, suv, tuproq, o‘simliklar tarkibini o‘rganish, parhez ozuqalarni ishlatish, suv havzalarining sifatini yaxshilash, chorvachilikni sanoat asosiga kuchirish, loyiha asosida qurilgan joylarni veterinariya ekspertizasi qilish, gungi tozalash va zararsizlantirish kabi ishlarda salmoqli yangiliklar yaratilmoqda.
Nazorat savollari:
1. Zoogigiyena fanining ta’rifi.
2. Zoogigiyena fanini o‘rganish usullari.
3. Zoogigiyena fanining rivojlanish tarixi.
4. Tashqi muhit va organizm orasidagi munosabatlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |